Payg‘ambarning (s.a.v.) duosi
Arab jazirasida Ukoz bozorining oldiga tushadigan ma’mur bozor yo‘q. Makkadagi bu bozorga dunyoning hamma joyidan mol, qul va pul oqib keladi. Ertadan kechgacha xaridor chaqirayotgan sotuvchilarning qichqirig‘i, odamlarning g‘ala-g‘ovuri, tuyalarning o‘kirishi, qo‘ylarning ma’rashi, raqqosalarni jazavaga solgan duf ohanglari, shoir va notiqlarning kuchanib she’r o‘qishlari, nutq irod etishlari bir zum tinmaydi. Bir tomoni Yamanu Shomdan, Bag‘dodu Sherozdan kelayotgan savdogarlar mol yuklangan tuya karvonlarini Ukozga qarab burishardi. Anvoyi gazmollar, kiyim-kechaklar yonida mis va kumushdan yasalgan idish va ko‘zachalar terib qo‘yilgandi. Bir tomonda Habashistondan olib kelingan qullar - erkak, ayol va bolalar sotuvga qo‘yilgan. Yana bir tomonda mesh va idishlarda uzum va xurmodan tayyorlangan xamr va sharob. Boshqa tomonda hayvon bozori, tuyalar, qo‘ylar, parrandalar... Och ham, to‘q ham, boy ham, faqir ham shu yerda. Oshpazlar doshqozonlarda taom tayyorlab, miskinlarga, ochlarga tarqatish bilan ovora, saxiy boylar kambag‘allarga sadaqa ulashish bilan mashg‘ul. Xullas, qaynab-toshgan, guvillagan, odamga liq to‘lgan Ukoz bozori ana shunaqa ajoyib va g‘aroyib edi.
Bozordan sal chetroqdagi kattagina maydonda, odatda arab shoirlari she’rlarini xaloyiqqa o‘qib beradigan, voizlar, notiqlar nutq so‘zlab, hammani og‘ziga qaratadigan joyda bugun odam har qachongidan ham ko‘p. Olomon davra qilib, o‘rtani o‘rab olgan. O’rtada esa ko‘ksi ochiq, keng, etagi yerga tegay, deb turgan ko‘ylakda Umar gir aylanib yurardi:
-Qani, Umarga teng keladigan, men bilan kurash tusha oladigan bormi? Qani, o‘ziga ishonganing bormi?