Ahmad Muhammad. Haq hamisha g'olib (Umar ul-Foruq)  ( 69211 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 13 B


Munira xonim  10 Oktyabr 2006, 10:13:45

Umar ibn Xattob (r.a.) yana hayajonga tushib, to‘g‘ri Abu Bakr Siddiqni qidirib ketdilar. Unga ham yuqoridagi e’tirozlarini bildirdilar. Hazrati Abu Bakr (r.a.):
-   Hazrati Muhammad (s.a.v.) Allohning payg‘ambaridirlar, nima qilsalar ham, Allohning amriga muvofiq qiladilar. Bu qiziqqonlik nechun, birodari aziz? - deb hazrati Umarni ogohlantirdilar.

Hazrati Umar (r.a.) qizishgan holda sayyidul-mursalin Muhammadga (s.a.v.) qilgan qo‘pol muomalalaridan keyinchalik ko‘p pushaymonlik va afsus chekdilar, Alloh taoloning mag‘firatiga noil bo‘lmoq uchun nafl ibodatlar qildilar, ro‘za tutib yurdilar va bir necha qulni ozod qildilar. Ana shu voqea esa musulmonlar o‘z shaxsiy fikrlarini izhor etishda naqadar hur, erkin ekanliklariga ham bir misoldir.


Qayd etilgan


Munira xonim  10 Oktyabr 2006, 10:14:01

Shayton ham qochgay..

Bir kuni Umar ibn Xattobning (r.a.) janobi Rasulullohni (s.a.v.) ko‘rgilari kelib qoldi. Payg‘ambar alayhissalomning xonadonlariga yetib borib, u zotning huzurlariga kirmoqqa izn so‘radilar. Shu paytda ichkarida Quraysh qabilasining bir guruh ayollari bor edi. Erkaklar qatori ayollar ham o‘zlarini qiziqtirgan, yechisha olmayotgan savollariga javob   so‘rab,   tez-tez   Rasuli   akramning   (s.a.v.)   huzurlariga   kelib turishardi. Bu gal ham ular ezmalanib nimanidir so‘rab turishgan ekan. Rasulullohning (s.a.v.) ovozlari ayollarning shanqi tovushlari orasidan arang quloqqa chalinib qolardi.

Ijozat bo‘lgach, hazrati Umar ichkariga kirib bordilar. U kishining kirganini ko‘rgan ayollar shosha-pisha hijob-ro‘mollariga o‘ranib olishdi. Bu holatni ko‘rib janobi Rasululloh (s.a.v.) miyig‘larida chiroyli tabassum qilib qo‘ydilar. Hazrati Umar buni ko‘rib: «O’ Rasululloh, ota-onam sizga fido bo‘lsin, Alloh taolo sizni umr bo‘yi kuldirsin», dedilar. Shunda janobi Rasululloh (s.a.v.) shunday dedilar: «Men hozir manavi huzurimdagi ayollardan taajjubdaman, sening ovozingni eshitib, ular shosha-pisha ro‘mollarini o‘rab olishdi». Hazrati Umar bunga javoban: «Siz ayollarning izzat-ehtirom va hayo qilmoqliklariga hammadan ham haqliroqsiz», dedilar va ayollarga o‘girilib, ularga dashnom berdilar: «Ey o‘ziga-o‘zi dushmanlar, nechun mendan uyalib, Allohning Rasulidan hayo qilmaysizlar?» Ayollar bu ta’naga javoban chuvillashib: «Siz janobi Rasulullohga nisbatan qo‘polroq va dag‘alroqsiz, vajohatingizdan qo‘rqamiz», deyishdi. Shunda Rasuli akram (s.a.v.) shunday dedilar: «Ey Xattobning o‘g‘li! Jonim qo‘lida bo‘lgan zot haqqi, agar sening yo‘lingdan hatto shayton chiqib qolsa, (dag‘alligingdan qochib) boshqa yo‘lga burilib ketgay!» Ayollar Payg‘ambar alayhissalomning gaplarini tasdiqlab, bosh silkib qolishdi.




Qayd etilgan


Munira xonim  10 Oktyabr 2006, 10:14:28

Umid - oxiratdan!

Bir kuni hazrati Umar (r.a.) Rasuli akramni (s.a.v.) ziyorat qilmoq uchun bordilar. Hazrati Oishadan (r.a.) izn so‘rab, hujrai saodatga kirib bordilar. Kichkinagina hujra. Bir tomonda yalong‘och bir sadr. Ustida teridan tikib, ichiga poxol solingan bir to‘shak. Bir burchakda xaltaning tagida bir hovuch suli. Bitta po‘stak, nariroqda suvi bo‘shagan mesh. Allohning so‘nggi payg‘ambari, butun Islom olamining rahbari, dunyoning yarmiga Alloh taoloning haq dinini yoyib, yotqizib-turg‘izayotgan komil insonning uy jihozlari shular edi, xolos. Hazrati Oisha (r.a.) ham ana shu kamtarona hayot tarziga ko‘nganlar. Oylab qozon osilmasa ham, go‘sht va bug‘doy noni bu xonadon uchun nihoyatda tansiq bo‘lib ketsa ham, yemishlari nuqul xurmo va suv bo‘lib qolsa ham zorlanmaydilar, Rasuli akramni (s.a.v.) ta’na va malomat bilan qiynamaydilar. Chunki bu zot Alloh roziligi yo‘lida shu turmushni, shu yo‘lni tanlaganlarini yaxshi biladilar.

Hujradagi bu holatni, Rasuli akramning (s.a.v.) birgina ehromda o‘tirganlarini ko‘rib, hazrati Umar (r.a.) o‘zlarini tutib turolmadilar. Ko‘zlaridan yosh jalasini oqizib, yig‘lab yubordilar. Rasuli akram (s.a.v.) taajjublanib, yig‘i sababini so‘radilar.

Hazrati Umar (r.a.) hamon o‘zlarini bosolmay, bolalar kabi piq-piq yig‘lab javob aytdilar:
-   Siz ustida yotgan ko‘rpa badanlaringizga botib, iz qoldiribdi. Butun mol-mulkingiz shu xona ichida, ko‘rib turibman. Qozoningizga nima tushayotganidan ham xabarim bor. U yoqda qaysarlar va kisrolar oltin-kumush ichra ko‘milib yotibdi, dunyoning butun zavq-shavqi va lazzatiga g‘arq bo‘lgan, dasturxoniga kuniga bir necha xil taom va nozu-ne’matlar tortiladi, bir necha sidra kiyim kiyadi. Aslzodalar, boylar, akobirlar ham dunyo ne’matlaridan foydalanishda ulardan qolishmaydi. Siz esa Allohning payg‘ambarisiz, musulmon olamining rahnamosisiz, shundayin
hayot kechiryapsiz, shunga aslo toqat qilolmayapman.

Rasuli akram (s.a.v.) hazrati Umar gapini tugatishi bilan nim tabassum qilib qo‘ydilar-da:
-   Ey Xattobning o‘g‘li! Sen bu dunyo ularniki, oxirat ne’mati bizniki bo‘lishini istamaysanmi? Mening bor umidim - oxirat dunyosidan! — deb marhamat qildilar.

Qayd etilgan


Munira xonim  10 Oktyabr 2006, 10:14:43

Ilmga yo‘ydilar

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eng yaqin safdoshlari Abu Bakr Siddiq va Umar ibn Xattobni tez-tez tushlarida ko‘rib turardilar. Bir kuni Payg‘ambar alayhissalom shunday deb qoldilar:
-   Men uxlab yotganimda tush ko‘rdim. Tushimda sut ichdim, hatto uning tirnoqlarim atrofidan oqib chiqayotganini ham ko‘rdim. So‘ng sutning ortib qolganini Umar ibn Xattobga berdim.
-   
Shunda sahobalar Rasuli akramdan (s.a.v.) so‘rashdi:
-   Buni nimaga yo‘ydingiz, yo Rasululloh?
-   Ilmga, - dedilar u zot.

Qayd etilgan


Munira xonim  10 Oktyabr 2006, 10:14:58

Uzun ko‘ylakda..

Yana bir kuni Rasululloh (s.a.v.) hazrati Umarni tushda ko‘rganlarini so‘zlab berdilar:
-   Men uxlab yotgandim, tushimda ko‘ylak kiyib olgan odamlar menga namoyon bo‘ldi. Ba’zi ko‘ylaklarning etagi tizzaga qadar tushib turibdi, boshqalari esa kaltaligidan tizzaga ham yetmaydi. Umar uzun ko‘ylak kiyib olgan bo‘lib, etagini sudrab borardi.

Shunda sahobalar u zotdan savol so‘rashdi:
-   O’ Rasululloh, buni nimaga yo‘ydingiz?
-   Dinga, - dedilar Payg‘ambar alayhissalom.


Qayd etilgan


Munira xonim  10 Oktyabr 2006, 10:15:16

Achchiq haqiqat

Bu kun musulmonlar uchun eng og‘ir, eng musibatli, eng qayg‘uli kun bo‘ldi. Alloh taoloning so‘nggi rasuli, payg‘ambarlarning sayyidi, eng komil inson hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallam dorul-omonatdan dorul-baqoga rixlat qilayotgan kun edi. Bir necha kungi xastalik dushanbaga o‘tar kechasi kuchaydi, ammo bemorlikka qaramay, Rasuli akram  (s.a.v.) erta tongda hazrati Ali va hazrati Fazl yordamida jome’ga chiqmoqni ixtiyor etdilar. Hazrati Abu Bakrga iqtido  qilib, bomdodni o‘qidilar, kuchlari yetganicha, jamoatga va’z-nasihatlar qildilar.

Xonalariga qaytib kelganlarida ahvollari ancha og‘irlashgan edi. Peshingacha bir necha bor o‘zlaridan ketib qoldilar. Ora-sira yonlaridagi suv idishga qo‘llarini botirib, yuzlarini ho‘llab olardilar, shahodat kalimasini keltirib, o‘lim qo‘rquvi va shiddatiga bardosh bermoqlikda yordam so‘rab, Allohga iltijo qilardilar. Lablari tinmay ushbu duoni takrorlardi: «Allohim, meni afu et! Meni rafiqu a’loga (payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlar, solih zotlar maqomi) yetkazgin!»

Hazrati Rasululloh (s.a.v.) hazrati Oishaning qo‘llarida jon berdilar, muborak ruhlari Buyuk Allohga qovushdi.

Qayd etilgan


Munira xonim  10 Oktyabr 2006, 10:15:35

Rasuli akram vafot etgan kunlari Madina ahli qattiq motamda qoldi. Peshindan so‘ng o‘lim xabari hamma yoqqa tarqalib, xonadonlarga qayg‘u, musibat, g‘am-alam kirib bordi. Ashobi kirom ham, xesh-aqrabolar chuqur iztirobda, mutaassir, esankiragan holatda edilar. Hazrati Ali tek qotgan, hazrati Usmonning tili tutilgan edi. Mo‘minlar tinmay ko‘z yoshi to‘kishar, motam tutar, munofiqlar esa xursandchiligini yashirolmasdi. Bunday ahvoldan hazrati Umar (r.a.) g‘azab otiga mingan, o‘zini bosolmas, bu ayriliqqa, so‘ngsiz musibatga chidolmay, qafasga tushgan qush kabi har yonga urar, qayg‘ulari vujudiga sig‘may qiynalardi. U qilichini qinidan sug‘irib olgan, uni havoda o‘ynatib, o‘zi tinmay telbalarday qichqiradi:
-   Yo‘q, Muhammad o‘lmagan! U shunchaki behush bo‘lib qoldi, ko‘p o‘tmay, o‘ziga keladi! Kim Muhammadni o‘ldi, deydigan bo‘lsa, bo‘ynini shu zahoti uzib tashlayman!


Qayd etilgan


Munira xonim  10 Oktyabr 2006, 10:15:56

Shunday nozik va tahlikali bir paytda o‘zini tutib, sarosimaga tushmagan hazrati Abu Bakr Siddiq bo‘ldilar. U kishi janobi Rasululloh (s.a.v.) bilan vidolashdilar, «Hayotligingizda ham ko‘rkam edingiz, o‘limingiz ham ko‘rkam!» deb peshonalaridan o‘pdilar. Keyin hamon o‘zini bosolmay, hayqirayotgan hazrati Umarga (r.a.) qarata: «Jim bo‘l, yo Umar!» deb uni tinchitdilar. Keyin masjidga kirib, xalqqa yuzlanib gapirdilar: «Ey insonlar! Orangizda Muhammadga sig‘ingan kishi bo‘lsa, yaxshi bilib olsinki, Muhammad o‘ldi. Allohga ibodat qilganlar bo‘lsa, yaxshi bilib olsinlarki, Alloh boqiydir, aslo o‘lmagaydir». Keyin Qur’oni karimdan payg‘ambarlar, shu jumladan, Muhammad alayhissalom ham o‘tguvchi va o‘lguvchi ekanlari haqidagi oyatlarni o‘qidilar. Shundagina boshqalar qatori hazrati Umar (r.a.) ham tinchlandi. Hushi o‘ziga qaytdi. Sodir bo‘lgan voqeaning achchiq haqiqatini anglab yetdi. Shundagina o‘n olti yil yonlaridan bir dam jilmagan do‘stlaridan, Allohning rasulidan ayrilib qolganlariga ishonib, o‘ksib-o‘ksib yig‘ladi.


Qayd etilgan


Munira xonim  10 Oktyabr 2006, 10:16:25

AHLI JANNAT SAYYIDLARI

Rasululloh sirlari

Hafsa binti Umar hazrati Umarning (r.a.) qizlari edi. U Rasuli akramning (s.a.v.) sahobalaridan Xaniys ibn Xuzoma as-Sahmiyning xotini edi. U Madinada vafot topdi va Hafsa tul qoldi. Shunda Umar ibn Xattob (r.a.) qizini xayriyat ahllaridan birortasiga xotin qilib berishni o‘ylab qoldi. U birodari Usmon ibn Affon (r.a.) huzuriga borib, tul qolgan qizini xotinlikka olishini taklif qildi. Negadir hazrati Usmon bu taklifga uncha ro‘yxushlik bermadi. «Biroz o‘ylab ko‘rayin», degan mavhumroq javobni qildi. Hazrati Umar (r.a.) bir necha kun kutib toqati tugadi. Shunda hazrati Usmonning (r.a.) o‘zi kelib uchradi va: «Shu kunlarda uylana olmayman, shekilli, buning ilojini topolmadim», dedi.

Hazrati Umar (r.a.) uning gapidan hafsalasi pir bo‘lib, boshqa birodari Abu Bakr Siddiqning (r.a.) huzuriga jo‘nadi. Hazrati Usmonga aytilgan taklif unga ham yetkazildi: «Agar istasangiz, qizim Hafsani sizga nikohlab qo‘yaman». Hazrati Abu Bakr Siddiq lom-mim ham demadi, indamay burilib ketaverdi.

Qayd etilgan


Munira xonim  10 Oktyabr 2006, 10:16:51

Umar ibn Xattob (r.a.) bir necha kun u kishidan javob bo‘lishini kutib yurdi. Ammo birodarlari hamon sukutda edi. Tabiatan qiziqqon Umarning (r.a.) bundan jahli chiqdi, kuyundi: «Qizimni tortiq qilib tursam-u bu odam yo «ha», yo «yo‘q» demasa. Hatto Usmon kabi bir tayinli javob qilmasa!»

Oradan bir kun o‘tdi. Ana shu muhlat ichida Sarvari olam Muhammad (s.a.v.) Hafsani so‘rattirib qoldilar. Hazrati Umar (r.a.) juda sevinib ketdi: «Allohning rasuli qizini so‘rattirsa, sen u zotga qaynota maqomiga erishsang, inson uchun bundan ortiq sharaf va baxt bormi?» Ularning nikohini hazrati Umarning (r.a.) o‘zlari o‘qidi.

Ana shunday mas’ud kunlarning birida hazrati Umar (r.a.) do‘stlari Abu Bakr Siddiqni (r.a.) uchratib qoldilar. Abu Bakr Siddiq birodariga shunday dedilar:
-   O’shanda qizing Hafsani menga xotinlikka taklif etganingda, nega lom-mim demay ketganim sababini bilganmisan? Nazarimda, mening bu qilig‘imdan og‘rinib, xafa bo‘lgansan ham. Aslida, bu taklifingga ko‘nmaganimning sababi bor. Bir kuni janob Rasulullohning o‘z suhbatlarida Hafsa haqida gapirib o‘tganlaridan xabardor bo‘ldim. Sarvari olamning bu niyatlari meni taklifingga ko‘nishimga monelik qildi.

-   Nega bu gaplarni o‘shanda menga ochiq ayta qolmading? - deb so‘radilar hazrati Umar (r.a.).
-   Chunki men u zotning sirlarini oshkor qila olmasdim-da! Bordi-yu janob Rasululloh qizingni olmaganlarida, men olgan bo‘lardim, - dedi hazrati Abu Bakr Siddiq (r.a.) birodariga mehr ko‘zi bilan boqib.

Qayd etilgan