Tohir Malik. Devona (qissa)  ( 97096 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 19 20 21 22 23 24 25 B


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:39:05

QOCHOQLAR

Bu qish Novqat atroflariga qor qalin tushdi. Sovuq hamma yerni qaqshatib yubordi. Barcha bahorni intiqlik bilan kutar, ammo tabiatning iliq nafasi hadeganda sezilmas edi.
Sandalning tafti pasaygani uchun Sabohiddinning eti junjikib uyg‘ondi. Lekin o‘rnidan turishga, kul bosgan cho‘g‘ni titib qo‘yishga erindi. Bulut tarqab, havo ochilibdi — oy nuri qor zarralarida yaltiraydi. Itdan ham sovuq o‘tganmi, inida yotgancha g‘ingshiydi. Sabohiddinning ko‘zi yana ilindi. Bosinqiradi. Tushiga Sojida bilan Ma’murboyvachcha kiribdi. Ikkovi ham qonga belangan. Sabohiddinga xunuk tikilishadi. Indashmaydi. Sabohiddin kalima keltirsa ham joylaridan jilishmaydi. Tirnoqlari orasidan chak-chak qon tomadi. Qon, qop-qora qon... Yer uni shimmaydi. Xuddi lag‘cha cho‘g‘ ustiga suv tomchisi tushib, jizg‘anak bo‘lgani kabi ulardan tomgan qon ham yer ustida olovlanib turadi-da, so‘ng toshga aylanadi. Birpasda ularning tizzasigacha tosh bo‘lib ketdi. Keyin Sojida toshlarni olib, Sabohiddinga otdi. Sabohiddin qochishga harakat qildi. Lekin ildamlashga qancha urinmasin, og‘ir oyoqlarini sudray olmadi.
Shu payt it qattiq hurib, uni uyg‘otib yubordi. Kimdir qorni g‘irchillatib bosib kelib, uyga yaqinlashdi. Ayvon ustuniga qamchin dastasi bilan asta urib, taqillatdi.
— Kim? — dedi Sabohiddin uyqu aralash.
— Taqsir, otlaning, begim yo‘qlayaptilar sizni, — dedi kutilmagan mehmon past ovoz bilan.
— Nima uchun? Tinchlikmi?
—Tinchlik. Tez bo‘ling. Vaqt g‘animat.
Ichkari uydan Sohiba ayaning ovozi keldi. Sabohiddin o‘sha tomonga o‘tdi. Onasi bilan singlisini tinchlantirib, xayr-xo‘shlashib, to‘rvani yelkasiga tashladi-da, tashqariga chiqdi. Sabohiddin uchun ham ot keltirishgan ekan, katta dovon sari yo‘lga tushdilar. Kecha yarimlagan, charog‘on yulduzlar to‘lin oy izmiga bo‘ysunib, go‘yo yerga ayoz ufurardi.
Tong otdi. Kun mashaqqatli yo‘l azobi bilan o‘tdi.
Qarorgohga shom qorong‘isida yetib bordilar. Otlar ham xoridi. O‘zlari ham holdan toydilar.
Sabohiddin otdan tushib, oq o‘tov sari yurdi. Qora chiroq ichkarini xira yoritib turibdi. Norxo‘ja yonboshlab, Ahmad dev esa chordana qurib olgan. O‘rtada dasturxon yozig‘liq. Norxo‘ja Sabohiddinni ko‘rib qo‘zg‘aldi. Ruhiyati horg‘in bo‘lsa-da, iliq so‘rashdi.
— Tinch keldilaringmi? — dedi fotihadan so‘ng.
— Alhamdulilloh. Dovondan o‘tishda bir oz urinib qoldik chamasi.
— Iloj qancha. Ilgarilari bunaqa paytda esi bor odam dovonga yaqinlashmasdi. Xudo xohlasa, yana o‘sha kunlarga yetib qolarmiz.
— Insha Olloh. Kela-kelguncha nima gap ekan, deb xavotirda bo‘ldim.
Norxo‘ja miyig‘ida kuldi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:39:15

— Sizni xiyla azobga qo‘yibmiz-da. Xavotirli yumush yo‘q. Hamma ish joyida. Sizni bir quvonchli xabardan ogoh qilib qo‘yay, deb yo‘qlatgan edim.
— U holda, nur — alannur, taqsir. Bu quloqlar shodiyona xabarlarga chanqoq bo‘lib qoldi.
— Biz sho‘rolar bilan yarashishga ahd qildik. Ortiqcha qon to‘kmay, qurollarimizni ularning oyog‘i ostiga tashlab, issiq uyimizda jon saqlaylik, degan niyatdamiz. Siz bunga nima deysiz?
Bunday gap Sabohiddinning yetti uxlab tushiga kirmagan edi. Agar biror murda tirilib kelibdi, deyilsa, ishonardi. Ammo bu gapga... Yo Norxo‘ja sinayaptimi? Balki rostdir. Tushida qon ko‘rgan edi. Qon yorug‘lik deydilar.
— Taqsir, so‘zlaringizni sal yanglish angladim shekilli?
— Nazarimda aynan tushundingiz.
— Yo meni sinamoqchi bo‘lyaptilarmi?
Norxo‘ja kulib yubordi. Lekin Ahmad devning yuzida o‘zgarish sezilmadi. U chordana qurganicha piyoladagi ikki qultumgina choyni aylantirib, o‘y surardi. Go‘yo Sabohiddin bilan qo‘rboshining suhbatlari qulog‘iga kirmayotgan edi.
— Sizni sinab esimni yebmanmi, mulla Sabohiddin, nafsilamrini aytyapman.
— Bu qadar osonlik bilan bo‘yin egish...
— Nomardning ishi! Ha! Dev, eshitdingmi, mulla ham shu fikrda. Lekin mening qarorim qat’iy. Xoliqberdi to‘raga qo‘shilib, bolshavoylarga taslim bo‘laman.
Sabohiddin nima deyishni bilmadi.
— Gap bunday, mulla Sabohiddin, taxminim to‘g‘ri chiqib, to‘raning sho‘rolar bilan yarashishi aniq bo‘ldi. To‘rtinchilar bizni ayri-ayri qilib, birma-bir yanchib chiqishlari mumkin. Kuchimiz anchayin qirqilgan. Shuning uchun hiyla ishlatmasak bo‘lmaydi. Beklarimning ichida bu hayotdan norozi bo‘lib yurganlar bor. Shularni olib Xoliqberdi bilan birga bo‘yin egib boraman. Qolgan asl beklarimga Ahmad dev bosh bo‘lib Shermatga qo‘shiladi. Siz ham men bilan birga borasiz. To‘raning mingdan ziyod beklarini ham Shermatga qo‘shishga ulgurdik. Xoliqberdi taslim bo‘lgach, Shermatning payiga tushishadi. Ana shunda biz xoin bilan hisob-kitob qilamiz.
— Taslimning boisi faqatgina undan qasd olishmi?
— Meni shu qadarli farosatsiz, deb o‘ylaysiz, chog‘i-a, mulla Sabohiddin?
— Afv eting, taqsir, menda sira bunday o‘y bo‘lgan emas. Faqat maqsadingizni anglab yetishga fikrim ojizlik qilib qoldi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:39:23

— Har bir ishning vaqt-soati bor. Xudo xohlasa, birin-sirin barcha ishlardan ogoh bo‘lib borasiz. Sizga hozir faqat bir narsani aytib qo‘yay: men qo‘limga qilich olganimda bo‘ynimga o‘limni ham olganman. Azroil, men qaerda bo‘lmay, bir kunmas-bir kun jonimni oladi. Men Xudodan bir narsanigina so‘rayman: meni sharmandalik kafaniga o‘ramasin. Jag‘imni «xoin» deb tang‘ishmasin. Shuni bilib qo‘ying, mulla, agar biz bugun xoinlik qilsak, jon rohatini o‘ylasak, ertaga zuryodlarimiz bizni la’natlashadi. Biznigina emas, «shu xezalaklarni tuqqanga ming la’nat» deb onalarimizni ham qarg‘ashadi. Men bunga yo‘l qo‘ymayman. So‘nggi nafasim chiqquncha olishaman. Tirnoqlarim ko‘chguncha tirnayman, tishlarim yemirilib bitguncha tishlayman. Men uchun boshqa yo‘l yo‘q. Siz uchun ham! Buni fahm eting, mulla! «Jihod» degan edingiz. Haqiqiy jihod ana endi boshlanadi.
Norxo‘ja chiroyli so‘zlar tizimini kuyunib aytgan bo‘lsa-da, Sabohiddin uning gaplariga ishongisi kelmadi. Suyagi yo‘q til sayrayverar ekan, dilda bir pokizalik, bir cho‘g‘ bo‘lmasa jonsiz so‘zlar tezgina o‘lar ekan. Sabohiddinning nazarida qo‘rboshining tilidan uchgan so‘zlar aks-sado bermay, o‘laverdi... o‘laverdi...
Sabohiddin bu odamdan durustroq mujohid chiqishiga ishonmasdi. Uning mahdi haqidagi gaplarini hali unutmagandi. Garchi bu telbalarcha rejasidan boshqa so‘z ochmagan bo‘lsa-da, uning qalbida yovuzlik qushi tuxum bosib yotganini Sabohiddin his qilib turardi. Shu bois ham endi bosilajak har bir qadamidan ehtiyot bo‘lishi joizligini angladi. Sabohiddin qo‘rboshining g‘azabiga uchrashidan yoki o‘limdan cho‘chimasdi. U niyatiga yetmay, bemaqsad o‘lim topishdan qo‘rqardi...
Uch kundan so‘ng olti yuzdan ziyod otliq dovon oshib o‘tib, Shohimardon tomon yo‘l oldi.
Quyoshning o‘limtik nurlarida sal harorat sezildi. Adirlarning etaklari mosh-guruch bo‘lib qoldi. Tabiatning zirillatadigan qahri o‘rnini dilxush havo egallay boshladi. Ana shunday bir damda ular Xoliqberdi to‘raning lashkarlariga qo‘shilib, Iskobil sari yurdilar. Peshindan so‘ng manzilga yetishdi. «Tartib bilan qator saf tortilsin!» degan buyruq bo‘ldi. Sabohiddin lak-lak lashkarning bir yerga to‘planishini xayoliga keltirmagan edi. Saf qaerdan boshlanib, qaerda tugaganini bilib bo‘lmaydi. Hammada miltiq, yelkasi osha o‘qdon. Otlar uchaman, deb turibdi. «Norxo‘janing, orqavoratdan so‘kingani bilan, to‘ramga bo‘ysunishida gap bor ekan», deb o‘yladi Sabohiddin.
Guzarda jonlanish sezildi. Bir guruh otliq kirib keldi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:39:32

— Hov anavi oldinda kelayotgan Nizomiddinxo‘ja degani. Frunzening ishonchli odami ekan. Akangizning ulfati. Bachchag‘ar xo‘ja nomiga ham isnod keltiribdi. Xudo xohlasa, xo‘ja bo‘lib tug‘ilganiga ham pushaymon yeydi.
— Taqsir, siz hozir unga taslim bo‘lyapsiz, — dedi Sabohiddin ovozini pastlatib.
— Mulla, qo‘chqor zarb bilan kalla qo‘yish uchun orqaga tisariladi, hech ko‘rganmisiz?
Sabohiddin javob bermadi. Saf oldida Xoliqberdi to‘ra paydo bo‘ldi. U oq otda, jigarrang chakmon kiygan, boshida qunduz telpak. Qo‘lidagi qilichni o‘ynatgancha otini yo‘rttirib borib, Frunzening odamlariga peshvoz chiqdi. Nimadir dedi. Lekin Sabohiddin uning gaplarini eshita olmadi. Otliqlar orasida akasini ko‘rib, yuragi hapriqib ketdi. Keyin Xoliqberdi to‘raning aslahalarini yechib, yerga qo‘yganini ko‘rdi. So‘ng guzar o‘rtasida qurollar uyumi qad ko‘tara boshladi. Akasi bu uyum orqasida ko‘rinmay ketdi.
Norxo‘ja sulhdan so‘ng ham Sabohiddinga ruxsat bermadi. Sabohiddin Marg‘ilon masjididagi mutavallining uyida qo‘noq bo‘ldi...

... Hamal keldi, amal keldi. Sumalak qaynatish uchun doshqozonlar osildi. Marg‘ilon atrofidagilar ikki yillik besaranjomlikdan so‘ng erkinroq nafas olib navro‘zni bayram qilishdi. Saylgohlar odamlarga to‘ldi. Navro‘zning birinchi kuni Sabohiddinni akasi chaqirtirdi. Harbiy aslahalarini taqib olgan Jamoliddin ukasining salomiga alik olmadi. Otdan ham tushmadi.
— Nimaga qishloqqa ketmayapsan?
— Navro‘z o‘tsin.
— Shu bugunoq jo‘na. Qaytib kelganimda bu yerda qorangni ko‘rmay. Bo‘lmasa... Norxo‘ja qani?
— Yaqin-atrofdadir?
— Nima qilmoqchi u, pisib yurishidan bir gap borga o‘xshaydi
— Bilmayman...
— Bilmaysan-a?..
— Xudo ursin, maqsadidan xabarim yo‘q.
— Bo‘pti, borib narsalaringni yig‘ishtiraver.
— Aka, Sojida haqida g‘alati gaplar eshitdim?
— Qanaqa gap?
— Uni o‘qishga yuborar emishsizlar?
— Ha, nima edi?
— O‘qisa, demak, rost ekan-da?
— Chaynalmay ochiqroq gapir.
— O‘qisa ochiq yuradigan bo‘ladimi?
— Ha.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:39:40

— U holda... buzuqlik...
— Buzuqlik qonida bo‘lsa ochiq yursa ham, paranjida bo‘lsa ham baribir. Bitta buzuqni deb hammasini chordevor ichiga qamash kerakmi? Ayol ham odam. Odamday yashasin endi. Senga o‘xshagan mullalar fisqu fasod to‘qiyverib, ularni qon qilib yuborishdi-ku.
— Aka!
— Bas qil. Hozir aytishadigan payt emas. Gaping bo‘lsa yig‘ib tur, uyda gaplashamiz.
Jamoliddin shunday deb otga qamchi bosdi.
Ertasi masjidga Norxo‘ja kirib keldi.
«Tezda otlaning, yo‘lga tushamiz, — dedi u. Qo‘rboshining o‘zi safarga tayyor edi, shuning uchun Sabohiddinni shoshiltirdi.
Ular o‘nta o‘zlarining yigitlaridan, beshta sho‘ro askarlaridan olib Rishton tomon yurdilar.
— Taqsir, bir gap bo‘ldimi, yana aslahalarni taqib olibsiz? — deb so‘radi Sabohiddin shahardan chiqishgach.
— Sobiq beklarimdan bir qanchasi Shermatga qo‘shilib beboshlik qilayotgan ekan, shularni insofga chaqirgani boryapmiz. Xoliqberdi Shermatning oldiga ketgan.
Norxo‘ja boshqa yigitlar oldida sirni fosh qilmaslik uchun gapni aylantirgan bo‘lsa-da, Sabohiddin uning maqsadini tushundi. Qasos oni yaqinlashganini, birga ketayotgan yigitlarning, ayniqsa qi-zil askarlarning taqdiri allaqachon hal etilganini fahmladi.
Yo‘llar tinch. Norxo‘ja bilan Sabohiddin oldinda. Otliqlar bir-birlari bilan deyarli so‘zlashishmaydi.
Bahor oftobi ularni bir oz lanj qilgan, ko‘z ba’zan uyquga tortib ketardi. Rishtonga oqshomda kirib kelib, Ko‘rshermatga qo‘shilib ketgan Karimboyning qo‘rg‘onida tunashdi. Yarim kechada olatasir boshlandi-yu, dam o‘tmay tindi. Hovlida besh-olti kishi mash’ala ko‘tarib turar, yerda esa Sabohiddinning hamrohlari cho‘zilib yotardi. Sabohiddin mash’ala ko‘targanlar orasida Ahmad devni ko‘rib, tinchidi. Ammo, u bekboshiga yaqinlashib: «Iblis, sotqin!» deb qamchilay ketgach, lol qoldi. So‘ng qamchi o‘z yelkasiga ham bir-ikki tushdi. Ahmad dev: «Sotqinlarga o‘lim!» deb baqirib, qolgan qizil askarlarga o‘q uzdi. To‘rt kishini yer tishlatib, beshinchisiga qamchi urdi.
— Sen tirik qolasan. Xo‘jayinlaringga sovg‘a berib yuboraman, — dedi unga. So‘ng yigitlariga qarab buyurdi. — Sotqin qo‘rboshining miyasi aynib qolibdi. Bunday miyani ko‘tarib yurish har qanday gavdaga malol. Yelkasini yengillashtirib, achigan kallani bolshavoylarga sovg‘a qiling.
Norxo‘jani sudrab olib chiqishmoqchi bo‘lishdi. Qo‘rboshi dod soldi. Sabohiddinni ham turtib ko‘cha tomon haydadilar. Biroq kutilmaganda ko‘chaga chiqishlari bilan muomala o‘zgardi. Norxo‘ja, unga tegishmasa ham baqirar, tez-tez yechinardi. Yigitlarning biri uning kiyimlarini olib nari ketdi, Ahmad dev esa unga boshqa ust-bosh berdi. Qorong‘i ko‘cha bo‘ylab yurishgach, otlarga mindilar. Ahmad dev qoldi. Ammo qishloqdan chiqishga ulgurishmay, ularga yetib oldi.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:39:49

— Hamma ish tinchidimi? — dedi Norxo‘ja otga yengil qamchi urib.
— Aytganingizday bo‘ldi, begim. Qizil askarni otga mingazib, oyog‘idan bog‘ladim. Xurjunga Tilavoldining kallasini soldim. «Sotqinning jazosi shu!» deb ikki enlik xat ham tashlab qo‘ydim. Omma soqolingizni oldirib, yaxshi qilgan ekansiz. Chippa-chin ishonishadi endi.
— Kallani ko‘rib esi og‘ib qolgandir?
— Yo‘q, diydasi qattiq ekan, zang‘arning.
— Taqsir, Tilavoldining kallasini, dedingizmi?— deb so‘radi Sabohiddin.
— Ha.
— O‘zlarining jiyanlarimi?
— Ha, jiyanim. Uni xayrli ish yo‘lida qurbon qildik.
Sabohiddin yoqa ushladi. Bunday ishlardan keyingi paytlarda hayratga tushmay qolgan bo‘lsa-da, vujudi larzaga keldi. Qarorgohda Tilavoldi bilan qilgan suhbatlarini eslab, qult etib yutindi. Norxo‘ja undagi o‘zgarishni sezmay, so‘zini davom ettirdi:
— Muhammad alayhissalomning qaysi bir katta bobolari zam-zam bulog‘ining suvini ko‘paytirib ber, deb Tangriga yolvorib, farzandlaridan birini qurbon qilgan ekanlar. To‘g‘rimi? Aziz-avliyolar bir qultum suv uchun farzandlarini xudoyi qilganlarida, biz yurtning halovatini ko‘zlab, bir kishini qurbonlikka atasak ayb emasdir?
— Din at-tavhidda qurbonliqqa odam.. so‘yish taqiq etilgan.
— Shundaymi? Biz bundan bexabar ekanmiz. Ollohning o‘zi kechiradi gunohlarimizni...
Otlarga achchiq qamchi urildi. Sabohiddin orqada qoldi.
— Mullangizning fikri buzilmadimikin? Orqada qolyapti, — dedi Ahmad dev.
— Yo‘q, ketmaydi. Undan ko‘nglim to‘q. Chizgan chizig‘imdan chiqmaydi.
— Unga sovg‘a olib keluvdim.
— Qanday sovg‘a?
— Akasining kallasini.
— Jamol o‘risnimi? Qaerda ko‘rding uni?
— Xoliqberdi bilan birga kelgan ekan. Tinchitib qo‘ya qoldim. Shermat qo‘rboshi sizga ham sovg‘a atagan ekanlar, uni ham olvoldim.
— Nima ekan?
— Ozgina zebi-ziynat. Yo‘l xarji... Keyin G‘uljadagi og‘a-inilariga ko‘rsatsin, deb Xoliqberdining kallasini berib yubordilar.
— Obbo bachchag‘ar, ko‘r chaqqonlik qilibdi-da, uning kallasini o‘zim olib, bir rohatlanmoqchi edim. Sovg‘alar qani?
— Xurjunda.
— Jamolnikini tashlab yubor, ukasi ko‘rmasin.
— Ko‘rgani ma’qulmikin?
— Bo‘lmasa o‘tib ketgunimizcha indamay tur.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:39:57

Tongda ularni uch yuzga yaqin yaxshi qurollangan yigit kutib oldi. Norxo‘ja odamlarni shoshirar, dam olishga deyarli ruxsat bermasdi. Qashqar yo‘liga chiqishgach, Sabohiddin Norxo‘janing niyatini angladi. Demak, u xorijga o‘tib ketmoqchi. Shuning uchun ham: «Qaerga ketyapmiz?» degan savoli javobsiz qolgan ekan-da.
Yo‘l yuqorilagani sayin yurish og‘irlashdi. Otlar charchadi. Odamlar ham holdan toydi. Jar yoqasidagi tor so‘qmoqlarda otlar hurkiydi. Besh-olti ot pastlikka quladi. Bir dovonni oshib o‘tishgach, Norxo‘ja hordiq chiqarishga ruxsat berdi. Shunda Sabohiddin orqaga qaytish uchun qo‘rboshidan izn so‘radi.
— Sizning maqsadingiz aniq, u yerdan lashkar to‘plab qaytasiz. Begona yurtlarda mening yurishimga hojat bormikin? — dedi u.
— Islom lashkarlarining safi siyraklashib qoldi. Har bir odam hisobli. Siz qaytsangiz, izingizdan o‘ntasi ergashadi. Qo‘rqmang, G‘uljada zerikib qolsangiz, qaytarib yuboraman. Dunyoni ko‘rganingiz qoladi.
— Dunyoni ko‘rish qochmas. Men yaqin-yiroqlarim bilan xayr-xo‘shlashganim ham yo‘q edi.
— Kim xayrlashibdi? Menmi? Bu gaplarni qo‘ying, mulla. «Jihod, jihod!» deb og‘iz ko‘pirtiruvchi sizmidingiz? Bir cho‘qishga chidamay qochmoqchimisiz?
Sabohiddin lab tishladi-yu, indamadi.
Ular yana yo‘lga tushdilar. Kechga yaqin pistirmaga duch keldilar. Sabohiddin chegaraga yaqinlashganlarini shunda bildi. Olishuv uzoqqa bormadi. Norxo‘ja o‘liklarni ko‘mishga ham ruxsat bermay, yo‘lda davom etdi.
Yurish tobora og‘irlashdi. Havo yetishmaydi. Suv ichib qo‘ygan sakkizta ot shishib o‘ldi. Sulayib, holdan toygan yigitlar orqada qolib ketaverdilar. Tungi sovuq zirillatib yuboradi. Ertalab qorli cho‘qqilarga yetib oladilar. Norxo‘ja shuni o‘ylaydi. «Qor ko‘chmasa edi», deb xavotir oladi. Xudodan madad so‘raydi. Eng xavfli manzilga yetishganini faqat u bilan Ahmad dev biladi. Boshqalar avvallari bu yo‘ldan yurmagan.
Norxo‘janing kutgani bo‘ldi. Oqshomga yaqin qor ko‘chdi. Qancha yigit ko‘chki ostida qoldi. Qanchasi qutuldi, bilmaydi. Oldinda kelayotganlardan o‘ttizga yaqini bu ofatdan omon chiqdi. Orqada kelayotgan-lar balki sog‘ qolgandir. O‘rtadagilardan esa umid yo‘q...
Sabohiddin iziga qaytajagini yana aytdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:40:06

— Olloh bizning yo‘limizni to‘sdi. Qilayotgan ishimizdan norozi, — dedi u.
— Bizni omon saqlab qoldi-ku? — dedi Norxo‘ja.
— Olloh gunohlarimizni yuvishga imkon yaratib, jonimizni qaytarib berdi.
— Biz gunohlarimizni yuvish uchun ketyapmiz.
— Men qaytaman.
— Qo‘rqyapsizmi?
— Men faqat Ollohning g‘azabidan qo‘rqaman. Borgim yo‘q.
— Hammayoqni qor bosdi-ku, qanday qaytasiz?
— Bir amallab o‘taman.
— Yo‘q, mulla, bu xayolni miyangizdan chiqarib tashlang. Siz men aytgan ishni qilasiz.
— Nima uchun?
— Sababi ko‘p. Aytaylik, siringizni yashirganim uchun.
— Qanday sir?
— Ma’mur boyvachchaning o‘limi menga ham ma’lum. Ammo siz Ahmad devning kimligini yaxshi bilmaysiz. U boyvachchaning O‘shdagi bo‘lasi. Dev qotilni bilmaydi. Men esa unga aytmayman. Eski yarani qo‘zg‘ashning nima hojati bor? Qolaversa, hisobli dunyo deganlaridek, yelkangizdagi qarzni uzishingiz kerak. Akangizning jonini, singlingizning nomusini saqlab qoldim. Bu anov-manov gap emas, mulla, o‘ylab ko‘ring. Men Norxo‘ja qo‘rboshiman, a? Hadeb noz-firoq qilavermang. Achchig‘im chiqsa... Jiyanimni ham ayamadim, a?
Sabohiddin u bilan tortishish ortiqchaligini bilib, indamadi. Fursat poylamoqni lozim ko‘rdi. Sukutni rizolik alomati, deb fahmlagan qo‘rboshi gapini davom ettirdi:
— Biz bir-birimiz bilan achchiqlashmasligimiz kerak, mulla. Esingizdami, mahdi haqida gapirgan edim. Shu rejalarni amalga oshirish fursati keldi. Rishtonda Norxo‘janing, ya’ni mening kallam olindi. Hozir hamma meni o‘ldiga chiqargan. Dushmanlarimning kayfi chog‘, mahdi uchun yana nima kerak. Qashqarga borgach, siz Makka sari otlanasiz. Xarajatlarni men ko‘taraman. Uyingizga Sabohiddin hoji bo‘lib qaytsangiz yomonmi? Mana shu yaxshiliklarim evaziga «Islom yurti uchun Xudo Norxo‘janing jonini qaytarib berdi», deb gap tarqatasiz. Bor yumushingiz shu!
Sabohiddin yaxshilik bilan javob ololmasligini bilib, qochishni xayol qildi. Qattiq-quruq so‘zlari uchun qo‘rboshidan uzr so‘radi.
Tog‘ning tungi ayozidan ham uyqu zo‘r kelib, barcha pinakka ketdi. Faqat Sabohiddin uxlamadi. Tun yarimlaganda o‘rnidan turdi. Yonidagi xurjunni asta ko‘tardi-da, iziga qaytdi.
Erta tongda Norxo‘jani Ahmad dev turtib uyg‘otdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:40:14

— Begim, mullangiz qochibdi?
— Qayoqqa qochadi?
— Qayoqqa qochardi? Zang‘ar, mening xurjunimni ko‘tarib ketibdi.
— Nima bor edi?
— O‘zining narsalari... Qiyomat qarzdan qutulibman. Ozgina tilla bilaguzuklar ham bor edi. Orqasidan tushamizmi?
— Yo‘q, — dedi Norxo‘ja bir oz o‘ylanib, — orqaga qaytish xosiyatsiz. Hali qochganiga pushaymon yeydi. Qaytgan kunim birinchi bo‘lib shu mahluqning terisini shilaman.
Ular yana yo‘lga tushdilar.

... Sabohiddin xurjunni yelkasiga olib uzoq yurdi. Ko‘chki bosgan joyga yetib kelguncha oyoqlari qaqshab ketdi. U hali ko‘chki nima ekanini bilmasdi. Belga qadar qorga botgan kezlarda iziga qaytganidan pushaymon bo‘lar, chiqib olganda esa: «Ota yurtdan uzilgandan ko‘ra muzlab o‘lganim afzal», deb qo‘yardi.
U oqshomga borib sillasi quriganini, ochiqqanini sezdi. To‘xtadi. Tamaddi qilib olish uchun xurjunni qo‘ydi, o‘tirib nafasini rostladi. Keyin qo‘lini xurjunga tiqdi, Silliq, sovuq, yumaloq bir narsaga panjalari tegib ketdi. Seskandi. Xurjunni ochib, ikki qo‘llab uni chiqardi. Chiqardi-yu, serrayib qotib qoldi. Nafasi ham, yurak urishi ham to‘xtadi. U xurjundan akasining kallasini olgan edi!..
Ana shunda...
Tog‘lar ham qotib qoldi. Osmon ham. Dunyoning hayot tomirlaridan jon chiqib ketdi.
Bir zum, faqat bir zum shunday bo‘ldi. U qo‘lidagi kallani tashlab yubordi. Akasining kesilgan boshi qorga cho‘kdi. Sabohiddinning qalbidan otilgan faryod sukunatni qalqitib yubordi. Tog‘lar aks-sado berdi. Yo‘q, sado emas bu. Tog‘lar ham faryod chekdi. Bu faryodni qorlar o‘ziga shima olmadi — osmon bag‘riga singdirdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:40:25

Hozirgina oqligi bilan ko‘zni qamashtirayotgan qor bir nafasda qop-qora bo‘lib qoldi. Keyin asta qizardi. Cho‘qqilardan qip-qizil qon oqib kela boshladi. Issiq qon Sabohiddinni ham qa’riga tortib, avval tovonini kuydirdi, keyin badaniga tarqaldi. So‘ng miyasi qiziy boshladi. Tomog‘i qurib, qonni simira ketdi. Simirgan sayin ichi kuyaverdi. Keyin qon qorga singib, atrof asta oqardi. Shunda Sabohiddin qorga botib turgan kallani avaylab qo‘lga oldi. Yumuq ko‘zlarni, o‘siq qoshlarni siladi. Silay turib vujudidan yana faryod otilib chiqdi.
Osmon qa’riga ikki kungacha faryod otilib turdi. Keyin bu alamli ovoz boshqa yerlarga ko‘chdi.
Sabohiddin ozib-to‘zib ketdi. Borar joyini ham unutdi: telba bo‘lib qoldi. Kallani qo‘ldan qo‘ymay tentirab yuraverdi. Bir yerda oyog‘i toyib, pastga qarab yumalaganda uni yo‘qotdi. Alam bilan nola chekdi. Oxiri bir dumaloq toshni kalla xayol qilib avaylab oldi. Qosh-ko‘zni izladi. Topolmay uvvos solib yig‘ladi. Lekin uni tashlab yubormadi. Ehtiyotlab ko‘tarib yuraverdi.
Oradan bir necha kun o‘tgach, savdo vajidan Qashqarga borib-kelib yuruvchi o‘zbeklar uni ko‘rib qolib, xachirga mingashtirib oldilar.
Charx urayotgan quzg‘unlar yemishlaridan mahrum bo‘ldilar. Ko‘chkini pastlab o‘tgan savdogarlar Sabohiddinning yig‘isidan bezor bo‘lib, uni yana tashlab ketdilar.

Qayd etilgan