Ahmad Muhammad. Haq hamisha g'olib (Umar ul-Foruq)  ( 46292 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 13 B


Munira xonim  10 Oktyabr 2006, 10:01:14

Duo qilgan bu zot insoniyatga Alloh tomonidan yuborilgan oxirgi Payg‘ambar Muhammad alayhissalom edilar. Keyinchalik ham Islomga kirgan mo‘minlar Rasulullohning (s.a.v.) ana shunday duo qilganlarini ko‘p eshitishdi. Har gal u zotning duosiga «Omin», deya qo‘shilib turishdi. Chunki Payg‘ambar alayhissalom ular bilan Islomni aziz va kuchli qilishni istagan ikki kishi Makkaning eng nomdor, oliy martabali, so‘zi o‘tkir kiborlaridan edi. Umar ibn Xattob bilan Amr Ibn Hishom (ya’ni, Abu Jahl) ikkovlari Islom ne’matidan bahramand bo‘lishsa, dinga quvvat bo‘lishini, yuzlab, minglab odamlar ularga ergashishini Rasululloh (s.a.v.) yaxshi bilardilar, doimo shuni orzu qilardilar. Ammo Alloh taoloning hikmati va irodasini qarangki, ularning biri - Umar Ibn Xattobning qalbi iymon nuri ila munavvar bo‘lib, Rasulullohning (s.a.v.) eng yaqin safdoshlariga, xulafoi roshidinning biriga aylandilar, Islom diniga ulkan xizmatlarni qilishga musharraf bo‘ldilar. Ikkinchisi - Amr Ibn Hishom Islomning va musulmonlarning eng katta dushmaniga aylandi, kofirligicha o‘lib ketdi, Abu Jahl nomini olib, la’nat va mazammatlarga g‘arq bo‘ldi.


Qayd etilgan


Munira xonim  10 Oktyabr 2006, 10:01:42

HAZRATI UMARNING ISLOMGA KIRISHI

«Musulmon bo‘lishga keldim»

Makka shahri ajib bir evrilish, g‘alat bir tozarish ostonasida turardi. Jaholat   va   razolat   botqog‘iga   botgan   shahar   bir   nuri   ilohiyningtajallisi ila munavvar va nurafshon bo‘lmoqda edi. Necha asrlardan buyon bijg‘ib yotgan buzuqlik, ifloslik, haqsizlik axlatxonalari uzra bir pokiza va farahbaxsh nasimlar esib, o‘lik qalblarni uyg‘otayotgan edi. Odamlar ummoni po‘rtanalarida bir-biriga zid ikki to‘lqin: shirk va iymon to‘lqinlari kurash boshlagandi. Necha asrlar bo‘yi jaholat, axloqsizlik, qimor, zino, fahsh, ribo qon-qoniga singib ketgan makkaliklar ana shu iflosliklardan xalos bo‘la olmay ikkilanayotgan, qiynalayotgan, g‘azabga minayotgan bir davr boshlangan edi. Arab jazirasidagi bu tabarruk shahar to‘lg‘onib, qaynab-toshib, aziyat cheka-cheka ana shu ikki to‘lqin kurashiga jimgina shohid bo‘layotgandi. Gunohlarga botib ketgan Quraysh Ka’ba atrofini zavq-safo, qimor va mayxo‘rlik uyiga aylantirib olgandi.

Xuddi mana shu pallada Makka yaqinidagi Xiro tog‘ining cho‘qqisidagi torgina g‘orga Alloh taoloning ilk vahiylari tusha boshladi. Alloh taolo tomonidan oxirgi payg‘ambarlikka munosib ko‘rilgan rasullarning sayyidi Muhammad sollallohu alayhi vasallam malak Jabroil alayhissalom keltirgan mujdalarni hayajon, qo‘rquv, qiziqish va ixlos ila qabul qilishni boshlagan saodatli bir davr boshlandi. Jaholat asri o‘z o‘rnini saodat asriga bo‘shatib berayotgan muborak bir zamon boshlanayotgandi.


Qayd etilgan


Munira xonim  10 Oktyabr 2006, 10:02:43

Makka yaqinidagi shahar kiborlari mashvarat va kengashlar o‘tkazadigan Sho‘ro uyi - Dorunnadva bugun har qachongidan bezovta, besaranjom, tahlikali bir to‘lg‘onish og‘ushida. Amir Hamzaning musulmon bo‘lishi Quraysh akobirlarini sarosimaga solib qo‘ygan. A’yonlar to‘plangan joyda Sho‘ro raisi Abu Sufyonning g‘azabnok va qahrli so‘zlari aks-sado berib yangrayotir:

-Ey ahli Quraysh, qachongacha bu bedodlikka tomoshabin bo‘lib turamiz? Abdulmuttalibning nabirasi o‘zini payg‘ambar sanab, ota-bobolarimizning ming yillik dinini oyoq osti qilishiga qachongacha yo‘l qo‘yib beramiz? Uning kasriga Makkaning va Baytullohning chin egalari qurayshiylar ikkiga bo‘linib ketishdi. Ota-bola, aka-uka bir-biriga dushmanga aylandi. Qabila parokandalikka yuz tutdi. Erta-indin Quraysh o‘z mavqeini yo‘qotib, hamma obro‘-e’tiboridan mahrum bo‘ladi...

Boyadan beri g‘azabidan ko‘karib-bo‘zarib o‘tirgan Abu Jahl raisning gapini sabrsizlarcha bo‘lib, shartta o‘rtaga chiqdi:
-Bas, yetar! Muhammadni yo‘q qilmasak, o‘zimiz mag‘lub bo‘lamiz. Qani,
oralaringda bu ishning uddasidan chiqa oladigan biror mard bormi?

Safning orqa tomonidan: «Bor, mana men uning adabini beradigan», degan hayqiriq yangradi. Otilib chiqqan Umar qilichini shartta qinidan sug‘urib, havoda bir silkidi-da, «Uning jonini mahv eturman», deganday tahdid qildi. Har tarafdan kiborlarning «Yashavor, Xattobning o‘g‘li», «Umarday mardlar - Qurayshning faxri», degan qizg‘in xitoblari eshitildi.

Umar qilichini taqib, Ka’bani tavof qildi, Safo tepaligiga qarab yurdi. Uning maqsadi - janobi Rasulullohni jisman yo‘q qilish, shu tariqa Islomning g‘olibona yurishini to‘xtatib qolish edi. U bu ishni qabila oldidagi burchi deb bilardi. Bo‘linib ketgan Qurayshni birlashtirib, avvalgi mavqeini tiklamoqchi edi.

Qayd etilgan


Munira xonim  10 Oktyabr 2006, 10:03:28

Umar yo‘lda Abdulloh o‘g‘li Nuaymga duch kelib qoldi. Uning vajohatini ko‘rib, Nuaym sergak tortdi. Umarni savolga tutdi:
-Yo‘l bo‘lsin, Xattob o‘g‘li?
-Arablar o‘rtasiga nifoq solayotgan Muhammadning vujudini yo‘q qilish uchun ketyapman. U Qurayshni xarob qilyapti, allaqayoqdagi safsatalari bilan ota-bobolarimiz diniga tajovuz qilyapti. Uning adabini berib qo‘yishni Makka kiborlari menga topshirishdi.

Nuaym titrab ketdi. U hali Islomga kirmagan esa-da, agar Umarni chalg‘itmasa, Makkaning eng rostgo‘y va halol kishisi Muhammadga biror kor-hol bo‘lishi mumkin. U tezda bir qarorga keldi:
-Vallohi, juda qiyin ishga bosh uribsan. Muhammadning sahobalari uni qattiq qo‘riqlashadi. Menga qara, Umar, sen Muhammadning dinini mag‘lub qilish uchun ketyapsan-u, u yoqda singling bilan kuyoving allaqachon uning diniga kirib bo‘lishdi-ku!
-Yo‘q, yolg‘on aytasan, Abdullohning o‘g‘li! Bo‘lishi mumkin emas! Agar gaplaring rost bo‘lsa, ikkovini ham qilichdan o‘tkazganim bo‘lsin! - dedi Umar qahr bilan.

Qayd etilgan


Munira xonim  10 Oktyabr 2006, 10:04:38

U yo‘lidan qaytib, to‘ppa-to‘g‘ri kuyovi Saidning uyiga bostirib bordi. Bu yerda bir necha ashob Qur’on mutolaasi ila mashg‘ul edi. Umarning selday shiddat bilan kirib kelishi Saidning uyiga to‘planganlarni parokanda qilib yubordi. O’qib o‘rganilayotgan muqaddas Qur’on sahifalari darhol yashirildi. Umar ichkariga kirar-kirmas, vahshat ila so‘radi:
-Menga qara, badbaxt, dindan qaytdingmi, nima o‘qiyotgan eding?
-Nima o‘qiyotganimizni senga aytolmaymiz.
-Ie, kuyovim bo‘laturib, hali mendan sir yashiradigan bo‘ldingmi?

Umar shunday dedi-yu, Saidni yerga yotqizib do‘pposlay ketdi. Ozg‘in va nimjon Said filday baquvvat va jahldor Umarga aslo bas kelolmasdi. Vaziyatning qaltis tus olayotganini ko‘rgan Umarning singlisi Fotima yig‘lab yubordi va erini ajratish uchun akasining qo‘liga yopishdi. Bu «odobsizlik»ka chidolmagan Umar singlisining basharasiga musht solib yubordi. Ayolning yuz-ko‘zi qonga belandi. U shunda ham taslim bo‘lmadi, aksincha, g‘azab va qat’iyat bilan akasiga mag‘rur tikildi:
-Allohdan qo‘rq, ey Umar! Kuching bir xotinga yetdimi? Erim bilan musulmon bo‘ldik. Boshimizni olsang ham, biz baribir musulmonlikdan kechmaymiz!

Qayd etilgan


Munira xonim  10 Oktyabr 2006, 10:04:58

«Voajab! Avvalgi yuvvoshgina, itoatgo‘y Fotima aytyaptimi shu so‘zlarni? Undagi bu ishonch, bu shijoat, bu qat’iyat qaerdan paydo bo‘ldi?» Yuzidagi qonlarga ham parvo qilmay, qahrli ko‘zlarini akasidan uzmay turgan Fotimaning shu topdagi holatini ko‘rib, aka hovridan tushdi. U qilgan ishidan pushaymon edi. Ular o‘qiyotgan qog‘ozlarni so‘radi, keyin allaqanday soxta beparvolik, loqaydlik bilan o‘qiy boshladi. Bular «Hadid» surasining quyidagi ilk oyatlari edi:

«Osmonlardagi va yerdagi narsalar Allohga tasbeh aytdi. Va U aziz va hakimdir. Osmonlaru yer Uning mulkidir, tiriltiradi va o‘ldiradi, U har bir narsaga qodirdir. U osmonlaru yerni olti kunda yaratib, so‘ngra Arshga ko‘tarilgan Zot. Yerga nima kerakligini ham, undan nima chiqqanini ham, osmondan nima tushganini ham biladi. U qaerda bo‘lsangiz ham, siz bilan birga. Alloh qilayotgan amallaringizni ko‘rib turuvchidir. Osmonlaru yerdagi mulklar Unikidir va barcha ishlar Allohning O’zigagina qaytadi. Kechasini kunduzga kiritadi, kunduzni kechasiga kiritadi va ko‘ksingizdagi narsani ham yaxshi biluvchidir. (Ey insonlar) Allohga va Uning payg‘ambariga iymon keltiringlar...»



Qayd etilgan


Munira xonim  10 Oktyabr 2006, 10:05:26

Bu ne sir-sinoatki, oyatlarni o‘qib bo‘liboq Umar taxtadek qotib qoldi. Avvalda hech eshitmagan bu fasohatli oyatlarning yuksak ohangi, teran mazmunidan hayratga tushdi, vujudi larzaga keldi, ko‘zlariga yosh qalqdi. Alloh kalomining ta’siri ruhini qamrab oldi. Shu zahoti tillari beixtiyor «Ashhadu anla ilaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan rasululloh» degan kalimani qaytara boshladi. U ajib bir holatga tushib qolgan, nazarida vujudi ham o‘ziga bo‘ysunmayotganday edi. Mushrik Umar o‘rniga mo‘min Umar paydo bo‘lib qolgandi. U atrofida hayron qotgan odamlarga titrab-qaqshab murojaat qildi:
-Meni Allohning payg‘ambari huzuriga yetkazinglar!

Bu paytda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Arqamning Safodagi uyida ashoblari bilan din suhbati qurib o‘tirgandilar. Umar eshikdan ovozining boricha: «Men musulmon bo‘lishga keldim», deb hayqirar edi.

Mushriklar tarafdori bo‘lgan, hamisha ularning suhbatida qoim turgan bu jangari va badjahl odamning suhbatga beijozat va shitob ila kirib kelishi ashobni sergaklantirdi. Sababi Umardan hamma narsani kutish mumkin edi. Ehtimol, u Nabiy alayhissalomga suiqasd qilish uchun kelgandir? Yaqindagina Islom ne’matidan bahramand bo‘lgan hazrati Hamzaning qo‘li beixtiyor qilich dastasiga yugurdi. Ikki-uch sahoba shaxdam o‘rindan turib, Umarning qo‘lini qayirishga shay turardi. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nim tabassum ila «Unga tegmanglar», deb ishorat qildilar.

Qayd etilgan


Munira xonim  10 Oktyabr 2006, 10:05:42

Bundan dadillangan Umar Rasulullohning (s.a.v.) oldilariga yaqinlashdi. Shunda Payg‘ambar alayhissalom Umarning ko‘ylagidan tortib, shunday dedilar:
-   Ey Xattob o‘g‘li, Islomga kelsang bo‘lmaydimi?

-   Bunga javoban Umar:
-   Ashhadu anla ilaha illallohu va annaka Rasululloh, - deb shahodat kalimasini aytib yubordi. Rasululloh (s.a.v.):
-   Allohu akbar! - dedilar.

Odamlar bu quvonchli holdan shodlanib, yeru-ko‘kni «Allohu akbar!» takbirlariga to‘ldirib yuborishdi. Bu takbirdan tog‘lar larzaga kelayozdi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Umarning Islomga kirganida Payg‘ambarimiz huzurlariga Jabroil alayhissalom tashrif buyurib, Umarning musulmon bo‘lganiga maloikalar ham xursand bo‘lganining xabarini berib ketgan ekanlar.


Qayd etilgan


Munira xonim  10 Oktyabr 2006, 10:06:23

Eng baxtli kun

Makka musulmonlarining qirqinchisi bo‘lgan Umar hozir juda baxtiyor edi. Ana shunday mard, jasur, shijoatli insonning Islomga kirganidan ashoblar ham shod va mamnun edilar. Ular:
-   Dushanba kuni Rasulimiz Robbilaridan Abu Jahl yohud Umar birla Islomni madadlantirishni so‘rab duo qilgandilar. Allohga behisob hamdlar bo‘lsinki, ushbu ulug‘ sharafga siz noil bo‘ldingiz, ey Umar, - deb birodarlarini muborakbod etishdi.

Hammalari Umarning taklifi bilan birgalikda Arqamning uyidan chiqib, Ka’ba sari yurishdi. Ka’ba atrofida Makka mushriklari ko‘pligidan oz sonli musulmonlar u yerda ibodat qilishga botinolmas, hatto u yerda hozir bo‘lishdan ham hayiqishardi. Hozir saflarida Umar bo‘lgani uchun ular Ka’baga dadil yaqinlashib kelishdi. «Dorun-nadva»da Umarning qaytishini poylab o‘tirgan mushriklar safdoshlarining olomonni boshlab kelayotganidan xavotirga tushdilar. Oldinda kelayotgan Umar Quraysh peshvolariga qarata shunday dedi:
-Ey ahli Quraysh, meni tanimasanglar tanib olinglar, men Xattobning o‘g‘li Umarman! Men bugun Islomni qabul qildim: Allohdan o‘zga iloh va ma’bud yo‘q, Muhammad uning bandasi va elchisidir.

Qayd etilgan


Munira xonim  10 Oktyabr 2006, 10:06:50

Umarning baland ovozda shahodat kalimasini aytib kelishi mushriklarni tamoman dovdiratib, sarosimaga solib qo‘ydi. Boyagina Islomga kirgan Umar Abu Jahlning uyiga borib, musulmon bo‘lganini aytganida, u uyiga ham kiritmay so‘kib jo‘natgandi. Hozir ro‘parasidagi Quraysh mushriklari uning musulmon bo‘lganidan g‘oyat g‘azablanib ketishdi. Umar arslon kabi ularga tashlandi. Janjal kuchayib, vaziyat qaltis tus ola boshladi. Qon to‘kilishi ayon bo‘lib qoldi. Holatning yomonlashuvini sezib qolgan Umarning ona tomondan qarindoshlari Os Ibn Voil o‘rtaga tushib, mushtlashayotganlarni ajrata boshladi.

Ishning pachavasi chiqqanini sezgan mushriklar birin-ketin masjidni tark eta boshlashdi.  Hozirgacha ular  musulmonlarning Haramda ibodat qilishlariga to‘sqinlik ko‘rsatib kelishardi. Alamga kirgan Umar musulmon birodarlarini ochiq, erkin suratda ibodat qilishga da’vat etdi. Qurayshiy mushriklarga qasdma-qasdiga Haramda ilk bor jamoat bo‘lib namoz o‘qildi.

Qayd etilgan