Bu gaplarni eshitib, hazrati Umar (r.a.) yig‘lab yubordilar. Bu qandoq mo‘minki, o‘zi voliy bo‘laturib, boy bir o‘lkaning hukmdori bo‘laturib, o‘zi kambag‘allarcha turmush kechirsa, Baytul-moldan yegulik olishga haddi sig‘masa. U-ku bir voliy ekan, butun Islom olamining xalifasi hazrati Umarning (r.a.) o‘zlari-chi? Uning ham xonadonida uncha-munchaga qozon qaynamaydi, egnidagi xirqasining bir necha yamog‘i bor. Musulmonlikning, mo‘minlikning qismati shundoq. Voliysi ham, xalifasi ham, olimi ham, fozili ham sabr-qanoatda, tamkin-itoatda bir-biridan o‘zishga harakat qiladi.
Hazrati Umar (r.a.) shundan keyin voliyning vakillariga ming dinor berib tayinladilar:
- Mendan Saidga salom aytinglar. Mana bu pullarni amiral-mo‘minin muhtojlikdan qutilishing uchun berib yubordi, deb aytinglar.
Umar ibn Xattob (r.a.) yuborgan xaltachani vakillar Said ibn Omirga keltirib berishdi. Voliy hayron bo‘lib ochib ko‘rdi. Qarasa, ichi to‘la dinor... Shunda u boshiga og‘ir kulfat tushgan odamday, istirjo aytdi: «Inna lillahi va inna ilayhi roji’un». Xaltachani chetga surdi, kayfiyati buzildi, yuragi siqildi. Oxiri barcha dinorni mayda xaltachalarga solib taqsimladi va hammasini musulmonlarga tarqatib, tinchidi.