Ahmad Muhammad. Haq hamisha g'olib (Umar ul-Foruq)  ( 69196 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 B


Munira xonim  11 Oktyabr 2006, 07:34:41

Shu payt allaqayoqqa hojati bilan ketib qolgan Abdurahmon ibn Avf kelib qoldi-yu tortishuvga nuqta qo‘yildi. Hazrati Umar tortishuvga sabab bo‘lgan vabo haqida so‘radi. Abdurahmon ibn Avf shunday dedi:
-   Bu haqda menda ilm bor. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Qachon biror yerda vabo chiqqanini eshitsangiz, u yerga bormang, qachon siz turgan yerga vabo tarqasa, undan qochib chiqmang», deganlarini eshitganman.

Hazrati Umarning yuzlariga tabassum qalqdi: «Allohning Rasuli, Payg‘ambarlarning sayyidi shunday deb ko‘rsatma bergan ekanlar-u boyadan beri nega behuda tortishib o‘tiribmiz». U kishi hamrohlariga buyurdilar:
-   Qani otlarga mining! Hijozga keturmiz. Shomga esa keyinroq kelurmiz. Xush qol, ey Abu Ubayda! Xush qoling, Ajnod amirlari!

Qayd etilgan


Munira xonim  11 Oktyabr 2006, 07:35:43

HAZRATI UMARNING ADOLATI

Odillik shamshiri

Hazrati Umar (r.a.) ra’iyatni qattiqqo‘llik bilan boshqarsalar-da, mo‘min-musulmonlar ham, hattoki zimmiylar ham u kishidan norozi bo‘lmasdilar. Chunki Umar ibn Xattob adolat bilan ish tutardilar. Hukm chiqarganda ikki tomonning obro‘-martabasi-yu boy-kambag‘alligi, hukmdoru-qul ekanligini hisobga olmas, Islom shariatiga, Allohning buyrug‘i-yu Rasulullohning (s.a.v.) sunnatlariga amal qilardilar.

Hazrati Umarning xalifalik davrlarida Islom davlati bir necha viloyatlarga bo‘lingan, ularning har biriga alohida voliy (hokim) tayin etilgan edi. Xalifaning o‘zlari Madinada voliy edilar. Makkada Nofi’ ibn Abdulxoris Huzoiy, Toifda Sufyon ibn Abdulloh, Basrada Abu Muso al-Ash’ariy, Damashqda Muoviya ibn Sufyon, Misrda Amr ibn Os, Falastinda Alqama ibn Muhazzaz voliy edilar. Ular xalqqa ham, armiyaga ham, din ishlariga ham rahbar edilar.
Xalifa davlat amaldorlari uchun quyidagi to‘rt qoidani ishlab chiqqandi:
1.   Hech qachon ot yoki izvoshda yurmaslik;
2.   Hech qachon nafis, go‘zal matodan kiyim kiymaslik;
3.   Hech qachon lazzatli taom yemaslik;
4.   Muhtojlar kelganda, hech qachon eshikni yopib olmaslik va tashrifchilarni qabul qiluvchi hojib (maxsus xodim) tutmaslik.

Umar ibn Xattob bir qo‘llarida darra, ikkinchi qo‘llarida adolat shamshirini mahkam tutib, idora etganlari bois u zot nohaq biror kishiga zulm yetkazmadilar,  noo‘rin jazolamadilar. Aksincha,  gunoh ish  qilgan kimsa o‘zining boyligi, nasl-nasabi, martabasiga qaramay, xalifaning dargohlaridan qochib qutula olmadi.


Qayd etilgan


Munira xonim  11 Oktyabr 2006, 07:35:58

Hazrati Umar (r.a.) amaldorlar pora olishmasin, deb ularni biror yerga ishga yuborishdan oldin barcha mol-mulkini hisobga oldirardilar. Oradan vaqt o‘tgach, ana shu mulkni taftish qilib, tekshirtirardilar. Agar tekshiruvda mulk avvalgisidan ko‘proq chiqib qolsa, ortiqchasini davlat xazinasiga - Baytul-molga oldirib qo‘yardilar. Masalan, Kanona arablari huzuriga zakot omili (yig‘uvchi) bo‘lib borgan Utma ibn Abu Sufyon Madinaga qaytib kelganida, uning ortiqcha mol-mulki Baytul-molga qo‘shib olingan. Uning «Men buni savdogarchilik qilib, halol yo‘l bilan ko‘paytirganman», degan bahonalari ham inobatga o‘tmagan.

Shuningdek, Umar ibn Xattob (r.a.) Xolid ibn Validning Ash’as ibn Qaysga o‘n ming dirham mukofot berganlarini eshitib qolib qattiq g‘azablandilar. Xolid ibn Validni vazifasidan bo‘shatdilar va barcha pulni xazinaga musodara qilib olib qo‘ydilar. Keyinchalik Usmon ibn Affon davrlarida xazina molini o‘z manfaati yo‘lida tasarruf qilib, ba’zi amaldorlarni mukofotlar evaziga o‘z tomoniga og‘dirib olgan Muoviya kabi zotlar ham hazrati Umar davrlarida bunday yaramas ishlarga qo‘l urishga botina olmagan edilar.

Qayd etilgan


Munira xonim  11 Oktyabr 2006, 07:36:10

Hazrati Umar (r.a.) qo‘l ostilaridagi voliylarga xalq orasida adolatni mahkam ushlashga, katta-kichik, boy-kambag‘al, aslzoda-oddiy fuqaro orasini ayirmasdan, hammaga bir tekis ko‘z bilan qarashni buyurdilar. Qaysi bir o‘lkadan elchi yoki shikoyatchi kelsa, eng avvalo voliylar haqida so‘rar edilar: «Kasallaringizni borib ko‘radimi? Qullarni ziyorat etadimi? Zaif, bechoralarga yumshoqlik bilan muomalada bo‘ladimi? Muhtoj, nochorlar holidan xabardormi? Shikoyatchilar, hojatmandlar uchun eshigi doimo ochiqmi?» degan savollarni berardilar. Agar biror savolga «yo‘q» degan javob olsalar va bu dalil tekshirib ko‘rilganda isbotini topsa, o‘sha voliyning holiga voy, deyavering, u to‘xtovsiz ishdan bo‘shatilardi. Hazrati Umar adolat buzilmasin, degan maqsadda dalillarini juda mukammal tekshirtirardilar. Agar tekshiruv natijasi voliyni bo‘shatishni taqozo etsa, qanday martabali kishi bo‘lmasin, uni vazifasidan to‘xtovsiz olib tashlardilar.



Qayd etilgan


Munira xonim  11 Oktyabr 2006, 14:19:25

Qasos hammadan olinadi

Bir kuni misrlik bir qibtiy Umar ibn Xattobning (r.a.) huzurlariga kelib, Misr voliysi Amr ibn Osning o‘g‘lidan shunday shikoyat qildi: «Men poygada Amrning o‘g‘lidan o‘zib ketsam, u alam qilib, meni qamchi bilan nohaq urdi, ustingdan xalifaga shikoyat qilaman, desam, «Biz aslzodalarmiz, hech kim bizni tergay olmaydi, qo‘lingdan kelganini qil», deb meni haqoratladi».

Hazrati Umar (r.a.) darhol Amr ibn Osga xat yozib, o‘g‘li bilan zudlikda Madinaga yetib kelishiga amr etdi. Ota-bola shoshilinch yetib kelib, xalifaning huzuriga kirib borishdi. Ularni ko‘rgan xalifa boyagi misrlik qibtiyni chaqirtirdi. Qo‘liga qamchi tutqazib, voliy Amrning o‘g‘lini kaltaklashga buyurdi. Har urganda hazrati Umar (r.a.) «Ur aslzodaning bolasini!» deb turdilar. Amrning o‘g‘lini urib, qasosini olgan qibtiyga endi uning otasini urishga buyurdilar. Ammo misrlik «Otasida qasdim yo‘q, o‘g‘lidan qasosini oldim», deb xalifani xotirjam qildi.


Qayd etilgan


Munira xonim  11 Oktyabr 2006, 14:20:25

Amr ibn Os hazrati Umarga (r.a.) ushbu voqeadan mutlaqo bexabar ekanliklarini aytib, uzrxohlik qildi. Ammo xalifa buning bahona bo‘lmasligini aytib, Amrni shundayin ta’naomuz so‘zlar bilan koyidilar: «Sizlar qachondan buyon xalqni o‘zingizga qul qilishga boshladingiz. Holbuki, ularni onalari ozod, hur holda tuqqan-ku!» Umarning (r.a.) adolatlarini qarangki, shikoyatchi oddiy misrlik bir qibtiy bo‘lsa, Amr ibn Os esa butun Misr o‘lkasining voliysi, yangicha ta’bir bilan aytganda, general-gubernatori vazifasidagi kishi bo‘lgan.

Hazrati Umar (r.a.) bir haj mavsumida butun xalqni yig‘ib, voliylar ishtirokida ularga xutba so‘zladilar: «Ey xaloyiq, men ushbu voliylarimni sizga haqlik bilan hukm yurgizishlari uchun yuborganman. Aslo sizning taningizga, molingizga egalik qilish uchun jo‘natmaganman. Hozir kimda-kim bulardan zarar yoki aziyat ko‘rgan bo‘lsa, turib ochiq aytsin!» Shu payt bir kishi o‘rnidan turib, Misr voliysi unga nohaq ravishda yuz darra urganligini aytib berdi. Buni eshitgan hazrati Umar (r.a.) xafa bo‘lib, o‘zlarini qo‘ygani joy topolmay qoldilar va Misr voliysini savolga tutdilar: «Nima uchun yuz qamchi urding?» Undan ma’niliroq asosni eshitmagan xalifa undan qasos olishga amr etdilar. Bu buyruqni eshitgan Amr ibn Os chidab turolmay, o‘rindan turib ketdi va xalifani bu yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘ldi: «Ey amiral-mo‘minin, agar siz bunday yo‘l tutsangiz, voliylarga og‘ir botadi, ularning xalq oldidagi obro‘siga putur yetadi. Sizdan keyingi xalifalarga ham ushbu ish odat bo‘lib qoladi».


Qayd etilgan


Munira xonim  11 Oktyabr 2006, 14:20:47

Hazrati Umar (r.a.) bunga javoban: «Nechun qasos olinmasligi kerak? Hatto Rasululloh ham o‘zlaridan qasos oldirganlar, oldirar edilar», dedilar-da, boyagi shikoyat qilgan odamga buyurdilar: «Voliyni yuz qamchi ur!»

Amr ibn Os qarasalar, xalifa niyatidan qaytadigan holatda emas. Endi o‘zga chora qolmaganini tushungan voliy hazrati Umarga (r.a.) yalinishga tushdi: «Ey mo‘minlar amiri, hech bo‘lmasa, bizga har qamchi o‘rniga pul berib, rizo qilishga ruxsat eting!» Xalifa rozi bo‘ldilar. Voliy boyagi odamni har qamchi uchun ikki dinordan olishga ko‘ndirdi va ikki yuz dinor barobariga muqarrar qasosdan qutilib qoldi.

Qayd etilgan


Munira xonim  11 Oktyabr 2006, 14:21:38

Voliyning tavbasi.

Bir kuni hazrati Umar (r.a.) Madina ko‘chalarida ketib borayotsalar, bir odam yo‘llarini to‘sib chiqib, u kishiga ta’na-malomatlar yog‘dira boshladi: «Ey mo‘minlar amiri, sen voliylaringga yolg‘iz pand-nasihat qilish bilan Allohning azobidan qutilib qolaman, deb o‘ylaysanmi? Holbuki, Misrdagi voliying Iyoz ibn G’anam Payg‘ambar alayhissalom taqiqlaganiga qaramay, nafis ipak kiyimlar kiyadi, shikoyatchi - hojatmand kirmasin, deya eshigida soqchi ham saqlaydi».

Bu gapni eshitgan hazrati Umar (r.a.) qattiq xafa bo‘ldilar, hatto shu joyning o‘zidayoq taftishchilar boshlig‘i Muhammad ibn Maslamani toptirib keldilar. Uni Misrga borishga va yurtning o‘sha paytdagi voliysi Iyozni qandoq holda topsa, shundayligicha Madinaga olib kelishga amr etdilar. Tekshirishdan ma’lum bo‘lishicha, Iyoz nafis kiyimlar ham kiygan, eshigida soqchi ham ushlagan ekan.

Qayd etilgan


Munira xonim  11 Oktyabr 2006, 14:21:56

Iyozni hazrati Umarning (r.a.) huzuriga olib kirishdi. Xalifa Iyozni yechintirib, ustiga dag‘al jundan to‘qilgan qora chakmonni kiygizdirib, qo‘liga cho‘ponlik tayog‘ini tutqazdilar-da, «Endi sen borib, manovi qo‘ylarni boqib kelasan!» dedilar. Iyoz bundan qat’iyan bosh tortdi: «Men katta o‘lkaning voliysi bo‘lsam, qo‘y boqamanmi? Menga bundan o‘lim yaqinroq!» dedi. Hazrati Umar (r.a.) yana buyruqlarini takrorladilar. U esa yana tixirlik qilib turib oldi. Bundan g‘azablangan hazrati Umar (r.a.): «Sening otang qo‘y boqqanligi uchun G’anam (ya’ni, qo‘y) deb nomlangan bo‘lsa kerak, sen nega qo‘y boqishdan or qilasan?» dedilar. Xalifa bilan tortishib battar obro‘si rasvo bo‘lishini tushungan Iyoz yalinib-yolborishga tushdi: «Albatta, o‘zimni tuzataman, xatolarni hargiz qaytarmayman!» Shundan so‘nggina Umar (r.a.) Iyozning chakmonini yechishga buyurdilar va avvalgi vazifasiga qaytardilar.

Qayd etilgan


Munira xonim  11 Oktyabr 2006, 14:22:19

Saroyga o‘t qo‘yildi

Kufa shahri barpo qilinganida, shahar hokimi uchun boshqalaridan ko‘ra yuksakroq va hashamatliroq, ko‘rkamroq va bezakliroq bir bino tiklandi. Bu imorat xalq tilida «Sa’dning saroyi», deb yuritiladigan bo‘ldi. Mazkur saroy solingan joy bozor maydoniga yaqin bo‘lib, bozordagilarning tovushi, g‘ala-g‘ovuri baralla eshitilib turardi. Saroyning eshik og‘asi bo‘lib, xalq bilan hukmdorning o‘rtasida o‘sha vositachi edi.

Bir kuni Sa’d eshik og‘asiga «Bozordagilar tovushlarini ko‘tarib so‘zlashmasinlar», deb amr etgan emish, degan gaplar oralab qoldi. Oxiri bu gap hazrati Umarning (r.a.) ham quloqlariga yetib bordi. U kishi darhol taftishchilar raisi Muhammad ibn Maslamani chaqirib: «Kufaga tez yetib borgin-da,   Sa’d   saroyining   darvozasini   yondirib   tashla,   mana   bu maktubni esa Sa’dning o‘ziga topshir», deya qo‘liga bir maktubni tutqazdilar.


Qayd etilgan