HAZRATI UMARNING ADOLATI
Odillik shamshiriHazrati Umar (r.a.) ra’iyatni qattiqqo‘llik bilan boshqarsalar-da, mo‘min-musulmonlar ham, hattoki zimmiylar ham u kishidan norozi bo‘lmasdilar. Chunki Umar ibn Xattob adolat bilan ish tutardilar. Hukm chiqarganda ikki tomonning obro‘-martabasi-yu boy-kambag‘alligi, hukmdoru-qul ekanligini hisobga olmas, Islom shariatiga, Allohning buyrug‘i-yu Rasulullohning (s.a.v.) sunnatlariga amal qilardilar.
Hazrati Umarning xalifalik davrlarida Islom davlati bir necha viloyatlarga bo‘lingan, ularning har biriga alohida voliy (hokim) tayin etilgan edi. Xalifaning o‘zlari Madinada voliy edilar. Makkada Nofi’ ibn Abdulxoris Huzoiy, Toifda Sufyon ibn Abdulloh, Basrada Abu Muso al-Ash’ariy, Damashqda Muoviya ibn Sufyon, Misrda Amr ibn Os, Falastinda Alqama ibn Muhazzaz voliy edilar. Ular xalqqa ham, armiyaga ham, din ishlariga ham rahbar edilar.
Xalifa davlat amaldorlari uchun quyidagi to‘rt qoidani ishlab chiqqandi:
1. Hech qachon ot yoki izvoshda yurmaslik;
2. Hech qachon nafis, go‘zal matodan kiyim kiymaslik;
3. Hech qachon lazzatli taom yemaslik;
4. Muhtojlar kelganda, hech qachon eshikni yopib olmaslik va tashrifchilarni qabul qiluvchi hojib (maxsus xodim) tutmaslik.
Umar ibn Xattob bir qo‘llarida darra, ikkinchi qo‘llarida adolat shamshirini mahkam tutib, idora etganlari bois u zot nohaq biror kishiga zulm yetkazmadilar, noo‘rin jazolamadilar. Aksincha, gunoh ish qilgan kimsa o‘zining boyligi, nasl-nasabi, martabasiga qaramay, xalifaning dargohlaridan qochib qutula olmadi.