Oila hayoti
Hubayra ibn Vahb Maxzum o’g’illarining eng ko’zga ko’ringan kishilaridan edi. Qavmi ichida mavqei ulug’ bo’lib, so’zini o’tkaza olardi. U Fahitani so’rab kelganida Abu Tolib rozilik bildirdi. Fahita Undan ikrom va ehtirom ko’rdi. Uning himoyasida baxtiyor hayot kechirdi.
Oradan kunlar, kunlar ketidan oylar o’tdi. Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) payg’ambarlik tushdi. Oila ahlini, qarindoshlarini, qavmlarini Islomga da’vat etdilar. Bir qismi ishondi va to’g’ri yo’lni topdi, bir qismi ishonmadi va kofir bo’ldi.
Hubayra adashganlar orasida edi. Bu adashganlar imon keltirmaygina qolmay, zulm va jafo bilan yangi dinning yoyilishiga to’sqinlik qilardilar. Ammo Hubayra Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan o’rtalaridagi aqrabolikka rioya qilib, Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) shaxsiyatlarini taqdirlar, hurmat ko’rsatardi.
Fahita ham dastlab eriga ergashib, Islomga kirmadi.
Bir kuni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Ummu Honiy uylarida mehmon bo’lib qoldilar. Bu kecha Alloh taolo Payg’ambarmizga eng buyuk ehson va ikromlar bergan xayrli, uzun bir kecha edi.
Ummu Honiy bu kecha haqida shunday hikoya qiladi:
"œIsro voqeasi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) mening uyimda qolganlarida bo’ldi. Bu kecha Alloh Rasuli xufton namozini o’qib, uxladilar. Biz ham uxlayotgan edik. Erta bilan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bizni uyg’otdilar va:
— Ey Ummu Honiy! Ko’rganingdek, xufton namozini ham bu yerda o’qidim. Hozir ham sizlarning yoningizda bomdod namozini ado qildim, — deb marhamat qildilar.
So’ngra uydan chiqish uchun o’rinlaridan turdilar. Men ketmasinlar deb ridolarining bir uchini tutdim. Qorinlari ko’rindi. Ko’ylaklari Misrda to’g’ilgan, katandan qilingan oxorli ko’ylakka o’xshar edi.
— Ey Allohning payg’ambari, buni odamlarga aytmang. Sizni yolg’onchiga chiqarib, aziyat berishadi, — dedim.
— Allohga qasamki, bu voqeani ularga aytaman, — dedilar.
Shunda men bir habash joriyamga: "œRasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) orqalaridan bor. Odamlarga nima haqida gapirganlarini va ularning javoblarini eshit", dedim.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bizning oldimizdan chiqib, boshqa kishilarga ham bizga aytgan gaplarini aytdilar. Ko’pchilik o’zini yo’qotib qo’ydi va:
— Buni qanday isbotlaysan, ey Muhammad. Biz bunday narsa haqida hech eshitmaganmiz, — dedilar.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam):
— Dalil shuki, men falon vodiyda, falon kishilarning karvoniga duch keldim. Ularning tuyalari bir hayvondan hurkib, qochib ketgan ekan. Men ularga tuyalari turgan joyni ko’rsatdim. Bu voqea men Shomda bo’lgan paytimda yuz berdi. So’ngra yo’limda davom etdim. Makka yaqinidagi Tixoma degan joyda Dajnon tog’iga duch kelganimda falon-falon kishilarning qofilasiga to’qnash keldim. Ular uxlab yotardilar. Suv solingan bir idishlari bor edi. Ustiga bir narsa o’ralgan ekan. Yopqichni olib, ichidagi suvni ichdim. Keyin qanday bo’lsa, shunday qilib ustini o’radim. Hozir ularning qofilasi Makka yaqinida, Tan’im yo’lidagi Bayzo tepaligidan tushyapti. Oldinda ranggi qoraga moyilroq kulrang tuya kelyapti. Tuyaning ustida biri qora, boshqasi olacha ikkita haror bor, — dedilar.
Bu gapni eshitganlar darhol Rasululloh, (sollallohu alayhi va sallam) aytgan yo’lga yugurdilar. Ilk ko’rganlari tuya bo’ldi. U Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) tasvirlaganlaridek ko’rinishda edi. Keyin karvondagilardan idishni so’rashdi. Ular idishda suv to’la bo’lganini, so’ng ustini o’rab qo’yganlarini, uyg’onganlarida esa, ichida suv qolmaganini tasdiqlashdi.
Makkaga qaytishda boshqa qofilani ham uchratishdi. Berilgan savolga ular ham: "œTo’g’ri aytipti, vallohi, u aytgan vodiyda tuyamiz hurkib qochdi. Shunda bir ovoz eshitdik. U ovoz tuyamizning turgan joyini aytdi. U yerga borib, tuyani topdik", deya javob berishdi".