Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Ilm kitobi)  ( 157248 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 B


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:31:14

Uchinchisi nafsning bir narsani tasdiqlashga moyil bo‘lishidir. Bunda mayl unga  g‘olib bo‘ladi, xayolga boshqa narsa kelmaydi. Agar kelsa ham, nafs uni qabul qilishdan bosh tortadi. Lekin bu narsa haqiqiy ma’rifat bilan bo‘lmaydi. Chunki agar bu maqom sohibi yaxshilab o‘ylasa, shubha va ehtimollarga quloq tutsa, tajvizga bag‘rini keng qiladi. Bu yaqiynga yaqin e’tiqod deyiladi. U barcha shar’iy ishlardagi avomning e’tiqodidir. Zotan, u eshitishning o‘zi bilanoq ko‘ngillarida qaror topganki, hatto har bir toifa o‘z mazhabining to‘g‘riligiga, imom va matbu’ining haqligiga ishonadi. Agar birortalariga imomning xato qilishi mumkinligini aytilsa, buni qabul qilishdan qochadi.

To‘rtinchi maqom burhon (hujjat) yo‘li bilan hosil bo‘lgan haqiqiy ma’rifatdir, unda shak qilinmaydi, shak tasavvur ham etilmaydi. Agar shubhaning bo‘lishi va imkoni mahol sanalsa, bu yaqiyn deyiladi. Bunga misoli: agar oqil kishiga, borliqda qadim bo‘lgan narsa bormi, deyilsa, bu savolga badiha bilan javob qilishi mumkin emas. Chunki qadim quyoshga ham, oyga ham o‘xshagan hissiy narsa emas, ularning borligini his qilib tasdiqlanadi. Qadim narsaning borligini bilish ikkining birdan ko‘p ekanini bilish kabi azaliy va zaruriy emas. Balki hodisaning bo‘lishini bilish kabi maholdir. Buning o‘zi ham zaruriy. Aqlning tabiiy haqiqati tayyorgarliksiz va badiha yo‘li bilan qadimning borligini tasdiqlashdan    tiyilishdir. So‘ng odamlardan ayrimlari buni eshitadi-da, eshitish yo‘li bilan jazman tasdiq etib, shu holda davom etadi. E’tiqodning o‘zi mana shudir. Barcha avom mana shu ahvoldadir. Odamlardan ayrimlari esa, buni burhon bilan tasdiqlaydi. Shundayki, unga aytiladi: Agar borliqda qadim narsa bo‘lmasa, mavjudotning hammasi hodisdir. Agar uning hammasi hodis bo‘lsa, unda u sababsiz hodisdir yoki sababsiz unda hodisdir, bu esa maholdir. Shunda qadim narsaning borligini aqlda tasdiqlash lozim bo‘ladi. Bunday qismlar uchta: mavjudotning hammasi qadim yoki hammasi hodis yoki ba’zisi qadim, ba’zisi hodis. Agar ularning hammasi qadim bo‘lsa, matlub hosil bo‘lgandir. Zotan hammasiga qadimlik sobit bo‘ldi. Agar hammasi hodis bo‘lsa, bu hol bo‘lishi mumkin emasdir. Zero, u sababsiz hodisga bois bo‘ladi. Demak, uchinchi yoki birinchi qism sobit bo‘ladi. Shunday vajhda sobit bo‘lgan har qanday ilm ularning nazdida yaqiyn deya nomlanadi. Uning biz zikr qilgan mulohaza yoxud his yoxud tug‘ma aql bilan hosil bo‘lishining farqi yo‘qdir. Bu narsa sababsiz hodisning ro‘y bermasligini yoki Makkaning borligini bilish kabi aniq xabarligini, yoxud pishirilgan saqmoniya (tibbiyotda ishlatiladigan nodir o‘simlik) yengillashtiruvchiligini bilish tajribaligini yoki zikr qilgan dalilimizni bilishga o‘xshaydi.


Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:31:26

Ularning nazarida bu ismni («yaqiyn» so‘zini) ishlatishning sharti shak qilmaslikdir. U to‘g‘rida shak etilmaydigan har qanday ilm nazdlarida «yaqiyn» deb nomlanadi. Shunga binoan yaqiyn zaiflik bilan sifatlanmaydi. Zero,  shakni inkor etishda tafovut yo‘qdir.

Ikkinchi istiloh — fuqaho, mutasavvif va aksar ulamoning istilohidirki, bunda tajviz va shak e’tiboriga qaralmaydi, balki uning aqlga ustun va g‘olib kelishiga e’tibor qilinadi. Hatto, falonchining o‘limga yaqiyni zaif, deyiladi, vaholanki, o‘limning haqligida shak yo‘q. Falonchining rizq kelishiga yaqiyni kuchli, deyiladi, holbuki, kelmasligi ham mumkin. Nafs bir narsani tasdiqlashga qanchalik moyil bo‘lib, u qalbga g‘olib kelsa va uni egallab olsa, u nafsdagi tajviz va mone’likni hukm va tasarruf etuvchiga aylanadi. Bu esa yaqiyn deb nomlanadi. Odamlar o‘limga qat’iy ishonchda barobardirlar. Lekin ularning ichida o‘limga e’tibor bermaydiganlari va tayyorlanmaydiganlari ham bor. Go‘yo o‘limga ishonmaydigandek, yaqiyni yo‘qdek. Yana ularning ichida o‘lim  qalbini  egallab olgan, unga tayyorgarlik tashvishiga cho‘kkan va boshqa narsa ko‘ngliga sig‘magan kishilar bor. Bunga o‘xshash holatlar haqida «yaqiyni quvvatli» iborasi ishlatiladi. Shuning uchun ayrimlar: «O‘limdan-da yaqiynsiz shakka o‘xshagan, ammo shaksiz yaqiynni ko‘rmadim», deyishgan. Bu gapni  yaqiynning zaiflik va quvvatlik sifatlaridagi istilohiga binoan aytishgan. Biz, yaqiynni to‘liq ikki ma’nosida kuchaytirish oxirat ulamolarining sha’nidandir, degan so‘zimiz bilan quyidagilarni iroda etgan edik: yaqiyn shakni inkor etishdir, so‘ng uning nafsga hukmronlik qilishidirki, to u nafsda hukmron va g‘olib bo‘lsin.

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:31:47

Mana shularni tushungan bo‘lsang, «yaqiyn uch qismdan iboratdir», degan so‘zimizdan murod quvvatlilik va zaiflik, ko‘plik va ozlik, maxfiylik va ravshanlik ekanini bilgan bo‘lsang kerak. Quvvat va zaiflik ikkinchi istilohga  binoandir va u qalbga g‘olib bo‘lish, uni egallashda yuzaga keladi. Yaqiynning quvvat va zaiflikdagi ma’nolari darajasi tuganmas, benihoyadir. Xalqning o‘limga tayyorgarlikdagi tafovuti yaqiynning mana shu ma’nolardagi tafovutiga qarab belgilanadi. Ammo birinchi istilohdagi maxfiylik va ravshanlik tafovuti ham, tajvizga olib boradigan ikkinchi istiloh ham inkor etilmaydi. Shuningdek, undan shakni yo‘qqa chiqarishni ham inkor etishning iloji yo‘q. Masalan, sen Makkaning borligi bilan Fadakning borligini tasdiqlashda farq borligini, Muso (a.s.) bilan Yo‘sha’ni (a.s.) tasdiqlashda tafovut mavjudligini bilasan. Shu bilan birga, bular to‘g‘risida shakka bormaysan. Chunki barchasining manbasi, suyanchig‘i mutavotir, qat’iy. Lekin ularning birinchisini qalbingga yaqinroq va aniqroq ko‘rasan. Chunki birinchisining sabablari kuchli. Shuningdek, bu xususda dalillar borasidagi ma’lum nazariyalar bilan mulohaza qilgan kishi biladiki, bitta dalil bilan ma’lum bo‘lgan narsa ko‘p dalillar bilan ma’lum bo‘lgan narsa kabi emas, garchi shakni inkor etishda ikkovlon barobar bo‘lsa ham. Ilmni kitoblardan o‘qish va eshitish orqali oladigan, holatlarning tafovutidan idrok etganini o‘zida sinab ko‘rmaydigan mutakallimlar buni inkor qiladi. Ozlik va ko‘plik yaqiynga taalluqli narsalarning ko‘pligi bilan bo‘ladi. Masalan, falonchining ilmi pistonchinikidan ko‘p, deyilganda, ma’lumoti ko‘p bo‘ladi. Shu bois olimning yaqiyni gohida shariatda vorid bo‘lgan barcha narsa to‘g‘risida, gohida ba’zi narsalarda kuchli bo‘lishi mumkin. Agar, men yaqiynni, uning quvvat va zaifligini, ko‘p va ozligini, oshkor va yashirinini shakni inkor etish yoki qalbni egallashi ma’nosida tushundim, endi yaqiynning taalluqli narsalari va o‘zanlarining ma’nosi nima, men yaqiyn talab etadigan narsani bilmasam, uni talab etishga ham qodir bo‘lmayman-ku, deb aytsang, javob bunday. Bilgilki, anbiyolar (solavatullohi va salamuhu alayhim) boshidan-oxirigacha keltirgan narsalarning barchasi yaqiynning o‘zanlaridandir. Albatta, yaqiyn xos ma’rifatdan iborat va shariatlar keltirgan ma’lumotlarga taalluqlidir. Ularni sanashni tama’ etmaymiz, lekin ulardan ba’zilariga, ya’ni, asosiylariga ishora qilamiz.

Ulardan biri tavhiddir. Tavhid hamma ashyolarni Musabbibul asbobdan ko‘rish, vositalarga e’tibor bermaslik, balki ularni hukmga haqsiz va musaxxar (bo‘ysunuvchi) bilishdir. Mana shuni tasdiqlagan kishi muvqin, ya’ni, iymonlidir. Agar iymon bilan birga qalbida shakning imkonini ixtiyor etsa, u bir ma’nodagi muvqindir. Agar iymon bilan birga qalbida nafsidan vositalarga nafratni ketkizadigan, ulardan rozi bo‘lib, tashakkur aytadigan bir kayfiyat g‘olib kelsa, vositalarni Mun’im (in’om etuvchi zot — Alloh) huzuridagi qalam va qo‘l kabi musaxxar va sababchi deb bilsa, u ikkinchi ma’nodagi muvqin bo‘ladi. Bunisi sharafliroq va u birinchi yaqiynning samarasi, ruhi hamda foydasidir. Quyosh, oy, yulduzlar, jamodot — jonsiz narsalar, nabotot, hayvonot va barcha maxluqlar kotib qo‘lida biriktirilgan qalam kabi, Uning amriga musaxxardir.

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:32:03

Albatta, azaliy qudrat hamma narsaning masdaridir. Qalbini tavakkul, rozilik va taslim bo‘lish kayfiyati egallagan kishi, g‘azab, yovuzlik, hasad va yomon xulqdan pok muvqinga aylanadi.
Yaqiynning o‘zanlaridan yana biri Alloh subhonahuning rizqqa kafil ekaniga ishonchdir. Alloh taolo shunday degan:

«O‘rmalagan narsa borki, barchasining rizqi Allohning zimmasidadir» (Hud surasi, 6-oyat). Rizq, albatta kelishiga, unga taqdir qilingan narsa u tomon haydalishiga yaqiyni bo‘lsa, bu kayfiyat qalbida qanchalik g‘olib kelsa, talabni shunchalik chiroyli qiladi. Hirsi, ishtahasi va yo‘qotganiga taassufi kuchaymaydi.

Bu yaqiyn, shuningdek, bir qancha toat va mahmud axloqlarni keltirib chiqaradi.

O‘zanlardan yana biri qalbda «Bas, kim (hayoti dunyodalik paytida) zarra misqolichalik yaxshilik qilsa (Qiyomat kunida) o‘shani ko‘rur!» (Zalzala surasi, 7—8-oyatlar) hukmining g‘olib bo‘lishidir. Bu ishonch savob va iqobga (jazoga) bo‘lgan yaqiyndir. Hatto toatlarning savob keltirishini nonning to‘ydirishichalik, gunohlarning iqobga eltishini zahar va ilonlarning halokatga sabab bo‘lishichalik aniq ko‘radi. To‘yish istagida nonning ozini ham, ko‘pini ham qadrlab, unga haris bo‘lganidek, toatlarning kami-ko‘pining barchasiga haris bo‘ladi. Shuningdek, zaharning oz-ko‘pidan saqlanganidek, gunohlarning ozi-ko‘pidan, kichigi-kattasidan ehtiyot bo‘ladi.

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:32:21

Birinchi ma’nodagi yaqiyn mo‘minlar ommasida topiladi. Ikkinchi ma’nosi esa, muqarrablarga xoslangandir, ushbu yaqiynning samarasi harakat, xotirjamlik va fikr-o‘yda rost muroqaba, taqvoda mubolag‘a, hamma yomonliklardan ehtiyot bo‘lishdir. Yaqiyn g‘olib bo‘lgani sari ehtiyotkorlik kuchayadi, tayyorgarlik oxiriga yetadi.

O‘zanlardan  yana  biri Alloh  taolo  bandaning  hamma  holidan  xabardor, ichidagi  o‘yiga , maxfiy  fikru xayoliga  shohid  ekaniga  bo‘lgan yaqiyn ¬ ishonchdir. Bu narsa har bir mo‘min nazdida birinchi ma’no bilan, ya’ni,   shubha-gumonsiz aniqdir. Ammo ikkinchi ma’no, ya’ni, maqsud bilan esa, nodir, siddiqlargina xoslangandir. Buning samarasi xilvatdagi barcha holatlarda inson o‘ziga qarab turgan muazzam podshoh huzurida o‘tirgandek odobli holda bo‘lishdir. U doimo barcha amallarida boshi egik, odobli, o‘zini tiygan va odobga xilof harakatlardan saqlaydi. Botiniy    o‘y-fikrida zohiriy amallaridagidek bo‘ladi. Zero, Alloh taolo xalqining zohiridan xabardor bo‘lganidek, botinidan ham xabardor ekani unga ma’lumdir. Uning Alloh  taolo uchun botinini yashnatish,   poklash va ziynatlash mubolag‘asi boshqa odamlarga zohirini ziynatlashdagi mubolag‘asidan kuchliroqdir. Yaqiynning bu maqomi hayo, xavf, shikastalik, zalillik, xuzu’, xullas, mahmud axloqning barcha-barchasini yuzaga chiqaradi. Bu xulqlar esa, yuksak toatlarning turlarini paydo qiladi.

Yaqiyn mana shu boblarning har birida xuddi daraxtga o‘xshaydi. Qalbdagi axloq esa, xuddi daraxtdagi shoxchalar kabi. Axloqdan sodir bo‘ladigan amal -toatlar meva va shoxlardagi gullarga o‘xshaydi. Yaqiyn asl va asosdir. Uning o‘zanlari va eshiklari biz sanagandan ham ko‘proq. Bu haqda, inshaalloh, «Rub’ul munjiot» (To‘rt najot beruvchi) bobida zikr qilamiz. Hozircha ana shu lafzning ma’nosini keltirishimiz kifoya.

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:32:33

(Oxirat ulamolarining) yana bir sifati mahzunlik, shikasta nafslik, boshni pastlatib, sukut qilib, jim yurish kabilar. Qo‘rqish asari uning hay’atida, kiyinishida, siyratida, harakatida, nutqida, sukut qilishida ko‘rinib turadi. Unga biror kishi nazar solsa, Allohni eslatadi. Unday kishining surati amaliga dalolat qiladi. Uning ko‘zi oynalidir. Oxirat ulamolari uni sokinligidan, o‘zini past olishi va tavozu’sidagi siymosidan tanishadi. Aytishlaricha, Alloh taolo biror bandaga xushu’ va sakinat kiyimidan yaxshiroq kiyimni kiydirmaydi. U anbiyolar kiyimidir. Qolaversa, solih, siddiq va ulamolarning ham libosidir.

Ammo kalomga sho‘ng‘ib, ko‘p gapirib, kulguga ko‘milib, harakat va nutqda qo‘pol bo‘lish, bularning hammasi ko‘rnamaklik asoratidir. Allohning buyuk iqobi va qattiq g‘azabidan xotirjam bo‘lib g‘aflatda qolish Allohdan g‘ofil dunyo bolalarining odatlaridandir. Oxirat ulamolari bu odatdan mustasnodirlar.

Sahl Tustariy (r.a.) aytganlaridek, olimlar uch qism bo‘ladi:
1. Allohning amrini bilib, kunlarini bilmaydiganlar. Ular halol va haromga fatvo beradilar. Bu ilm Allohdan qo‘rqishni meros qoldirmaydi.
2. Alloh taoloni biladiyu, Uning amri va kunlarini bilmaydi, ular mo‘minlar ommasi.
3. Allohni tanib, Uning amri-yu, kunlarini biluvchilar. Ular siddiqlardir. Qo‘rqish va xushu’ ularga g‘olib kelgandir.

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:32:46

Allohning kunlaridan murod o‘tgan va kelasi asrlarda tushadigan har turli maxfiy uqubatlaru botiniy ne’matlardir. Kimning ilmi mana shu narsalarni anglashga yetsa, xavfi ko‘payib, xushu’si zohir bo‘ladi.

Umar (r.a.) aytadilar: «Ilm olinglar. Ilm bilan birga xotirjamlik, viqor va halimlikni ham o‘rganinglar. Sizga ta’lim berayotgan kishiga tavoze’li bo‘linglar. Sizdan ta’lim olayotgan kishilar ham sizga tavoze’li bo‘lishsin. Jabr qiluvchi olimlardan bo‘lmanglar. Ilmingiz johilligingiz ustiga qoyim bo‘lmasin».

Aytilishicha, Alloh taolo biror bandaga ilm bersa, halimlik, tavozu’, husni xulq, muloyimlikni ham qo‘shib beradi. Ana shu ilm foydalidir. Asarlarda kelishicha, kimga Alloh taolo ilm, zohidlik, tavozu’, husni xulq bersa, ana shu kishi muttaqiylar imomidir. Xabarda aytiladiki, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): «Ummatimning yaxshilari bir qavm bo‘lib, ular Allohning rahmati kengligidan qah-qah urishadi. Allohning azobidan xavf qilib, maxfiy yig‘lashadi. Ularning vujudlari yerda, qalblari osmonda, ruhlari dunyodayu qo‘llari oxiratdadir. Ular sokinlik ila yurib, vasila bilan yaqin bo‘ladilar»,176 dedilar.

Hasan aytadilar: «Halimlik ilmning vaziri, muloyimlik otasi, tavozu’ esa, kiyadigan kiyimidir».


176. Hokim va Bayhaqiylar rivoyati. Iyoz ibn Sulaymondan qilingan rivoyatni zaif deyishgan.

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:32:59

Bishr ibn Horis aytadilar: «Kim ilmi bilan riyosatni (rahbarlikni) talab qilsa, Allohning g‘azabiga yaqin bo‘ladi. Chunki uni osmondayu yerda yomon ko‘rishadi».

Isroiliyotda rivoyat qilinadi: Bir hakim uch yuz oltmishta hikmatli kitob jamladi. Hatto u hakim deb sifatlandi. Alloh taolo o‘sha zamondagi payg‘ambariga vahiy qilib, falon kishiga ayt, yerni nifoqqa to‘ldirib yubordi, chunki amali bilan Meni iroda qilmadi, Men uning nifoqidan biror narsani qabul qilmayman, dedi. Haligi kishi nadomat qilib, bu ishlarini tark etdi, ommaga aralashib, bozorlarda yurdi. Bani Isroilga ishonib, nafsini tavozu’li qildi. So‘ng Alloh taolo ularning nabiyiga vahiy qilib, u endi Mening roziligimga muvaffaq bo‘ldi, dedi.

Avzoiy (rahmatullohi alayh) Bilol ibn Sa’ddan hikoya qilib aytadilar: «Sizlardan biringiz mirshabga qarab turib, Alloh nomi ila undan panoh tilaydi, ammo xalqqa sanoatchi, boshliqlikka talabgor bo‘lgan dunyo olimidan g‘azablanmaydi. Aslida mirshabdan ko‘ra, o‘sha olimlar g‘azablanishga haqliroqdir».

Rivoyatda keltirilishicha, Rasulullohdan (sollallohu alayhi vasallam): «Qaysi amal afzal?» deb so‘rashdi. Rasululloh: «Haromdan chetlanish va tiling Allohning zikri bilan doim nam bo‘lishidir», dedilar. So‘ng: «Qaysi do‘st yaxshi?» deb savol qilishdi. «Allohni zikr qilishda senga yordam berib, unutganingda eslatuvchi do‘st yaxshidir», deb javob qildilar. «Qaysi do‘st yomon?» deb so‘rashganda, «Agar unutsang, eslatmaydigan, eslasang ham, yordam bermaydigan do‘st», dedilar. «Qaysi odamlar biluvchiroq?» deb so‘rashganda, «Allohdan qattiqroq qo‘rquvchilari», dedilar Nabiy (sollallohu alayhi vasallam). «Bizga majlisdoshlarimizning yaxshilarini xabar bering», deyishganda, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Allohni zikr qilayotganlarni ko‘rsanglar, o‘shalar yaxshilardir», deb javob berdilar. So‘ng: «Insonlarning qaysilari yomon?» deb so‘rashdi. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): «Allohim, mag‘firat qil» dedilar. Sahobalar yana: «Bizga u haqda xabar bering», deyishganida, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Ulamolar, agar fasod bo‘lishsa», dedilar.

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:35:36

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: «Qiyomat kuni omonlik topadigan insonlarning ko‘pchiligi dunyoda ko‘p fikr qilganlardir. Oxiratda kishilarning ko‘p kuluvchilari dunyoda ko‘p yig‘laganlaridir. Kishilarning oxiratda ko‘p xursand bo‘lganlari dunyoda ko‘p xafa bo‘lganlaridir».

Ali (r.a.) xutbalarida quyidagilarni aytganlar: «Zimmamdagi garovdir. Men u bilan yo‘lboshchiman. Qavmning dehqonchilik qilishi taqvoni kuchaytiradi. Asli sho‘r yerning chanqog‘ini hidoyat qondirolmaydi. Kishilarning johili qadrini bilmaydiganlaridir. Alloh g‘azab qiladigan kishilar ilm o‘rganib, so‘ng u ilmi bilan fitnaga undaydiganlardir. U biror kun ham ilmda salomat yashamaydi. Shoshiladi va ko‘paytiradi. Ilmning ozgina bo‘lib, kifoya qiladigani ko‘p bo‘lib, unutiladiganidan yaxshiroqdir. Suv ham yerga ko‘p shimdirilsa, sasiydi. Uning ko‘p quyilishi foydasizdir. U (olim) kishilarga noaniq bo‘lgan narsalarni o‘rgatadi, agar biror muhim ishga tushsa, befoyda fikrlar beradi. Uning shubhalarni kesishi xuddi o‘rgimchakning in to‘qishiga o‘xshaydi, to‘g‘ri qildimi, noto‘g‘ri qildimi, bilmaydi. Jaholatga minib olib bilmaydigan narsasiga uzr aytmaydi. Agar uzr aytganida, salomat bo‘lar edi. U ilmni oziq tishi bilan uzib olmaydi. Agar shunday qilganida, behojat bo‘lardi. U qon yig‘laydi. Hukmi bilan harom farjlarni halol qilib oladi. Allohga qasamki, u o‘ziga topshirilgan narsani sodir etishga ham, unga yuklangan narsaga ham ahl emas. Ana o‘shalar uqubatga loyiq bo‘lib, hayoti dunyoda yig‘lashlari lozim bo‘ladi».

Ali (r.a) aytadilar: «Agar ilmni eshitsanglar, uning ziddiga g‘azab qilinglar, uni hazil bilan aralashtirib yubormanglar. Yo‘qsa qalblar yaxshi narsalarni  qabul qilmaydigan bo‘lib qoladi».

Ba’zi salaflar aytishadi: «Agar olim kishi kulsa ilmidan bir qismni tuflab tashlabdi».


Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:36:04

Agar muallim uch narsani jamlay olsa, ta’lim oluvchiga nisbatan ne’matni hosil qilibdi: sabr; tavoze’; husni xulq.

Agar ta’lim oluvchi uch narsani jamlay olsa, muallimga nisbatan ne’matni hosil qilibdi: qo‘l; odob; yaxshi fahm-idrok.

Ibn Umar (r.a.) aytadilar: «Bir oz yashab shunga amin bo‘ldimki, bizlarga Qur’ondan oldin iymon beriladi, sura nozil bo‘ladi. U undan halol-harom va amrzajrlarni ta’lim oladi. Uning huzurida to‘xtash lozim bo‘ladi. Va yana shunday kishilarni ko‘rdimki, ularga iymondan oldin Qur’on beriladi. Fotiha surasini o‘rtasidan oxirigacha o‘qiydi. Uning amr va qaytariqlarini bilmaydi. Unday odamning huzurida turish lozim bo‘lmaydi. U xurmolar bir-biriga jipslashmaganidek sochib yuboradi».179

Shu ma’nodagi boshqa bir xabarda aytiladi: «Biz Rasululloh sahobalari Qur’ondan oldin iymon berilgan kishilarmiz. Sahobalardan keyin bir qavm kelurki, ularga iymondan oldin Qur’on berilur. Ular harflarini qoyim qilib, had va huquqlarini zoe’ qilurlar. «Bizdan ko‘ra ko‘p o‘qigan va bizdan ko‘ra ko‘p bilgan bormi?» deyishadi. Ana o‘sha ularning nasibalaridir».180 Boshqa bir rivoyatda: «Ana o‘shalar bu ummatning yomonlaridir», deyilgan.

Aytishlaricha, besh turli axloq oxirat ulamolari alomatlaridan bo‘lib, Allohning kitobidan olingan: qo‘rqish; xushu’; tavozu’; husni xulq; dunyodan oxiratni ustun qo‘yish, ya’ni zohidlik.


179. Hokim rivoyat qilgan va ikki shayx hamda Bayhaqiylar shartiga binoan sahih degan.
180. Ibn Moja, Jundubdan bir oz farq ila, qisqa holda rivoyat qilgan.


Qayd etilgan