Tohir Malik. Devona (qissa)  ( 97089 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 ... 25 B


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:48:33

...Umida jinni ham biron narsadan xafa bo‘lar, deb sira o‘ylamagan edi. Shu sabab hujra o‘rtasida o‘tirgan Devonaning bu qilmishidan cho‘chib, orqasiga tisarildi. Tashqariga chiqdiyu pastga yugurdi.
Soy bo‘yida bir oz salqinlab qaytgan Aqida qizining g‘oyib bo‘lganini bilib, tashvishdan o‘zini qo‘ygani joy topolmay turganda Umidaning o‘zi ko‘rindi. Shu bo‘yi qizaloq onasining qattiq nazoratiga o‘tib, kechga qadar hovlidan bir qadam siljimadi.
Shomda, o‘rtadan dasturxon yig‘ilib, Umida uxlab qolgach, Aqida eriga uning bugungi qilmishini aytib berdi.
Dilmurod Umidaning «jasorati»ni Saboxondan eshitgan, shuning uchun xotinining hayajonli gaplarini xotirjam tinglardi.
— Men uni uxlayapti, deb bemalol yursam, bir juvon «Mana shirinchangiz», deb kirib keldi.
— Qanaqa juvon olib keldi?
Aqida erining qitmirligi tutganini sezdi-da, qaldirg‘och qanotidan nusxa olgan qoshlarini sal chimirib: «Ko‘hlikkina, chiroylikkina...» — deb kesatib, bu ham yetmaganday, «siz bop ekan», — deb qo‘shib qo‘ydi.
— Otini bilmadingizmi? — dedi Dilmurod jilmayib. U bir savol bilan xotinining qitig‘iga tekkan, endi olovga jindak moy sepmoqchi edi.
— Bildim. Havoxon dedimi, Saboxonmi, shunga o‘xshash. Ko‘chasini ham aytdi. Yangangizga darrov xabar qilsangiz, kelib bir oy supurib turardilar.
— Shuginami?
— Yana nima kerak edi?
— Menga salom aytmabdi-da?
— Aytdi. Sog‘inib-sog‘inib salom, dedi.
— Mana bu boshqa gap. Siz u bilan yaxshiroq tanishib oling Zerikmaysiz.
— Shunaqa deng... O‘zingiz ham... ketganimdan keyin zerikmassiz?
— Balki...
— Qachonla tanishib oldingiz?
— Kecha, kelishimiz bilan.
— Yo‘lingizga ko‘z tikib o‘tirgan ekan-da, bechora!
— Shunaqa desa ham bo‘ladi... Shifoxonada hamshiralik qilar ekan.
— Xudo beribdi. Hali ko‘zlari kesak teryatuvdi, sizni qidirgan ekan-da. Bu yerga ham kelib turar endi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:48:39

— Kunda besh mahal kelmoqchi.
— Hm... menga desa ming marta kelsin.
— Yo‘q, faqat besh marta keladi.
— Kelaversin.
— Nimaga besh marta keladi, deb so‘ramaysizmi?
— So‘ramayman. Menga nima?
— U besh marta namoz o‘qigani keladi.
— Namoz? — Yolg‘ondan arazlayotgan xotin enda chindan ajablandi.
— Ha... Etagimda namoz o‘qiydi.
— Namoz o‘qishga boshqa joy qurib ketibdimi? — xotin labini burib kuldi.
— Ha, qishloqlarida arzirli joynamoz topilmas ekan. «Siz pokizalikda farishtaning o‘zi ekansiz», deb sig‘inib kelmoqchi.
Aqida kulib yubordi. Eriga mushtumini ko‘rsatib, nozli po‘pisa qildi. Dilmurod xushsurat yigit bo‘lgani uchun Aqida uni hammadan rashk qilardi. Rashkini qanchalik pinhona tutishga urinmasin, ayollarga xos ojizlik tuyg‘ularini ko‘pincha fosh qilib qo‘yardi. Alqissa, sevishgan er-xotin uchun rashk ham darkor. Lekin u quyushqondan chiqdimi tamom, oshga zahar tushadi, muhabbat chinnisi darz ketadi, halovat buziladi. Dilmurodga Aqidaning rashk qilishi yoqardi. Rashk avvalo kuchli muhabbat belgisi. Xotin erni qizg‘andimi, demak, qattiq sevadi. Er uchun yana nima kerak? Aqidaning birgalashib kelishi ham bejiz emas-da!

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:48:46

...Rhaq Dilmurod bilan Aqidani dastlab ko‘rgandayoq ularning chehralaridagi parishonlikni ilg‘agan, bu yerga besabab kelishmaganini sezgan edi. Dilmurod bilan suhbatlashgach, uning ko‘zlariga boqib, boshiga tushgan tashvishdan ogoh bo‘ldi. Dilmurod «Meditsina texnikumini tugallagan Mirzavoy»ga darrov elakisha qolmadi. Tanishgan chog‘larida ota-onasining vafot etganlarini, o‘zi yetimxonada tarbiya ko‘rib, so‘ng ToshMIni tugallaganini aytdi. ToshMIda professor Razzoqov degan donishmand olimning etagini tutgani, uning qiziga uylangani, ruhiy xastalarni davolashda yangilik yaratmoqchi ekanini esa yashirdi. Dilmurodning ichki sirlari boshqalar uchun pinhon edi. Ammo bu borada hech qanday to‘siq bilmaydigan Rhaq, o‘sha tanishgan kunlariyoq, professor Razzoqovning tuhmatga uchrab xalq dushmani sifatida hibsga olingani, oqibatda ilmiy izlanish uchun Dilmurodning imkoniyatlari qirqilgani, qaynotasining yaqinlari maslahatiga kirib Aqida bilan xo‘jako‘rsinga ajrashgani, «yo‘l qo‘ygan xatolarini yuvish uchun eng uzoq qishloqqa oddiy vrach bo‘lib kelganini» bilib oldi. Yolg‘ondan ajralishsa ham bu qilmishlari uchun ich-etlarini yeb yurishlari, bir-birlariga g‘oyat mehr-oqibatli ekanliklari Rhaqni hayajonga soldi. U ham uylanib, xotini bilan ko‘p yil birga turdi. Farzand ko‘rdi. Ammo ular orasida hech mahal bunday yaqin, iliq munosabat bo‘lmagan. Er-xotinni bir-biriga bog‘lab turadigan mehr ipi ham bunchalar pishiq emasdi. Rhaq Yerga avval kelganida xotinini ko‘p esga olgan bo‘lsa-da, biroq, vujudida unga intiluvchi, oshiquvchi qaynoq kuch uyg‘onmagan edi. Rhaq Dilmurodni o‘z o‘rniga qo‘yib ko‘rdi. Yo‘q, bu yigit hech qachon xasta xotinini tashlab, uzoq safarga otlanmasdi. Aqidaniku, aytmasa ham bo‘ladi. «Aqalli uch-to‘rt kun birga turay», deb shundan-shunga kelibdimi, demak, erini beqiyos mehr bilan ardoqlar ekan. Agar ularga Tang sharoiti yaratib berilsa-chi? Vujudlaridagi eng samimiy tuyg‘ular o‘rniga: «Yuksalish uchun ishlash, ishlash uchun yuksalish kerak, boshqa narsalarni o‘ylash, hissiyotga berilish taraqqiyot yo‘lidagi eng dahshatli g‘ov!» degan tushuncha singdirilsa-chi! U holda Dilmurod xotini bilan chinakamiga ajralishardi. Aqida esa bu yerga kelmasdi. Umuman, ularning Lukndan farqi qolmasdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:48:53

Rhaq Yerdagi turmushni kuzatib, uyg‘onishning bahoriy fasli endi boshlanib, daraxtlar gullagan choqda qorga tutilganini bildi. U odamlar ongidagi o‘zgarishlarni sezgan, hayotning salbiy ko‘rinishlari, Shoazizga o‘xshagan kishilarning oqibatda zarba yeyishlarini ham bilib turardi. Biroq, unga qadar oradan yillar o‘tishi, odamlar shu vaqt mobaynida zohiran go‘zal va to‘kin, botinan esa asabiy hayotning tirnoqlari orasida ko‘p dard chekishlari lozimligini ham tushunardi. Orzu qilgani, kutgani taraqqiyot necha o‘n yil ortga surib tashlangani ham sir emas edi unga. Eng nodir aql egalari xalq bag‘ridan yulib olingan. Xalq bu qo‘rquvlardan qutulib yana uyg‘onguncha ko‘p vaqt kerak. «Bunaqa voqea hatto Tangda ham yuz bermagandir», deb o‘ylardi u. Shularni o‘ylagani sayin battar qayg‘urardi.
Dilmuroddan ajraladigan biotok oqimi Rhaqni taajjubga soldi. U dastlab Salimxo‘ja bilan Sabohiddinni ko‘rganda shu holga tushgan edi. Biotok oqimining bu darajada kuchli bo‘lishi o‘sha shaxsning oliy idrok egasi ekanidan dalolat beradi. Salimxo‘ja buni amalda isbot etmoqchi, idrokini to‘g‘ri yo‘lga qaratmoqchi edi, yarim yo‘lda ildiziga bolta urdilar, Sabohiddin ham qoqildi. U adashmaganida ulug‘ alloma bo‘lishi mumkin edi. Afsuski, muhit uni boshqa yo‘lga burib yubordi. Dilmurod Rhaqqa butunlay boshqa olam bo‘lib ko‘rindi: aql-farosati, e’tiqodi, haq yo‘lni ajrata bilish uchun uning e’tiborini tortdi.
Rhaq ko‘p narsani bilmaydigan kishi bo‘lib Dilmurodga yaqin yurishga ahd qildi.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:49:05

TUYG‘UNING UYG‘ONSHI

Tog‘da tong qushlarni emas, balki qushlar chug‘ur-chug‘ur bilan tongni uyg‘otadi. Ufq picha oqargach, kunchiqarda ivirsib yurgan bulutlar chekkasi qizardi. Keyin qip-qizil bo‘lib quyosh ko‘rindi. Ana shunday sehrli, latofatli lahzalarni eshakning hangrashi buzdi. Avval betoqatrog‘i o‘pkasi to‘lib astoydil hangradi. Keyin qishloqning hali u-hali bu yeridan birin-ketin «hasratdosh»larning hangrashi keldi. Yumushi borlar o‘rinlaridan turib, ishlariga ketdilar, bekorchilar esa, bir g‘ijinib olib ko‘rpani boshga tortdilar-da, uyquni kelgan joyidan davom ettirdilar.
Kun yorishishi bilan Asqaralining uyida ham jonlanish sezildi. Ichkari uydan avval Asqaralining ovozi keldi. U xotiniga nimadir deb tayinlab, choyxonaga chiqib ketdi.
Dilmurodning uyqusi o‘chib o‘rnidan turdi-da, hovli etagidagi soy bo‘yiga tushdi. Muzdek havodan vujudi entikib ketdi. Yarim-yalang‘och bo‘lib yuvingach, o‘zini qushdek yengil sezdi. Kayfiyati ham ko‘tarildi. Katta xarsangga suyangancha quyoshning ko‘tarilishini kuzatdi.
«Qishloqda hayot osuda, shoshilmay kechadiganga o‘xshaydi, — deb o‘yladi u. — Shaharda kun qisqadek tuyuladi. Arzimagan ishlarni ham bajarib ulgurmaysan. Tabiatning bunday sehrini kuzatish esga ham kelmaydi. Yoki odam shaharga ko‘nikib borgani sayin tabiatdan uzoqlasharmikan? Yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin emas. Axir insonning tabiatdan uzoqlashishi — halokat bilan barobar-ku? Agar bu hol yuz bersa, odamlarning o‘zaro munosabatlarigacha o‘zgarib, Yer hayoti qil ustida bo‘lib qoladi-ku? Bunga yo‘l qo‘yish mumkinmi? Inson tabiatning farzandi. Farzand ona mehridan uzoqlashsa, bu mehrdan qonmasa vahshiylashadi. Inson — tabiatning eng ongli farzandi — o‘z onasi ko‘ksiga pichoq qadarmikan? Balki ba’zi erkatoylarga o‘xshab onasining jindek xafa qilib turar. Lekin ertami-kechmi esini yig‘ib olishi shart!»
Soyning narigi sohili bo‘ylab o‘tgan, tuproq ko‘pchib yotgan ko‘chada oyog‘iga eski kalish kiygan, to‘qim urilmagan eshakka minib olgan podachi ko‘rindi. U Dilmurodga ko‘zi tushishi bilan qulluq qilib salom berdi. Dilmurod, garchi soyning shovqini bosib ketsa-da, ovoz chiqarib alik oldi. Podachi yana qulluq qilib yo‘lida davom etdi. Hovlida ayollarning ovozi eshitilgach, Dilmurod iziga qaytdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:49:14

To nonushta qilib bo‘lishguncha kun yoyildi. Dasturxon yig‘ilmay turib Umida burama qanddan ikkitasini oldi-da, etagiga yashirdi. Asqaralining xotini buni ko‘rib kulimsiradi. Aqida esa uyatdan yonib ketay deb eriga qaradi. Dilmurod: «Qani, ko‘raylik-chi, nima qilarkin», degandek xotirjam bosh irg‘adi. Umida, harakatimni sezishmadi, deb o‘ylab o‘rnidan turdi-da, ko‘cha eshigi tomon yurdi. Shundagina Aqida o‘zini tutib turolmay hay-hayladi. Onasiga e’tibor bermay eshik og‘ziga borib qolgan Umidaga avval Dilmurod yetib keldi.
— Qaerga bormoqchisan? — deb so‘radi u, qizini qo‘lidan ushlab.
— Ko‘chaga, — dedi Umida ayyorlik bilan.
— Yur, birga boramiz.
— O‘zim boraman.
Dilmurod sergak tikilib turgan Aqidaga bir qarab oldi-da, qizining qulog‘iga shivirladi:
— Ayang bilib qolsa, uyga qamaydi. Men bilan chiqsang, aytgan joyingga boramiz. Ayangga «do‘xtirxonaga ketyapmiz», degin.
Umida ma’qul ishorasini qilib, onasiga qaradi:
— Ayajon, men do‘xtirxonaga borar ekanman, — dedi bidirlab.
Aqida ota-bolaning niyatini anglab, norozi qiyofada bosh tebratdi, ammo qarshilik qilmadi.
Rhaq qo‘l ushlashib kelayotgan ota-bolani ochiq chehra bilan qarshilab, Umidani suyib ko‘tardi. Ichkaridan Asqarali chiqib, Dilmurod bilan omonlashdi.
Samovarxonada hech kim qolmagani uchun bir choynak choyni maydalab gurung qilishdi. Umida bu «sergap» odamlardan bezib, pastga tushdi.
— Devonaga qand bermoqchi, birga borishga va’da qiluvdim,— dedi Dilmurod qiziga qarab.
— Bolaning qalbidek pokiza narsa yo‘q bu yorug‘ dunyoda, — dedi Asqarali o‘ychan qiyofada. — Devona ko‘nglida mehr uyg‘otibdi-da, shuning uchun unga yaxshilik qilmoqchi. Do‘xtir inim, meni aytdi dersiz, Xudo xohlasa qizingiz ulg‘ayganda odamlarga yanayam mehribon bo‘ladi.
— Aytganingiz kelsin, Asqarali aka. Axir, odamni odamga bog‘lab turadigan narsa shu mehr-oqibat-da.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:49:21

— Shunaqa-yu, ammo buni hammamiz ham tushunib yetavermaymiz. Bolaligimizda barcha ko‘zimizga yaxshi bo‘lib ko‘rinadi. Keyin bora-bora odamlarni xillarga ajratamiz. Unisiga egilamiz, bunisini tepkilaymiz. Mana, shu Devonani qarang. U ham Xudoning bir bandasi. Aytgan ishingizni qiladi, birovga ozor yetkazmaydi. Lekin yotib-turishi itdan xarob. Buni hammamiz ko‘ramizu parvo qilmaymiz. Oqibat degani bunaqa bo‘lmaydi-da.
— Asqarali aka, Devonaning hech kimi yo‘qmi?
— Yo‘q. Devona bu yerlik emas.
— Qaerdan kelib qolgan?
— Do‘xtir inim, buni o‘zim ham tayin bilmayman. Ammo bir odamga o‘xshataman. Bosmachilar davrida Norxo‘janing qarorgohida bir mullani ko‘rgan edim. Novqatlik edi, chamasi. Ismi Sabohiddinmi, yo boshqami, eslolmayman, ammo o‘shanga o‘xshataman. Devona kolxoz tuzilmasdan ilgari paydo bo‘lgan bu yerda. Keyin uni bir ayol izlab keldi. Nazarimda, singlisi bo‘lsa kerak. Devona uni tanidi, chamamda. Ikkovlashib ketishdi. Lekin yil o‘tmay Devona yana bu yerga qaytib keldi.
— Novqatdan dedingizmi? Bu yerdan uzoqmi?
— Ana shu tog‘ning orqasida. — Asqarali shunday deb ro‘parada qorayib turgan tog‘ni ko‘rsatdi.
— Bizdan oldingi do‘xtir uni tuzatishga unnab ko‘rmaganmi? — dedi Dilmurod.
— Be, esi butunlarga og‘rinib qarardi-yu, nima deyapsiz? — Asqarali kulimsiradi. — Dimog‘i osmonda edi. Bekorga qaramasdi. Odamlar hammasiga indamay keldi-yu, omma Fotma kampirning echkisini olganda chidab turolmadi. Kampirni yara bosgan ekan deng, u zang‘ar dori keltirib beraman, deb mushtiparning echkisini olibdi. Dumini tugib yubordik. Mana endi, sizlar keldilaringiz...
Bu gapni eshitib, Dilmurodning badani muzlab ketdi. Nazarida, Asqarali tagdor gapirib: «O‘zlaring ham odamlarni o‘sha do‘xtirday shilarsizlar, a?» demoqchi bo‘lardi. Dilmurod kalovlanib o‘rnidan turdi. Qizining kutayotganini bahona qilib, pastga tushdi. Rhaq unga ergashdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:49:28

Devonaning qachon, qaerdan kelganini hech kim aniq bilmas edi. Uni dastlab mozorboshida ko‘rdilar. Keyin u pastga tushdi. Samovarxona atrofida aylanib yuradigan bo‘ldi. Go‘rkovning omonat hujrasida yashay boshladi. Uning ismi ham, kimligi ham qishloqdagilar uchun qorong‘i edi. Ba’zan g‘udranib, ba’zan kulib, ba’zan yig‘lab yuradigan bu kimsaga hamma o‘zicha nom bergan edi. Kim «Devona», kim «Mo‘ylov jinni», kim «Mozor jinni» deb atardi. Bolalar esa oddiygina qilib «Jinni» deb chaqirishardi.
Devona beozor edi. Qishloqdagi hojatmandlarning, samovarchining yumushini bajarib, nonini halollab yerdi. Samovarxonadan bir necha marta joy qilib berishsa ham turmadi. Mozorga chiqib ketaverdi.
Bir kuni go‘rkov uni yoniga chaqirdi. Qo‘liga ketmon berib «kavla» dedi. Devona ketmonni qo‘rqibgina ushladi. Go‘rkovga xavotir ko‘zi bilan qaradi. Keyin titroq qo‘llari bilan ketmonni nari otib yubordi-da, yig‘lamsirab orqasiga tisarildi.
Hammaning yumushini beminnat bajarib yuruvchi Devona, bir necha marta zo‘rlasa ham, go‘rkovning aytganini qilmadi.
Mol kirmasin uchun atrofi shox-shabba bilan o‘ralgan qabriston qishloqdan uncha uzoq emas. Ikki tog‘ orasidan shiddat bilan oqib chiquvchi katta soy qabriston etagidan xarsang toshlarga bosh urib o‘tadi. Devona yashaydigan xujra soydan ellik qadamcha balandda. Uning bisotida kimdir rahm qilib bergan (yoki avvalgi go‘rkovdan qolgan) eski ko‘rpagina bor. Hujradan mozordagi har bir qabr yaqqol ko‘rinib turadi. Quyosh tog‘ cho‘qqilari ortiga o‘tib, toshlar qoraya boshlagan paytda Devonaning turar joyiga kelgan yuraksizroq kimsani vahima bosishi mumkin.
Tun... Sukunat... O‘liklar maskani... Barglarning shivirlashi... Tanho devona...
Devona esa vahimali tundan cho‘chimas edi.
Ba’zan, samovarxonada ko‘rinmagan kezlari, u hujra yonidagi xarsangda cho‘nqayib o‘tirgancha mozorga tikilardi. Xuddi muhim bir narsani o‘ylayotgandek bo‘lardi. U dafn marosimlariga barcha qatori xuddi esi butun odamday qatnashardi. Tobut ko‘tarardi, yetti qadam sanab yurardi, pichirlab bir narsalar derdi. Mozorga kelgach, bir chekkada sukut saqlab o‘tirib, tilovat qilinishini kutardi. Marosim tugagach, hech kimga e’tibor qilmay, hujrasiga kirib ketardi. U faqat Xo‘ja piyonning janozasida qatnashmagan edi. Saharda samovarxonaga tusha turib, daraxtga o‘zini osib qo‘ygan Xo‘ja piyonni ko‘rganu orqasiga qaytib, ikki kun hujrasidan chiqmay yotgan edi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:49:36

Bolalar Devona bilan o‘ynashni yaxshi ko‘rishar, ammo ota-onalarining gaplariga quloq solib, unga ko‘pam yaqinlashishmasdi. U bolalarga po‘pisa qilganda, ko‘pincha mo‘ylovini burab «melisaga bervoraman», deb g‘udranardi. Devona bu gapni ba’zan kattalarga ham aytardi. Kecha kayfdan ko‘zlari qizarib turgan yigitga shunday dedi-yu, baloga qoldi...

Devona hujrasida ko‘rinmadi. Dilmurod eshikni lang ochib, tagiga tosh qistirdi-da, ichkari kirdi. Bo‘yra ustidagi yig‘ilmagan ko‘rpaning bosh tomonida yotgan sariq bir narsa ularning diqqatini tortdi. RhaqMirzavoy engashib uni qo‘liga oldi.
— Budyonovkami? — dedi Dilmurod unga yaqinlashib.
— Ha... Ko‘p urinmagan...
— Bir paytlar qizil askar bo‘lganmikin?
— Asqarali aka «mulla edi», deyapti-ku?
Shu payt tashqaridan kimningdir sharpasi keldi. Uchovi baravar eshik tomon qarashdi. Ostonada Devona ko‘rindi. Umida yugurib uni qarshiladi. Qo‘lidagi burama qandlarni unga uzatdi.
— Oling, sizga opkeldim.
Devona xuddi Umidani ko‘rmagandek, gaplarini eshitmagandek tek qotib turar, ko‘zini Dilmurodning qo‘lidagi qalpoqdan uzmas edi. Umida hayron bo‘lib dadasiga yaqinlashdi.
— Bu dadam, bu Mirzavoy amakim, tanimaysizmi?
Devona yana indamadi. Bir qadam, keyin yana bir qadam bosdi. «A... a...a...» deganicha qalpoqni yulqib oldi. Orqasiga tisarildi. Boshi kesakiga urildi. Qalpoqni bag‘riga bosgancha, ichkaridagi kishilardan ko‘z uzmay, yigirma qadamcha chekindi. So‘ng xarsangga o‘tirdi. Shunda ham nigohini ulardan olmadi.
— Ketaylik, — dedi Rhaq asta. Dilmurod bosh irg‘adi.
— Manavini bermaymizmi? — dedi Umida katta odamlarning «qilig‘iga» tushunmay.
— Keyin, ertaga kelganimizda berarsan.
Ular orqalariga qaray-qaray pastga tushib ketishdi. Kutilmagan mehmonlar daraxtlar panasida ko‘zdan yo‘qolmaguncha, Devona tosh ustida qimirlamay o‘tirdi.
Ular Umidani uyga qo‘yib, shifoxonaga kirishlari bilan eshik asta ochildi. Ostonada avval ro‘molining bir uchini tishlab olgan ozg‘in, rangpar ayol, keyin o‘n ikki yoshlar chamasidagi yumaloqqina bola kirib keldi. Ayol salom berdi. Bola indamadi. Ko‘zlarini pirpiratib, dam oq xalatini kiyib ulgurmagan Dilmurodga, dam qo‘lini yuvib, sochiqqa artayotgan Mirzavoy-Rhaqqa qarab turaverdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:49:44

— Keling, yanga, nima gap, tinchlikmi? — dedi Rhaq ayolning salomiga alik olgach.
— Bevaqt kelibmiz shekilli, — dedi ayol xijolat tortib.
— Juda vaqtida keldingiz. Xo‘sh, nima bo‘ldi, tobingiz qochdimi?
— Xudoga shukr, o‘zim sog‘man. Manov jiyaningiz...— ayol bolaga ishora qildi.
— Ie, polvon, bu qanaqasi bo‘ldi? Qani, beri kel-chi, — Rhaq-Mirzavoy bolaning peshonasini, keyin bilak tomirini ushlab ko‘rdi. — Issig‘i yo‘q. Qani, ko‘ylagingni ko‘tar-chi, Dilmurod amakisi, bir eshitib ko‘ring, polvonimizning qaeri og‘riyapti ekan?
Dilmurod hali bolaga yaqinlashmay turib ayolning so‘nik ovozi eshitildi:
— O‘zi sog‘. Hech qaeri og‘rimaydi. Faqat... faqat tildan qoldi.
— Tildan qoldi?! Nimaga?
— Nevlay, chora ko‘ringlar deb olib keldim.
— Necha kundan beri gapirmayapti?
— O‘n kunmikin...
— Shu tobgacha qaerda edingiz?
— O‘tib ketarmikin, debmiz-da.
— Chilyosin o‘qitmadinglarmi? — dedi Dilmurod kesatib.
— O‘qitdik, hammasini qilib ko‘rdik. Bo‘lmadi, — dedi ayol soddadillik bilan.
— Bola ilgari qattiq kasal bo‘lganmidi?
— Yo‘g‘-a, bolam bechoraning boshi yostiqqa tegmagan sira.
— Biron narsadan qo‘rqmadimi?
— Qo‘rqibdi-da. Dadasi to‘nlarini daraxtga ilganlaricha qolavergan ekan. Ashi oydinda ko‘ziga boshqacha ko‘rinibdi.
— Shunga shunchami? Qani, tilingni chiqar-chi? Barakalla. Hech xavotirli joyi yo‘q. Mana, Toshkentdan kelgan amakisi birpasda tuzatib qo‘yadi. Qani, amakingga qarab qo‘y-chi, ko‘rdingmi, Toshkentdagi eng katta do‘xtir bu kishi. «Professor» deganlarini eshitganmisan? — Bola bosh irg‘ab, tasdiq ishorasini qildi. — Shu amaking professor. Maskovda o‘qib kelgan. Sendaqalardan mingtasini tuzatib yuborgan. Ukol ham qilmaydi, dori ham ichirmaydi. Sen qo‘rqma. Amakingning aytganini qil. Qani, Dilmurodjon, shu polvonni ham gapirtirib yuboring. Evaziga bir chiroyli ashula aytib beradi. A, aytib berasanmi?

Qayd etilgan