Tohir Malik. Devona (qissa)  ( 97199 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 25 B


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:43:15

— Muhtaram jamoa, bugun Marg‘ilonimizga Buxoroi sharifdagi oliy madrasada tahsil ko‘rib qaytayotgan mulla Sabohiddin Jaloliddin o‘g‘illari tashrif buyurganlar. Iqbolimiz kulganini qarang-ki, u kishi bizning masjidimizga qadam ranjida qilishni lozim ko‘ribdilar. Oliy zotlarning suhbatlaridan, ilmidan bahramand bo‘lgan mo‘’tabar mehmonimiz va’iza aytish istagini bildiryaptilar. Biz ham muhtaram janobning amri ma’ruflariga muntazirmiz.
Sabohiddin imomga hayron bo‘lib qarab qoldi. Imom esa uning taajjubini sezmaganga olib, yarim qulluq, yarim jilmayish bilan o‘rnini bo‘shatdi. Sabohiddin mudarrisning o‘gitlarini eslab, Hud surasini tafsir qila boshladi. Va’z tugagach, poygak tomonda turgan yosh bir yigit uni savolga tutdi:
— Biz omilarni aybsitmaysiz, taqsir, ammo Olloh-taoloning to‘fon yuborishiga oid bir rivoyatda to‘fon qaytganidan keyin Tangri «Endi bandalarimni bunday azobga qo‘ymayman», deb osmonu falakka kamalak ilgan ekan?
— Ayni rost.
— Agarchi, Olloh-taolo shunday qaror bergan ekan, shu topga kelib, ahdini buzib, qiyomatni yuborishi mumkinmi?
— Tangrim iymonini yo‘qotmagan bandalariga rahm-shafqat qilib, shu qarorga kelgan edi. Toki iymonsizlar safi oshib borar ekan, Tangrimizdagi rahm-shafqat jomi g‘azab zahriga aylanur va qiyomat qoyim boshlanur. Ammo Xudovandi karim hidoyatdagi bandalarini hech vaqt azobga qo‘ymaydi. Olloh taborak va taolo Sod surasida marhamat qilib aytadiki, asta’izubillah: «am naja’lullaziyna amanuu va a’milus-salixati kalmufsidiyna fil arzi am naj’alulmuttaqiyna kalfujjar», sadoqollohulaziym. Ya’nikim, Haq-taolo deydikim: «Biz iymon keltirgan va yaxshi amallarni qilgan zotlarni Yerda buzg‘unchilik qilib yuruvchi kimsalardek qilamizmi? Yoki taqvodor zotlarni fisqu-fujur qilib yurgan kimsalar kabi qilar ekanmizmi?» Alqissa shuki, iymon keltirganlar bilan iymonsizlar Olloh huzurida teng emaslar. Qiyomatdagi ajrlari ham bo‘lakcha-bo‘lakchadir.
— Taqsir imonsizlar, buzg‘unchilar deganda sho‘rolarni nazarda tutyaptilarmi?
Suhbatga imom aralashdi.
— Mulla Sabohiddin, izn bersalar, bu savolga men javob qilsam.
— Marhamat qilsinlar.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:43:22

— Muhtaram jamoa, mulla Sabohiddin asli vodiydan bo‘lsalar ham, keyingi uch yil badalida biz tomonlarga endi kelishlari. U kishi hali sho‘rolarning qanday kishilar ekanini bilmaydilar. Shu bois so‘rog‘ingizga men o‘zim bilganimcha javob beraman: sho‘rolarning bari ham imonsiz emas. Imonlilari ham bor. Ammo ular yo‘ldan adashganlar. Ahli muslimdan kimda-kim yo‘ldan adashgan bir musulmon bandasini islomga qaytarsa, uning yetti gunohidan o‘tilib, oxiratda qiynoq azoblaridan xoli etilur. Agar uch gunohkor bandani yo‘ldan qaytarsa, unga jannatning eng ko‘rkam yeridan joy ato qilinur. Bu rasulillohning sharafli hadislaridur va barchangiz uni dilingizga jo qilmog‘ingiz darkor. Nainki dilga jo etish, balki ko‘rgan, bilgan barcha birodarlaringizni bundan ogoh qilish burchingizdir. Robbimiz Olloh Qur’oni azimushshanda marhamat qiladiki, atsa’izubillah: «Va man ya’mal minas-solixati min zakarin av unsa va huva mu’minun faulaika yadxulunal jannata va la yuzlamuna naqiyran», sadoqollohulaziym. Ya’nikim, kimki u xoh erkak bo‘lsin, xoh ayol — mo‘’minlik holida savobli ishlar qilsa, aynan ular jannatga kirurlar va ularga xurmoning dumicha ham zulm qilinmagay.
— Taqsir, men bir narsaga tushunmay garangman,— oldingi qatorda o‘tirgan samovorchi shunday deb imomga murojaat qildi. — Mulla Sabohiddinning akalari sho‘rolardan ekan. Mulla akalarini yo‘ldan adashgan hisoblaydilarmi yoinkim iymonsiz deb biladilarmi?
— Siz bu gapni qaydan oldingiz?
— Uzoq ayriliqdan so‘ng hali-zamon topishdilar. Omonlashganlariga ko‘zim tushib edi. Akalari qotillarni Xoliqberdi to‘ramga topshirgani olib ketayotgan ekanlar.
Bu gapni eshitib, imom Sabohiddinga o‘g‘rincha qarab oldi, ammo sir boy bermay javob qildi:
— Mulla Sabohiddin, yanglishmasam, akalarining bu yo‘lga kirganlaridan bexabarlar. Akalari bilan hamsuhbat bo‘lib, u kishining dilidagilarini bilmay turib, sizga tayin javob qilishlari mushkul, shundaymi, mulla? — Sabohiddin bu savolga yarim ta’zim bilan javob qildi. Imom mamnun bosh irg‘ab so‘zini davom ettirdi: — Ollohdan umid qilamizkim, mulla Sabohiddinning akalari hali imonlarini yo‘qotmaganlar.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:43:31

Boshqa so‘rovchilar qolmagach, odamlar tarqala boshlashdi. Imom Sabohiddinni gilam to‘shalgan hujraga boshladi.
— Men siz haqingizda avvalroq ko‘p ibratli gaplar eshitib edim, — dedi u Sabohiddinni to‘rga o‘tishga taklif qilar ekan. — Chanoqqal’adagi jihodda Olloh yo‘lida jang kilganingizdan ham xabardormiz.
— Lutfingizdan bag‘oyat minnatdorman. Ammo andek sarosimaga solib qo‘ydingiz. Ilgaritdan ogoh etganingizda...
— Va’zdan ogoh etishni atayin ravo ko‘rmadim. Siz endi mullavachcha emassiz. Jamoat hamisha sizning so‘zingizga mahtal turadi. — Imom shunday deb tokchadagi maktubni olib o‘qidi. So‘ng Buxorodagi yangiliklar bilan qiziqdi. Amir lashkarlaridan so‘z ochdi. Gap orasida Jamoliddin ismli askarboshini durust bilishini ham qistirib o‘tdi. Keyin: «Yotadurgan yeringiz bormi?» deb so‘radi.
— Akamning diydoriga to‘ysam, degan niyatdaman,— dedi Sabohiddin shikasta bir ohangda.
— Bag‘oyat to‘g‘ri fikr qilibsiz. Agar akangiz shayton vasvasasiga tushgan bo‘lsa, u kishini haq yo‘lga solishga qudratingiz yetadi, degan umiddaman.
— Insha Olloh.
— Siz uyingizga oshiqmay, avval Xoliqberdi to‘ramning huzurlariga borasizmikin?
— Sabab? — Sabohiddin imomga yarq etib qaradi. Qalin qoshlar soya tashlab turgan ko‘zlarda makr ko‘rdi. Go‘llik bilan to‘rga ilingan saydini mamnun bir kayfiyatda kuzatayotgan sayyodning kulgisini imomning yupqa lablarida ko‘rdi.
— Buxorodagi oliy zotlarning istagi shunday. To‘ramning huzurlarida qanday yumushga chorlanishingizni o‘sha yerda ma’lum qiladilar, — dedi imom unga sinov nazari bilan qarab. — Maktubda zikr etilishicha, oliy zotlar Ma’mur boyvachchaning asl qotilini bilar ekanlar.
Bu gapni eshitib Sabohiddin imomga burgut qarash qildi.
— Bilsalar, nima qilibdi? — dedi zardasini yashirmay.
— Ular yopig‘liq qozon yopiqligicha qolsin, mullaning sha’niga dog‘ tushmasin, deyaptilar.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:43:38

Bu gapni eshitib, Sabohiddin avvaliga tildan qolganday bo‘ldi. G‘azabga bandi bo‘lib qolmaslik uchun kalima qaytarganicha dasturxonni g‘ijimladi. Imom uning barcha harakatlarini xotirjam kuzatardi. Shuning uchun ham u o‘zini bosishga harakat qildi:
— Taqsir, Buxorodagi oliy zotlarga maktub bitar bo‘lsangiz, ikki og‘iz so‘zim bor, qistirib o‘ting. — U ovozi titrayotganini sezib, ozgina sukut saqladi. — Aytingki... ular men uchun bo‘lak qayg‘urishmasin. Yana aytingki, men gunohim uchun faqat Tangri oldida hisob beraman. Ollohdan bo‘lak hech bir kimsa gunohimni pesh qilib meni qo‘rqita olmaydi. Mulla Sabohiddin gunohidan cho‘chib, Xoliqberdi to‘raning xizmatiga majbur bo‘ladi, desalar qattiq yanglishadilar. Men jonimni haq yo‘liga tikkanman, buni unutmasinlar.
— Mulla, esingizni yig‘ing.
— So‘zimni bo‘lmay eshiting: men — Muhammadur Rasullilloh ummatidanman. Jonim bitta ekan-ku, mingta bo‘lsa ham islom yo‘liga qurbon qilishdan qaytmayman. Islom lashkarlariga xizmat qilishday sharafga yetkurgani uchun Ollohga ming qatla shukr. Shu so‘zlarimni yozing. Sabohiddinni go‘dak fahmlamasinlar.
Shu bilan suhbatga yakun yasaldi. Sabohiddin yana samovarga chiqdi. Marg‘ilon bag‘rida shabada yugurgilagach, yo‘l-yo‘l ishtonining pochasini himarib olgan bo‘z yaktakli o‘spirin atrofga suv sepdi. Kun bo‘yi quyosh zaptiga bandi bo‘lgan yerning tafti ko‘tarildi. Samovar asta-sekin gavjumlashdi. Odamlar bugungi dafn marosimi haqida, yurtning besaranjomligi to‘g‘risida suhbatlashishar, gapga aralashmay jimgina o‘tirgan Sabohiddinga xavotir ko‘zi bilan qarab qo‘yishardi. Sabohiddin choynakni yarimlatmay, samovarchi yangilab keldi.
— Zerikmayapsizmi, taqsir, bir juft qo‘shiqqa tobingiz qalay, Rustam qori kelganlar, — samovarchi Sabohiddindan javob kutmay, o‘ng tomondagi so‘rida o‘tirganlarga qarab baland ovozda: «Qani, qori pochcha, bir eshitaylik», dedi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:44:07

Atrofdan: «Ha, bir eshitaylik», «Yurakni qon qiladig‘onidan bo‘lsin», «Eshitganlar murodlariga yetsinlar», degan ovozlar keldi. To‘rda o‘tirgan ko‘zlari yumuq, cho‘tir yuzli, to‘ladan kelgan kishi yonini paypaslab tanburni oldi. Uni baxmal g‘ilofdan chiqarib, sozladi. So‘ng hazin kuy yangradi. Go‘yo tanbur simlari emas, o‘tirganlar qalbida g‘ubor bosgan torlar chertildi. Barcha, jumladan, Sabohiddin ham ajib bir sirli holat pardasiga burkaldi. Bugungi marosim ham, alg‘ov-dalg‘ovlar ham unutildi. Go‘yo hech yerda urush-janjal yo‘q, go‘yo hech yerda qon to‘kilmayapti, go‘yo hech kim alam bilan boshini toshga urmayapti. Go‘yo dunyoda hech gap yo‘q. Faqat olamda shu so‘lim samovarxona mavjud. Go‘yo yer yuziga tanburdan taralayotgan shu kuygina hukmron. Yo‘q, faqat kuy emas, shirali ovozda aytilgan qo‘shiq ham bor. Ana, kuy pastlab, qori qo‘shiq ayta boshladi:

Sening ishqingda, ey nomehribon, bexonumon bo‘ldum,
Demon bexonumon, ovorai ikki jahon bo‘ldum.
Labing gar bermasa bo‘sa, nechun jon elta olg‘ayman,
Bu yo‘ldakim adam sahrosig‘a emdi ravon bo‘ldum.


Qo‘shiq tugadi. Oraga jimlik cho‘kdi. Tinglovchilar ashula sehridan qutulib, ijrochiga olqish aytishga ulgurmay ikkinchi qo‘shiq boshlandi:

Qani Shirin bilan Layliki, sendin noz o‘rgansa.
Qani Farhodu Majnunkim, alarg‘a ishq o‘rgatsam...


Tanburning zir titrayotgan torlari, hofizning nolali ovozi hammani bandi qilib qo‘ygan, ayniqsa vodiyning qo‘shiqlarini, vodiyning gurunglarini sog‘ingan Sabohiddinni sehrlab olgan edi. Garchi Buxoro bilan Farg‘ona osmoni bir bo‘lsa-da, Sabohiddin kindik qoni to‘kilgan yerni ko‘p qo‘msardi. Xatm kutubni orziqib kutardi. Ota-onasi bag‘riga intilardi. Uyiga mulla yigit bo‘lib kirib kelishni, xonadonidagi shodiyonani kunda turlicha tasavvur etardi. Dunyoning nomardligini qarangki, uning qaytishi notinch kunlarga to‘g‘ri kelibdi. U Chanoqqal’ada ekanida: «Tanamni qirqqa bo‘lib, osmonga sochib yuborsalar ham mayli, daydi shamollar birgina bo‘lagimni uchirib, qishlog‘imga tashlab o‘tsa, mingdan-ming roziman», deb xayol qilardi. Shukrki, ota-onasi bag‘riga to‘rt muchasi sog‘ qaytyapti. Yana oddiy mulla emas, islom lashkarlarining murodbaxsh rahnamolari qanotiga kiruvchi e’tiborli odam sifatida qaytyapti. Musulmon bolasi uchun bundan bo‘lak ulug‘roq ajru saodat bormi?

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:44:14

Sabohiddin qo‘shiq sehrida shularni o‘ylardi. O‘yi nihoyasiga yetmay qo‘shiq uzildi. Otlarning dupuri eshitildi. Yurak ezgulikka qonmadi.
— To‘ram! — dedi samovarchi. — Toqqa chiqib ketyaptilar shekilli?
— Xoliqberdi to‘ra qaysi birlari? — deb so‘radi Sabohiddin.
— O‘zlari ko‘rinmaydilar.
Go‘yo yerdan qaynab chiqayotganday otliqlarning keti ko‘rinmas edi. Samovarxonadagilar fotiha o‘qib, asta-sekin tarqala boshlashdi. Qori ham tanburni g‘ilofga soldi.
— Odamlarning tinchi buzildi?
— To‘ram shahardan ketsalar, osoyishtalik yo‘qoladi, taqsir. To‘ram ketdilarmi, talonchilik boshlandi, deyavering.
— Sho‘rolar talashadimi?
Samovarchi savolni eshitmaganday gapni burdi:
— Taqsir, agar yotadigan yeringiz bo‘lmasa, shu so‘riga joy qilib beray.
Sabohiddin unga mehribonchiligi uchun rahmat aytdi. Samovarchi eskiroq ko‘rpacha, qattiq yostiq keltirdi. Sabohiddin yonboshlab yotib, akasini esladi. O‘sha mash’um kechada akasi bilan bo‘lgan so‘nggi uchrashuvi ko‘z oldiga keldi...

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:44:25

U Ma’mur boyvachchaga pichoq urib to‘g‘ri uyiga yugurdi. Bo‘zaxo‘rlikdan sarmast qaytgan Jamoliddin eshik og‘zida turgan edi. Hansiragan ukasining qo‘lidagi pichoqni ko‘rib hayratda qoldi. Uni tez ichkariga oldi.
— Nima gap?
— Boyvachchani o‘ldirdim.
— Nimaga?
— Oilamiz nomusini pokladim!
— Tentak! — Jamoliddin shunday deb ukasining yuziga shapaloq tortib yubordi. Sabohiddinning qo‘lidagi pichoq uchib, yerga tushdi. Aka-ukaning ovozini eshitib, uydan dadasi chiqdi. Voqeani bilgach, karaxtlanib turib qoldi. Bu orada ko‘cha tomonda sharpa sezildi. Eshik taqilladi. Jaloliddin yurak yutib eshikni ochdi. Ro‘parada Sultonmurodni ko‘rib, sarosimasi bir oz bosildi. Sultonmurod ostona hatlamay turib, bosh suqqanicha ichkariga mo‘raladi. Hovli o‘rtasida qotib turgan aka-ukalarni ko‘rib, manzirat kutmayoq, ichkariga kirdi. Sabohiddinning yaktagidan siltab, o‘shqira ketdi:
— Bu nima qilganing, gumroh! Qaysi iblisning vasvasasiga kirding, badkirdor!
— Hay, hay, jon taqsirim, devorning ham qulog‘i bor-a... — Jaloliddin uning odatini yaxshi bilgani uchun yalinishga tushdi. Sultonmurod yagona guvoh. Ota uning og‘zini yopish uchun hamma narsaga rozi edi. Sultonmurod, anchagacha poklik va haromlik haqida va’z o‘qidi, ora-sira Sabohiddinni la’natlab ham qo‘ydi. Nihoyat, «gunohga sherik bo‘lishga» ko‘ndi.
— Men sizni deb gunohga botyapman, Jaloliddin. Sizday olihimmat odam uchun do‘zax otashida kuyishga ham tayyorman, — dedi u oxiri, — ammo Xudo yo‘liga bir nima atamasangiz bo‘lmaydi.
— Tilaganingizni beraman, — dedi Jaloliddin ishning yengil ko‘chganidan quvonib.
— Ataganingiz-da...
— Yo‘q, o‘zingiz ayting. Jonimni so‘rasangiz ham beraman.
— Joningiz o‘zingizga, ana, bolalaringizga buyursin. Xudo yo‘liga qorabayiringizni atasangiz, bas.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:44:47

Jamoliddin bu gapni eshitib titrab ketdi:
— Bekor aytibsiz! — dedi u, taqsirni yeb qo‘ygudek bo‘lib.
— Sen tek tur, — dedi Jaloliddin uni nari itarib. Keyin Sultonmurodga yuzlandi: — Jon taqsirim, siz otni nima qilasiz. Axir uloq chopmaysiz-ku?
— Ot menga emas, Xudo yo‘liga. Olloh ko‘nglimga shuni soldi. Nima qilay?
Keyingi ikki yil ichida butun O‘sh, Andijonu Marg‘ilon atrofida Jamoliddinning qorabayiri oldiga tushadigan ot topilmayotgan edi. Qaysi bir uloqda qorabayir ko‘rindimi, tamom, manaman degan chavandozlar ham sovrindan umidlarini uzadigan bo‘lib qolgandilar. Qorabayirning bahosi kun sayin oshib borar, qirg‘izlar u yoqda turib, Toshkentning etagidagi qozoqlar ham xaridor bo‘lib kelaverib Jamoliddinni bezor qilib yuborishgandi. Sultonmurod buni yaxshi bilardi. Shuning uchun ham «xudo uning ko‘ngliga aynan shu qorabayirni solgan» edi. O‘tkir nafasi yoki zehni bilan emas, xasisligi va pastkashligi bilan nom chiqargan Sultonmurodning bu talabi Jamoliddinni butunlay hushidan ayirdi.
— He, o‘sha ko‘nglingga uray seni... — deb hezlanib kela boshladi. Otasining hay-haylashiga ham qaramadi. Hali esini yig‘ishtirib ololmagan Sabohiddin nima qilarini bilmay joyida tek turaverdi.
Qishloq imomi esa, Jamoliddinning vajohatidan qo‘rqib, orqasiga tisarildi. Boshini kesakiga urib olib, sallasini tushirib yubordi. Jaloliddin eshikka ko‘ndalang turib, o‘g‘lining yo‘lini to‘sdi.
— Jon bolam, qo‘y, bu shahdingdan qayt. Ukangni o‘yla, jon bolam, juvonmarg bo‘lmasin.
Jamoliddin shundagina xushiga keldi. Nima qilib qo‘ydi? Achchiq ustida otiga jon kuydirib, ukasini o‘ylamapti-ku?! Bu rasvo bir baloni boshlamasa edi.
— Chaqiring, olib ketsin, — dedi Jamoliddin bo‘g‘ilib. U hovli o‘rtasida mung‘ayib turgan ukasiga botinib qaray olmadi.
Jaloliddin Sultonmurodning izidan tushdi. Ammo u qorong‘i muyulishda ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan edi. Jaloliddin uning izini yo‘qotib, garang bo‘lib turganda Ma’mur boyvachchaning ko‘chasi tomonda imomning jaranglagan ovozi eshitildi:
— Ayyuhannos, musulmonlar! Ayyuhannos! Bu qanday bedodlik! Jaloliddinning kenjasi Ma’mur boyvachchani o‘ldirib qo‘ydi!
Bo‘lar ish bo‘lgan edi. Jamoliddin: «O‘g‘limni qochirib yuboraman», degan xayolda uyiga oshiqdi. Sultonmurodning ovozini eshitgan aka-ukalar garangsib hamon hovlida turishardi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:44:54

— Qoch, o‘g‘lim, toqqa chiqib ket. G‘or tomonga bor. Erta-indin o‘zim topaman seni, — dedi Jaloliddin halloslab kirib. — Qorabayirga min, yetisholmaydi.
— Ha, bo‘laqol, — dedi Jamoliddin otasining gapini ma’qullab. Keyin otxona tomon yurdi-yu, dam o‘tmay to‘xtadi. «Yo‘q, qochish foydasiz», dedi o‘zicha fikrlab. So‘ng ukasiga yaqinlashdi. — Yaktagingni yech.
— Nimaga?
— Yech deyapman! — Jamoliddin uning yengidan siltab tortdi. Sabohiddin dovdiraganicha qon sachragan yaktagini yechib akasiga berdi. Jamoliddin uni kiyib, yerda yotgan pichoqni oldi-da, «uningni o‘chir», deb ko‘chaga chiqdi. Yugurib kelayotgan olomon uni ko‘rib, to‘xtadi.
— Ma’mur boyvachchaga kim qasd qildi? — dedi oldinda mash’ala ushlagan yigit.
— Men. Uning qoni bilan nomusimni pokladim.
— Yolg‘on gapirma. Ukangni chaqir!
Odamlar asta bostirib kela boshlashdi.
— Yaqinlashma! Kelganingni chavaqlayman! — deb hayqirdi Jamoliddin. Olomon to‘xtadi.
— Taqsir qanilar? — dedi haligi yigit. Olomon orasidan Sultonmurod chiqib keldi. — Qarang, qotil shumi?
U Jamoliddinga uzoq tikilib qoldi. «Ukasini saqlab qolmoqchimi? Ayni muddao. Ham undan qutulaman, ham ukasini jilovlab olaman. Qariganimda asqotadi», deb o‘yladi. So‘ng past ovozda: «Ha, shu. Qorong‘ida ko‘zim aldabdi. Ana, yaktagi ham qon. Ukasi emas, shu o‘ldirgan», dedi.
— Qonga qon! — dedi yigit.
— Zinhor! — dedi Sultonmurod qo‘lini baland ko‘tarib. — Zinhor ozor yetkaza ko‘rmang. Gunohi bo‘lsa, Ollohning o‘zi jazolaydi. Bandaga ozor berib siz ham gunohga botmang. Shariat peshvolari uning aybiga yarasha jazo bergaylar. Zinhor qo‘l tekkiza ko‘rmanglar.
Jamoliddinni mahkamaga boshlab ketdilar. Sabohiddinning dardi ichida qoldi...
Shundan beri necha marta o‘rik gulladi, necha marta sel keldi, dunyo ostin-ustun bo‘lib ketdi. Ammo olomon oldiga tushib borayotgan akasi sira ko‘z o‘ngidan ketmaydi. Sabohiddin qilmishining to‘g‘ri yo noto‘g‘riligi, akasining ne sababdan azoblarga ro‘para bo‘lgani to‘g‘risida ko‘p o‘yladi. Biroq, kalavaning uchini topa olmadi...

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:45:02

Uzoq yo‘l azobi ta’sir qilib, Sabohiddinning ko‘zi ilingan ekan, otlarning dupuridan cho‘chib uyg‘ondi.
— Tozza kutdingmi? — dedi Jamoliddin otdan tushar ekan. — Xafa bo‘lma, To‘ra bir oz suhbatga tutib qoldi.
— Xoliqberdi to‘rami? — Sabohiddin «yanglish eshitdim shekilli?» deb akasiga ajablanib qaradi.
— Ha. U bilan eski oshnachiligim bor, — dedi Jamoliddin ukasidagi hayratni sezmay.
— Xoliqberdi to‘ra bilan-a?!
Jamoliddin kuldi. Ilgarilari kulganda ko‘zlari qisilib, yumilib ketay derdi. Hozir ham shunday bo‘lgan-bo‘lmaganini Sabohiddin qorong‘ida bilolmadi.
— Ha, Xoliqberdi to‘ra bilan. Sibirda bir ushoqni bo‘lib yeganmiz.
— Sibirda? Xoliqberdi to‘ra Sibir qilingan ekanlarmi?
— Xoliqberdi asli to‘ralardan bo‘lsa ham jangari ekan. Shunaqangi jangariki, uch paxsali devorga minib, «chuh» desa, devor ham yurib ketarkan. — Jamoliddin shunday deb yana kuldi. — Hayit kuni jig‘iga tekkan pristavni bir urib, joylab qo‘ya qolibdi. Qani, yur, boraylik endi.
— Qaerga?
— Kazarmaga boramiz.
— Qaerga?
— Askarlar yotadigan joyga.
— Kofiru musulmon aralash yotaverasizlarmi?
— Qo‘rqma, sen kofirlarga aralashmaysan. Yuraver, mening uyim bo‘lak.
Kazarma Marg‘ilonning kunchiqar tomonida, qaysi bir boyning yozlik qo‘rasida edi. Manzilga yetgunlaricha aka-uka bir-birlariga deyarli so‘z qotmadilar. Sabohiddin faqat ota-onasining salomatligini so‘radi. Jamoliddin uyga ikki oy oldin borgan ekan, tayin javob aytmadi. Kazarmaga kelishgach, Jamoliddin darhol dasturxon yozib, choy-non olib keldi. Aka-uka bir-biriga tikilib gapni nimadan boshlashni bilmay qolishdi. Afatidan, oradagi olti yillik ayriliq bejiz ketmagan edi. Suhbatlari dastlab qisqa savol-javobdan nari o‘tmadi.

Qayd etilgan