Ammo unga qaramay so‘zini davom ettirdi:
— Nuh alayhissalom Ollohning istagi bilan o‘z qavmlariga yuborildilar. Va dedilarki: «Albatta men sizlar faqat Ollohgagina ibodat qilishingiz uchun kelgan xolis ogohlantiruvchiman. Ollohdan o‘zgaga ibodat qilmanglarkim, sizlarga alamli kun azobi bo‘lishidan qo‘rqadirman». Nuh alayhissalomning asosiy vazifalari ogohlantirish edi. Payg‘ambarliklarining mazmuni, g‘oyasi esa shunga monand — Ollohdan o‘zgaga ibodat qilmaslikka chorlamoq edi. U zot vazifalarini ado etdilar. Biroq, qalblari muhrlangan, hidoyatdan begona, kufrdagi zodagonlar «Sen ham o‘zimizga o‘xshagan odamsan, senga esi pastlar, yalangoyoqlar ergashyapti xalos», deb tuhmat qildilar. Nuh alayhissalom dedilarki: «Ey qavmim, men sizlarning taqdirlaringizni o‘ylab kuyunyapman. Men sizlarning iymonli bo‘lib, saodatga erishishingizni istayman xalos. Men bu payg‘ambarlik xizmatim uchun sizlardan mol-dunyo so‘ramayman. Menga boylikning zarurati yo‘q-dir. Mening ajrim faqat Ollohning zimmasidadir. Ajr-mukofotni Olloh beradi, siz bermaysiz, xavotirlanmang. Siz «Senga esi pastlar, yalangoyoqlar ergashyapti», deyapsizmi? Bilingkim, men iymon keltirganlarni sizlarga yoqish maqsadida yoki sizlarni rozi qilish uchun huzurimdan quvmasman. Men uchun boy-kambag‘al tengdir. Mezon — boylik emas, muhimi— iymon keltirmoqlikdir. Hamma gap iymonda! Yana bilingkim, ular men uchun iymon keltirgan emaslar. Ularning iymon keltirishlari Ollohga bog‘liqdir. Ular robbilariga ro‘baro‘ kelganlarida sharmanda bo‘lmaylik, deb iymon keltirdilar». Nuh alayhissalom yana qavmlariga dedilarkim: «Men sizlarga «Huzurimda Ollohning xazinalari bor», demayman. Shu bois sizlarga boylik berolmayman. G‘aybni ham bilmayman, «Men farishtaman» ham demayman». Afsuslarkim, iymonsizlar qalblari so‘qir bo‘lgani sababli hidoyat yo‘lini ko‘ra olmadilar. Va Olloh o‘z payg‘ambariga dedikim: «Ularning qilmishlaridan qayg‘uga tushmagin». Va vahiy qilindikim: «Qavmingdan hozirgacha iymon keltirganlaridan boshqa hech kim endi iymon keltirmas. Endi Bizning himoyamiz va vahiyimiz bilan kema yasagin hamda zulm qilganlar haqida Menga «Ularni ham asragin», deb xitob etma. Ular, albatta g‘arq bo‘lguvchilardir». Vaqtiki yetib, Ollohning amri ila tannur favvora otganda, ya’nikim, Ollohning azobi— to‘fon kelganida buyurildikim: «Har, bir jonivordan bir juftdan ol, oila a’zolaringni olginu ahlingdan kimlarning g‘arq bo‘lishi haqida Bizdan so‘z kechgan bo‘lsa, ular mustasnodirlar. Kemaga faqat iymon keltirganlarni ol».