Ahmad Muhammad. Haq hamisha g'olib (Umar ul-Foruq)  ( 69197 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 13 B


Munira xonim  07 Oktyabr 2006, 09:28:19


Qayd etilgan


Munira xonim  07 Oktyabr 2006, 09:28:48

TAQDIM

Bismillahir rohmanir rohiym.

Islom olamining shavkatli qahramoni, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning ishonchli va sadoqatli safdoshi, musulmonlarning ikkinchi xalifasi, dono va odil Umar Ibn Xattobning (r.a.) nomi, Islom da’vati yo‘lidagi xizmatlari tillarda doston bo‘lib kelyapti. Hazrati Umarning (roziyallohu anhu) tilidayu dilida hamisha Allohning zikri edi. Alloh taolo Umar (r.a.) sababidan Islomning shavkatini ulug‘ladi. Alloh taolo hazrati Umarni (r.a.) shunday martabaga erishtirdiki, u so‘zlaganda dunyo larzaga kelardi. U odillik bilan hukm chiqarganda g‘ayridinlar ham lol qolardi. To‘g‘rini egridan ajratishda o‘ta hassos bo‘lganidan Payg‘ambarimiz alayhissalom unga "œForuq" (farqlovchi) deb nom bergandilar. U haqiqat yo‘lida javlon urganida dunyoni o‘tqazib-turg‘izardi. U musulmon ummati uchun yorqin nur, jannat ahli uchun porlagan chiroq bo‘ldi. Hazrati Umar (r.a.) Islomni qabul qilganida Allohning maloikalari bu xushxabarni bir-birlariga yetkazib, xursand bo‘lishgandi.

Umar Ibn Xattob (r.a.) Quraysh qabilasidan edi, kunyasi Abu Hafsa, laqabi Foruq bo‘lgan. Ota tomondan shajaralari - Xattob o‘g‘li, Nufayl o‘g‘li, Abdul Uzzo o‘g‘li, Riyoh o‘g‘li, Qurt o‘g‘li, Raziy o‘g‘li, Adiy o‘g‘li Ka’bdir. Sulolasi to‘qqizinchi otada (Ka’bda) Payg‘ambarimizning sulolalariga birlashadi. Onalari Xontama ismli ayol bo‘lib, Qurayshning Bani Maxzum naslidan, Hoshimning qizi edi.

Qayd etilgan


Munira xonim  07 Oktyabr 2006, 09:29:19

Hazrati Umar (r.a.) fil yilidan uch yil keyin tug‘ilgan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg‘ambarlikka musharraf bo‘lganlarida, 27 yoshda edi. Payg‘ambarlikning oltinchi yili, ya’ni 33 yoshda Islomga kirdi. U makkalik musulmonlarning qirqinchisi bo‘ldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘n uch yosh kichik edi, u zotdan o‘n uch yil keyin vafot etdi. Boqiy dunyoga rihlat qilganida, Janobi Payg‘ambarimiz kabi 63 yoshda edi. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan so‘ng o‘n yarim yil xalifa bo‘ldi. Asharai Mubashsharadan edi.

Hazrati Umar (r.a.) odil va dono xalifa bo‘libgina qolmadi. U kishi davrlarida Islom futuhoti ancha tezlashdi, Qur’on va hadisni o‘rganish va targ‘ib qilish kuchaydi. Umar ibn Xattobning (r.a.) xalifalik yillarida ko‘plab madaniy-maishiy islohotlar amalga oshirildi. Hazrati Umar (r.a.) idoraviy va moliyaviy ishlarni takomillashtirishga katta e’tibor berdi, Islom davlatida ilk bor pochta xizmati, taftish idorasi, bolalar uylari, hibsxona tashkil ettirgan ham Hazrati Umar (r.a.) bo‘ldi. U kishining davrida pul islohotida katta o‘zgarishlar bo‘ldi, beqiyos obodonchilik, qurilish ishlari olib borildi. Xalifa Umar (r.a.) Basra, Kufa, Misrdagi Fistat shaharlarini barpo qildi, Nil bilan Qizil dengizni tutashtiruvchi kanal qazitdi, ko‘plab ariq va ko‘priklar qurdirdi. Makka va Madina, Shom va Hijoz o‘rtasidagi qatnov yo‘liga musofirxonalar, Islom yetib borgan joylarga ko‘plab masjidlar tiklatdi. Makkadagi Masjidul-Haromni va Madinadagi Masjidul-Nabaviyni kengaytirdi

Qayd etilgan


Munira xonim  07 Oktyabr 2006, 09:29:39

Shunday insonning holi hayotda nihoyatda kamtar, kamsuqum, oddiy bo‘lganliklari haqida juda ko‘p rivoyatlar bor. Islom olamini boylik va shuhratga ko‘mib tashlagan xalifa berilgan ozgina maoshga qanoat qilar, kiyimida bir qancha yamoq bilan yurar, vafot etganida anchagina qarzi bor edi.

Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.) shunday deganlar: «Umarning ilmini tarozuning bir pallasiga qo‘yib, butun Arabistondagilarning ilmini boshqa bir pallasiga qo‘yganda, Umarning ilmi qo‘yilgan tarozu pallasi og‘ir kelardi. U kishi Allohni eng yaxshi tanigan, Alloh kitobini eng yaxshi tushunib anglagan va dinni ham nihoyatda chuqur tushunadigan bir odam edi». Payg‘ambar alayhissalom esa: «Ko‘kda Umarni hurmat qilmagan farishta yo‘q, yerda undan hayiqmagan shayton yo‘q», deganlar.

Ushbu kitob Islom olamida «Mo‘minlar amiri», «Haqni botildan ajratuvchi», «Odil xalifa» kabi nomlar bilan mashhur bo‘lgan Umar ibn Xattob (r.a.) haqida hikoya qiladi. Kitobxonni Suriya, Eron, Mag‘rib, Misr kabi katta o‘lkalarning fathiga bosh bo‘lgan ulug‘ fotih, Rasuli akramning (s.a.v.) ishlarini davom ettirgan sodiq safdosh, jannatga kirishi bashorat qilingan o‘n sahobiyning biri, to‘g‘ri yo‘ldagi to‘rt xalifaning ikkinchisi bo‘lmish hazrati Umarning (r.a.) hayoti va faoliyatidan lavhalar bilan tanishtiradi. Islomiy idora yuritishda va madaniy sohada ulkan islohotlar uyushtirgan, musulmonlar uchun taqvim va hijriy sana yuritishni joriy etgan, xalifalik paytida favqulodda adolat bilan ish tutgan sahobiyning ibrati bilan o‘quvchilarni tanishtiradi.


Qayd etilgan


Munira xonim  07 Oktyabr 2006, 09:30:01

JAHOLAT ZAMONI

Sahrodagi voqea

Kechga borib havo aynidi. Osmonni bir zumda chang-to‘zon qopladi. Kun bo‘yi olov selini yog‘dirgan quyosh ham jamolini berkitib oldi. Garmsel issig‘ini yuzlarga urib turgan shamol yanada kuchaydi. Uchib yurgan qumlar og‘iz, ko‘zlarga kirar, tishlar orasida g‘ijirlar edi. Kechgacha yo‘l yurib holdan toygan, tashnalikdan og‘zi ko‘pikka to‘lib, tumshug‘iga ko‘pirib chiqqan tuyalar sarbonning buyruqlariga ham bo‘ysunmay qo‘ydi. Savdogarlarning karvonni to‘xtatib, shu yerda manzil qurishdan o‘zga chorasi qolmagandi. Makkadan o‘n chaqirim berida, issiq shamol uvillab yotgan sahroda tunab qolish Umarga juda alam qilayotgandi. Ayniqsa, bir oy o‘zga yurtlarda sarson-sargardonlikdan keyin, shomlik savdogarlar bilan qizg‘in talashib-tortishuvlardan     keyin, safar mashaqqat-azoblaridan charchagan vujudlar orom, farog‘at, taskin istab turgan bir paytda bu majburiy qo‘nish hammaga ham malol kelayotgandi.

Shu payt tuyalardan biri yoshgina tuyakashga bo‘ysunmay, karvondan chetga chiqdi-da, lo‘killab qocha boshladi. Bir necha kishi tuya ortidan yugurib ketdi. Sababi unga nodir buyumlar yuklangan bo‘lib, savdogarlar tuyaning beboshligidan sarosimaga tushib qolishgandi.

Qayd etilgan


Munira xonim  07 Oktyabr 2006, 09:30:59

Yarim soatlardan keyin tuyakash bola sarkashni sudrab keldi. Umar tutoqib ketganidan, hech narsa so‘ramadi. Tuyakashni qamchi ila yuz-ko‘zi demay, savalab ketdi. Tuya ortidan chopaverib, shundoq ham holdan toygan bola yerga yuztuban yiqildi. Yuz-ko‘zi qonga belandi, qumga aralashib loyga aylandi. Umarning jahli shunda ham pasaymagan, g‘azabi so‘nmagan edi. Agar sheriklari o‘z vaqtida to‘xtatib qolishmaganida, u bolani kaltaklab o‘ldirib qo‘yishi hech gap emas edi.

U harsillab, bo‘g‘riqib hozirgina tiklangan chodirga kirib kelarkan, qo‘lidagi qamchinini jahl bilan chodir ichiga otdi. U boshidagi ro‘mol va chambarini ham yechib tashladi. Hayajonini bosolmay, dag‘al sholcha ustiga cho‘zildi. Sal narida yotgan Abu Muso uning ahvolini ko‘rib, ovutmoqchi bo‘ldi.

- Rossa jahling tez-da, Xattobning o‘g‘li, axir tuya ongsiz bir hayvon-ku! Hammasi ham sarkashlik qiladi. Bolada nima ayb?

-Hamma gunoh tuyakashda. Beparvo bo‘lmaganda, tuya ham qochib ketmasdi, g‘azabimga ham uchramasdi. Munosib jazosini berdim. Uning yonini olib, nima qilasan, Musoning o‘g‘li?

-Aytdim-qo‘ydim-da. Tuya ham, tuyakash ham seniki. Shunday bo‘lgach, xohlaganingni qilaver, Xattobning o‘g‘li!Uning murosali ovozidan Umarning g‘azab oti jilovlanganday bo‘ldi. Qo‘li bilan paypaslab, kichkinagina meshni topdi-da, bog‘ichini yechib, undagi sharobni yutoqib simira boshladi...

Umar keng gavdali, uzun bo‘yli, qorachadan kelgan, quyuq soqol-mo‘ylovli, boshining old qismi sochsiz, ikki qo‘li bilan teng harakat qila oladigan, katta qadam tashlab yuradigan alp kelbat bir kishi edi. Birovga bo‘yin egmas, kuchi vujudiga sig‘mas edi.

Umar Makkada o‘zining jahldorligi, qahri shadidligi, qattiqqo‘lligi bilan nom chiqargandi. Ana shu qusurlariga qaramay, u shaharning baobro‘ a’yonlaridan edi, e’tiborli, badavlat, sayyid kishi edi.

Qayd etilgan


Munira xonim  07 Oktyabr 2006, 09:36:40

Alloh uni qalbi pokiza, zakovati kuchli, haq deb ishongan narsasiga sodiq qoladigan sohibi jasorat qilib yaratgan edi. U boy-badavlat bo‘lishi ila Qurayshning siyosiy ishlariga bosh-qosh edi, qabilalar o‘rtasidagi nizo va janjallarni o‘zining obro‘-e’tibori, mavqei bilan murosaga keltirardi.

...Umarning qorni ochqab ketdi. Yegulik axtarib, chodir ichidagi barcha xurjunlarni titkilab  chiqdi.   Nafsni  orom  oldirmoq uchun yarim  meshsharobdan boshqa narsa topolmadi. Birdan xurjun ichida qo‘liga nimadir urilganday bo‘ldi. Olib qarasa, ertalab ibodat qilish uchun xurmo va halvodan ezg‘ilab yasab olgan sanam ekan. U butga biroz hayron bo‘lib tikilib turdi, keyin unga ibodat qila boshladi. Ibodatini tugatib bo‘lgach, yana qorni ochligi esga tushdi. Baribir ochlik ustun keldi. U sanamni uch-to‘rt tishlam qilib, pok-pokiza tushirdi.


Qayd etilgan


Munira xonim  07 Oktyabr 2006, 09:37:00

Xattobning o‘g‘li

Makkadan Madinaga boradigan karvon yo‘lining ikki tomonida keng va bepoyon o‘tloqlar bo‘lardi. Bolalar u yerlarda tuya va qo‘ylarini boqar, hayvonlarni yaylovga qo‘yib yuborib, o‘zlari ertadan-kechgacha bolalarga xos o‘yinlar bilan mashg‘ul bo‘lishardi.

Xattob ham o‘n uch yoshli Umarni tuya boqishga qo‘ygandi. U Bani Maxzum qabilasidagi boshqa oilalarning tuyalarini ham qo‘shib boqar, erta tongdan to qosh qorayguncha kunni hayvonlar ortida yurib o‘tkazardi. Uzun bo‘yli, chayir, baquvvat, xiylagina jahldor Umar qat’iyat, jasurligi va mehnatsevarligi bilan alohida ajralib turardi.

Hozir ham hayvonlarni yantoq, shuvoq kabi ko‘katlar Arabiston quyoshida qovjirab yotgan sayxonlikka qo‘yib yuborib, bir necha tengdoshlari bilan kurash tushishga kirishdi. U o‘zidan ham kattaroq bolalarning uchtasiga teng kelayotgandi. Bolalar Umarga har tomondan tashlanishar, biri oyog‘iga yopishsa, ikkinchisi belidan ushlab, tortib yiqitishga urinardi. Ammo Umar aslo ularga taslim bo‘lishni istamasdi. Ajib bir epchillik bilan ikkitasini chalqancha ag‘dardi. Vaziyatning qaltisligini ko‘rgan uchinchi bola tirqirab qochib qoldi. Umar g‘olib chiqqanidan shodlanib, u yer-bu yerini qoqarkan, shu payt ko‘zi sal nariroqda otdan tushmay, o‘g‘lining olishuvini tomosha qilib o‘tirgan otasiga tushdi.

Qayd etilgan


Munira xonim  07 Oktyabr 2006, 09:37:15

Yuragini vahima chirmadi. Tuyalarni o‘z holiga tashlab, kurash tushayotganidan otasining jahli chiqishini o‘ylab, oyoq-qo‘liga titroq kirdi. Qattiqqo‘lligi, toshbag‘irligi, qahri kuchliligi bilan butun Makkaga dovrug‘i ketgan Xattobdan o‘g‘li u yoqda tursin, hatto kattalar ham hayiqib yurishardi. Uning jahli chiqib qolganida yoki biror narsadan achchiqlanganida ro‘para bo‘lishdan Xudoning o‘zi asrasin. U nafaqat qullarning, balki kichkina Umarning yelkasida ham qamchisini tez-tez sinab ko‘rar, jonidan yaxshi ko‘rgan o‘g‘lini ayovsiz kaltaklab turar, buning sababini so‘raganlarga yoki o‘rtaga tushmoqchi bo‘lganlarga: «Qo‘yaver, mayli pishisin, Xattobning o‘g‘li bo‘shang, qo‘rqoq va noshud bo‘lib o‘sishini xohlamayman», deb o‘zini ovutardi. Shuning uchun Umardan kaltak yegan yoki kurashda yengilgan bolalar uning badanidagi, oyoq-qo‘lidagi kaltak, qamchi izlarini ko‘rib tasalli topishardi. Hozir ham unga qamchi tushib qolishi hech gap emasdi...

Umar qo‘rqa-pisa otasiga qaradi. Ammo uning vajohatli yuzida qahr-g‘azab alomatlarini emas, nimtabassum va mamnunlik ko‘rinishlarini o‘qidi. Vujudidagi taranglik, zo‘riqish bo‘shashdi. U ham otasiga jilmayib boqdi

Qayd etilgan


Munira xonim  10 Oktyabr 2006, 09:53:42

-Yasha, o‘g‘lim, mening arslon o‘g‘lim, - degan xitoblar bilan Xattob otdan tushdi, o‘g‘lining yelkasiga zalvorli qo‘llari bilan bir-ikki urib qo‘ydi. Umar munkib ketay dedi. Otasi yana uni rag‘batlantirib qo‘ydi: «Bolalar bilan kurash tushganingni ko‘rdim. Har qalay tarbiyam behuda ketmabdi.

Chavandozlik va merganlikda qanchalik ilgari bo‘lsang, kurashda ham shunaqa maqomga ega bo‘libsan. Xattoblar xonadoniga, Bani Maxzum qabilasiga munosib o‘g‘lon bo‘libsan!»

O’g‘li tuyalarni qaytarish uchun chopib qolarkan, Xattob u tug‘ilgan paytni xotirlab, jilmayib qo‘ydi. Xotini Xontamaning oy-kuni yaqinlashganida unga: «Qiz tug‘ishni xayolingga keltira ko‘rma, Makkada hech kimga gap bermaydigan Xattobning qiz farzand ko‘rishi mumkin emas, agar shu safar o‘g‘il tug‘sang, keyinchalik qancha qiz ko‘rsang ham roziman», deb dag‘dag‘a qilganlarini esladi. O’shanda Alloh unga o‘g‘il ato etdi. O’sha o‘g‘li Umarni endi o‘ziga o‘xshash botir, shijoatli, haybatli bo‘lishini orzu qilardi. Umarni qanchalik yaxshi ko‘rmasin, ana shu niyat yo‘lida uni kaltaklashdan ham o‘zini tiya olmasdi. Umar ham otasining yuzini, qabilaning yuzini yerga qaratadigan bola bo‘lib ulg‘aymayotgandi.

Qayd etilgan