Tohir Malik. Devona (qissa)  ( 97201 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 25 B


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:39:47

CHORRAHADA QOLGAN MULLA YIGIT

Rhaq Luknni amir zindonidan olib chiqqach, Sabohiddinni shahar darvozasi yonida so‘nggi marta ko‘rdi. Sabohiddin yurtiga — otashda qovurilayotgan Farg‘ona vodiysiga qarab ketgandi. Hozir taqdiri nima bo‘ldi ekan? Balki Lukn o‘rnatgan biotok uzatgichlar ishlab turgandir, ma’lumot kelayotgandir. Ammo buni Rhaqqa bildirisharmikan?
Sabohiddin o‘sha bahsdan keyin Shoazizning xonadoniga qadam bosmay qo‘ygan edi. Mezon ucha boshlagan pallada uning qo‘qqisdan kirib kelganini ko‘rib, Rhaq— Tabib afandi taajjublandi. O‘shanda Sabohiddin madrasada bo‘lib o‘tgan gapni aytib berdi. Hammasi tunov kungi xufton namozidan so‘ng boshlanibdi:
Namoz tugagach, mullavachchalar imomning harakatidagi xotirjamlikni ko‘rib, va’z aytish niyati borligini fahmladilar. Bunday paytda deyarli va’z aytilmas, shu bois mullavachchalar bir oz ajablangan holda bu xufton imomatga o‘tgan mudarrisning so‘z boshlashini kutdilar.
— Ma’lumingizkim, Xudovandi karimning nazari tushgan jannatsifat Farg‘ona viloyatida g‘ayridinlar etagini tutgan murtadlar islom lashkarlariga ozor yetkazmoq qasdiga tushganlar. Kalimai shahodatga ham tili kelmay qolgan bu osiy bandalar, inshoolloh, Tangrining qahriga uchragaylar. Jannatdan shayton alayhila’nani quvib chiqargan, to‘liq hikmat va qudrati ila Odam Ato va Momo Havvoni yaratgan Haq taoloning rahm-shafqati beqiyos ulug‘dir. Qur’oni sharifning Xud surasida Tangrining marhamati shunday tavsif etiladi, — mudarris Qur’onni varaqladi.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:39:57

Ammo unga qaramay so‘zini davom ettirdi:
— Nuh alayhissalom Ollohning istagi bilan o‘z qavmlariga yuborildilar. Va dedilarki: «Albatta men sizlar faqat Ollohgagina ibodat qilishingiz uchun kelgan xolis ogohlantiruvchiman. Ollohdan o‘zgaga ibodat qilmanglarkim, sizlarga alamli kun azobi bo‘lishidan qo‘rqadirman». Nuh alayhissalomning asosiy vazifalari ogohlantirish edi. Payg‘ambarliklarining mazmuni, g‘oyasi esa shunga monand — Ollohdan o‘zgaga ibodat qilmaslikka chorlamoq edi. U zot vazifalarini ado etdilar. Biroq, qalblari muhrlangan, hidoyatdan begona, kufrdagi zodagonlar «Sen ham o‘zimizga o‘xshagan odamsan, senga esi pastlar, yalangoyoqlar ergashyapti xalos», deb tuhmat qildilar. Nuh alayhissalom dedilarki: «Ey qavmim, men sizlarning taqdirlaringizni o‘ylab kuyunyapman. Men sizlarning iymonli bo‘lib, saodatga erishishingizni istayman xalos. Men bu payg‘ambarlik xizmatim uchun sizlardan mol-dunyo so‘ramayman. Menga boylikning zarurati yo‘q-dir. Mening ajrim faqat Ollohning zimmasidadir. Ajr-mukofotni Olloh beradi, siz bermaysiz, xavotirlanmang. Siz «Senga esi pastlar, yalangoyoqlar ergashyapti», deyapsizmi? Bilingkim, men iymon keltirganlarni sizlarga yoqish maqsadida yoki sizlarni rozi qilish uchun huzurimdan quvmasman. Men uchun boy-kambag‘al tengdir. Mezon — boylik emas, muhimi— iymon keltirmoqlikdir. Hamma gap iymonda! Yana bilingkim, ular men uchun iymon keltirgan emaslar. Ularning iymon keltirishlari Ollohga bog‘liqdir. Ular robbilariga ro‘baro‘ kelganlarida sharmanda bo‘lmaylik, deb iymon keltirdilar». Nuh alayhissalom yana qavmlariga dedilarkim: «Men sizlarga «Huzurimda Ollohning xazinalari bor», demayman. Shu bois sizlarga boylik berolmayman. G‘aybni ham bilmayman, «Men farishtaman» ham demayman». Afsuslarkim, iymonsizlar qalblari so‘qir bo‘lgani sababli hidoyat yo‘lini ko‘ra olmadilar. Va Olloh o‘z payg‘ambariga dedikim: «Ularning qilmishlaridan qayg‘uga tushmagin». Va vahiy qilindikim: «Qavmingdan hozirgacha iymon keltirganlaridan boshqa hech kim endi iymon keltirmas. Endi Bizning himoyamiz va vahiyimiz bilan kema yasagin hamda zulm qilganlar haqida Menga «Ularni ham asragin», deb xitob etma. Ular, albatta g‘arq bo‘lguvchilardir». Vaqtiki yetib, Ollohning amri ila tannur favvora otganda, ya’nikim, Ollohning azobi— to‘fon kelganida buyurildikim: «Har, bir jonivordan bir juftdan ol, oila a’zolaringni olginu ahlingdan kimlarning g‘arq bo‘lishi haqida Bizdan so‘z kechgan bo‘lsa, ular mustasnodirlar. Kemaga faqat iymon keltirganlarni ol».

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:40:06

Nuh alayhissalom amrga itoat etdilar va dedilarkim: «Kemaga mininglar, uning suzishi ham, to‘xtashi ham Ollohning ismi ila bo‘lur. Albatta Robbim kechirimli va rahmlidir.» To‘fon dahshatli tus olganida kema tog‘lardek kattalikda mavj urayotgan to‘lqinlar osha suzayotganida Nuh alayhissalom chetda turgan o‘g‘illarini ko‘rdilar va dedilarkim: «Ey o‘g‘lim, biz bilan birga mingin, kofirlar bilan birga bo‘lmagin.» Kishi kofir bo‘lsa qiyin, u o‘zi ko‘nikib qolgan tor doirada fikr yuritadi. Nodon o‘g‘il to‘fon dahshatini ko‘ra turib ham iymonga kelmadi, «Toqqa chiqib panoh topaman», dedi va g‘arq qilinganlardan bo‘ldi, — imom oyatlarni o‘qimay, o‘z tilida shu tarzda bayon qilib bo‘lgach, mushafni yopdi. Bir oz muddat jim qoldi. So‘ng yana so‘zini davom ettirdi: — Farg‘ona viloyatidagi g‘alayonlar shu tarixni eslatmaydimi? Toki iymonsizlar haq yo‘liga qaytmas ekanlar, Xudovandi karimning qiyomat yuborishi aniq. Siz bilan bizning burchimiz, nainki Olloh-taolodan bandalarning gunohini so‘rab, ibodat qilmoqlik, balki gunohkor bandalarni iymonga qaytarish hamdur. Tangrining marhamati bisyordir va haq yo‘lga qaytgan bandalarning gunohi afv etilg‘usidir...
Va’z tugadi. Garchi imom aniq maqsadni aytmagan bo‘lsa-da, mullavachchalar bu ibratga faqat amal qilmay, har joyda targ‘ib etish lozim ekanligini anglab yetdilar.
Mudarris yig‘ilganlarga ketish uchun izn berib: «Mulla Sabohiddin, siz picha turib hujramga kiring, ma’qulmi?» dedi. Sabohiddin: «Xo‘p bo‘ladi, taqsir», deb ta’zim qildi.
Hujrada Sabohiddin tanimaydigan yana ikki kishi bor edi. Sabohiddin katta salla o‘rab, zarrin to‘n kiygan bu zotlarga salom berib, ostonada ta’zim bilan turib qoldi.
— Beriroq keling, o‘g‘lim, tortinmang, — dedi hujra egasi. So‘ng mehmonlarga qaradi. — Farg‘ona muzofotiga bormoqlikni ixtiyor etgan mulla Sabohiddin deganimiz shu yigit.
— Barakallo, — dedi to‘ladan kelgan mehmon. — Hazratim sizning iqtidoringiz va e’tiqodingiz xususida ko‘p maqtov gaplar aytdilar. Insha Olloh, sizning bu e’tiqodingiz oxiratda inobatga olinur.
— Insha Olloh.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:40:15

— O‘g‘lim, yarangiz azob bermay qo‘ydimi? — deb so‘radi hujra egasi, ammo savolga javob kutmay, mehmonlarga qarab so‘zladi: — Falokatni qarangki, mulla Sabohiddin ko‘chada ketar chog‘larida boshlariga g‘oyibdan qirrali bir tosh kelib tushibdi. Xotirim chalg‘itmasa, biron o‘n kun shuning azobini tortdilar. Xudoning rahmi kelib, mulla Sabohiddinga insof egasi yo‘liqibdi. Yarani bog‘lab madrasamizga uzatib qo‘yibdi.
Bu gapni eshitib, Sabohiddin xavotirlandi. Chunki «insof egasi»ning minoraga tik chiqib tushganini u o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan edi. Iblis qo‘lidan shifo topganini bu oliy zotlar bilishsami.... Yo‘q, xayriyat, suhbat mavzuiga qaraganda, ular bundan ogoh emas ko‘rinadilar. Hatto «iblis» haqida so‘z yuritilganda ham Sabohiddinning yarasiga shama qilmadilar. Sabohiddin yengil tin oldi. Biroq, kutilmaganda boshqa zarbaga duchor bo‘ldi. Mehmonlardan biri choyni ichib, piyolani to‘ntarib qo‘ygach, unga murojaat qildi:
— Mulla Sabohiddin, bizni bir narsa taajjubga soldi: Marg‘ilon atrofidagi imonsizlar orasida Jamoliddin degan askarboshi bor emish. O‘sha sizning akangiz emasmi?
Savol kutilmagan bo‘lsa-da, Sabohiddin gangimadi. Xiyol bosh egib, so‘zlovchiga lutf bilan javob berdi:
— Taqsir, Ollohning bandalari orasida askarboshilar ham, Jamoliddin ismli odamlar ham ko‘p. Men yaqin orada uydan xabar ololmadim. Akamning taqdirlari men uchun qorong‘u.
— Sizni Novqatdan deb aytdilar. Padari buzurgvoringizning ismlari Jalolliddin ekan, shundaymi?
— Haq gap, taqsir.
— U holda biz yanglishmabmiz. O‘sha imonsiz — sizning akangiz!
Gapga mudarris aralashdi.
— Taqsir, har kim o‘z gunohi uchun Tangri oldida o‘zi javob beradi. Akalarining ayblari deb mulla Sabohiddinni xijolatga qo‘yish insofdan bo‘lmas. Mulla Sabohiddinning gaplari chin: Chanoqqal’a muhorabasidan yaqinda qaytdilar. Bu orada ahli baytdan darak kelmadi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:40:25

— Mulla Sabohiddin akalarining gunohlari uchun mutlaqo izza chekmasinlar. Biz faqat farazimizning haq yo nohaqligini bilmoq istagida edik. Besh barmoq barobar emas. Bir pushtikamardan turli farzandlar bunyod bo‘ladi. Mana, mulla Sabohiddin mo‘min-qobil yigit ekanlar. Birov, shu yigitning akasi Oq poshsho zamonida odam o‘ldirib, Sibir qilingan desa ishonib bo‘lmaydi.
— Yo alhazar! — Mudarris yoqa ushladi. — Men bundan bexabar ekanman. Shu rostmi, o‘g‘lim?!
— Yo‘q.
— Inkor etyapsizmi?
— Ha, taqsir. Akam qon to‘kkan emaslar.
Ustoz-shogirdning so‘zlashuviga diqqat bilan quloq tutib o‘tirgan mehmonlardan yana biri istehzo bilan jilmaydi.
— U holda Ma’mur boyvachchaga kim pichoq urgan ekan, yo sizmi? — dedi u.
— Taqsir, siz mulla Sabohiddin bilan faqat tanishmoq niyatida edingiz?
— Ha, ha. Mulla Sabohiddin aytganingizday, qobil yigit ekanlar. Bizning boshqa so‘zimiz yo‘q. Shar’iy niyatlariga yetmoqliklarini Ollohdan so‘rab, duo qilamiz.
— O‘g‘lim, siz boravering. Ertaga bomdoddan so‘ng huzurimga yana bir kirasiz.
Sabohiddin ta’zim bilan chiqdi. U kutilmagan tanishuvning boisini anglay olmadi. «Ajab, maqsadlari faqat men bilan tanishishmi yo akam haqidagi farazlarini oydinlashtirishmi? Istaklari nima? «Ma’mur boyvachchaga kim pichoq urgan ekan, yo sizmi?» Nimaga bunday deb so‘radi? Nahot, Ma’mur boyvachcha voqeasi ular uchun oydin bo‘lsa? Qaerdan bilishsin? Kim aytishi mumkin? Otammi? Yo‘q. Sultonmurod akami? Yo‘q... Axir qur’onni o‘pib turib qasam ichgan-ku? Yo surgun azoblari suyak-suyagidan o‘tib ketgan akam sirni ochdimi? Nahot? Bo‘lmasa kim? Haqiqat shu uch kishidan boshqa hech kimga ayon emas. Hatto Ma’mur boyvachchaning o‘zi ham asl qotili kim ekanini bilmay dunyodan ko‘z yumdi. Oradan shuncha yil o‘tdi. Dunyo alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketdi. Shunaqa paytda Ma’mur boyvachchaning o‘ldirilish voqeasi ularga nima uchun kerak bo‘lib qoldi? Yo: «Bosgan har bir izingizdan boxabarmiz», deyishmoqchimi? Har holda, bir sir bor. Bu sir bomdoddan so‘ng ochilsa ajab emas».

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:40:55

Sabohiddin shu xayollar ichida qoldi. Hujrasiga go‘yo Ma’mur boyvachcha kirib olganday, ko‘ziga uyqu ilinishi bilan bosinqirab turib ketaverdi. Bir safar u hujraga go‘sht ko‘tarib kirdi. Go‘shtdagi qon tomchilari hali qotmagan. Boyvachchaning bo‘g‘zi ham qon. «Ajab, — deb o‘yladi Sabohiddin, — bo‘g‘zi nimaga qon? Pichoqni ikki kuragi o‘rtasiga urgan edim-ku?» Ma’mur boyvachcha go‘shtni Sabohiddinning dimog‘iga tutdi. Sabohiddin kalima keltirmoqchi bo‘ldi. Lekin tili aylanmadi.
— Kalimai shahodatingiz befoyda, — dedi boyvachcha.
— Nimaga keldingiz, keting, — dedi Sabohiddin.
— Men sizga go‘sht olib keldim.
— Xom go‘shtning xosiyati yo‘q. Tezda keting!
— Men haqiqatni bilishim kerak.
— Qanday haqiqat?
— Meni kim o‘ldirdi?
— ...
— Indamaysizmi? Meni siz o‘ldirgansiz!
— ...
— Siz nomardsiz! Pichoqni orqadan kelib urdingiz. Yuzma-yuz kelishga botina olmadingiz.
— Men yosh edim...
— Yosh odam qo‘rqoq bo‘ladi, deb kim aytdi?
— Alamim ichimda.
— Musulmonning qoni musulmon uchun harom ekanini bilmasmidingiz? Meni nima uchun o‘ldirdingiz? Sizga nima gunoh qilib edim?
— Siz oilamiz nomusini bulg‘adingiz.
— Men-a?
— Ha, siz! Yangamni buzuq yo‘lga boshladingiz.
— Xudo shohid, men begunohman. Sojidani nikohlab olganman.
— Undan avvalroq-chi? Yangamga nomahram bo‘la turib, u bilan qo‘shilganingiz rostmi?
— ...
— Indamayapsizmi? Demak, sizni o‘ldirib savob qilgan ekanman.
— Ko‘z suzgan g‘unajinni jazolamay, arqon uzgan buqachani qatl etish shariatda savob sanaladimi?
— Agar u buqacha chinakam hayvon bo‘lsa — gunoh. Ammo odam bo‘lsa — zinokorni o‘ldirish savob.
— Men sizga go‘sht keltirdim. Oling.
— Tez keting... Ustimdan bosmang! Keting deyapman!
— Men sizni yonimga chaqiraman...

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:41:04

Sabohiddinning nafasi bo‘g‘ildi. Baqirib yubordi. O‘z ovozidan o‘zi cho‘chib, yana turib ketdi. Chap tomoniga qarab tupurdi. So‘ng kalima keltirdi. So‘ng bunga ham qanoat qilmay humdan bir siqim guruch olib tashqariga chiqdi. Yulduzlar xira tortib, ufq bo‘zaray deb qolgan edi. U guruchni tomga sochdi. Xujrasiga qaytib kirishga yuragi betlamadi.
Bomdoddan so‘ng yana mudarris huzuriga yo‘l oldi.
— Keling, o‘g‘lim, qani o‘ltiring. Kechagi gaplarni ko‘nglingizga olmang. Siz xafa qilish niyatlari yo‘q edi... Ruhingiz cho‘kibroq turibdi... Yo chindan...
— Yo‘q, taqsir, ularning so‘zlari zarracha og‘ir botmadi. Ruhsizligim boisi... birodarlar bilan suhbatga berilib, uyquni andak kanda qilibmiz chog‘i...— Sabohiddin irim qilib, ko‘rgan tushini aytmadi. Mudarris uning botiq ko‘zlariga qarab yolg‘on gapirayotganini anglasa-da, sir boy bermay, tasbeh o‘girganicha duo o‘qidi.
— Ishqilib, Olloh jumla dardmandlarning dardlariga davo berib, shular qatorida birodarimiz Sultonmurodga ham shifoi komil ato etsin, — dedi bir oz ovozini ko‘tarib.
— Taqsirimdan xabar bormi?
— Ha, u kishini betob deb eshitdik, — mudarris bu yangilikni e’tiborsiz xabarday aytib, so‘ng gap mavzuini butunlay o‘zga yoqqa burdi: — Sizning Chanoqqal’a muhorabasiga borganingiz faqat jasorat emas, iymoningiz kuchidan bir nishonadir. Farg‘onaga qaytmoqqa qasd etganingiz bu kuch, Ollohning marhamati ila, yanada qudrat kasb etganini ayon qildi. Biz bunda kengashib, sizga izn bermoqlikni lozim topdik. Xatmi kutubingiz yaqin edi. Siz ayni choqda fotiha olmoqqa loyiqsiz. Siz Xudo ato etgan qobiliyatingiz bilan o‘zga mullavachchalardan ajralib turardingiz. Endi volidayn quchog‘iga borib, Haq yo‘ldan qaytgan bandalarni insofga keltirish bilan mashg‘ul bo‘lishingiz vaqti yetdi. Men sizni bu xabardan ogoh etib qo‘ymoqchi edim. Ha, darvoqe, kechagi muhtaram zotlar agar malol kelmasa, sizdan bir duoyi salom berib yubormoqchi ekanlar. O‘shal nomani Marg‘ilonga tashlab o‘tarmikinlar, degan o‘tinchda iltimos qilishdi.
— Nimaga malol kelsin, bosh ustiga, taqsir. Sizning xohishingiz men uchun amri vojib.
— Borakallo, o‘g‘lim. Endi boring, yo‘l hozirligini ko‘ravering.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:41:12

Sabohiddin yana muammolar chohiga tushdi. Sultonmurodning eslanishi uni taajjubga soldi. Kechagi odamlarning qotil haqidagi gaplari bilan mudarrisning duosida bog‘liqlik borday tuyuldi. Biroq, bu ilmoqli gaplardan maqsad ne ekanini anglay olmadi. Sultonmurodning betobligini aytish bilan safar tadorigini tezlashga undadimi? Busiz ham uchmoqqa qanot chiqarib shay turibdi-ku? Farg‘onaga bormoq niyatini o‘zi aytdi-ku?.. Sabohiddin imom huzurida qarzdor. Avvalambor Sabohiddinga alifni o‘rgatgan odam — shu imom. Qolaversa, o‘sha mudhish kechada, Ma’mur boyvachchaga pichoq sanchgan onida voqeaga xuddi shu odam guvoh bo‘lgan.
...Ko‘cha kimsasiz va qorong‘i edi. Ma’mur boyvachcha xirgoyi qilib borardi. Sabohiddin pisib kelib unga pichoq urdi-yu, orqasiga qarab qochdi. O‘n qadam tashlamay, bir odamga urildi. Bu odamni maktabdor ustozi Sultonmurod ekanini keyinroq bildi. Sharafli Buxoroga kelishiga ham shu odam sababchi. Qaytish onida ham uning nomi tilga olinyapti. Ishqilib, oxiri baxayr bo‘lsin.
...Sabohiddin ketish sababini Tabib afandiga mujmallik bilan aytib, boshini quyi soldi. Shubhasiz, u Ma’mur boyvachcha voqeasini yashirdi. Biroq, odamlar fikrini o‘qiy oladigan Rhaq uchun bu voqea qorong‘iligicha qolmadi. Bundan butkul bexabar Sabohiddin safar vaqti-soati o‘zi kutganidan ham ancha ilgari kelganini, tongda Buxoroni tark etajagini bildirdi. Aftidan, u Salimxo‘jani izlab kelgan. Bahonada Tabib afandi bilan xo‘shlashmoqchi edi. Rhaq buni sezib, oqshomga qadar Salimxo‘jani daraklab topajagini, so‘ng birgalashib madrasaga o‘tajagini aytdi. Sabohiddin qulluq qilib chiqib ketgach, Rhaq uydagi buyumlarini saranjomladi. Chunki u ham ertaga Tang sari uchishi kerak. Lukn minoraga tik chiqib tushgach, ularning qaytishlari tezlashdi. Rhaq uyqudagi Luknni sahro qo‘ynidagi mo‘’jaz kemaga qo‘yib kelib, o‘zi Yerdagi ishlarni yakunlashga shoshilardi. Baxtiga kun oyoqlamay turib, uyiga Salimxo‘janing o‘zi kirib keldi. Rhaq unga bo‘lgan voqeani qisqa bayon etgach, Shoazizning kelishini kutmay, ikkovlashib Sabohiddin tahsil ko‘rayotgan madrasa sari yo‘l olishdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:41:20

Safar tadorigini ko‘rayotgan Sabohiddin hujra eshigi oldida Salimxo‘ja bilan Tabib afandini ko‘rib g‘oyat quvondi. Salimxo‘ja bilan Sabohiddinning olti yillik qadrdonligi bor. Buxoro tuprog‘iga ilk qadam bosgan chog‘ida orttirgan birinchi oshnasi — shu Salimxo‘ja. Sabohiddin dastlab jinko‘chalarda gangib, adashib qolganida Salimxo‘ja joniga ora kirgan edi. Sabohiddin xiyla badavlat oilaga mansub bu mulla yigitning madrasada emas, Peterburgda tahsil olib qaytganini keyinroq bildi. Uni ba’zi zamonaviy ilmlardan, yuzaki tarzda bo‘lsa-da, Salimxo‘ja ogoh qildi. Aslida, Salimxo‘ja Sabohiddinni shunchaki emas, balki ilmning o‘zagiga qadar oshna etishi mumkin edi. Biroq, Buxoro madrasasining talabasi «shayton isi anqib turgan bu ilmlar» haqida so‘z ochilishini ham istamasdi. Olti yil badalida na u, na bu bir-birovining aqidasini ma’qulladi. Ammo, har biri o‘zicha to‘g‘ri deb ishongan haqiqat yuzasidan toza ko‘ngil, chuqur mulohaza bilan fikr yuritgani uchun ham yillar hatlasa-da, do‘stlik iplari uzilmadi. Salimxo‘ja uni Chanoqqal’a safaridan qaytarishga urindi, bir necha bor «Yosh buxoroliklar» deb atalmish guruh suhbatiga ham tortdi. Ammo bu yigitlarning aksari Sabohiddinga maqbul kelmadi. Chunki ular Salimxo‘janing butkul aksi, chuqur mulohaza yuritmay, jo‘shib ketishar, hatto ahli joh, ahli dinga qarshi so‘z aytishdan ham qaytmas edilar. Ahli donishdagi «Aytgan so‘zim— hojam, aytmaganim — qulim», degan hikmatga amal qiluvchi Sabohiddin esa tilni besuyak biluvchilardan o‘zini nari tutardi.
Buxoro ahli ichida Sabohiddin uchun yagona chin do‘st hisoblangan Salimxo‘ja takalluf kutmayoq ichkari kirib, bir qavat yakandoz ustida chordana qurdi. Rhaq uning yonidan joy oldi. Sabohiddin do‘stining kelishiga intiq edi. Mehmon sharafiga dasturxon tuzashga chog‘langanida Salimxo‘ja ruxsat bermadi. Bilagidan tutib, yonidan joy ko‘rsatdi. Sabohiddin poygakroqda, mehmonlarga yuzma-yuz o‘tirdi.
— Nazarimda xatmi kutubga picha vaqt bor edi. Qaytishga chog‘langaningizdan xabar topib ajablandim? — dedi Salimxo‘ja unga savol nazari bilan tikilib, — yana vujudingizdagi mujohidlik qoni jo‘sh urdimi?
— O‘t tushgan onda kimdir o‘chirmoqqa jazm qilmog‘i lozimmi? Yo sizning birodarlaringiz kabi o‘t o‘chirmoqning qay usuli ma’qul, deb fikr talashib o‘tirmoq joizmi? — Men diydor qiyomatga qolmasa degan xadikda edim. Aybga buyurmang, ammo xo‘shlashgani kelganingiz holda meni so‘roqqa tutishingizga aqlim yetmay qoldi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:41:27

— Uzrliman, mulla, aybsitmang. Sizni so‘roqqa tutish niyatim yo‘q edi. Faqat bemavrid ketishingizni mulohaza qilib, men bo‘lakcha xulosaga kelib edim.
— Qanday?
— Farg‘ona viloyatidagi afsusga loyiq voqealar haqida siz bilan ko‘p bahs yuritgan edik. Viloyatga qadalgan ikki ko‘zdan biri sarmoyadorlarniki, yana biri g‘ayridin inglizniki deganimda, fikrimni bir qadar ma’qullagan edingiz?
— Hali fikrimni o‘zgartirganimcha yo‘q.
— Borakallo. «Islom lashkarlari» deganingiz chin xaloskor emas, sarhad tashqarisidagi begonalar qo‘lida qo‘g‘irchoq ekanini ham ma’qullab edingiz?
— Butunicha emas. Islom lashkarlari hozircha ulardan ko‘mak oladilar keyin...
— Keyin... Bugungi ko‘mak iplari ertaga tobe bo‘yindagi zanjirga aylanajak.
— Ochig‘ini aytsam... fikrim ojizlik qilib qolyapti. Bir tomoni inglis, yana bir tomoni o‘rus...
— Siz shu tobga qadar o‘zganing tuziga non botirmagansiz. Mehnat bilan ulg‘aygansiz. Mehnat ahliga qayishing, deyman.
— Bundan bo‘lakcharoq niyatim ham yo‘q.
— Mulla, haq yo‘ldan adashmasangiz bas.
— Haq yo‘lni... haq yo‘lni farqlayman, insha Olloh!
— Aybsitmang Mulla, gaplarim bir oz achchiq bo‘ladi: Siz hozir ko‘zingiz yumuq holda chorrahada turibsiz. Fikrim ojiz, deb o‘zingiz aytdingiz. Men sizning islom lashkarlari tomonga o‘tib, ingliz harbiylarining qo‘g‘irchog‘iga aylanishingizdan qo‘rqa-man.
— Xudo saqlasin! Asti unday emas. Niyatim — faqat yurtga osoyishtalik, farog‘at tilamoq.
— Niyatingiz yo‘ldoshingiz bo‘lsin. Ammo so‘zlarimni nazardan forig‘ etmang.
— Saharmardonda Buxoroni tashlab chiqaman. Bundan buyon Xudo xohlasa, yana ko‘risharmiz. Buguncha dunyo ishlarini qo‘ya turib, bahsga berilmaylik. Boshqa gaplardan gaplashaylik.
Salimxo‘ja ma’qul ishorasini qildi. Onda-sonda Rhaqni ham suhbatga chorlashdi. Ammo so‘z aylanib yana Farg‘ona viloyatiga borib taqalaverdi. Salimxo‘ja Sabohiddinning ikki o‘t orasida qolib azoblanayotganini sezib, suhbatni bas qildi. Saharda yana kelajagini aytib, xayrlashdi.

Qayd etilgan