Ahmad Muhammad. Haq hamisha g'olib (Umar ul-Foruq)  ( 69193 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 13 B


Munira xonim  10 Oktyabr 2006, 09:55:21

«Otajon, rahm qiling!»

Bugun eng fojiali, eng baxtsiz kun edi. Bugun musibatli va tengsiz uqubat kuni edi. Makkaning taniqli kiborlaridan biri Umar ibn Xattob johiliyat davrining qabih va yaramas bir odatini amalga oshirmoqchi edi. U qabiladoshlarining urfiga rioya qilib, o‘z qizini, jajjigina, mushtipar, ma’suma qizchasini tiriklay ko‘mib yubormoqchi edi. Chunki barcha hijozliklar qatori qurayshiylar ham qiz farzand ko‘rishni o‘zlariga ayb va or sanashar, yoshligidayoq tiriklay yerga ko‘mishardi.

U hovlida o‘ynab yurgan qizchasini oldiga chorladi. Qizaloq o‘yinini tashlab, chopqillab otasining oldiga keldi: «Labbay otajon!»

-Yur, seni bir o‘ynatib kelay! - Umar shunday deb qo‘liga yog‘och kurakchasini oldi. Savol nazari bilan tikilib turgan qizchasiga dalda berdi:
-Hozir senga bozordan chiroyli ko‘ylakcha olib beraman.
Qizi xursand bo‘lib, otasiga ergashdi. Ular yetaklashib shahar tashqarisiga chiqishdi. Umar tepalik yaqinidan bir joyni kavlay boshladi. Qizi hayron bo‘lib so‘radi:
-Otajon, chuqurni nima qilasiz?
Unga seni ko‘mmoqchiman.
-Nega bunday qilasiz, axir men sizning qizingizman-ku, rahmingiz kelmaydimi?
-Ota-bobolarimizning odati - bu!

Ammo qizaloqqa bu dalil ishonarli emas edi. Shuning uchun u jonining boricha bemehr otadan va tahlikali joydan qocha boshladi. Umar ikki hatlashdayoq dag‘-dag‘ titrayotgan qiziga yetib oldi. Jajji qo‘lchalaridan siltab tortib yana chuqur oldiga olib kelib o‘tqazib qo‘ydi. Qizcha yana qochmoqchi bo‘ldi. Ammo otasining kuchli va dag‘al qo‘llari uni yana chuqur oldiga irg‘itdi.

Qayd etilgan


Munira xonim  10 Oktyabr 2006, 09:56:13

Shu payt chuqur kavlayotgan Umarning otgan tuprog‘i sachrab yuz-ko‘ziga sochildi. Otasining qilmishlarini ko‘zida yosh jalasi, qo‘rquv va taajjub ila kuzatib turgan qizaloq otaning terchigan yuziga sochilgan tuproqni shiringina qo‘llari bilan tozaladi, soqolini tarab ularni tushirdi.

-   Otajon, meni ko‘mib yuborsangiz, soqolingizni kim tarab, yuzingizni kim tozalaydi?

Umar qizining qo‘lchalarini siltab tashladi, o‘zini itarib yubordi. Yana qazishda davom etdi.

Hozir uning qalbida bir-biriga zid ikki tuyg‘u kurash boshlagandi: «Olti yil avaylab-e’zozlab o‘stirgan qizchasini o‘z qo‘li bilan tiriklayin yerga ko‘myapti. Bordi-yu, uni yetaklab Makkaga qaytsa, nima bo‘ladi? Qurayshiylarning masxarasiga, ta’na-malomatlariga qoladi-ku!»

Ko‘mib yuboray, desa, qizining yalinchoq nolalari, «Otajon rahm qiling», degan iltijolari yuragini qiymalayotganga o‘xshardi. Uni o‘ldirib yuborsa, umr bo‘yi vijdon azobiga qolib ketmasmikin?

Birdan Umar o‘ziga keldi. Fitratidagi toshbag‘irlik, qahri qattiqlik ustun bo‘ldi. Qizchani jahl bilan, dod-faryodiga quloq solmay, chuqur ichiga tortib tushirdi. Shoshib yerga yuztuban yiqilgan qizi ustiga tuproq tashlay boshladi. Uning faryod solib o‘rnidan turmoqchi bo‘lganini ko‘rib, qo‘pol oyoqlari ila murg‘ak va ojiz tanani bosib turdi. Tuproq qimirlamay qolgandan keyingina peshonasidagi terni arta-arta qabrdan uzoqlashdi. U uyiga qarab ketarkan, yuzida g‘azab, vajohat, qahr o‘ynab turar, ammo ko‘zlari g‘ij yoshga to‘lgan edi...

Qayd etilgan


Munira xonim  10 Oktyabr 2006, 09:56:44

Bo‘ysunmas joriyalar

Umar ko‘chadan kelib, endigina istirohat uchun yonboshlamoqchi edi, qo‘shni ayol kirib keldi:
-   Menga qara, Ibn Xattob, sendan yordam so‘rab chiqdim. Ikki joriyam sarkashlik qilib, jonimga tegyapti. Ota-bobolarimizning dinini tashlab, anavi Muhammad deganlariga ergashayotgan emish. Yo‘lga solishga kuchim etmayapti, bilasan, boshimda erkagim yo‘q. Sen bir ta’zirini berib
qo‘yarmikansan, deb chiquvdim.

Umarga jon kirdi. Uning vujudida yovvoyi bir kuch, shafqatsiz bir telba tuyg‘u aslo tinchlik bermas, fitratidagi badjahllik, qaysarlik, urishqoqlik hamisha uni gij-gijlab turar, qaerda janjal-to‘polon bo‘lsa, o‘sha yerda Umar hoziru nozir edi. Hozir ham endigina qoziqqa ilgan qamchisini olib, bevanikiga qarab yurdi. Kira-solib, ona-bola Nahdiyya va Lubaynani ayamay, boshi-ko‘zi demay savalay ketdi. U «dindan chiqqan» ona-bolani uzoq qamchiladi, ularning yuz-ko‘zi qip-qizil qonga belandi. Umar ora-sira urishdan to‘xtab, ayollarning «insof»ga kirib, uzr so‘rashini kutar, ammo ularning shuncha kaltakka ham parvo qilmay, «iymon», «iymon», deyaverishlari battar g‘azablantirardi. U yana jazavaga tushganicha, qamchi ustiga qamchi yog‘dirardi.

Qayd etilgan


Munira xonim  10 Oktyabr 2006, 09:57:08

Oxiri Umar holdan toydi, peshonasidagi reza-reza terlarni qomiysining etagi bilan artib, ona-bolaga ko‘zlarini qahr bilan tikdi:
-   Xo‘sh, Lubayna, kaltakka to‘ygandirsan? Senga rahmim kelganidan emas, charchaganimdan to‘xtadim. Oxirgi marta so‘rayman, bekangning aytganiga ko‘nasanmi-yo‘qmi?

Lubayna og‘zidagi qonni tupurib tashladi, indamay Umarga qarab, «yo‘q» deganday bosh chayqadi:
-   Yana savashimni xohlayapsan, shekilli?
-   Sen-ku kaltaklab charchaysan, Umar, ammo men kaltak yeyishdan charchamayman. Sening qamchilaring mening qalbimdagi iymonni mustahkamlayapti, xolos!..

Ayol gapini tugata olmadi. Umarning a’zoi badani qaltirab, jazavaga tushdi, ilojsizlikdan, gapiga ko‘ndirolmaganidan alamga kirdi va «uv» deya qichqirganicha, holdan toygan Lubaynaga tashlanib, uni bo‘g‘a boshladi. Bu ikki cho‘ri kim bo‘libdiki, hech kim gapini ikki qilolmaydigan Umarga tik boqsa, gapiga rad javobi bersa?! Ularning ishongani kim o‘zi, suyangani nima o‘zi?!

Qayd etilgan


Munira xonim  10 Oktyabr 2006, 09:57:34

Umar go‘yoki quturgan bir maxluq holatiga tushgandi, ko‘ziga hech narsa ko‘rinmasdi. U baquvvat va dag‘al qo‘llari bilan Lubaynani bo‘g‘arkan, ayol bor kuchini to‘plab, uning qo‘llarini ajratib tashlamoqchi bo‘ldi, ammo kaltaklar zarbidan holsizlangan tananing bunga majoli yetmadi. Lablari «Alloh, Alloh», deya pichirladi-yu boshi shilq etib shalvirab tushdi. Umar uni o‘ldi, deb o‘ylab qo‘lini bo‘shatdi. Endi u boyadan beri qiziga azob berayotgan Umarga qo‘rquv, dahshat va g‘azab bilan termulib turgan Nahdiyya tomon yurdi. Uni ham rosa kaltakladi, keyin tomog‘idan olib bo‘g‘di. Bechora ona ham hushidan ketdi. Umarning shunda ham g‘azabi so‘nmagan, jahli pasaymagan edi.

Oradan bir necha kun o‘tib, beva ayol yana cho‘rilarini xo‘rlab, kaltaklayotganida bir voqea sodir bo‘lganini Umar eshitib qoldi. Beva ayol: «O’ ota-bobolarimiz diniga qaytasizlar, yo o‘lib qutilasizlar», deb xo‘rlayotganida, yaqindagina Islomga kirgan Makka kiborlaridan Abu Bakr shu yerdan o‘tib qolibdi va ikki cho‘rini sotib olib, Alloh roziligi yo‘lida ozod qilib yuboribdi. Bu xabardan Umarning hayronligi oshdi, Abu Bakr bilan urishmoqchi ham bo‘ldi. Nimadir uni bu yo‘ldan qaytarib qoldi... Nimadir uning qalbini bezovta qilayotgandi...


Qayd etilgan


Munira xonim  10 Oktyabr 2006, 09:58:25

Quturgan sel

Makka mushriklari shaharda Islom diniga kirib, Muhammad alayhissalomga ergashganlarga aslo tinchlik bermay qo‘yishdi. Ko‘cha-ko‘yda uchratib qolishsa, haqoratlashar, goho kaltaklashar, itga talatishardi. Boshlaridan xamr quyib yuborishardi. Axlat va mag‘zavalarni sochib ketishardi. Bolalarini musulmonlarning bolalariga qarshi gij-gijlashardi. Xullas, mushriklar Islomga kirganlarning boshiga it kunini solayotgan alamli, xo‘rlik kunlar edi. Bu ishda, ayniqsa, Makkaning obro‘li, gapi butun akobirlaridan Abu Sufyon, Amr ibn Hishom, Umar ibn Xattob kabilar rosa quturib, alamini uchragandan olayotgan, zahrini xohlaganga sochayotgan fojiali kunlar edi.

Amr ibn Robia ham xotini Laylo bilan ko‘p musibat, xo‘rlik-kamsitishlarga duchor bo‘lishdi. Oxiri ko‘ch-ko‘lonlarini yig‘ishtirib, qancha yillar yashagan hovli-joylar, xesh-aqrobalarini tashlab, Habash yurtiga hijrat qilishga qaror qilishdi. Ularning yo‘l tadorigiga tushib qolganini ko‘rgan Umar Layloning yo‘lini to‘sib chiqdi:
-Yo‘l bo‘lsin, Abdullohning onasi, Makkani tark etib, safarga ketmoqchimisizlar?


Qayd etilgan


Munira xonim  10 Oktyabr 2006, 09:59:12

Laylo Umar bilan gap talashish befoydaligini his etib, o‘zini qo‘lga oldi-da, hayajonini yashirib ohista dedi:
-   Ha, Umar, bu yurtdan bosh olib ketmoqchimiz. Allohning dargohi keng, shuncha xo‘rlanganimiz, azob-sitamlarga qolganimiz yetar! Axir sizlar kun bermay qo‘ydingizlar-ku, ayovsiz xo‘rlab, kamsitib, azoblab tashladingizlar-ku! Ha, Umar, Allohning yeri bepoyon, karami keng, biror joydan tinchroq, erkinroq yashash imkoni chiqib qolar?
-   Yaxshi o‘ylabsizlar, xudoyingiz sizlarga yo‘ldosh bo‘lsin!


Er-xotin gapni chuvalatmaslik uchun eshaklarini niqtashdi. Umar ularning ortidan ma’yus tikilganicha qoldi. Laylo buni sezdi. Hatto Umarning tovushida allaqanday siniqlik, achinish ohanglarini ilg‘aganday bo‘ldi. Yo o‘zining hozirgi holati juda g‘amgin bo‘lgani, yig‘lab yubormaslik uchun lablarini qattiq qimtib olgani uchunmi, unga shunday tuyulgan bo‘lishi mumkin edi. Har qalay, tug‘ilib o‘sgan joyingni, vataningni, qavmu-qarindoshlaringni tashlab ketish oson ish emasdi. Ammo bunday qilmaslikning iloji ham yo‘q edi. Chunki tarozining narigi pallasiga er-xotinning dini-iymoni qo‘yilgan edi.

Qayd etilgan


Munira xonim  10 Oktyabr 2006, 09:59:34

Biroz yurishgach, Laylo eri Amirga qalbini kemirayotgan shubhalarini so‘zlab berdi. Ammo u xotinining kuzatishlariga uncha ahamiyat bermadi:
-   Nima, Umar ham musulmon bo‘ladi, deb o‘ylayapsanmi?
-   Aniq aytolmayman-u, ammo shunaqaga o‘xshaydi. Gaplaridan qilgan zulmlariga pushaymon bo‘layotgani sezilganday tuyuldi.
-   E, bunga aslo aqlim yetmaydi. Xattobning eshagi musulmon bo‘lishiga ishonish mumkindir, ammo Umarning Islomga kirishiga ishonish qiyin.
-   
Hijratga otlanib, vatanini tark etayotgan Amir va Laylo zolim va toshbag‘ir Umarning qalbida hozir nelar kechayotganini, nimalar tug‘yon urayotganini qayoqdan bilsinlar? Go‘yoki jilovsiz sel kabi kuch-shijoati vujudiga sig‘mayotgan Umar, kechagina uchraganga zahrini sochib yoki tekkanga tegib, tegmaganga tosh otib, dilini og‘ritib yurgan Umar, ayniqsa Muhammad alayhissalomga ergashib, iymon va Islom ne’matiga musharraf bo‘lgan musulmonlarni qon qaqshatayotgan Umar bugun sal boshqacharoq bo‘lib qolayotgandi. Quturgan, vahshatli, dahshatli, yo‘lida uchragan hamma narsani, jonzot va jonsizni surib, yiqitib, yanchib borayotgan sel oqimini to‘g‘ri to‘g‘onga yo‘llab qo‘yilsa, sokin bo‘lib, tinchlanib qolgani kabi jaholat va g‘azab, qaysarlik va shafqatsizlik uya qurgan Umarning qalbiga bugun iymon nurlari, Allohning nuri tajalliysi o‘ziga yo‘l axtarayotgandi.

Qayd etilgan


Munira xonim  10 Oktyabr 2006, 10:00:13

Payg‘ambarning (s.a.v.) duosi

Arab jazirasida Ukoz bozorining oldiga tushadigan ma’mur bozor yo‘q. Makkadagi bu bozorga dunyoning hamma joyidan mol, qul va pul oqib keladi. Ertadan kechgacha xaridor chaqirayotgan sotuvchilarning qichqirig‘i, odamlarning g‘ala-g‘ovuri, tuyalarning o‘kirishi, qo‘ylarning ma’rashi, raqqosalarni jazavaga solgan duf ohanglari, shoir va notiqlarning kuchanib she’r o‘qishlari, nutq irod etishlari bir zum tinmaydi. Bir tomoni Yamanu Shomdan, Bag‘dodu Sherozdan kelayotgan savdogarlar mol yuklangan tuya karvonlarini Ukozga qarab burishardi. Anvoyi gazmollar, kiyim-kechaklar yonida mis va kumushdan yasalgan idish va ko‘zachalar terib qo‘yilgandi. Bir tomonda Habashistondan olib kelingan qullar - erkak, ayol va bolalar sotuvga qo‘yilgan. Yana bir tomonda mesh va idishlarda uzum va xurmodan tayyorlangan xamr va sharob. Boshqa tomonda hayvon bozori, tuyalar, qo‘ylar, parrandalar... Och ham, to‘q ham, boy ham, faqir ham shu yerda. Oshpazlar doshqozonlarda taom tayyorlab, miskinlarga, ochlarga tarqatish bilan ovora, saxiy boylar kambag‘allarga sadaqa ulashish bilan mashg‘ul. Xullas, qaynab-toshgan, guvillagan, odamga liq to‘lgan Ukoz bozori ana shunaqa ajoyib va g‘aroyib edi.

Bozordan sal chetroqdagi kattagina maydonda, odatda arab shoirlari she’rlarini xaloyiqqa o‘qib beradigan, voizlar, notiqlar nutq so‘zlab, hammani og‘ziga qaratadigan joyda bugun odam har qachongidan ham ko‘p. Olomon davra qilib, o‘rtani o‘rab olgan. O’rtada esa ko‘ksi ochiq, keng, etagi yerga tegay, deb turgan ko‘ylakda Umar gir aylanib yurardi:
-Qani, Umarga teng keladigan, men bilan kurash tusha oladigan bormi? Qani, o‘ziga ishonganing bormi?


Qayd etilgan


Munira xonim  10 Oktyabr 2006, 10:00:45

Shu payt bo‘yni yo‘g‘on, keng gavdali, bo‘ydor, quyoshda qop-qorayib ketgan bir badaviy o‘rtaga chiqdi. Umar unga boshdan-oyoq bir qarab chiqdi-da, asta yaqinlashdi. Keyin hali o‘zini o‘nglashga ulgurmagan sahroyining belidan mahkam qisib, dast ko‘tardi-da, boshidan aylantirib yerga urdi. Tuyqus zarbadan gangib qolgan a’robiy o‘rnidan turishga ham holi kelmay, yerda indamay yotardi. Hamma yoqni qiyqiriq, olqish, qarsak ovozlari tutib ketdi. Odamlar Umarning yelkasiga urib, «Yashavor, Xattobning o‘g‘li», «Boplading», «Butlarimiz seni qo‘llasin!» degan xitoblar bilan xursandchiliklarini izhor etishardi.

Faqat bir kishigina bu g‘ala-g‘ovurga aralashmay, chetda xomush turardi. U Umarning alp kelbatiga, issiq va hayajondan bo‘g‘riqib ketgan yuziga, baquvvat qo‘l-oyoqlariga allaqanday faxr va mehr bilan nigoh tashlarkan, yuzlarini Haram tomonga qaratib, qo‘llarini biroz ko‘tardi-da, Allohga iltijo qila boshladi:
-Ey Allohim! Sen har narsaga qodir Zotsan, o‘likdan tirikni, tirikdan o‘likni yaratguvchi Zotsan! O’z diningni ana shu Umar kabi jasur va baquvvat bandang bilan kuchlantirgin. Uning qalbiga iymon nurlarini yuborgin! Ey Allohim, bu dinni yo Umar bilan, yoki Amr bilan aziz qil!..


Qayd etilgan