Rhaq sohilda uzoq turib qoldi. Qarashlari vazmin. Toliqqan ko‘zlarini bir oz yumib, Yerdagi dengizlar, daryolarni eslamoqchi bo‘ldi. Osoyishta, salobat bilan oquvchi daryolar, qo‘sh kokil bo‘lib ajrashgan, so‘ng yana birlashgan irmoqlar orasida daraxtlarga ko‘milib turgan orolchalar, qoyalar bag‘ridan shiddat bilan otilayotgan sharsharalar uning ko‘z oldiga keldi. Qo‘yosh nurida tovlanayotgan zumrad tomchilar xuddi yuziga urilganday seskandi. Ko‘zlarini ochdi: madorsiz dengiz qaltirab turibdi. Shu topda Rhaqning oyoqlari quvvatdan qolganday bo‘ldi. Nazarida bir qadam bosishga ham qurbi yetmaydi. Tomog‘i qaqragan. Yurak siqadi. Ko‘ngli ana shu jonsiz dengizning qattiq to‘lg‘anishini, osmonga sapchishini, so‘ng ruhsiz shaharlar ustiga yopirilishini istadi. Nimadir bo‘lishi kerak, nimadir... Bir me’yorda davom etuvchi silliq hayotga ko‘nikolmayapti. Ko‘nikolmayapti? Yer tabiati, yerliklar uning ruhini butkul o‘zgartirib yuborganmi? Nahotki, Yerdan olgan taassurotlari ongini zaharlab, o‘z yurtiga nisbatan bu qadar norozilik uyg‘otsa? Yo‘q, yo‘q, u Tangdan butkul norozi emas. Faqat yerliklarning ayrim tuyg‘ularini yurtdoshlariga «yuqishi»ni xohlaydi. Dengizdan «so‘rib olingan» temir, tuz, tilla...kelgusida qayta eritilib, qayta milligrammlarga aylantirilib, suv tarkibiga qayta singdirilgani kabi, tangliklar unutib yuborgan tuyg‘ular yuz ochsa...
Hech bo‘lmasa muhabbat uyg‘onsa edi. Yigit qizni suyib-suyib erkalasa, qiz yigitga suyib-suyib bo‘sa bersa... Mana shu sohilda shirin-shirin orzularga erk berib, tonglarni qarshilasa... Suyib-suyib turmush qurishsa, suyumli-suyumli farzandlar ko‘rishsa...
Rhaq xo‘rsindi. Ajin bosa boshlagan keng peshonasini siladi. «Bu qiyin masala, — deb o‘yladi u. — Muhabbat uyg‘onsa, nafrat ham paydo bo‘ladi. Keyin rashk bosh ko‘taradi. Yaxshilikka qo‘shilib yomonlik, mehrga qo‘shilib g‘azab, sadoqatga qo‘shilib xoinlik... kirib keladi. Yerdagi ziddiyatlarning hammasi Tangda ham hukmron bo‘lib olsachi? Barcha shu ziddiyatlar orasida o‘ralashib qolsachi? Chin muhabbati qaysi, soxtasi qaysiligini bilmay garangsib yurishsachi? Taraqqiyot nima bo‘ladi? Yo‘q, bizga nafratdan xoli muhabbat, xoinlikdan yiroq sadoqat, g‘azabsiz mehr, rashk o‘rniga ishonch... kerak. Faqat yorug‘ tuyg‘ular zarur! Bora-bora Yerda ham shunday bo‘ladi...»