Tohir Malik. Devona (qissa)  ( 97094 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 25 B


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:47:00

Yigit notanish kimsa yuzidagi iztirobni sezib, uni ichkariga taklif qildi. Rhaq hovliga qadam qo‘y-di-yu, ammo uyga kirmadi. Torgina hovli o‘rtasidan o‘tgan ariq hali ham to‘lib oqadi. Ammo bir tup o‘rik qirqib tashlangan. Yerdan ikki qarich ko‘tarilib turgan to‘nkaning ust qismi chiriy boshlagan. Rhaq shu hovlida, shu ariq labida Nazira bilan uchrashuvini ko‘p marta tasavvur qilgan edi. Hozir hovli o‘rtasida tik turgan holda, yigitni hayratda qoldirib, nigohini sarsari kezdirar, Nazirani izlardi. Nazarida, kipriklari quyuq qiz hozir qo‘lida kitob ushlagan holda uydan chiqib keladiganday edi...
Rhaq bir necha kun Buxoroda bo‘lib, o‘zgarishlarning barchasini fahmlab oldi.
Endi u «Tabib afandi»ning «kuni tugaganini» bilardi. Shuning uchun kiyimlarini o‘zgartirib oldi. Odamlarga yaqin bo‘lish uchun yana tabobatni tanladi. Rhaq palapartish uzatilayotgan biotok oqimiga qarab Sabohiddinning O‘sh qasabasi yaqinida yashayotganini Yerga tushmayoq aniqlab qo‘ygani uchun ham ko‘p adashmadi.
U Farg‘ona vodiysini qoralab borar, ariqlar labida chayqalib turgan terak-tollarni ko‘rganida ham, sharqirab oqayotgan soy bo‘yida dam olganida ham, buloq suvidan simirganida ham, keng dalani ko‘rib ko‘zi quvonganida ham Tangni eslardi. «Har holda Tang ham qachondir shunday bo‘lgan», deb qo‘yardi. Uchragan qizlarni Naziraga o‘xshatib, yuragi o‘rtanaverardi. Avvaliga Toshkentga borib, Nazirani izlab topmoqchi ham bo‘ldi. Ammo qizning yaralarini yangilab qo‘ymay deb cho‘chidi.
Rhaq O‘shda uzoq qolmay Kesganbelga boraverishdagi kattaroq qishloqqa kelib to‘xtadi. Hovuz atrofida bosh egib turgan majnuntol soyasidagi so‘riga o‘tirdi. Shaharcha kiyingan, o‘zbekka uncha o‘xshamaydigan bu odamni samovarchi darrov sezib, toza ko‘rpacha ko‘targanicha shoshilib keldi. Keyin ozoda dasturxonda qand-qurs ham paydo bo‘ldi.
Bir payt ko‘chaning narigi betidagi pastqam binoning eshigi shasht bilan ochilib, etdor bir kishi ko‘rindi. Agar u: «Qo‘lingdan kelsa yurit-da, bu ishni!» deb baqirmaganida Rhaq unga e’tibor ham bermagan bo‘lardi. U eshikni qarsillatib yopib, etigining qo‘njiga qamchi bilan urib qo‘ydi-da, choyxona tomon yurdi. Rhaq uning ko‘zlaridan, yurishidan jizzakiroq odam ekanini sezdi. Etdor kishi choyxonaga yaqinlashdi-da, bepisandlik bilan ovozini balandlatib: «Qani, tog‘a, yaxnadan oling», dedi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:47:07

— Ha, rais buva, bo‘g‘ilib chiqdingiz? — deb so‘radi samovarchi unga katta sopol piyolada yaxna choy uzata turib.
— E, bo‘g‘ilmay bo‘lami! Bu zang‘arning kitobida Kesganbel yo‘qqa o‘xshaydi. Bitta do‘xtir bergisi kelmaydi. Toshkandan odam kelarmish, men kutarmishman. Gapini qarang. Men rais bo‘laman-u, uning nozu firoqiga qarab o‘tiramanmi. Toshkanidan o‘nta do‘xtirni boshlab kelib Kesganbelga o‘tqazib qo‘yish qo‘limdan kelmas ekanmi? Kimligimni bilmaydi-da, bu enag‘arlar.
Samovarchi bu gapni eshitib, Rhaqni imlab ko‘rsatdi. Rais Rhaqga picha tikilib qaradi-da, piyolani qo‘yib, unga yaqinlashdi.
— Mehmon, siz do‘xtir emasmisiz? — dedi bu safar bir oz yumshab.
— Ha.
— Kesganbelga ketyapsizmi?
— Topdingiz.
— Topmay-chi! Men bir qarashda bilaman odamni. Toshkandan kelyapsizda, a?
— Yo‘q.
— Yo‘g‘ingiz nimasi?
— Men urushdan qaytyapman. Kareliyada o‘pkamni sovuqqa oldiribman. Endi tog‘li joyning havosi pokiza, qimizi ko‘p bo‘ladi, deb kelyapman.
— Do‘xtirmisiz, axir?
— Ha, ishonmasangiz sinab ko‘ring. Ko‘rsatay desam hujjatlarim yo‘q. Yo‘lda o‘g‘irlatib qo‘ydim.
— O‘g‘irlatib qo‘ydim, deng?.. — u Rhaqqa sinovchan tikildi. — Urilganlardanmasmisiz?
— Sinab, tekshirib ko‘ring, deyapman-ku. Qani, qo‘lingizni bering. — Rhaq uni bilagidan ushlab, ko‘ziga tikildi. — Tomir urushingizga qaraganda qabziyatdan ozor chekasiz. Boshingiz og‘rib turadi. Hozir ham og‘riq qo‘zg‘alyapti.
— To‘g‘ri! — raisning ko‘zlari charaqlab ketdi. — To‘ppa-to‘g‘ri! E, yuring, menga hujjat-pujjat kerakmas. Hujjat degani anovi zang‘arlarga kerak. Men ulardan ruxsat so‘rab o‘tirmayman. Ammo... hech kim bilmasin, a?
Rhaq jilmayib, ma’qul ishorasini qildi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:47:15

— Hujjatingiz bo‘lmasa, ismingiz bordir?
— Ha, bor. Ismim Mirzaqayum. Mirzaqayum To‘xtamirzaev.
— Bo‘pti, qishloqchasiga Mirzavoy, deyaveramiz. Ma’qulmi, ketdik.
Rhaq — Mirzavoyning beulov ekanini bilgan rais tolga bog‘loqliq otlardan birini yechdi.
— O‘zimizning yigitlarniki, minavering. Ular arava-parava qilib boraverishadi, — dedi.
Rhaq ishning oson ko‘chganidan yengil tortib, otning jilovini oldi.
Uzangiga oyoq tirab, egarga qornini berganicha, bir amallab mindi. Avvalgi safar Yerga kelganida uch-to‘rt bor ot mingan bo‘lsa-da, hali chavandozlikning bismillosini ham o‘rganmagan edi. Uning beo‘xshov harakatini kuzatib turgan samovarchi bilan rais o‘zaro ko‘z urishtirib, jilmayib qo‘yishdi.
— Aslida eshakka minishingiz kerak ekan, — dedi rais yo‘lga tushishgach.
— Nimaga?
— Chayqalib ketayotganingizni ko‘rgan kishi bu odam tozza mast, deb o‘ylaydi. Bu ahvolda yiqilib tushishingiz hech gapmas. Eshakka minganingizda, yiqilguday bo‘lsangiz, oyog‘ingiz uzun ekan, yerga tirab turib olardingiz. Eshak oyog‘ingiz ostidan bemalol o‘tib ketaverardi.
Raisning bo‘yga ishora qilib aytgan hazil gapi ma’qul kelib, Rhaq kuldi. Rais sergap emas ekan. Bu Rhaqqa qo‘l kelib, unga ko‘z tikkanicha yashirin fikrlarini o‘qiy boshladi: bu odam bir oz tajang, bir oz o‘jar, qo‘polgina. Achchig‘i kelganda otasini ham ayamaydigan toifadan. Maqtanishni xush ko‘radi. Farosat bobida bir oz g‘arib. Kolxozi ancha badavlat. U kolxozni yana ham boy qilishni istaydi. Shu niyatda kolxozning cho‘pini birovga oldirmaydi. Oqibatda ko‘pning ko‘ziga yomon ko‘rinadi. Ammo o‘zi ham nafsini tiygani uchun unga otilgan tosh borib tegmaydi. Kolxozga manfaati bor, deb ishontirilsa, Quyoshni Yerga olib tushishga, agar zararli ekaniga iqror etilsa, uning yuziga qora bulut torttirishga tayyor odam. Har holda, fikri beqaror bunday rahbardan qo‘rqqulik. «Kompyuterga o‘xshab ketarkan, — deb o‘yladi Rhaq undan nigohini uzmay. — Kompyuter xotirasiga singdirilgan har bir ishni so‘zsiz bajaradi. Bu rais ham shunday. Kolxozni boyitaman, deb odamlarni xonavayron qilishi hech gapmas. Unga to‘g‘ri gapni tushuntirish qiyin. Afsuski, odamlar bir-birlarining fikrlarni o‘qiy olmaydilar. Yo‘qsa, bu odamni raislikka saylashmas edi. Kolxozni sermulohaza, ko‘proq ertani o‘ylaydigan, og‘ir-bosiq odamga topshirishgan bo‘lishardi. Yo‘l qo‘yilayotgan qanchadan-qancha xato yuz bermasdi. Ajab, ongli mavjudot uchun arzimas bir ish — biotok oqimiga asoslangan holda ma’lum masofada turib bir-birining fikrini o‘qiy olmaslik qanchalar dahshatli oqibatlarga olib kelishi mumkin-a? Insoniyatning mana shu arzimas ojizligidan qanchalar odam foydalanishi, sirtdan yaxshi ko‘rinib, razil niyatlarini pinhona amalga oshiraverishi ham mumkin.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:47:23

Buxorodan Farg‘onaga kelgunga qadar Rhaq ko‘p sofdil odamlarni uchratdi. Ularning gaplarini eshitib dili yayradi. Odamlar bilan hamsuhbat bo‘lib Tangdagi hissiz, tuyg‘usiz yurtdoshlarini esladi. Mana bu raisni uchratib, yana Tang ko‘z oldiga keldi. U yerda ham hissiz, tuyg‘usiz kimsalar avval ko‘p bo‘lmagan. Keyin tomir ota borgan. Yerda yaxshilar bilan birga yomonlar ham bor. Yomonlari kam. Ammo ko‘payib ketarmikin bular? Odamlar qora niyatlilarga, berahmlarga barham bera olarmikinlar?
Rhaq shu o‘ylar bilan Kesganbelga yetdi. Baland tog‘ning yonbag‘riga joylashgan qishloqda oqshomgi besaranjomlik zohir edi: o‘choq mo‘rilaridan tutun ko‘tariladi, podadan qaytgan buzoqlar yelinga yetisholmay bo‘zlaydi. Onalar bolalarini, bolalar otalarini chaqirgan... Qishloqning shu ko‘rinishida, shu harakatida ajib bir pokizalik, bedorlik bor edi. Rhaq buni darrov sezdi.
Ikki tup bahaybat chinorga yondosh solingan ravonli samovarxona oldi sayhonlik, o‘rtaga doira shaklida gulzor qilingan. Ravonda o‘tirgan besh-olti choyxo‘r rais bilan mehmonni ko‘rib, o‘rinlaridan turishdi.
— Ha, o‘tiribsizlarmi? — dedi rais ularning salomiga alik olib. Keyin ovozini ko‘tarib «Asqarali tog‘a!» deb chaqirdi.
Ichkaridan past bo‘yli, cho‘tir yuzli kishi shoshilib chiqdi.
— Mana, do‘xtirni boshlab keldim. Rais jon kuydirmasa, og‘izlaringizga pashsha qo‘ndirib o‘tiraverasizlar. Hamma narsaga rais balogardon. Choy-poy qilib, do‘xtirni joylashtiring. Erta-matan o‘zim xabar olaman. Ha, otni qantarib qo‘yinglar, egasi olib ketar.
Rais shunday deb, Rhaq bilan xayrlashdi-da, otini yuqoriga o‘rlagan yo‘lga soldi. Rhaq ajablanib turib qoldi. Mehmonning xijolatda turganini sezgan Asqarali yugurib kelib ko‘rishdi-da, jilovni qo‘lidan oldi.
— Xafa bo‘lmaysiz, mehmon, raisimiz shunaqalar,— dedi. Bu orada ravondagilar ham pastga tushib, Rhaq bilan omonlashdilar. Tirsak shaklidagi choyxonaning kunchiqar tomoni ikki uy bir dahlizdan iborat shifoxona ekan. Rhaq shu yerga joylashdi.
Ertasiga sahar chog‘i samovarxona biqinida o‘tin yorayotgan devonavash odamni ko‘rib Rhaq bir seskandi: mo‘ylovlari oqarib ketgan bu odam Sabohiddin edi! Shundagina u biotok oqimlarining nima uchun pala partish bo‘lib qolganini angladi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:47:36

Rhaq kun bo‘yi samovarda beish o‘tirdi. Devona ham kunini shu atrofda o‘tkazarkan. Rhaq odamlar e’tiborini jalb qilmaslik uchun uning harakatlarini «loqayd» kuzatdi.
Oqshomga yaqin rais xushsurat bir juvonni boshlab keldi.
— Saboxonning hamshiralikdan picha xabari bor, vaqt-bevaqt sizga ko‘mak berib turadi, — deb gapni kalta qildi-yu, iziga qaytdi.
Rhaq juvonni guzarda ko‘rgandayoq taxtadek qotgan edi. Juvonning qaddi, dumaloq qora ko‘zlari, quyuq kipriklari Nazirani eslatdi. Rhaq Yerda shuncha yurib bir-biriga bunchalar o‘xshash ikki odamni endi ko‘rishi edi. Faqat, Nazira qorato‘ridan kelgan, bu juvon esa sariqqa moyil edi. Demak, Saboxon unga yordamchi. Demak, uni har ko‘rganda Nazirani eslaydi. Xayoli hamisha o‘sha qiz bilan band bo‘ladi...
Saboxon yangi doktorning tikilib qarashidan o‘ng‘aysizlanib, nima qilarini bilmay qoldi. «Muncha qaraydi bu kishi, yo yoqam ochilib qolibdimikin», degan o‘yda ko‘ylagining yoqasini ushlab qo‘ydi. Durrasini peshonasiga bostiribroq tortdi. Rhaq juvonning xijolat tortayotganini sezmadi. Asqarali Rhaqdagi o‘zgarishni, juvondagi taraddudni payqab, oradagi o‘ng‘aysizlikni quvish uchun:
— Qizim, uyingga borovur, kech bo‘lib qoldi, ishni erta-matan boshlarsan, — dedi.
Rhaq shundagina xayolini yig‘di.
— Ha, ha, boravering. Bugun qiladigan ish ham yo‘q, — dedi u shoshilib.
Saboxon eshitilar-eshitilmas «xayr», dedi-da, pastga tushib ketdi. Ana shu «xayr» degan mayin ovoz— Naziraning ovozi endi Rhaqning shunday orqasida pichirladi:

«O‘qung har lahzakim, jonim dilar, ko‘nglim qilar afg‘on...»

«Endi men uchun har lahza otash azobi bo‘ladi, — deb o‘yladi u. — Ishqilib, vujudimda paydo bo‘layotgan g‘alati hislarning quli bo‘lib, asosiy maqsadni unutib qo‘ymay. Nima uchun Nazirani eslayapman? Ko‘rishganimizda menga deyarli gapirmagan. Biron-bir va’da ham bermagan. Uni eslashimdan nima foyda? Unutishim, ha unga bog‘liq har qanday xotirani unutishim kerak. Nazira — men uchun yo‘q odam. Uning ovozi ham, g‘azallari ham, chehrasi ham yo‘q...»

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:47:44

Shu lahzadan boshlab Rhaq butun diqqatini to‘plab, xotiralarini unutishga kirishdi. Nazira yodiga tushishi bilan uni xayolidan quvaverdi. Saboxon kelgandan keyin ham faqat ish haqida o‘ylashga tirishdi. Shu sababli juvon bilan durustroq gaplashmadi ham.
Ikki kun shifoxonani tartibga keltirish bilan o‘tdi. Suvog‘i ko‘chgan joylarni suvashdi, oqlashdi. Saboxon deraza oynaklarini yuvib, oq pardalar tutdi, hovlini o‘tdan tozaladi. «Mayda-chuyda» ishlarga Rhaqning uquvi yo‘q edi. Shuning uchun juvonga yordamlashdi.
Uchinchi kuni rais kutayotgan vrach ham kelib qoldi. Past bo‘yli, etdor, yuzidan samimiyat yog‘ilib turgan bu yigit darrov Rhaqning diqqatini tortdi, u bilan hamnafas yashashidan sevindi. Dilmurod oilasi bilan kelgani uchun Asqarali ularni o‘zining uyiga joylashtirdi. Rais avvaliga Dilmurodning tashrifidan norozi bo‘ldi. Chunki Rhaq uning diliga o‘rnashgan, endi boshqasini xushlamas edi. Ammo Dilmurodning uzog‘i bilan bir-bir yarim yildan so‘ng yana ToshMI ixtiyoriga qaytib ketajagini bilgach, bu yerda ishlashiga qarshilik bildirmadi. «Kesganbelda ikkita do‘xtir bor ekan», degan gap tarqalishini o‘ylab, kerilib ham qo‘ydi.
Dilmurod kelgan kunning ertasiga Rhaq Devonaga yaqinlashdi. To‘g‘rirog‘i, bunga Dilmurodning qizi Umida sabab bo‘ldi. Voqea yuz bergan vaqtda ular raisning qabulida edilar, tafsilini keyinroq eshitdilar.
O‘sha tun jala quydi. Tongga borib qora bulutlar kambag‘alning ko‘rpasiday bo‘lib qoldi. Jalada savalanib, shumshaygan tabiat gunohkorona sukut bilan quyoshning ko‘tarilishini kutdi. Ufq yorishishi bilan Kesganbel uyg‘ondi. Eng avval guzarda jonlanish sezildi. Asqarali tarasha yorib, samovarga o‘t tashladi. Keyin soy bo‘ylab yuqorilagan yakkatovon ko‘chada oq eshak mingan qariya ko‘rindi. Eshak loy sachratib kelib choyxona oldida to‘xtadi. Qariya shoshilmay tushib, tosh zina bilan yuqoriga ko‘tarildi. Yaktak kiyib, qo‘shbelbog‘ bog‘lagan Asqarali uni qarshilab, quyuq so‘rashdi-da, ichkariga taklif qildi. Qariya uning lutfiga minnatdorchilik bildirib, panjaralari to‘q yashil rangga bo‘yalgan ensiz so‘riga o‘tirdi. Yuziga fotiha tortib, belidagi chorsini yechdi-da, dasturxon o‘rnida yoyib, yarimta nonni o‘rtaga qo‘ydi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:47:52

Suv qaynaganda samovarxona odamga to‘lgan edi. To‘planganlar uzoq gurung qilib o‘tirmay tez tarqashdi. Guzar bir oz bo‘shab qoldi. Kun yoyilishi oldidan yana gavjumlashdi. Shu paytda kechadan beri ko‘rinmayotgan Devona paydo bo‘ldi. Odamlar unga qarab qo‘ydilaru e’tibor bermadilar. Bir mahal katta qayrag‘och atrofida ivirsib yurgan Devona baqirdi. Barzangi yigit so‘kindi. Keyin notanish qizchaning ovozi keldi. Hamma shu tomonga qaradi:
— Urmang! — dedi qizcha alam bilan. So‘ng yonida turgan kishini yengidan tortdi-da, unga najot ko‘zi bilan boqib, yolbordi: — Amaki, ayting, urmasin!
Voqeani loqaydlik bilan kuzatayotgan kishi qizchaning boshini silab qo‘ydi. Ammo joyidan jilmadi. Qizcha atrofidagi odamlarga bir-bir qarab chiqdi. Ba’zilar kulimsirab, ba’zilar achinib, ba’zilar esa achchiqlanib turar, qiyiq ko‘zli yigit changalida azob chekayotgan mo‘ylovli Devonaga yordam berishni hech kim o‘ylamasdi.
Qizcha bir zum dovdirab turdi-da, oxiri chidayolmay, yugurib borib yigitning qo‘llariga yopishdi: «Urmang! Nimaga urasiz?!» — deb qichqirdi. Yigit jahl bilan bir siltagan edi, qizcha chalqanchasiga yiqil-di.
Shundan keyingina odamlar yigitning qo‘llarini qayirib: «Esing bormi, bolada nima gunoh!» deb uni koyigan bo‘ldilar.
To‘planganlar Devonaning aybsiz ekanini yaxshi bilardilar. Lekin unga yordam berishga odatlanmagan edilar. Devona o‘rnidan turib, atrofdagilarga qo‘rquv ko‘zi bilan qarab, g‘alati ovoz chiqardi. Odamlar sergaklanib, «Yana tashlanib qolmasin», degan xavotirda orqaga tisarildilar. Ammo u hech kimga tegmadi. Alamli baqirdi-da, yuqoriga, qabriston tomonga qarab ketdi.
Qizcha uning izidan bir oz qarab turdi. Keyin hali yiqilganida ko‘tarib olib, mehribonlik qilayotgan ayolning quchog‘idan yulqinib chiqdi-da, jabrdiydaning orqasidan yugurdi. Biroq uzoqqa borolmadi. Tutib olishdi.
— Kimning qizi ekan, batlikka o‘xshamaydi? — dedi ayollardan biri.
— Yangi do‘xtirimizning bolasi, — dedi Asqarali shoshilib pastga tushayotib.
— Qaysi biriniki, keyin kelganinikimi?
— Ha, Dilmurodniki. Biznikiga tushishgan. Saboxon, qizim, sen olib borib qo‘ya qol, — dedi Asqarali orqasidan kelayotgan juvonga qarab.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:48:01

Saboxon ma’qul ishorasini qilib, qizchani ko‘tarib oldi-da, samovarxona yaqinidagi ko‘chaga yurdi.
Guzardan sal nariroqdagi, loyshuvoq ustidan oqlab qo‘yilgan uy Asqaraliniki edi. Ayol, bu uy yaqiniga yo‘lash u yoqda tursin, uzoqdan ko‘zi tushsa ham yuragi g‘alati bo‘lib ketar, birrov kirib-chiqishga bahona izlab yurardi. Bugun bahona oyoq ostidan chiqdi. Shundan quvonibmi, qizchani suyub-erkalab ichkari kirdi. U hovli o‘rtasida turgan notanish juvonni ko‘rib, «onasi shu bo‘lsa kerak», degan o‘y bilan unga yaqinlashdi.
— Egachi, shirinchangiz guzarga o‘ynab chiqqan ekan...
— Voy o‘lmasam, uyda uxlab yotgan edi-ku! — Juvon Saboxon bilan so‘rashishni ham unutib qizchasini yolg‘ondan koyidi. Ayol ona-bolaga bir oz kulimsirab qarab turdi. So‘ng bo‘lgan voqeani qisqacha bayon qilib, o‘zini tanishtirdi-da, mehmonni uyiga taklif etib, orqasiga qaytdi. Uning to‘rdagi uy tarafga qarab-qarab qo‘yganini juvon sezdi.
— Sen aralashib nima qilarding, g‘irtmak, u jinni ekan-ku, — dedi ona qizning shilingan tirsagini yuva turib.
— Kim? — dedi qizcha burnini tortib.
— Kim bo‘lardi, o‘sha mo‘ylovli kishi-da.
— U jinnimas.
— Ha, bo‘pti. Jinni bo‘lmasa jinnimasdir. Sen kattalarning ishiga aralashma. Ayb bo‘ladi.
— U jinnimas, — dedi qizcha o‘jarlik bilan. — U yaxshi kishi. Urgan odam jinni.
— Bo‘ldi, jonim, bo‘ldi. Jinnimas, dedim-ku. Qani yur, uyqing chala bo‘libdi. Yana birpas uxlab ol.
Qizcha shiftga qoqilgan gulli qog‘ozga tikilib yotdi. Guzardagi voqea yana xayolidan o‘tdi. U o‘rnidan turdi-da, deraza pardasini ko‘tarib, asta tashqariga qaradi. Onasi ko‘rinmadi. Shundan so‘ng eshikni ochib hovliga, undan lip etib ko‘chaga chiqdi-da, avval guzarga, undan Devona ketgan tepalikka qarab yurdi. Yo‘l qizchani qabristonga olib bordi. Qizcha qo‘sh qayrag‘ochga yaqinlashgach, qo‘rqib to‘xtadi. Atrofga olazarak qaradi. Sal yuqoriroqdagi bostirma oldida o‘tirgan Devonani ko‘rgach, sal dadillanib, o‘sha tomon yurdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:48:08

Devona hujrasi yonidagi xarsang ustida ma’yus o‘tirardi. Ammo qizchani ko‘rishi bilan chehrasi yorishdi.
— Burningiz og‘riyaptimi? — dedi qizcha uning ro‘parasiga cho‘nqayib. Devona javob o‘rniga kuldi. Uning mehribonligidan quvondi. — Mening manovi yerim qonadi, — dedi qizcha tirsagini ko‘rsatib. — Bitta ham yig‘lamadim.
Devona titroq barmoqlari bilan uning tirsagini siladi.
— Opoq, opoq, og‘rimasin, — deb yana kuldi.
— Sizzi otingiz nima? Meniki Umida.
— Um... Um... U-mi-da. Umida! — devona shunday deb zavqlanib kuldi.
— Sizziki-chi?
Devona jim qoldi. O‘yga toldi. Haligacha hech kim unga bunday savol bermagan edi. U boshqalar kabi o‘zining ham ismi borligini bilmasdi. To‘g‘rirog‘i, ismini allaqachon unutib yuborgandi. Umidaning savoli uning miyasiga yashin kabi urilib, chang bosgan xotiralarini qalqitib yubordi. Darvoqe, ismi... Uning ham chiroyli ismi bor edi. Onasi ismini aytib, suyib-erkalardi. Oppoq qor ko‘ziga qora qon bo‘lib ko‘ringan o‘sha kundan beri hech kim uning ismini aytib chaqirmadi. birov «Oting nima?» deb ham so‘ramadi. Faqat shu qizcha so‘radi...
Devona Umidaga hayratlanib bir qaradi-da, so‘ng indamay o‘rnidan turib, hujrasi tomon yurdi. Umida uning bu qilig‘iga tushunmadi. Hujraning g‘ijirlab ochilgan eshigi, Devona ichkariga kirgach, o‘z-o‘zidan taraqlab yopildi. Umida uning orqasidan borib, eshikni itardi. Ichkari bir zum yorishdi-yu, yana qorong‘ilashdi. Tuynuklardan nayzasifat bo‘lib tushib turgan nur hujrani yoritishga ojiz edi. Umida nimqorong‘i uychaning o‘rtasida cho‘nqayib o‘tirgan Devonaga yaqinlashdi.
— Sizga nima bo‘ldi amaki?
Devona qimir etmadi. Gapirmadi ham.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:48:19

... Umida kelgan kuni zerikdi. Eshik og‘zida turib o‘tgan-ketganlarga qaradi. Qo‘shni bolalar kalta ko‘ylak kiygan, oppoqqina qo‘g‘irchoqday bu qizga qarab kulib qo‘yishdi. Umida begonasirab, devorga suyanganicha turaverdi. Bolalarning birinchi bo‘lib so‘z boshlashlarini kutdi. Shu payt muyulishdagi bolalar yugurib qolishdi. Keyin narigi ko‘chadan «Jinni! Jinni!» degan qiyqiriqlar eshitildi. Dam o‘tmay bolalar qurshovida irg‘ishlab kelayotgan shopmo‘ylovli, sochi ustara bilan qirilgan, boshyalang, sarpoychan, qirra burun Devona ko‘rindi. Devona Umidaning yonidan o‘tib ketdi-yu, ammo tezda iziga qaytdi. Chug‘urlashayotgan bolalarni po‘pisa qilib, quvgan bo‘ldi-da, mehmon qiz qarshisida cho‘nqayib, tirjaydi. Bolalar, shaharlik qiz hozir dod solib uyiga qochadi, deb o‘ylab, Umidaga tikilib qoldilar. Umida chindan ham bir oz qo‘rqdi. Lekin sirini fosh etmaslik uchun o‘zini majburlab jilmaydi. Devona bundan quvonib, qiqirlab kuldi-da, mo‘ylovining uchlarini tishlab miyovladi. Umida uning bu qilig‘idan kulib yubordi. Qilig‘i qizchaga ma’qul bo‘lganini anglagan Devona o‘rnidan turdi-da, «Apalamza al, hevamiza ham... Bibi shapoq, qambar buqoq...» deb o‘ynab, irg‘ishlay boshladi. Keyin guzar tomon yugurdi. Umida chug‘urlashayotgan bolalarga qo‘shilib, uning izidan chopdi. U yangi orttirgan o‘rtoqlari bilan kun bo‘yi Devonani ermaklab yurdi...

Qayd etilgan