Ahmad Muhammad. Haq hamisha g'olib (Umar ul-Foruq)  ( 69182 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 B


Munira xonim  11 Oktyabr 2006, 07:29:34

Vaqt o‘tib borardi. Bolalar hamon yig‘idan to‘xtamas, ayol esa «Sabr qilinglar, hozir ovqatni suzaman, ozgina qoldi», deb takrorlashdan charchamasdi. Hazrati Umar chidab turolmadilar va Abbosga:
- Yur, ichkariga kiraylik-chi, nima gap ekan? - dedilar. Ikkovlon orqama-orqa chodirga kirishdi. Hazrati Umar ayolga salom berdilar.
-   Assalomu alaykum!
-   Va alaykum assalomu va rohmatullohu va barokatuh, - deb go‘zal javob qaytardi boyagi ayol.
-   Bolalarga nima bo‘lgan, nega ular yig‘idan to‘xtashmayapti? -so‘radilar hazrati Umar (r.a.).
-   Qorinlari och.
-   Nega qozondagi ovqatdan bermayapsan?
-   Ovqat bo‘lganda, bermasmidim. Ularni aldab, ovuntirib o‘tiribman, xolos. Zora, yig‘idan charchab uxlab qolishsa. Ularga yediradigan hech narsa yo‘q! - dedi ayol bo‘shashib. Hazrati Umar (r.a.) qozonni kavlab ko‘rdilar. Ozgina suv ichiga bir necha mayda tosh tashlab kavlab o‘tirgan ekan.


Qayd etilgan


Munira xonim  11 Oktyabr 2006, 07:29:50

-   Nega bunday nochor ahvolda qolding? - so‘radilar amiral-mo‘minin.
-   Mening hech kimim yo‘q, na aka-ukam, na otam, na erim... Birortayam qarindoshim yo‘q, yolg‘iz ayolman.
-   Unda nega mo‘minlar amiriga borib, ahvolingni tushuntirmading? Baytul-moldan biror narsa berardi-ku!
-   Vallohi, Umar menga zulm qildi, - dedi ayol. Ayolning bu gapidan hazrati Umar (r.a.) dahshatga tushdi, vujudlari qalt-qalt titray boshladi, peshonalaridan sovuq ter chiqib ketdi.
-   Ey xola, Umar senga nima zulm qildi? - deb so‘radi xalifa arang tilga kirib.
-   Ha, Xudo haqqi, Umar bizga zulm qildi. U boshlig‘imiz edi, qo‘l ostidagi har bir odamning hol-ahvolidan ogoh bo‘lib turishi mumkin edi. Axir musulmonlar orasida mendaqa serbola, nochor, yordam va shafqatga muhtoj oilalar bor-ku!
-   Umar sening ahvolingni qaerdan bilsin? Sen unga arz bilan borib, ahvolingni ma’lum qilib qo‘yishing kerak edi., - dedi hazrati Umar (r.a.).
-   Yo‘q, vallohi, haqiqiy boshliqlar qaramoqlaridagi odamlarning nimaga muhtojligidan doimo xabardor bo‘lishlari kerak. Ehtimol, mendaqa kambag‘alning hayosi yo‘l qo‘ymay, boshliq oldiga borishga iymanar...
-   Haq gapni aytding! - dedi hazrati Umar (r.a.). - Bolalarni ozgina tinchitib tur, men hozir kelaman!

Qayd etilgan


Munira xonim  11 Oktyabr 2006, 07:30:07

Hazrati Umar (r.a.) Abbosni yetaklab chiqib ketdi. Xazinaga borib, ichkariga kirishdi. Hazrati Umar (r.a.) bitta qopga unni to‘ldirib, Abbos yordamida yelkaga oldilar. Ko‘zada turgan yog‘ni Abbosga ko‘tartirib, ikkovlon boyagi ayolning chodiriga jo‘nashdi. Yo‘l xiyla olis edi, qopdagi un hazrati Umarning (r.a.) peshonasiga, ko‘z-yuziga to‘kilib borar, terga qorishib qotib qolardi. Xalifaning charchagani va qiynalayotganini ko‘rgan Abbos yordamlashmoqchi bo‘ldi.

-   Ota-onam sizga fido bo‘lsin, amiral-mo‘minin. Charchab ketdingiz, qopni men ko‘tarib olay!
-   Yo‘q. Xudo haqqi, sen qiyomat kuni bo‘lganda, mening gunoh va zulmimni ko‘tara olmaysan. Ey Abbos, shuni bilib qo‘yki, zil-zambil tog‘larning og‘irligini ko‘tarish oxiratda katta-kichik jinoyatlar azobini ko‘tarishdan osonroq. Yuraqol, Abbos, bolalar charchab uxlab
qolmaslaridan yetib boraylik!


Qayd etilgan


Munira xonim  11 Oktyabr 2006, 07:30:21

Hazrati Umar (r.a.) va Abbos qadamlarini tezlatishdi. Chodirga yetib kelganlarida ikkovi ham holdan toyib, madordan ketib bo‘lishgandi. Qop yelkadan tushdi. Hazrati Umar (r.a.) o‘choq boshiga borib, qozon ichidagi toshlarni to‘kib tashlab, tozaladi. Unga yog‘ solib, o‘t qaladi. O’tin ho‘l ekan, anchagacha tutab yonmadi. Xalifa engashib, o‘tinga puflay boshladi. Bu yumushlarni Abbos qilmoqchi edi, xalifa ko‘nmadi. Qozonga o‘zi yog‘ solib, un bilan aralashtirib, taom tayyorlay boshladi. Ovqat pishgach, o‘zi uni sovutib bolalarga yedirdi. Ularning qorni to‘yib, o‘ynay boshlaganlaridan keyingina ko‘ngli tasalli topdi. Bu ishlarni hayron bo‘lib kuzatib turgan ayol hazrati Umarga (r.a.) shunday dedi:
-   Hoy yaxshi odam, aslida Umarning o‘rniga sen loyiq odam ekansan!
Shunda hazrati Umar o‘ng‘aysizlanib:
-   Men amiral-mo‘mininning yaqinlaridan bo‘laman. Men ahvolingni unga tushuntirib qo‘yaman. Ertaga uning huzuriga borgin, men ham o‘sha yerda bo‘laman. Inshaalloh, hammasi yaxshi bo‘ladi, - dedi.

Qayd etilgan


Munira xonim  11 Oktyabr 2006, 07:31:30

Ikkovlon ayol bilan xayrlashib tashqariga chiqdi. Shundagina xalifa yengil tin olib, chuqur xo‘rsindi:
-   Bugun g‘alati tun bo‘ldi, ey Abbos! Vallohi, o‘sha ayolning bolalarini tosh qaynatib aldayotganini ko‘rganimda, go‘yo tog‘lar silkinib, yelkamga ag‘darilganday bo‘ldi. Masalliqni keltirib, ovqatni pishirib ularga edirganimdan keyingina o‘sha zil-zambil tog‘ yelkamdan tushdi.
Alhamdulillahki, bir haqsizlikning oldi olib qolindi.

Xalifa va Abbos o‘sha tun birga qolishdi. Hazrati Umar (r.a.) tong otguncha to‘lg‘onib uxlolmay chiqdi. Ertasiga tong otgach, o‘sha ayol xalifa huzuriga kirib keldi. Hazrati Umarni (r.a.) boshqa kiyim, boshqa maqomda ko‘rib qolib, qo‘rqqanidan dag‘-dag‘ titray boshladi. Ammo xalifa unga dalda berdi:
-   Qo‘rqmang, sizni bu yerga taklif etishdan murod, kecha siz mendan Allohga shikoyat qilgan edingiz. Shu shikoyatingizni men sotib olmoqchiman, qanchaga sotasiz?
Ayol ham qo‘rquv, ham taajjubdan tili kalimaga kelmasdi.
-   Ey Abbos, siz guvoh bo‘ling, - dedi xalifa o‘rnidan turib, o‘sha shikoyatni o‘z pulimdan 500 dinorga sotib oldim.
Hazrati Umar (r.a.) pulni sanab, ayolga uzatdi. Undan yetkazilgan ozor uchun qayta-qayta uzr so‘radi. Unga va bolalariga Baytul-moldan har oyga yetguday miqdorda nafaqa tayinladi va uning ijrosini doimo nazorat qilib yurdi.

Qayd etilgan


Munira xonim  11 Oktyabr 2006, 07:31:48

Bola bilan suhbat

Hazrati Umar (r.a.) erta tongda masjidga borishni odat qilgandilar. U kishi hali azon aytilmasdan masjidga kirib, namoz vaqti bo‘lishini kutib o‘tirardilar.
O’sha kuni ham tong otmay, masjidga otlanib, yo‘lga chiqdilar. Ko‘chada shoshilinch ketib borarkanlar, bir bolaga ko‘zlari tushdi. U ham qayoqqadir shoshilib ketayotgandi. Hazrati Umar (r.a.) qiziqsinib bolakaydan so‘radilar:
-   Ey bolam, erta tongda bunchalik shoshilib qayoqqa ketyapsan?
-   Namoz o‘qish uchun masjidga boryapman, - burro javob qildi o‘sha bola, - namoz vaqti yaqinlashib qoldi. Mening esa tahoratim yo‘q edi, shuning uchun azon aytilmay turib, tahorat olishim va namoz vaqtini kutishim kerak. Shuning uchun shoshilyapman.

Hazrati Umar (r.a.) bolaning javobidan suyundi, ammo uni bir sinab ko‘rish uchun yana savolga tutdi:
-   Bolam, hali juda yosh ko‘rinasan, hatto namoz ham farz bo‘lmagan, senga
qiyin bo‘lmayaptimi?

Qayd etilgan


Munira xonim  11 Oktyabr 2006, 07:32:12

Ammo bola savolga dovdirab  qolmadi, aksincha, bir hayajon  ichida qizg‘in javob qildi:
-   Hazratim, nahotki, bu ishda yoshning ahamiyati bo‘lsa? Kecha mahallamizda mendan ham yoshroq bir bola vafot etdi. Demak, menga ham shuncha yil yashaysan, deb kafolatlab qo‘yilmagan. Shuning uchun ibodat qilishga oshiqaman.

Hazrati Umar (r.a.) bolaning bu qadar zukkolik bilan aytgan javobidan hangu-mang bo‘ldi, ikki qarama-qarshi tuyg‘u og‘ushida qoldi. Bir tomondan bolaning kichik yoshdayoq Allohdan qo‘rqib, uning ibodatiga shoshganidan quvongan bo‘lsa, ikkinchi tomondan aqlini tanigan kap-katta odamlarning g‘aflatda, jaholatda yurganidan mutaassir bo‘lib, qayg‘u chekdi.


Qayd etilgan


Munira xonim  11 Oktyabr 2006, 07:33:33

Allohning qadaridan...

Umar (r.a.) bir necha mulozimlar bilan Shom safariga chiqdi. Maqsad - u yerdagi musulmonlarning ahvolini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish, holidan xabar olish, Shom voliysi, mashhur sahobiy Abu Ubayda ibn Al-Jarrohning arzi-iltimoslariga quloq osish edi. O’nlab otlar karvoni kechga yaqin Hijozdan keladigan yo‘lda birinchi bo‘lib to‘qnashiladigan Shom qishlog‘i - Sirg‘ga yetib keldi. Bu yerda xalifa Umar va uning yo‘ldoshlarini Ajnod (Falastin, O’rdun, Damashq, Xims, Qunsurayn) amirlari Shom voliysi boshchiligida kutib olgani chiqqan ekanlar.

Abu Ubayda hazrati Umar otining jilovidan ushlab, xalifaning egardan tushishiga yordamlashdi. Ikkovlon quchoqlashib ko‘rishishdi. Hol-ahvol so‘rashildi. Xalifa Umar Rasulullohning mashhur sahobalaridan dono    va    jasur    Abu    Ubaydani    juda    hurmatlar,    uning    dilini
ranjitmaslikka tirishardi. Abu Ubayda gap orasida Shomda vabo tarqaganini aytib qoldi. Hazrati Umar bir sapchib tushdilar. Vabo davosi mushkul, o‘ta yuqumli kasallik bo‘lganidan biror tadorikini topish lozim edi. Hazrati Umar ibn Abbosga yuzlanib buyurdilar:
-   Ey Abbosning o‘g‘li, menga birinchi muhojirlarni chaqirib kel.


Qayd etilgan


Munira xonim  11 Oktyabr 2006, 07:33:54

Ibn Abbos hamsafarlaridan bir necha kishini boshlab keldi. Hazrati Umar ularga maslahat soldilar: «Shomda vabo tarqalibdi. Nima qilamiz - kirib boraveramizmi yoki ortga qaytamizmi?» Muhojirlar tortishib qolishdi. Birlari Shomga boraverishni maslahat berishsa, boshqalari behuda halok bo‘lmaslik uchun Hijozga qaytmoqni maqbul ko‘rishardi. Har ikkovi tomonning gaplari ham jo‘yaliga o‘xshab ko‘rinardi:
-   Shomlik musulmon birodarlarimizning holidan xabar olgani chiqqan edik. Bu xabarni hamma eshitgan, do‘st-dushman qarab turibdi. Do‘stlarimizni hafa qilib, dushmanlarimizni shod qilib, ortga qaytsak, qandoq bo‘larkin?
-   Sen bilan shuncha odam Shomga ketyapti. Ular orasida Rasulullohning sahobalari, Yasribning mashhur a’yonlari ham bor. Shuncha odamni vabo tarqagan joyga olib borish ularni o‘limga mahkum qilmoq ila barobar emasmi?
-   Jo‘nanglar oldimdan, - dedi hazrati Umar ularning ixtilofga
borayotganlaridan tutoqib. So‘ng Abbosga buyurdilar:
-   Menga ansoriylarni chaqirib kel!


Qayd etilgan


Munira xonim  11 Oktyabr 2006, 07:34:25

Ular ham muhojirlar kabi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vabo haqidagi ko‘rsatmalaridan bexabar ekanlar. Ansorlar ham ikkilanib qolishdi. Umar noiloj hamsafarlaridan boshqa bir guruhni chorlashga jazm etdi:
-   Menga huv anavi yerdagi Quraysh shayxlaridan fath muhojirlarini chaqirib kel!

Fath muhojirlaridan ikkovining ham gapi bir joydan chiqdi: «Odamlar bilan orqaga qaytishni, vabo tarqagan joyga bormaslikni maslahat beramiz!»
Nihoyat, hazrati Umarning ko‘ngli taskin topdi. U odamlar orasiga jarchi yubordi: «Hammaga ma’lum qil, erta tong chog‘i ulovimga minurman, orqaga qayturmiz!»
Shunda Abu Ubayda shunday deb qoldi:
-   Allohning qadaridan qochibmi?

Shom voliysining bu gapi hazrati Umarga malol keldi, og‘ir botdi. Ammo sirtiga chiqarmadi. Chunki xalifa shunday mashhur sahobiyni xafa qilib qo‘yishdan qo‘rqardi. Buni Rasuli Akramga (s.a.v.) xiyonat deb tushunardi. Lekin baribir biroz og‘ringanlarini izhor qilib qo‘ydi:
-   Bu gapni sendan kutmagandim, ey Abu Ubayda. Ha, Allohning qadaridan
Allohning  qadariga  qochyapmiz.   Mana  sening bir  qancha tuyang bo‘lsa-yu ularni ikkiga bo‘lingan vodiyda o‘tlatayotgan bo‘lsang. Bo‘laklarning birinchisida o‘t-o‘lan mo‘l-ko‘l, ikkinchisi esa qup-quruq, qovjiragan. Tuyalarni u o‘tloqda ham Allohning qadari bilan boqasan, bunisida ham Allohning qadari bilan boqasan...


Qayd etilgan