Tohir Malik. Devona (qissa)  ( 68257 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 25 B


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:41:35

Sabohiddin uni bomdoddan so‘ng ancha kutdi. Kelavermagach, noiloj yo‘lga chiqdi. Jinko‘chalarni oralab borayotgan Sabohiddinning yuragi go‘yo uzilib tushdi. Shahar darvozasiga yetganda Tabib afandini ko‘rganidan keyin chehrasi bir oz yorishdi. Ammo yuzidagi xavotir ko‘lankasi yo‘qolmadi. Rhaq Salimxo‘janing bu tun amir sarbozlari tomonidan hibsga olinganini aytgach, Sabohiddin birdan kichrayib cho‘kib qolganday bo‘ldi. Keyin bir qarorga kelib, shahar tomonga yuz burdi. Rhaq uning maqsadini anglab yo‘lini to‘sdi.
— Qayoqqa? — dedi u Sabohiddinni yelkasidan ushlab. — Borganingiz bilan qo‘lingizdan nima keladi? Zindonda birga o‘tirib, bahslaringizni davom ettirasizmi... Orqaga qaytishning xosiyati yo‘q. Siz boravering. Salimxo‘ja haqida o‘zimiz qayg‘uramiz...
Sabohiddin Tabib afandining yelkasiga bosh qo‘yib, turib qoldi. Keyin qo‘l olishib xayrlashdi-da, behol yurib ketdi...
Rhaq ezilgan ko‘yi bir-bir bosib ketayotgan Sabohiddinni, o‘zgalardan zehni bilan farqlanib turuvchi Salimxo‘jani eslab yuragi ezildi. Aslida o‘shanda Salimxo‘jani zindondan chiqarib, Sabohiddinni yo‘ldan qaytarsa bo‘larkan. Haqiqatni eshitib, bir oz sarosimaga berilsalar ham, ishonishardi. Ularning boshiga yana qanday tashvish tushdi ekan? Yerda Tang ko‘rsatmalarini buzmay ishlagani uchun Rhaq yana bir afsuslandi.
Hozir orqa tomonda Sabohiddin xo‘rsinganday, iliq nafasi bo‘yniga urilganday bo‘ldi-yu, entikib turib qetdi. Orqasiga o‘girilib... o‘g‘lini ko‘rdi.
— Qaerda eding? — dedi u bir oz dovdiragan holda.
— Shu yerda... kirganimni payqamadingiz, — o‘g‘li shunday deb unga yaqinlashdi. — Siz boshqacha bo‘lib qolgansiz. Yuragingizdagi gaplarni yashiryapsiz. Sir boy bermayapman, deb o‘ylaysiz. Yodlab olgan aqidalaringizni pesh qilib nasihat qilasiz. Bunaqada o‘zingizni yeb qo‘yasiz. — O‘g‘li kinoya bilan jilmaydi. — Taraqqiyot uchun xizmat qila olmaysiz. — U shunday deb chiqib ketdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:41:43

Rhaq o‘g‘liga e’tiroz bildirishga shu tobda ojiz bo‘lgani uchun ham uni iziga qaytarmadi. U Yerda yurganida uyga qaytgach, ruhan ezilishini taxmin qilgan, yerliklarning tuyg‘ulariga bandi bo‘lmay deb, xuddi yuqumli kasallikdan qochganday qochishga urinar, yiroqlashishga intilgani sayin, undan uzoqlashmay, aksincha, tobora yaqinlashardi. Mana, oqibat: yerliklarning tuyg‘ulari qariyb yuqdi, Lukn minoraga chiqib tushgandan beri qalbida g‘imirlayotgan norozilik ochiq g‘alayonga aylandi. Tangga kelgunga qadar o‘zi bilan o‘zi pinhona olishdi. Keyin o‘g‘li bilan, Fid bilan bahslashdi. «Qachon?» «Nimaga?», «Shartmi?» «Zarur emas?» «Ajab...» Bir tana, bir yurakka ikki kishi xo‘jayin. Aql yurakka, yurak harakatga, harakat so‘zlarga monand emas. Biri ikkinchisini inkor etadi. Biri biroviga bo‘ysunmaydi. Buni o‘g‘li ham payqabdi.
Rhaq ana shunday og‘ir ahvolda edi.

Nima uchun hech kim yo‘qlamay qo‘ydi? Bu — muddaoning o‘zi bo‘lsa-da, Rhaq ajablana boshladi. Ayniqsa, hozir uyga sig‘mayotgan paytida kimningdir yo‘qlashini kutdi. Ammo yo‘qlov bo‘lmadi.
U, ayniqsa, Fiddan xabar kutgandi. Oradan oylar o‘tyapti, ammo Rhaq intiq bo‘lgan gapdan darak yo‘q. Tangda biron-bir masalani hal etish bunchalik uzoqqa cho‘zilmas edi. Fid nima uchun jim? Nahot donishmandlar markazi haligacha bir qarorga kelmagan bo‘lsa? Axir muammo juda ham chigal emas-ku? Rhaq Yerning hayotini to‘laligicha oqlagani yo‘q. U ham Lukn kabi yerliklarning yaramas jihatlarini payqagan, bundan g‘azablangan. Lukn bilan uning xulosalarida asosanbittagina jiddiy farq bor: Rhaq yerliklar kelajagiga umid bilan qaraydi. Luknda mana shu umid yo‘q. Har qanday noto‘g‘ri xulosaning, har qanday fojianing boshi umidsizlik ekanini anglash nahot shu qadar og‘ir bo‘lsa?!
Rhaqni ma’lumotlarning qay darajada ma’qullanishi emas, balki Yerga qilinajak yangi safar taqdiri ko‘proq tashvishga solardi. Yerga yana tadqiqot maqsadida uchiladimi yo uning hayotiga bevosita aralashish uchun safar qilinadimi? Tadqiqot davom ettirilsa kimlar boradi? Luknmi yoki Rhaqning o‘zimi?...

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:41:51

«Men albatta borishim kerak», — degan qat’iy qarorga kelgan Rhaqni o‘sha damdayoq «Nima uchun men borishim kerak?», «Nima uchun Yerga qaytgim kelyapti?» degan savollar siquvga olardi. U turli bahonalar o‘ylab topib, o‘zini-o‘zi ishontirishga harakat qilardi. Kunlar shu zaylda o‘tyapti. Fiddan esa darak yo‘q. Rhaq o‘ylay-o‘ylay, «Xabar kutib, diqqinafas bo‘lmasdan, Fidning oldiga borganim ma’qul», degan qarorga keldi. Ertasiga nonushtadan so‘ng Fidning huzuriga yo‘l oldi.
Do‘stining xonasida bo‘g‘ilib bahslashayotgan Luknni ko‘rdi-yu, ostonada to‘xtab qoldi. Fid Rhaqni imo bilan ichkariga taklif qildi.
— Nimangizga kerilasiz? — dedi Lukn kirib kelgan Rhaqqa e’tibor ham bermay. — O‘zingiz ham foydali kashfiyot qilganingiz yo‘q-ku?
Lukn asabiylashgan sayin Fid o‘zini xotirjam tutardi. Luknning so‘nggi so‘zlaridan hatto kulib ham qo‘ydi. Fidning qanday buyuk kashfiyot egasi ekani kattayu kichikka ma’lum bo‘lsa-da, Lukn uni atayin kamsitib, jig‘iga tegmoqchi edi. Lekin o‘q mo‘ljalga tegmadi — Fid asabiylashmadi.
— Men yerliklarni bejiz sarosimaga solmaganim uchun ham kerilaman, — dedi u bosiqlik bilan.
— Men buning zararli ekanini bilmagan edim.
— Sizning ongsizligingiz ham shu.
— Hayotda xatolar yuz berib turadi, buni unutmang.
— Har narsaning chegarasi borligini siz ham unutmang.
— Yaxshi, unutmaslikka harakat qilaman. — Lukn shunday deb o‘zini bosib olish uchun chuqur nafas oldi.— Endi bu gaplarni qo‘yib, muddaoga o‘taylik.
— Meng qarorimni o‘zgartirmayman.
— Siz meni...
— Ha. Layoqatsiz deb bilaman. Siz bu ishga mutlaqo noloyiqsiz!
Fid o‘rnidan turdi-da, deraza oldiga borib, orqasini o‘girib oldi. Lukn unga nafrat bilan qaradi-da, chiqib ketdi. Fid shundan keyingina Rhaqqa o‘girildi.
— Ko‘rdingmi? — dedi u eshik tomon ishora qilib.— Temir sandiqqa solib ko‘mib tashlasang ham ilojini topib teshib chiqaveradi.
— Sendan nima talab qilyapti?
— Yana Yerga uchmoqchi. Qo‘yib bersang, endi Yerni alg‘ov-dalg‘ov qilib qaytadi. Minora sirtida yurgani uchun u jazolandi.
— Yerga yana uchilmoqchimi?

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:42:00

— Ha. Shu masalada seni chaqirmoqchi edim. Kelganing yaxshi bo‘ldi. Endi Yerda jiddiy tadqiqotlar boshlash vaqti yetdi. Sen bilan Lukn tavsiya etgan ikki xil ma’lumotlar bizni chalg‘itib qo‘ydi. Endi Yerning olti nuqtasiga yakka-yakka holda yuboramiz. Qadimda taraqqiyoti yuksak bo‘lib, oqibatda uyquga berilgan yurtlarni chuqur o‘rganish kerak.
— Yerga kimlar uchadi?
— Hozircha aniq bir gap aytish qiyin.
— Taxminiy ro‘yxat bordir axir? — Rhaq Fidga yaqinlashib yelkasini ushlab, siltaganini o‘zi ham sezmay qoldi.
— O‘zingni bos, — dedi Fid uning qo‘llarini yelkasidan olib. — Bu nima qilganing? Shu asabiyliging bilan Yerga uchmoqchimisan?
— Ha. Men albatta uchishim kerak.
— Nima uchun?
— Men... taxminlarimni isbot qilaman.
— Shuning o‘zimi?
— Demak... Men ro‘yxatda yo‘q ekanman-da, a?
— Men bunday demadim shekilli?
Bu gapdan keyin Rhaqning chehrasi ochildi.
— Men ro‘yxatga nomzodingni kiritdim. Ammo bu ahvolingda tibbiy sinovdan o‘ta olarmikansan?
— O‘taman, Fid.
— Yaxshi. Lukn o‘rnatib qaytgan uzatgichlarning ayrimlari ma’lumot yubormay qo‘ydi. Balki u odamlar o‘lgandir. Sabohiddin degan yerlikni bilarmiding?
— Bu senga qaerdan ma’lum bo‘lib qoldi?
— Luknning hisobotidan. Xullas, o‘shandan kelayotgan ma’lumotlar chalkashib ketdi. Yerga borsang, u odamni topasan. O‘zgarish sababini bilishimiz zarur.
— Fid, yerliklarning hayotini tahlil qilish uchun ajdodlarimiz tarixini ozgina bo‘lsa ham bilsam, zarar qilmasdi.
— Shart emas. Sen ko‘rganlaringni bizga ma’lum qilaver. Tahlil etish maxsus guruhning ishi.
— Fid, bir narsani ochiq ayt, tadqiqotlar tugagandan keyin Yerning taqdiri nima bo‘ladi?
— Ochig‘i, o‘zim ham bilmayman. Ammo Tangning taqdiriga befarq qarash mumkin emas. Biz ertami-kechmi, tabiatga qaytadan yaqinlashishimiz shart. Tabiatdan uzoqlashganimiz sayin hamma narsadan ajralyapmiz. Buni faqat sen emas, boshqalar ham tushunadi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:42:09

— Demak... biz bora-bora yerliklar hisobiga yashashimiz kerak ekan-da?
— Juda unchalik emas. Biz avvalo ularga yordam beramiz. Ularning ong darajalari biznikidan past.
— Balki yuqoridir?
Fid Rhaqqa tikilib qoldi. Yuqori labi uchdi. Teskari o‘girilib oldi. Bir necha daqiqa ilgari ham Luknning gaplaridan g‘azablanib, shu alfozda deraza yoniga borib turgan edi. Rhaq bemavrid bahslashganini sezib, afsuslandi. Fiddan sado chiqavermagach, iziga qaytmoqchi bo‘ldi. Eshik tutqichiga qo‘l yuborganda barmoqlarining titrayotganini ko‘rdi. Qiziq, asabiylashishga hech bir asos yo‘q edi. Aksincha, Yerga uchuvchilar ro‘yxatida nomzodi borligini bilib, quvonishi lozim edi. Bu xushxabarni intiqliq bilan kutayotgan edi...
— Men bu xabarni eshitib, quvonarsan, deb o‘ylabman, — dedi Fid bosiq ohangda.
Rhaq to‘xtab, o‘girildi. Fid hamon deraza oldida turardi.
— Fid, o‘zim ham hayronman.
— Agar yana uchishni istasang, salomatligingni o‘yla. — Fid shunday deb unga qaradi. Rhaq gapirolmadi. Boshini quyi egib, chiqib ketdi. Dahlizda o‘g‘lini ko‘rib, taajjublanib to‘xtadi.
— Sen bu yerda nima qilib yuribsan?
— Sizni izlayapman. Tezda uyga boring. Onam yo‘qlayaptilar.
— Uydan hozirgina keldim-ku?
— Toblari qochdi.
— Yur, bo‘lmasa.
— Men tajribaxonadagi do‘stimga bir og‘iz gap aytamanu orqangizdan yetib boraman.
Rhaq shoshganicha uyga jo‘nadi. O‘g‘li, aytganiday, orqasidan yetib bormadi. Rhaq xotini yotgan xonaga kirdi. Xotini pinakka ketgan ekan, cho‘chib ko‘zini ochdi. Erini ko‘rib, ma’yus jilmaydi.
— Tinchlikmi? — dedi xasta ovozda.
Rhaq nima deyishini bilmay ikkilandi.
— Tinchlik... qiladigan ishim yo‘q, zerikyapman, — dedi nihoyat. — O‘zing tuzukmisan?
— Ha, bugun ancha yengil tortib turibman. O‘lingiz hozirgina ketdi.
— Senga bir nima dedimi?
— Hech... Ha, aytmoqchi, videomagnitofoningizga bir nimalarni yozdi shekilli.
Rhaq xonasiga kirib, videomagnitofon tugmasini bosdi. Kaftdek ekranda o‘g‘lining jiddiy qiyofasi ko‘rindi. U shoshilmay dona-dona qilib gapira boshladi:
— Har narsaning cheki-chegarasi bo‘lishi kerak. Hissiz sayyoraning umri qisqa. O‘tmishini rad etgan va unutgan jamiyatning kelajagi ham yo‘q. Biz norozilik sifatida butun to‘damiz bilan o‘zimizni qurbon qilamiz. Tangda bir kunmas-bir kun, albatta his-tuyg‘u, mehr-oqibat ko‘z ochadi, degan umid bilan o‘lamiz. — O‘g‘li bir oz tin oldi. Keyin ovozini balandlatdi: — Nima uchun biz faqat yuksalishni va ishni o‘ylashimiz kerak? Biz avlodlarga nimani meros qilib qoldiramiz? Vahshiyliknimi?

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:42:17

Gap tugashi bilan tasvir yo‘qoldi. Rhaq gangib, xotini yotgan xonaga chiqdi.
— Nima debdi yana? — dedi xotini xavotirlanib.
— O‘zining o‘sha eski dardi...
U gapini tugatmay, deraza oynaklari zirillab, uy titrab ketdi. Xotini vahima bilan qichqirib yubordi.
Rhaq donishmandlar markazidagi asosiy tajribaxona portlaganini, bu mudhish ishni amalga oshirishda o‘g‘li ham ishtirok etib, to‘dasi bilan birga halok bo‘lganini bir necha daqiqadan so‘ng bildi.
O‘ziga suiqasd qilgan yoshlar maqsadlarini bayon qilib ketgan bo‘lsalar ham ularning o‘limi baxtsiz hodisa sifatida qayd etildi. Keraksiz shov-shuvga yo‘l berilmadi.
Rhaq Tangga qaytgach, o‘zini yolg‘iz sezib, sayyorada tuyg‘ularning uyg‘onishini orzu qilib yurgan edi. Endi bilsa, u yolg‘iz emas ekan. Tuyg‘uga chanqoqlar ham bor ekan. U o‘g‘lining halokatidan behad iztirobda edi. Ammo zurriyodining aniq bir maqsad yo‘lida qurbon bo‘lgani uni ovuntirardi.
Oradan yarim oy o‘tmay, xotini bilan ham vidolashdi-yu, tamoman gangib qoldi. Asablari butunlay ishdan chiqayotganini angladi. Yerga qilinajak safardan umidini uzdi. Ana shu kezda yana Fid joniga ora kirdi. Uni markaziy asab hujayralarini sozlovchi biotelekameraga joylashtirdi. Shu muolajadan so‘nggina u tibbiy kuzatuvdan o‘tdi. Fid Rhaqning iltimoslarini bajarishga harakat qildi. Gen kamerasiga o‘rnatilgan miyaning telepatik xususiyatini kuchaytiruvchi moslama quvvatini oshirishga erishdi. Endi Rhaq inson qiyofasiga kirgach, bir necha o‘n qadam naridagi odamning fikrini uqib, unga fikran buyruq bera oladigan bo‘ldi. Yerdan uzatilgan biotok oqimlari asosida to‘plangan ma’lumot bilan tanishish Rhaqni behad quvontirdi. Chunki bu ma’lumot Sabohiddinning keyingi harakatlarini bayon etardi. Kemaning maxsus bo‘lmasidagi bu ma’lumotni Rhaq faqat Yerga yaqinlashgan choqdagina olib o‘qishi mumkin, chunki Yerning ma’naviy qiyofasi haqida ma’lumot tangliklarga ayon bo‘lmasligi shart edi. Uchish onlari yaqinlashgani sayin Rhaqni ajib bir hayajon qamrab borardi. Ilgarilari u bunday holga hech tushmagan edi. Endi u hissiz sayyorasidagi tartiblar borasida fikran bahslashmas, balki ko‘proq Yerni o‘ylardi. Eski tanishlarini qo‘msardi... U Yerga tushadi. Buxoroga boradi. Yosh buxoroliklarni bir-bir izlab topadi. Suhbat quradi. Keyin Nazirani ko‘radi... Nazira unga g‘azallar o‘qiydi. Keyin o‘zi yashirincha bitgan baytlardan... Suyuklisi bilan topishganini quvona-quvona aytadi... Keyin Rhaq vodiylarni kezadi. Bulbullarning sayrashini eshitadi. Buloq suvidan simiradi...

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:42:25

Rhaq uchish kunigacha shu shirin xayollar bilan yashadi.
Kemaga chiqar mahalida birdan nafasi qaytib, yuragi urishdan to‘xtaganday bo‘ldi. Kutilmaganda «Yana borishim shartmidi?» degan fikr miyasiga urilib, badaniga muz yugurdi. Beixtiyor orqasiga o‘girildi: maydonda hech kim yo‘q. Uzoqda kuzatuvchilar joylashgan bino. Fid ham o‘sha yerda. Ular bilan qayta ko‘rishish nasib bo‘larmikin? Yerdan qaytganda hammadan yotsirab qolgan edi. Endigi qaytishida qanday holga tusharkin? Yerliklarni yanada qattiqroq yaxshi ko‘rib qolarmikin yo Lukn kabi nafratlanib qaytarmikin?
Kema sayyora sathidan ko‘tarilgach, Rhaqning yuragi qalqdi. Nazarida qalbining bir parchasi uzilib qolganday bo‘ldi. Tang — hissiz bo‘lsa ham har holda ona yurti edi...
Rhaq kemada o‘z ishi bilan mashg‘ul bo‘ldi. Keraksiz bahsga berilmaslik uchun hamrohlarining suhbatlaridan o‘zini chetga oldi. Muddat yetgach, birinchi bo‘lib uyqu kamerasiga kirdi. Tiniqib uxladi. Gallyutsinatsiya bu safar hukmini o‘tkaza olmadi. Quyosh majmuasiga yaqinlashganlarida uyg‘onishdi. Rhaq shundagina Sabohiddin haqidagi ma’lumotlar bilan tanishishga tutindi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:42:42

ORAGA QILICH TUSHDI

Sabohiddin Tabib afandi — Rhaq bilan qo‘l olishib xayrlashgach, ancha yergacha otini yetaklab, behol yurib bordi. Shahar darvozasi oldidagi baqiriq-chaqiriqlar eshitilmay qolgach, orqasiga qaradi. Horg‘in odamday cho‘kib yotgan devorlarga ma’yus tikilib turdi-da, otiga mindi. U muddarrisning o‘gitiga amal qilib, otash aravaga minmadi, otliq holda Karmana, Samarqand, Xo‘jand, Qo‘qondan o‘tib, Marg‘ilonni qoralab boraverdi.
U Marg‘ilonga yaqinlashganida kun peshindan og‘ib qolgan edi. Guzardagi masjid imomiga berib yuborilmish omonat maktubni topshirgach, shomga qadar Farg‘onaga yetib olishni reja qilgandi. Masjidga kirib hech kimni uchratmagach, guzarning narigi betidagi katta tollar panasida biqinib turgan samovarxonaga borib o‘tirdi. Yelkasiga sochiq tashlagan, yaktagi ustidan bog‘langan qo‘shbelbog‘dan nosqovog‘i do‘mpayib chiqib turgan samovarchi bir likobchada holva, ikkinchisida mayiz keltirib qo‘ydi.
— Mehmon suv qaynagunga qadar andak sabr qiladilarmi?
— Xijolat bo‘lmang, shoshayotgan yerim yo‘q. Faqat masjidda hech kim ko‘rinmayotganidan taajjubdaman.
— E, mehmon, yangi gaplardan xabarlari yo‘qmi hali?
— Tinchlikmi, ishqilib?
— Bu tunda Xoliqberdi to‘ramning volidai mukarramalarini qatl qilishibdi. To‘ram peshinga yetib keldilar. Hozir hamma janozada.
Sabohiddin fotiha o‘qidi. Samovarchi unga qo‘shildi.
— Qatl qilishibdi, dedingizmi? — deb so‘radi Sabohiddin ajablanganini yashirmay.
— Ha, qatl qilishibdi, — dedi samovarchi xotirjam bir ohangda. Keyin: «Shunday olatasir zamonda bir kampirni o‘ldirishsa nima qipti? Ne-ne lochin yigitlarning boshi uchyapti-yu! Bu yigit osmondan tushganmi, nima balo? Buncha hayron bo‘lmasa», deganday g‘alati qarash qildi.
— Himoyasiz bir ojizada kimning qasdi bor ekan?
— Bunisi bizga qorong‘i. Yuzta og‘izdan yuz o‘n gap chiqyapti hozir. Qay biriga ishonishni ham bilmay qoldi kishi. Samovar qaynadi shekilli, men boray-chi...

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:42:52

Sabohiddin jo‘mragi chegalangan choynakdagi choyni bo‘shatay deganda ot dupuri eshitildi. Yo‘lning ikki chekkasidagi qo‘shqator tollarning ishkom bo‘lib chirmashgan shoxlari oftob nurini o‘tkazmagani uchun ko‘cha bir oz qorong‘iroq ko‘rinardi. Otliqlar guzarga yaqinlashdilar. Oldinda ikki suvori. Orqarokda qo‘qonarava. Aravaga to‘rt kishi chandib bog‘langan. Orqada yana o‘nga yaqin otliq askar. Oldinda kelayotgan suvorilarning biri Sabohiddinning ko‘ziga issiq ko‘rindi, tikilib qaradi: akasi! Choynakni qo‘yib, otliqlarga peshvoz chiqdi. Akasini chaqiraymi-chaqirmaymi, deb ikkilanib turganda, Jamoliddin uzun to‘n kiyib, salla o‘ragan ukasini tanib, tizginni tortdi-da, «Sabohiddin, jigarim!» deb otdan sakrab tushdi. Aka-uka bir-birini bag‘riga bosganicha unsiz turib qoldi. Til o‘rniga bir-biriga juda yaqin kelgan ikki yurak gaplashdi:
— Sog‘-omonmisan, ukajonim!
— Xudoga shukr, omon qaytibsiz. Meni deb ne azoblarni yelkangizga oldingiz. Akamning jonini omon saqla, yaxshi kunlarda diydor ko‘rishaylik, deb har ibodatdan so‘ng Ollohga yolbordim. Ming qatla shukr, ohlarim Tangrimga yetib boribdi...
Odatda uzoq ayriliqdan so‘ng topishgan ayollar yig‘ilarini yashira olmaydilar. Erkaklar esa ovoz chiqarmay ko‘rishadilar. Chunki so‘zga og‘iz juftlansa yig‘italab qalblar irodadan ustun kelishi mumkin. Alamlarini ham, dard-hasratlarini ham ichga yuta olish qudratiga ega bo‘lgan erkaklarning zaifligini bunday hollarda mijjalar orasidan sizib chiqqan ko‘z yoshlari oshkor qilib qo‘yadi. Hozir ham shunday bo‘ldi.
— Jaloliddinov, yo‘ldan qolyapmiz!
Sog‘ingan yuraklar bir-biriga to‘ymay qoldi.
— Sasha, qara, ukam kelibdi. Esingdami, senga u haqda gapirgandim, — dedi Jamoliddin hamrohiga qarab.
— Esimda, esimda. Juda a’lo ish bo‘libdi. Ammo hozir to‘xtashga fursat yo‘q. Qaytishda istaganingcha ko‘rishaverasan.
— Xo‘p, hozir. Sabohiddin, sen shu yerda tura tur. Men tezda qaytaman.
— Uzoqqa ketyapsizmi?
— Anavilarni Xoliqberdi to‘raga topshiramizu qaytamiz.
— Ular kimlar?
— To‘raning onasini o‘ldirishibdi. Eshitgandirsan?
— Ha.
— Bo‘pti, ukajon: men kelgunimcha shu yerdan jilma.
— Samovarda bo‘lmasam, masjiddan topasiz.
Otliqlar yo‘lga tushdi. Sabohiddin joyiga qaytdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:43:01

— Tanishingizni uchratdingiz, shekilli, a, mehmon? — deb so‘radi samovorchi unga yaqinlashib.
— Tanishim emas, akam bo‘ladilar. Olti yil ko‘rishmagan edik.
— Olti yil?! Tag‘in ham odam hijronga chidaydi. Akangiz mardikorga ketgan edilarmi?
— Yo‘q, mardikorga olish boshlanmasdan burunroq Sibir qilishgan edi.
— A...a?
— Men esam Buxoroi sharifga tahsil olgani ketgan edim.
— Akangiz o‘sha damlarda ham oqposhshoga qarshi ekanlar-da, a?
Sabohiddin akasining surgun qilinishi sababini aytib o‘tirmay, «ha», deb qo‘ya qoldi.
— Aravadagilarni qaerga olib ketishyapti ekan?
— Xoliqberdi to‘raga.
— Qotillar shular bo‘lmasin tag‘in?
— Ha, o‘shalar ekan.
— Yo alhazar! Ular ham sho‘rolardan-ku? O‘zlarinikini ushlab berishibdimi?
— Sho‘rolar deysizmi?
— Ha-da! Ikkitasini yaxshi taniyman. Biri melisada, bittasi chekadami, qo‘mitadami ishlardi. O‘shanisi bir kuni menga po‘pisa qilgan. Voy, onangni ko‘rgurlar-e, g‘irt g‘alamis ekan-da, a, bari? Ammo ushlab to‘ramga topshirishlari durust bo‘libdi.
— Nimaga?
— Qotillarni topshirishmasa, qirg‘in bo‘lishi turgan gap edi. Xudoga shukr, begunohlarning qoni to‘kilmaydi endi.
Asr namozi yaqinlashgach, masjid atrofida odamlar ko‘rindi.
Sabohiddin imomni topib, Buxoroi sharifdan duo olib kelganini aytdi. Imom maktubni olib o‘pdi, ko‘ziga surtdi-da, tokchaga olib qo‘ydi. Namozdan so‘ng gaplashamiz, deb gapni kalta qildi.
Sabohiddin tahorat olib namozga kirdi. Imom unga yonidan joy ko‘rsatdi. Namoz tugagach, imom yig‘ilganlarga qarab so‘z boshladi.

Qayd etilgan