Atrof sariq tusda, xiradir osmon,
Yaproqlar shivirlab so'ylamoqda sir.
Sinoatga to'lgan shu fasli xazon,
Hassos yuragimning tarjimasidir.
Xayolim qush kabi uchib ketmoqda,
Ayro yo'llari yo'q shamol yo'lidan.
Taqdirga tan berib hayot o'tmoqda,
Tutib yolg'izlikning so'lg'in qo'lidan.
Huzur-halovatga begona ko'nglim,
Shikasta dillardan izlaydi najot.
Umid-la ko'z tikib, boshin egib, jim,
Qilarin bilmasdan boshlaydi ijod.
Xazin satrlardan qalbimni topib,
Mungli misralardan qidirib to'zim,
O'zim bemor qilib, ham bo'lib tabib,
To'lg'anib yozaman har bitta so'zim.
Daraxtlar sevinchi - ko'klam ilinji...
Men esa oromim qidirib tundan,
Ichimni kemirib, timdalab, yulib,
She'rlarim yozaman...
Shu qolar mendan.
Kuzgi barg sigari sarg'ayib, so'lib,
Uzilib, yo'q bo'lib ketmasam bo'ldi.
Bir-birovga muhtoj foniy jahonda,
Hech kimga keraksiz o'tmasam bo'ldi...
(c)