Yarim soatlardan keyin tuyakash bola sarkashni sudrab keldi. Umar tutoqib ketganidan, hech narsa so‘ramadi. Tuyakashni qamchi ila yuz-ko‘zi demay, savalab ketdi. Tuya ortidan chopaverib, shundoq ham holdan toygan bola yerga yuztuban yiqildi. Yuz-ko‘zi qonga belandi, qumga aralashib loyga aylandi. Umarning jahli shunda ham pasaymagan, g‘azabi so‘nmagan edi. Agar sheriklari o‘z vaqtida to‘xtatib qolishmaganida, u bolani kaltaklab o‘ldirib qo‘yishi hech gap emas edi.
U harsillab, bo‘g‘riqib hozirgina tiklangan chodirga kirib kelarkan, qo‘lidagi qamchinini jahl bilan chodir ichiga otdi. U boshidagi ro‘mol va chambarini ham yechib tashladi. Hayajonini bosolmay, dag‘al sholcha ustiga cho‘zildi. Sal narida yotgan Abu Muso uning ahvolini ko‘rib, ovutmoqchi bo‘ldi.
- Rossa jahling tez-da, Xattobning o‘g‘li, axir tuya ongsiz bir hayvon-ku! Hammasi ham sarkashlik qiladi. Bolada nima ayb?
-Hamma gunoh tuyakashda. Beparvo bo‘lmaganda, tuya ham qochib ketmasdi, g‘azabimga ham uchramasdi. Munosib jazosini berdim. Uning yonini olib, nima qilasan, Musoning o‘g‘li?
-Aytdim-qo‘ydim-da. Tuya ham, tuyakash ham seniki. Shunday bo‘lgach, xohlaganingni qilaver, Xattobning o‘g‘li!Uning murosali ovozidan Umarning g‘azab oti jilovlanganday bo‘ldi. Qo‘li bilan paypaslab, kichkinagina meshni topdi-da, bog‘ichini yechib, undagi sharobni yutoqib simira boshladi...
Umar keng gavdali, uzun bo‘yli, qorachadan kelgan, quyuq soqol-mo‘ylovli, boshining old qismi sochsiz, ikki qo‘li bilan teng harakat qila oladigan, katta qadam tashlab yuradigan alp kelbat bir kishi edi. Birovga bo‘yin egmas, kuchi vujudiga sig‘mas edi.
Umar Makkada o‘zining jahldorligi, qahri shadidligi, qattiqqo‘lligi bilan nom chiqargandi. Ana shu qusurlariga qaramay, u shaharning baobro‘ a’yonlaridan edi, e’tiborli, badavlat, sayyid kishi edi.