Rhaq zindonda yotgan Luknga biotok oqimini yo‘llab, uni yanada qattiqroq uxlatdi. So‘nggi ishlarga xalaqit berishi mumkin bo‘lgani sababli uni Yer doirasidan uzoqlashgunlaricha uyg‘otmadi.
Lukn qop-qorong‘i bo‘shliqda uchib ketayotgan kemada uyg‘onib, avvaliga gangib qoldi. So‘ng yerlik odam qiyofasidan chiqib, asl shakliga kirgan — bo‘yi ikki baravar uzayib, qo‘li kichraygan, burni o‘rnida tangadek teshik qolgan, og‘zining kattaligi o‘zgarmagan, ammo sochi chin rangini olib, yam-yashil bo‘lgan safar rahbariga ko‘zi tushib, hammasini fahmladi. Rhaqga g‘azab bilan tikildi...
Yer tomon uchayotganlarida ularning zimmalariga faqat bir vazifa — sayyorada istiqomat qiluvchi jonzotlarning taraqqiyot darajasini o‘rganishgina yuklangan edi. Yer hayotiga aralashish qat’iyan man etilgani uchun ham ular odam qiyofasiga kirib olgandilar. Yerga qilingan avvalgi ikki safar mashq tarzida bo‘lgan, bularniki esa dastlabki jiddiy tadqiqot sanalardi. Mana shu tadqiqot samarasi ko‘p narsalarni, xususan, Yer sayyorasining taqdirini hal qilishi mumkin edi.
«Mo‘ljaldagi ishlar risoladagiday davom etib, tadqiqotlar nihoyasiga yetay deb qolgan edi. So‘nggi xulosalarga kelganda Luknning asabi chidash bermadimikin?
Rhaq shularni xayoldan o‘tkazib, hamrohiga norozi qiyofada boqdi:
— Kameraga kirib chiq, — dedi u bosiqroq gapirishga tirishib.
Lukn istamaygina o‘rnidan turdi. Rhaqning norozi nigohi uning izlariga qadaldi.
Dastlabki kuzatuvlardan so‘ng, Yerdagi (u paytda sayyoraning nomi Yer deb atalishini bilishmasdi) taraqqiyot darajasining Tangga nisbatan ancha orqada ekani taxmin etilgan edi. Rhaq sayyora sathiga tushgan kunlari buni darrov fahmladi. Biroq, uning o‘tkir zehni Tangda mahv etilgan narsalarni ham ilg‘adi. Odamlarning o‘zaro samimiyati, mehri, muhabbati, olijanobligi, do‘stligi, ayni choqda, munofiqligi, adovati, qahri, makri, pastkashligi, bir-biriga yovligi uning uchun yangilik edi. Yerliklar hayoti uning fikrini shu nomutanosibliklari, shu murakkabligi bilan band qildi. Yer hayoti Luknning ham e’tiborini tortgan bo‘lsa-da, u masalaga o‘zgacha yondashgan, ko‘rganlarini o‘zgacha tahlil etgan edi. Hamrohining ayri qarashlarini ancha ilgari sezgan, biroq jiddiy e’tibor bermagan Rhaq minora voqeasidan ikki kun avval bo‘lgan bahsda Luknning fikrlari faqat noto‘g‘rigina emas, balki zararli ekanini anglagan edi.