Xudo sabr bersin! (hikoya). Husayn Rahmi Gurpinar  ( 7622 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 B


shoir  11 Oktyabr 2006, 19:21:11

XUDO SABR BERSIN!!!

Husayn Rahmi Gurpinar

Jamolning kichkinagina jasadini bag‘riga olgan sovuq tobut yerdan uzilib, baquvvat yelkalarda go‘yo kema kabi suzib ketdi. Bu onda Sabriyya xonimning yuragidagi yana bir tomir uzilganday bo‘ldi. O’g‘ilginasi, garchi kafanlangan, so‘nggi safarga hozirlab ko‘yilgan bo‘lsa-da, hozirgina o‘z uyida edi. Nazarida bir mo‘jiza yuz berardi-yu, Jamoli ko‘zlarini ochib, yugurib ketadiganday edi. Yo‘q... endi hech qachon ko‘zlarini ochmasligi, hech qachon yugurmasligi aniq bo‘ldi. Ana shu mash’um haqiqat uning bag‘rida qora vulqon bo‘lib to‘lg‘ondi-yu, hayqiriq bilan otildi: "œJonim bolam, meni kimlarga tashlab ketyapsan!" Bu nolaga javob istagan onaning yuragidagi zardob cho‘qqa aylanib, battar kuydira boshladi. Qiyomatga qadar ayriliq azobiga mahkum etilmish ona yana nimalar deb baqirganini bilmaydi. U o‘zini qo‘yarga joy topolmay talvasaga tushdi, boshini devorga urdi, qo‘liga ilingan idishlarni otib sindirdi. So‘ng ovutish ilinjidagi qo‘shni ayollar qo‘lida hushidan ketdi.Nabirasi hajrida o‘rtanayotgan Shukriyya xonim qizining bu holatini ko‘rib, o‘zini yo‘qotay dedi. Qo‘shni ayol shoshilganicha limon kesib Sabriyya xonimga hidlatdi, labiga gulob tutdi. Shukriyya xonim esa qizining ko‘ylagi tugmalarini yechib, ko‘kragini uqaladi. Bir ozdan so‘ng Sabriyya xonim ko‘zlarini arang ochdi, nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, ammo lablari unga bo‘ysunmadi. Behol qo‘lini ko‘kragi ustiga qo‘yganidan bilishdiki, yuragi yonyapti, kuydiryapti, o‘rtayapti. Saldan so‘ng uning pichirlab aytgan so‘zlarini eshitishdi. U shoyiga o‘ralgan tobut izidan borishni, o‘g‘ilchasi bilan sovuq go‘rga tushib yotishni istardi. U birdan qattiq xo‘rsindi. Shu xo‘rsinish, tomog‘ini bo‘g‘ib turgan pardani yirtib yuborganday bo‘lib, pichirlashlar alamli nolalarga aylandi:-Voy jonim, Jamolim! Endigini besh yoshga to‘layotuvding-a! Sening joning kimga kerak bo‘lib qoldi! Qaysi yalmog‘izning ko‘zi tegdi senga! Senga tekkan ko‘zlar sitilib chiqa qolsa nima qilardi! Voy, men endi dardimni kimga aytaman, qo‘shnijonlar! Bir haftadayoq so‘ndi-ya, mening bolajonim! Bu isitma degan balo qaydanam keldi. Do‘xtirning dorisi ta’sir qilmasa, mullaning o‘qishi qaytarolmasa-ya! Men esimni yig‘ishtirib olishga ham ulgurmadim-a, bolamning joni bir pasda uchib ketdi-ya! Voy bolam, jannatning qushlariga aylangan bolam-a! Xudo ko‘nglimga soluvdi-ya! Men ahmoq e’tibor qilmabman-a! Ahmoq bo‘lmasam, maktabga birinchi marta boradigan kuni qo‘g‘irchoqday yasantirib qo‘yamanmi! Xonim afandim, siz uni o‘sha kuni ko‘ruvdingiz-a? Boshiga podsholarning tojiday bezalgan do‘ppi kiydiruvdim.

Qayd etilgan


shoir  11 Oktyabr 2006, 19:21:34

Qaragan ham qarovdi, qaramagan ham. Kipriklari qayrilgan, yuzlari loladay yonardi-ya! To‘yib-to‘yib o‘pgan edim, yuzlaridan. Keyin... ha, ha, o‘shanda shayton qulog‘imga shivirladimi yo o‘zimcha o‘yladimmi, bilmayman. Xayolimdan "œBunday ko‘rkam, bunday aqlli bolakay bu dunyoning bolasi emas" degan fikr o‘tdi. Xudo yorlaqagan o‘sha kuni ko‘pchilik "œIshqilib ko‘z tegmasinda" deyishuvdi. Bolajonim muallim afandi qarshisida tiz cho‘kib, hech bir tutilmasdan, boshqalarga o‘xshab duduqlanmasdan duo qilib, Allohdan o‘qishlarida omad berishni so‘ragan edi.
Sabriyya xonim yana xo‘rsindi. Unga suv tutdilar. Vaziyatdan foydalangan qo‘shni ayol uni yupatish niyatida gapni ilib ketdi:
-Nimasini aytasiz, singilginam! O’g‘lingiz benazir bola edi. Agar u shu aqli bilan unib-o‘sganida Aflotun deganlarini ham yarim yo‘lda qoldirib ketadigan olim bo‘lardi. Biz nima ham qila olardik, aqlli bolalar shunaqa kam yashaydilar. Esingdami, jonginam, matolarni yaxshirog‘iga almashtiraylik, deb sen bilan bozorga borganimizda bolajoningni ham olvoluvdik. Matofurushning do‘konini topolmay alahsirab, gangib turganimizda Jamolginang "œOyijon, ana, ana!" deb yunon do‘kondorni ko‘rsatib bergan edi. Xudo jonini qiynamay oldi, bu dunyo azoblaridan ham qutqardi. Endi mag‘firatiga olsin! Voy, nimalar deyapman, qanaqa mag‘firat? Alloh uni allaqachon jannatga yuborgan. Bolalarda gunoh bo‘lmaydi.

Qayd etilgan


shoir  11 Oktyabr 2006, 19:21:43

-Ovsinjon, gaplaringiz to‘ppa-to‘g‘ri,-deb gapni davom ettirdi yana bir qo‘shni.- Xudo unga umr bermagan ekan, ammo aqlni bergan edi. Bulturgi voqea sirayam esimdan chiqmaydi. Hovlimizga kelgan baqqoldan loviya olayotuvdim. Baqqolga pulni berdimu qaytimini olishda talashib qoldim. Hisob-kitobni bilmaydigan bir merov bola ekan. Mening hisobim bo‘yicha u menga yetmish pora qaytarishi kerak edi, u anqov esa to‘qson pora beryapti. Shunda "œNega meni laqillatmoqchi bo‘lasan, men yetmish poraga ko‘nib ketadigan ahmoq emasman", desam, u muttaham ko‘zlarini lo‘q qilib: "œXonim, esingiz joyidami yetmish pora ko‘pmi yo to‘qson porami?" deydi. Men   tamoman  gangib  qoldim,  hisoblarim  chalkash-chulkash  bo‘lib  ketdi.   Shunda  baxtimga Jamolginamiz kelib qoldi. Men uni yonimga chaqirib: "œManavi aldamchi meni laqillatib, pulimdan urib qolmoqchi, esginangdan aylanay, sen aytgin, yetmish pora ko‘pmi yo to‘qsonmi?" deb so‘radim. Bolajon bir pas o‘ylab turib: "œYetmish pora ko‘p", deb to‘ppi-to‘g‘risini aytdi. "œBu bola hamma narsani biladi, aldamaydi. Sen ikkinchi muttahamlik qilma!" deb haqqimni to‘g‘rilab oldim.
Tobut ko‘targan erkaklarni kuzatib qolgan xotinlarga Xudo berdi: bechora onani ovutish maqsadida biri olib, biri qo‘yib bolajonning fazilatlaridan gapiraverishdi. Bolaning har fazilati kashf etilganda uyda yig‘i ko‘tarilar, shubhasizki, bu yig‘ilarning barchasini jabrdiyda onaning nolalari bosib ketardi. Ovutish maqsadida aytilayotgan so‘zlar xanjar bo‘lib onaning qalbini qayta-qayta qiyma-qiyma qilardi. Uydagi xotinlar sal tinchib, yig‘i-sig‘i ham bir oz bosilgan damda ta’ziya bildirish maqsadidagi qo‘shnilardan yana biri o‘g‘ilchasini boshlab kirdi-yu, yara yana yangilandi.

Qayd etilgan


shoir  11 Oktyabr 2006, 19:21:54

-Mehmedni nima uchun olib kirding?-deb tanbeh berdi ayollardan biri.-Axir u Jamol bilan doim birga o‘ynardi. Sabriyya xonim uni ko‘rsa battar eziladi. Endigina ovutib turuvdik.
-Uyda hech kim yo‘q edi, yolg‘iz tashlab chiqqim kelmadi. Dadamiz, ko‘rgandirsiz, janozaga ketdilar. Qaynonamga ishonib bo‘lmaydi. O’rnidan turolmaydigan bo‘lib qolgan. Rostdan kasalmi, yo nayrang qilyaptimi, Xudo bilmasa biz bilolmaymiz. Bugun kechasi bilan o‘rinni bo‘ktirib chiqibdi. Gapiraman, desam xasratim qirq yilda ham tugamaydi.
Bu orada Sabriyya xonimning ko‘zi Mexmedga tushib, unga yaqinlashib keldi-da, tiz cho‘kkanicha uni quchoqlab olib, yana nolasini boshladi:
-Voy, jonim bolam, sen qaylarga ketding, qaragin, o‘rtog‘ing keldi!
U shunday deganicha garangsib turgan bolani bag‘riga tobora qattiqroq bosar, shashqator ko‘z yoshlari esa bolaning yuzlaridan qaynoq qon kabi oqar edi. Boladagi garangsish dam o‘tmay qo‘rquvga aylandi. Sabriyya xonimning "œVoy mening Jamolginam" degan nolasiga uning "œOyijon, hozir o‘lib qolaman!" degan qichqirig‘i ulandi. Shundagina Sabriyya xonim o‘ziga kelib, ko‘zlarini katta-katta ochdi-da, bolani bag‘ridan bo‘shatib, onasi tomon asta itardi.

Qayd etilgan


shoir  11 Oktyabr 2006, 19:22:02

-O’g‘lim meni tashlab ketdi. Uning kamolini ko‘rish menga nasib etmagan ekan. Allohning istagi shunday bo‘lgach, men bechora nima qila olaman? Endi xudoyimdan bitta narsani so‘rayman: boshqalarning bolalarini panohida asrasin. Hammaning bolasi uzoq-uzoq yashasin. Men sizlarga endi havas qilib yashayman. Sizlar farzand dog‘ini ko‘rmanglar, ishqilib. Opajonim, o‘g‘lingizni voyasiga yetkazib, rohatini ko‘ring, iloyim!
Onasi bag‘riga qaytgan Mehmed hech narsaga tushunolmay, atrofdagilarga javdirab qaraganicha sekingina: "œOyijon, Sabriyya xonimga nima bo‘ldi?"deb so‘radi.
-Jamol o‘rtog‘ing o‘lib qoldi,-deb uning qulog‘iga shivirladi onasi.
-Jamolmi?-Bola onasining javobidan ajablanib yana so‘radi:-O’lib qolgan bo‘lsa o‘zi qani?
-Uni qabristonga olib ketishdi. Jim bo‘l, boshqa narsa so‘rama.
Onaning tanbehi bolaga ta’sir qilmay yana so‘radi:
-Qabristonda uni nima qilishadi?
-Voy, muncha ezma bo‘lmasang! Hozir tilingni sug‘urib olaymi! Qabristonga olib borib nima qilishardi, ko‘mishadi-da!
Bu gapni eshitgan Mehmed barchaning diqqatini o‘ziga tortib, dodlay boshladi:
-Oyijon, agar menam o‘lib qolsam, qabristonga olib borishmasin, ko‘mishmasin, xo‘pmi? Ko‘mib qo‘yishlarini istamayman... istamayman...
Bolaning nolasini eshitgan Sabriyya xonim endi ko‘kraklariga mushtlaganicha o‘kirib-o‘kirib yig‘ladi:
-Voy qo‘shnijonlarim, bu qanday ko‘rgilik bo‘ldi! Bolajonimni ko‘mib qo‘yishdimi, a? Qora tuproq ostida qoldimi mening bolam! Bunga men qanday chidayman, qanday chidayman-a!

Qayd etilgan


shoir  11 Oktyabr 2006, 19:22:11

-Sabriyya, qizginam, bo‘ldi, bunchalik yonib-kuyaverma,-deb ovutishga harakat qildi yoshi kattaroq xotinlardan biri.-Alloh hukmi shunday ekan, itoat et. Alloh sening bolangni o‘zingdan ko‘ra ham yaxshiroq ko‘rar ekan. Shuning uchun huzuriga chaqirib oldi. Biz ojiz bandalarmiz, sabr qilishdan o‘zga choramiz yo‘q.
-Xonim, uni o‘z holiga qo‘ying, to‘yib-to‘yib yig‘lab olsin, dardi ichida qolib ketmasin,-deb e’tiroz bildirdi boshqa xotin.-Agar xasrati ichida qolib ketsa, yiringlab, bir dardi o‘n bo‘ladi. Yurakdagi zaxar chiqib ketmagunicha azob beraveradi. Qizginam o‘lganida birov meni bo‘g‘ib olganday bo‘laverdi. Yig‘lagim keladi-yu, hech yig‘lay olmayman. Bir kunda qornim tog‘oraday shishib ketdi. Erim tabibga ko‘rsatgan edi, "œButun dardi zaxarga aylanib, ko‘z yoshlari bilan chiqib ketishi o‘rniga qorniga yig‘ilib qolibdi", dedi. Sabriyya ona-ku, axir! Yuragi alanga bo‘lib yonyapti hozir. Yonish ham gapmi! Bu dardni boshidan o‘tgan biladi. Yig‘la, yig‘layver, singilginam, vujudingdagi zaxarlar chiqib ketsin.
-Xonim, "œyig‘la, yig‘la" deb qistayvermang. O’lgan odamga bunaqa yig‘lash ham gunoh,-dedi boshqa qo‘shni.- Qur’onda shunaqa deyilgan. Qiziltoshdagi mullaning ma’ruzalarini eshitmaganmisiz?

Qayd etilgan


shoir  11 Oktyabr 2006, 19:22:20

Birinchi kun shu tarzda o‘tdi. Jamolning vafoti bahonasida o‘z hasratlarini eslab yig‘lagan xotinlar dardlarini g‘amga to‘la shu uyga to‘kib chiqib ketishdi. Keyingi kunlar ham deyarli shu tarzda o‘tdi. Shumxabarni janozadan keyin eshitganlar ko‘ngil so‘rash uchun birin-sirin kelaverdilar. Har birlari o‘zlarini jabrdiydaga yaqin olib ta’ziya bildirgach: "œAlloh sizga sabr-jamil ato etib, bardoshingizga yarasha ajr bersin!" deb duo qilishardi. Sabr va unga yarasha mukofot berishni Allohdan so‘rash albatta, yaxshi fazilat. Kelganlarning tashrifdan muddaolari ham duo qilmoq va boyaqish onani ovutmoq, dardiga malham qo‘ymoq. Ularning hech birida yomon maqsad bo‘lmasa-da, yaxshilik umidida aytgan so‘zlari Sabriyya xonimning yarasini yangilib, tuz sepganday bo‘lar edi. Ular ketgandan keyin onaizorning bag‘ri yonib, ko‘z yoshlari go‘yo qon yoshlariga aylanardi. Bir hafta davom etgan bunday ta’ziyalardan so‘ng bechora Sabriyyaning ko‘zlarida nam qolmadi. Kuruqshagan ko‘zlari ma’nosiz boqadigan bo‘ldi. "œShunday bolangizdan ajrab qoldingizmi-a!" deb boshlanuvchi yupanch so‘zlaridan keyin qaysi ona yig‘lamasin? O’zini tutib yig‘lamagan bardoshli onani keyin ular nima deb atab chiqib ketadilar. Yuziga aytmasalar ham yo‘l-yo‘lakay "œBuncha bag‘ritosh bo‘lmasa! Bolasiga jichcha kuysa nima qilardi?" demaydilarmi?

Qayd etilgan


shoir  11 Oktyabr 2006, 19:22:35

Qo‘ni-qo‘shnilarning ta’ziyalari bir hafta davom etib, uzoqdagi qarindosh, tanish-bilishlarga gal keldi. Kun yo‘q-ki, uzoqdan bir mehmon kelmasa. Ularning bir hilda fikrlashlari ajablanarli: "œagar o‘lib ketgan bola hajrida qancha ko‘p kuyib yig‘lasak, uning shirinliklarini, boshqa bolalardan afzalliklarini aytib-aytib qayg‘ularimizni namoyish etsak, bu xonadonga shunchalik yaqinligimiz ma’lum bo‘ladi". Shuning uchun ham ostona hatlashlari bilan bir hilda uzrxohlik qiladilar:
-Vaqtida kelolmaganimiz uchun bizning aybimizdan o‘tinglar, Xudo shohid, bu shumxabarni kechagina eshitdik. Voy, jonim singilginam, shunday do‘mboqqina bola-ya! Hech ishongimiz kelmaydi. Suyukliginamiz Jamol ko‘z oldimizda turibdi, shu yerlarda quvnab o‘ynab yurardi-ya! Voy darig‘o! Nahot u endi yo‘q bo‘lsa! Nahot qaro yer bag‘rida yolg‘izgina yotgan bo‘lsa! Shunday shumxabarni eshitgandan ko‘ra quloqlarimiz uzilib tushsa bo‘lmasmidi!

Qayd etilgan


shoir  11 Oktyabr 2006, 19:22:43

Shu so‘zlardan so‘ng onaizorni bag‘rilariga bosadilar, yig‘i-sig‘i avjiga chiqadi. Shu asnoda yana kunlar o‘tadi. Endi Sabriyya xonimda yig‘lash uchun faqat ko‘z yoshlari emas, vujudida quvvat ham qolmadi. Qovoklari xasta odamni eslatadigan darajada shishib ketdi. Qonsiz betlari so‘lib, osilib qoldi. Uning bu holi eri bilan onasini tashvishlantira boshladi. Uni doktorlarga ko‘rsatishdi. Doktorlarning xulosasi bir hil bo‘ldi: kamroq yig‘lasin, uyda diqqat bo‘lib o‘tirmasin, tashqarida, bog‘larda sayr qildiringlar, g‘am-alamdan yiroq bo‘lishiga erishinglar. Shukriyya xonim qayg‘uni unutish mumkin emasligini biladi. Lekin shunday bo‘lsa-da, ta’ziyaga keluvchilarni o‘zi kutib olib, yig‘i ochmasliklarini iltimos qiladi. Sabriyya xonim huzurida Jamolning o‘limini eslamasliklarini, umuman ta’ziya bildirmasliklarini o‘tinib so‘raydi. "œAgar shunday qilish qo‘lingizdan kelmasa, ichkariga kirmay qo‘ya qoling, sizdan injimaymiz, siz ham bizdan ranjimang", deb ogohlantirib ham qo‘yadi. Bu gap ikki xotinga ta’sir etsa, uchinchisining fahmi kaltalik qiladi. Odat bo‘lib qolgan odobidan voz kechishni istamaydi. Shukriyya xonimning o‘tinchlari u qulog‘idan kirib, bunisidan chiqadi. Qalb yarasini tirnay-tirnay, kulfat ezib qo‘ygan Sabriyya xonimga o‘zicha dalda bergan bo‘lib, hotirjam ravishda uyni tark etadi. Shukriyya xonimning iltimoslariga so‘zsiz amal qilishga va’da berganlari ham kampir boshqa xonaga bir yumush bilan chiqdi deguncha diydiyolarini boshlashadi:
-Shunday polvon bolani o‘lganiga odamning hech ishongisi kelmaydi. Unga nima bo‘lganiykin-a? Qaysi quribgina ketgur kasallik ilashdi ekan? Dunyo shunaqada! Bugun sen borsan, ertaga qarabsanki, go‘rda yotibsan. Yoshmisan, qarimisan, qaramas ekan. Kasal degani bir yopishsa bas, polvonmisan yo nimjonmisan farqi yo‘q, supurib olib ketaveradi.

Qayd etilgan


shoir  11 Oktyabr 2006, 19:22:52

Sabriyya xonimga bu gaplar juda uzoq-uzoqdan eshitilganday bo‘ladi. U javobga hozirlanib, kuch to‘playdi. Lablari o‘ziga bo‘ysunmasa-da, gapirishga urinadi:
-Ha... polvon edi, bolajonim. Shu yerlarda sho‘xlik qilib, yugurib-yugurib o‘ynab yurardi. Bir kuni kechki payt maktabidan kelib, boshini tizzamga qo‘ydi. Qarasam, mazasi yo‘qroqqa o‘xshadi. Kayfiyati ham ishtahasi ham bo‘lmadi. O’sha kech bitta ushoq ham o‘tmadi tomog‘idan. Nuqul "œOyijon, sovqotib ketyapman", deyaverdi. Ko‘rpaga o‘rab qo‘ydim. Keyin isitmasi ko‘tarilib ketdi, ketma-ket qusaverdi. Bolajonimning boshlari og‘riyotganini sezib turdim. Nuqul boshini, peshonasini ko‘rsatadi. Dardini olay desam choram yo‘q. Keyin ko‘zlari ham g‘alati bo‘lib qoldi. Shoshib, dovdirab qoldik. Doktorlar, dorilar... hech nima kor qilmaydi. Bir kuni dori ichirayotgandim... oh, xonim, Alloh buni hech bir onaning boshiga solmasin, hatto dushmanlarga ham ravo ko‘rmayman bu ko‘rgilikni... dori ichirayotib qarasam bolajonimning yuzlari o‘zgaryapti. Men nodon, dori ichgisi kelmayapti, deb o‘ylabman. O’shanda jon berayotgan ekan. Jonu jahonim meni tark etib ketdi. Voy mening Jamolim...

Qayd etilgan