ABU BAKR SIDDIQ (ra), to‘liq ismi Abu Bakr Siddiq Abdulloh ibn Abu Qahhofa ibn Omir (571/572 - 634/23) - islomda "xulafoi roshidin" ("to‘g‘ri yo‘ldan boruvchi xalifalar"), Movarounnahrda "chahoryorlar", "choryorlar" deb atalgan dastlabki to‘rt xalifadan birinchisi (632-634). Muhammad (sav)ning eng yaqin safdoshlari, qaynotalari (Oishaning otasi). Yirik savdogar. Makkaning kuraysh qabilasidan. Muhammad (sav) da’vatlari b-n islomni birinchilardan bo‘lib qabul qilgan. Islomga kirishdan oldin ismi Abdulka’ba edi. Abdulloh ismini Muhammad (sav) qo‘yganlar. Siddiq deb atalishiga sabab shuki, isro va me’roj hodisasini eng birinchi bo‘lib tasdikdagan. Muhammad payg‘ambar unga Siddiq, ya’ni imoni kuchli deb laqab berganlar. Makkadan Madinaga hijrat qilishda Muhammad (sav)ga hamroh, g‘orda hamnishin bo‘lgan. Badr, Uhud, Handaq, Xudaybiya va b. joylardagi janglarda ishtirok etgan. A.B.S. (ra) umr bo‘yi to‘plagan 40 ming dirhamlarini islom yo‘liga sarf qilgan, chunonchi, Bilol Habashiyni sotib olib, qullikdan ozod etgan. Muhammad (sav) vafotlaridan keyin birinchi xalifa bo‘lib saylangan (632). Arab qabilalarining Madina hokimiyatiga qarshi ko‘targan qo‘zg‘olonlarini bostirgan (q. Ridda). A.B.S. (ra) xalifaligi davrida arablar Iroq va Suriyani fath etgan. 634 y.dan Vizantiya imperatori (Rum sultoni) Irakliy (Xiraqil) yuborgan yuz mingdan ortiq qo‘shin ham islom lashkarlaridan yengilgan. Qur’oni karimni tartibga solib, jild holiga keltirishga kirishgan. Sarvari olamdan 142 hadis rivoyat qilgan. Islom davlatini boshqarishda qator tartiblar joriy etgan, mamlakatni boshqarish uchun Maslahat kengashi, har bir viloyatga voliy (hokim) tayinlash, Baytulmol tashkil etish kabilar shular jumlasidandir. A.B.S. (ra) Muhammad (sav) vasiyatlariga sodiq qolib juda kamtarona hayot kechirgan. Madinada vafot etgan va Muhammad (sav) yonlariga dafn qilingan.