Molikning (r.a.) insofiga qaraki, ziynatni tark etish uni olishdan yaxshiroq ekanini e’tirof etib, uning mubohligiga fatvo berdilar. U zot ikkala holatda ham to‘g‘ri so‘zlagandirlar. Bir inson qachon, bu nasihatdagi kabi insof va e’tirof bilan nafsini isloh etsa, keyin uning nafsi mubohlar huzurida to‘xtashga qodir bo‘lsa, ammo bu uni riyokorlikka, xushomad go‘ylikka va yomon ko‘rilgan ishlarga o‘tib ketishga majbur qilmagan bo‘lsa, u kishi Imom Molik kabi (buyuk) maqomdadir. Lekin ko‘plar ziynatlar oldida o‘zini to‘xtatishga qodir bo‘lmaydi. Shu sababdan mubohlar bilan ziynatlanish katta xatardir. Bu holat xavf va qo‘rquvdan uzoq. Holbuki, oxirat ulamolarining asosiy xususiyati qo‘rquvdir. Qo‘rquvning xususiyati esa, xatar ehtimoli bo‘lgan ishlardan uzoqlashishdir.
(Oxirat olimlarining alomatlaridan) yana biri podshohlardan uzoqroq bo‘lish, modomiki, qochishga imkoni bor ekan, umuman huzurlariga kirmaslikdir. Podshohlar uning huzuriga kelsalar ham, ularga aralashishdan saqlanishi lozim. Chunki dunyo shirin va ko‘rkamdir. Uning jilovi podshohlar qo‘lida. Ular zolim bo‘lishi bilan birga, roziliklarini topish va qalblarini o‘ziga moyil qildirish uchun takallufidan xoli bo‘lmaydi. Ularni inkor etish, zulmlarini bildirish va fe’llarining qabihligini aytish bilan dillarini ranjitish har bir dindorga vojib bo‘ladi. Sultonlar huzuriga kirib yurguvchi kishi yo ularning chiroyli hayotlariga qarab o‘zidagi Allohning ne’matini kamsitadi, yoki ularni inkor etishdan sukut qilib, ularga xushomad qiluvchi bo‘ladi, yoki ularning roziligini topish va hollarini maqtash uchun gapida takalluf qiladiki, bu ish ochiqdan-ochiq bo‘htondir, yoki ularning mol-dunyolaridan bir qismini qo‘lga kiritishni tama’ qiladiki, bu yomon sifatdir. Podshohlarning molidan olish joiz bo‘lganlari va joiz bo‘lmaganlari, yomon va yaxshilari (bayoni) yaqinda «Halol va harom» kitobida keladi. Xulosa qilib aytganda, ularga aralashish yomonliklarning kalitidir. Oxirat olimlarining yo‘llari esa, bundan ehtiyot bo‘lishdir.