Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Ilm kitobi)  ( 157705 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 23 24 25 26 27 28 29 30 31 B


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:36:22

Qo‘rqishga Allohning ushbu so‘zi misol bo‘ladi:

«Allohdan bandalari orasidagi olim-bilimdonlargina qo‘rqur» (Fotir surasi, 28-oyat).
Xushu’ga Allohning ushbu so‘zi dalildir:

«Allohga itoat qilib bosh eguvchi, Allohning oyatlarini ozgina qiymatga sotib yubormaydigan zotlar ham bor» (Oli Imron surasi, 199-oyat).
Tavozu’ga misol:

«O‘zingizga ergashgan mo‘min bo‘lgan kishilar uchun qanotingizni past tuting (Ya’ni, ularga xushxulq bilan kamtarona muomalada bo‘ling)» (Shuaro surasi, 215-oyat).
Husni xulqga misol:

«(Ey Muhammad), Alloh tomonidan bo‘lgan bir marhamat sababli ularga (sahobalaringizga) yumshoq so‘zli bo‘ldingiz» (Oli-imron surasi, 159-oyat).
Zohidlikka misol:

«Alloh kimni hidoyat qilishni istasa, uning ko‘nglini islom uchun keng qilib qo‘yar» (An’om, 125-oyat). «Keng qilish nima?» deyilganda, quyidagilar aytildi: «Agar nur qalbga tashlansa, qalb kengayib kattalashadi». «Uning alomati qanday bo‘ladi?» deyilganda, Rasulullohning quyidagi so‘zlari misol qilindi: «G‘urur hovlisidan ajrab, abadiy hovliga qaytib, o‘lim kelishidan oldin unga tayyorgarlik ko‘rish».181


181. Hokim va Bayhaqiylar rivoyati. Zahabiy bu hadisni zaif degan.


Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:36:35

Zohidlik deganda, amallar ilmini ko‘proq axtarib, uni fasod qiladigan, qalblarni tashvishga soladigan, vasvasa qo‘zg‘aydigan va yomonliklar olib keladigan narsalarni bilish tushuniladi. Dinning asli ham yomonliklardan saqlanishdir. Buni ushbu ma’nodagi she’rdan ham tushunish mumkin:

Yomonlikni tanidim, undan saqlanish uchun,
Yomonlikni tanidim unga tushmaslik uchun.
Yomonlikni tanigan undan uzoqda bo‘lgay,
Yomonlikni bilmagan tuzog‘iga ilingay.


Fe’liy amallar Allohga yaqin qiladi. Ularning eng oliyi qalb va til bilan Allohning zikrida bardavom bo‘lishdir. Fasod qiladigan, tashvish keltiradigan narsalarni bilish sha’ndir. Uning qismlari ko‘p va tarmoqlari uzundir. Uni bilishga ehtiyoji g‘olib keladi. (Ya’ni, uni o‘rganish zarur.) U narsalar oxirat yo‘lidagi sulukni balolashini umumlashtiradi.

Dunyo olimlari esa, hukm va qozilikdagi g‘aroyib furu’lar va vaz’iy suratlardan bahs qilishadi. Holbuki, ular bahs qiladigan masalalar  zamonga to‘g‘ri ham kelmaydi, voqe’ bo‘lishi ham dargumon. Voqe’ bo‘lsa ham, o‘zlari uchun emas, balki boshqalar uchun bo‘ladi. Ertayu kech xotiralarida, dillarida, amallarida yo‘liqadigan muhtoj narsani tark etishadi! O‘zi uchun muhim bo‘lgan narsani boshqaga bag‘ishlagan kishidan ko‘ra saodatlikdan yiroq kishi bormi? Undaylar Allohga yaqin bo‘lish o‘rniga xaloyiqqa yaqin bo‘lishni afzal ko‘rishadi, dunyo bolalari orasida fozil tadqiqotchi, nozik ilmlar olimi deb nomlanishni havas qilishadi. Ammo ularni Alloh taolo shu odamlarning hurmatlaridan foydalantirmay jazolaydi. Qiyomatdagi jazosi esa, muqarrab bandalarning, ilmiga amal qilganlarning obro‘larini ko‘rib, xasrat va inqiroz holga tushish bo‘ladi.

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:36:50

Hasan Basriy (r.a.) so‘zlari nabiylarning so‘ziga o‘xshagan, hidoyatda sahobalarga eng yaqin inson edilar. Bu haqdagi kalimalar bir-biriga ixtilof qilmaydi. U zotning ko‘p gaplari qalb xavotiri, amallar fasodi, nafslar vasvasasi, noaniq-maxfiy sifatlar hamda shahvatlar haqida edi. U kishiga: «Ey Abu Said! Siz shunday gaplarni so‘zlaysizki, biz uni sizdan boshqasidan eshitmaymiz. Siz qaerdan olib gapirasiz?» deyishganda, «Huzayfa ibn Yamondan», dedilar. So‘ng Huzayfa ibn Yamonga ham borib: «Siz shunday gaplarni gapirasizki, biz uni boshqa sahobadan eshitmaymiz. Siz u gaplarni qaerdan olasiz?» deyishdi. Shunda u zot: «Rasululloh meni shu xislat bilan xoslaganlar. Insonlar yaxshilik to‘g‘risida so‘rashardi, men esa, yomonlikka tushib qolmaslik uchun u haqda so‘rar edim. Bilardimki, yaxshilikning ilmi mendan o‘zib ketmas edi»,182 dedilar.

Bir safar: «Kim yomonlikni anglamasa, yaxshilikni ham anglamaydi», deganlar.

Boshqa rivoyatda aytganlarki: «Odamlar: «Ey Rasululloh, bunday-bunday qilsa nima bo‘ladi?» deb fazilatli amallar to‘g‘risida so‘rashar edi. Men esa: «Bunday-bunday qilsa, nima fasod bo‘ladi?» deb so‘rar edim. Qachon u zotni ko‘rsam, yomonlik haqida so‘raverganimdan, meni shu ilmga xoslab qo‘ydilar».

Bundan tashqari, Huzayfa ibn Yamon (r.a.) munofiqlarni biluvchi ilm bilan ham xoslangan edilar. Fitnalarning nozik sabablarini, nifoq ilmini bilishda yagona edilar. Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon va boshqa katta sahobalar ham umumiy va xususiy fitnalar haqida u zotdan so‘rashar edi. Munofiqlar haqida so‘rashsa, ularning nechtasi qolgani xabar berar, ammo ismlarini aytmas edilar. Umar (r.a.) o‘zlarida nifoqdan biror narsa bor-yo‘qligini so‘raganlarida, Huzayfa (r.a.) u zotning bu illatdan pok ekanliklarini aytganlar.


182. Hadisni tekshirib ko‘rish kerak.

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:37:02

Umar (r.a.) janoza namozi o‘qimoqchi bo‘lsalar,  ortlariga qarar edilar. Agar Huzayfa (r.a.) hozir bo‘lsalar, o‘qir edilar. Hozir bo‘lmasalar, o‘sha janozani tark qilardilar. Shuning uchun Huzayfa ibn Yamon «Sir sohibi» deb nom olgan edilar.

Qalb o‘rinlari va holatlariga ahamiyat berish ham oxirat ulamolari alomatlaridandir. Chunki qalb Allohning qurbatiga yetaklovchi narsa. Bu fan hozir g‘arib bo‘lib, siyqasi chiqib ketdi. Agar olim mana shu narsalardan birortasiga ro‘baro‘ kelsa, ajablanib undan uzoqlashadi. Va, bu zikr qiluvchilar bezagi, deydi. «Haqiqat qaerda?» deyilsa, ular, nozik tortishuvlarda, deyishadi. Quyidagi she’rni kim aytgan bo‘lsa ham, rost aytgan:

Yo‘llar ko‘pdir, haq yo‘l esa yagonadir,
Ana shu tanho yo‘lda soliklar ravonadir.
Ularni tanishmaydi, maqsadin bilishmaydi,
Soliklar maqsad sari tinimsiz odimlaydi.
Ularning maqsadidan kishilar g‘aflatdadir,
Odamlarning ko‘plari haq yo‘ldan g‘urbatdadir.


Ko‘pincha kishilar yengil va tabiatlariga mos narsaga moyil bo‘lishadi. Chunki haqiqat achchiqdir. Unda turish juda qiyin, idrok qilish murakkab, yo‘li esa, o‘nqir-cho‘nqirdir. Xususan, qalb sifatlarini tanish va uni yomon xulqlardan tozalash masalasida.

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:37:18

Chunki ana shunda, ruh uchun davomiy og‘irlik bordir. U ruh sohibi dori ichuvchi o‘rnidadir va shifo umidida uning achchig‘iga sabr qiladi. U kishi yashash muddatini ro‘za tutgan kuni kabi biladi, o‘lim paytidagi qiyinchiliklarni iftorlik ¬ og‘iz ochish bilan taqqoslaydi. Qachon bu yo‘lga rag‘bat kuchayadi?

Shuning uchun aytiladiki, Basrada yuz yigirmata mav’iza qiluvchi bor. Ammo yaqiyn ilmi, qalb holatlari va botiniy sifatlar haqida gapiruvchilar uchta xolos. Ular: Sahl Tustariy, Sabiyhiy, Abdurahim.

Bu zotlar huzurida son-sanoqsiz xaloyiq jamlanadi. Ammo boshqalar oldida juda oz. Nari borsa, o‘ntadan oshmaydi. Chunki aziz va nozik narsalar faqat xos kishilarga muvofiq bo‘ladi.

(Oxirat olimlarining alomatlaridan) yana biri, u olgan ilmlariga pok qalb, basirat va fahm-idrok ila suyanmog‘i kerak, sahifa va kitoblardan o‘qiganiga yoki boshqalardan eshitganiga taqlid qilmasligi lozim. Taqlid faqat shariat sohibi Rasululloh buyurgan, aytgan narsalarda bo‘ladi. Yana sahobalarga ham taqlid qilinadi, shu shart bilanki, agar ularning fe’llari Rasulullohdan (sollallohu alayhi vasallam)  eshitganlariga dalolat qilsa. Shariat sohibi Rasulullohdan (sollallohu alayhi vasallam) vorid bo‘lgan so‘z va fe’llarni qabul etishda taqlid qilinganda, ularning sirlarini tushunishga intilish lozim. Muqallid bir amalni qilayotgan bo‘lsa, uni Rasululloh  qilganlari uchun qiladi. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) u amalni qilibdilarmi, demak, bir asrori bor. Shunday bo‘lganidan keyin, bu borada jiddiy izlanish lozim. Ammo aytilgan narsani yod olish bilan kifoyalansa, kishi ilm idishiga aylanib qoladi. Bu olimlik emas. Shuning uchun ayrim kishilarni ilm idishi deyishadi. Narsalarning hikmat va sirlarini o‘rganmasdan yod olish bilan kifoyalangan kishi olim hisoblanmaydi. Kim qalbidan to‘siqlarni ochsa, hidoyat nuri porlaydi va ergashiladigan, taqlid qilinadigan kishiga aylanadi. Uning boshqalarga taqlid qilishi lozim emas. Shuning uchun Ibn Abbos (r.a.): «Har qanday kishidan ilm olinadi va tark qilinadi. Faqatgina Rasulullohdan olingani tark qilinmaydi»183 deb aytgan edilar.


183. Tabaroniy rivoyati. Ammo unda topmadim. Balki «Kabir» kitobidadir. Buni Taqiyuddin Subkiy «al-Fatovo» nomli kitoblarida keltirgan.

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:37:35

Fiqh  ilmini Zayd ibn Sobitdan o‘rganganlar. Qiroatni esa Ubay ibn Ka’bdan ta’lim olganlar. So‘ngra fiqh va qiroat masalalarida u ikkalasinikidan boshqacha fikrlarni aytganlar.

Ba’zi salaflar aytishadi: «Rasulullohdan (sollallohu alayhi vasallam) kelgan narsani ko‘zimiz va miyamiz ila qabul qildik. Sahobalardan kelgan narsalarning ba’zisini olib, ba’zisini tark qilamiz, tobe’inlardan kelgan narsa to‘g‘risida aytadigan bo‘lsak, ular ham odam, biz ham odam». 

Sahobalar Rasulullohning ahvol-vaziyatlarini ko‘rganlari uchun boshqalardan afzal sanalishadi. Qalblari ana shu ishlarni yaxshi ko‘rgani uchun vaziyatlarni topgan. Shu narsa, rivoyat va iboralarni o‘z ichiga olmagan narsada to‘g‘ri yo‘lga yetaklagan. Agar ularga nubuvvat nuridan quyiladigan bo‘lsa ko‘p narsalarda xatodan saqlaydi. Agar Payg‘ambardan boshqadaneshitganga e’timod qilishrozi bo‘linmaydigan taqlid hisoblansa, kitob va tasnifotlarga e’timod qilish esa yanada yomonroqdir. Balki kitob va tasnif qilingan narsalar yangilikdir. Sahobalar zamonida ham, tobe’inlar zamonining boshida ham bo‘lmagan. Bu narsa hijratdan 120 yil keyin, ya’ni hamma sahobalar, shuningdek, Said ibn Musayyab, Hasan Basriy kabi buyuk tobe’inlar ham vafot etishganidan keyin yuzaga kelgan. Avvalgilar hadis yozishni va kitob tasnif etishni xush ko‘rishmagan. Sababi kishilar u kitoblar bilan mashg‘ul bo‘lib qolishsa, Qur’onni yodlashdan, uni tadabbur va zikr etishdan to‘xtab qolishdan xavf qilishgan. Ular, biz qanday yodlagan bo‘lsak, sizlar ham shunday yodlanglar, deyishardi. Shuning uchun Abu Bakr va yana bir qancha sahobalar Qur’onni sahifalarga bitib, mushaf holatiga keltirishini karih ko‘rishgan. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) qilmagan ishni biz qandoq qilamiz, deyishgan edi. Chunki ular odamlarning mushafga suyanib qolishidan qo‘rqishardi. Qur’onni shundog‘icha qoldiramiz, odamlar bir-biriga talqin qilib o‘qib berishadi, bu ish ularning asosiy mashg‘ulotlari bo‘ladi, deb aytishar edi. Qachonki Umar ibn Xattob va boshqa sahobalar kishilar dangasaligi tufayli, uning zoe’ bo‘lishini aytishganda, xavfsirab, Qur’onni kitob holida yozishga ishora qilishdi. Uni yozishga ikkinchi sabab o‘rtada nizo kelib chiqishidan ehtiyot bo‘lish uchun edi. Chunki mutashobih oyatlarning qiroati yoki kalimalarda ixtilof chiqib qolsa, Qur’onga murojaat qilish uchun uning asli bo‘lishi kerak edi. Bu xayrli ishga Abu Bakrning (r.a.) ham qalblari moyil bo‘ldi va Qur’on bitta mushaf shaklida jamlandi.

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:37:54

Molik ibn Anas «Muvatto’» kitoblarini tasnif etganlarida, Ahmad ibn Hanbal u kishini inkor qilib: «Sahobalar qilishmagan ishni boshlab berdi», deganlar. Aytilishicha, Islomda birinchi tasnif etilgan kitob Ibn Jo‘rayjning «Al-osor» nomli kitoblari va Mujohid, Ato va Ibn Abbosning Makkadagi sohiblari tomonidan bitilgan tafsir so‘zlardir. So‘ngra yamanlik Ma’mar ibn Roshid San’oniyning kitoblari bo‘lib, bu zot unda ma’sur bo‘lgan nabaviy sunnatlarni jamlaganlar. Keyin Madinada Molik ibn Anasning «Muvatto’» kitoblari, so‘ng Sufyon Savriyning «Jome’»lari tasnif etildi. So‘ngra to‘rtinchi asrda kalom ilmida ko‘p kitoblar bitildi. Bahsmunozara ko‘paydi. Kishilar qissaxonlik va va’zxonlikka moyil bo‘lishdi. Ana shu paytdan yaqiyn ilmi darz keta boshladi. Keyin qalb ilmi, nafs sifatlari va shayton hiylalarini taftish qilish odamlarga g‘aroyib tuyulib qoldi. Bu yo‘lda juda oz kishilar qolishdi. Talashib-tortishuvchilar, so‘zini qofiyalar bilan ziynatlagan kishilar olim deb ataldi. Chunki avom faqat ularning so‘zlarini eshitardi, haqiqiy ilm ularga ayon emas edi, sahobalarning siyratlarini bilishmasdi, shuning uchun boshqalarga o‘rgatadigan darajada emasdi. Shu tariqa «ulamo» degan nom avvalgilardan keyingilarga meros bo‘lib qolishda davom etdi. Oxirat ilmi esa, noaniq qolaverdi. Ilm bilan kalom orasidagi farq g‘oyib bo‘ldi. Faqat xos kishilargina bundan xabardor edilar. Agar, falonchi bilimliroqmi yoki pistonchimi, deyilsa, falonchi ilm jihatidan, pistonchi kalom jihatidan bilimli, deb javob qilishar edi. Xos kishilargina ilm ahli bilan kalom ahlini farqlashardi. Keyingi asrlarda din mana shu tarzda zaiflashdi. (Endi bu zamonamizdagi dinning holatiga gumoningiz qanday?) Ish shu darajaga yetib bordiki, bu boradagi haqiqatni aytgan kishi jinniga chiqarildi. Yaxshisi kishi o‘zi bilan mashg‘ul bo‘lib, sukut qilish edi.

(Oxirat ulamolarining) yana bir alomati ishlarning yangisidan saqlanishdir, garchi unga jumhur ittifoq qilgan bo‘lsa ham. Sahobalardan keyin o‘ylab topilgan narsaga xalqning berilishi uni aldab qo‘ymasligi kerak. Balki sahobalarning ahvollarini, siyrat va amallarini taftish qilishi, g‘amlari ko‘proq nimada bo‘lganini o‘rganishi lozim. Ya’ni, dars berish, kitob yozish, munozara, qozilik, rahbarlik, vaqflarga egalik qilish, vasiyat, yetimlar molini yeyish, sultonlarga aralashish, aysh-ishratga berilish ularda bo‘lganmi yoki xavf, xafalik, tafakkur, tirishish, zohiriy va botiniy narsalarni kuzatish, gunohlarning kattasiyu kichigidan saqlanish, maxfiy bo‘lgan nafs shahvatlari va shayton hiylalarini idrok etishga urinish kabi botiniy ilmlarni o‘rganishganmi?

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:38:09

Haqiqatni bilgilki, albatta, zamon ahlining biluvchirog‘i va haqqa yaqinrog‘i sahobalarga yaqin bo‘lgani va salaflar yo‘lini tutganidir. Din ana shulardan olinadi. Shuning uchun Ali (r.a.): «Bizlarning yaxshilarimiz mana shu dinga tobe’ bo‘lganlarimizdir», deganlar. Agar unga falon kishiga xilof qilding, deb aytilsa, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) ahli zamonlariga muvofiq ish qilish to‘g‘risidagi o‘z zamondoshlariga muxolafati uchun qayg‘urish lozim bo‘lmaydi. Unda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)  zamonlariga muvofiq kelingan bo‘ladi. Chunki kishilar tabiatlari moyil bo‘lgan narsaga qaraydilar. Ko‘pincha, nafslari buni e’tirof etishga ijozat bermaydi. Ana shuning o‘zi jannatdan mahrum bo‘lishga sabab bo‘ladi. Ular esa, jannatga shu yo‘ldan boshqa yo‘l yo‘q, deb da’vo qilishadi. Shuning uchun Hasan Basriy aytganlar: «Islomda ikki toifa kishi yangilik (bid’at) yaratdi: 1. Yomon fikr egasi. Uning gumonicha, albatta jannat ko‘ruvchi kishiga uni rayidekdir. 2. Dunyoga ibodat qiluvchi tog‘iy (haddidan oshuvchi). U dunyo uchun g‘azab qilib, dunyo uchun rozi bo‘lib, uning talabida yuradi. Ularni o‘tga uloqtirish lozim».

Kishilar yo oxiratga, yoki havoyi nafsiga chaqiruvchi bo‘ladi. Alloh asraganlari esa, solih salaflarga mushtoq bo‘lib, ularning fe’l-atvorlarini o‘rganib, izlaridan ergashganlardir. O‘sha zotlar ulug‘ ajrlarga sazovor bo‘lgaylar. Ana shu zotlardek bo‘linglar.

Ibn Mas’uddan rivoyat qilingan mavquf xabarda keltirilishicha, u zot aytadilar: «Albatta, u (to‘g‘ri yo‘l) ikkitadir: kalom va hidoyat. Kalomlarning yaxshisi Allohning kalomidir. Hidoyatlarning yaxshisi Rasulullohning (s.a.v.) hidoyatlaridir. Ishlarning yangisidan ehtiyot   bo‘linglar. Albatta ishlarning yomoni yangi paydo bo‘lganidir, yangi paydo bo‘lgan narsa bid’atdir. Har bir bid’at zalolatdir. Orzu-havasni uzun qilishdan saqlaninglar, unda qalblaringiz qattiq bo‘lib qoladi. Ogoh bo‘linglarki, har bir keluvchi narsa yaqindir. Ogoh bo‘linglarki, uzoq bo‘lgan narsa keluvchi emasdir».184


184. Ibn Moja rivoyati. Hadis mana shu lafz bilan zaifdir.


Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:38:28

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) xutbalarida aytganlarki: «Boshqalar aybini qo‘yib, o‘zining aybi bilan shug‘ullanuvchi kishiga, halol kasb qilgan molidan infoq qiluvchiga, fiqh va hikmat ahllariga aralashuvchiga, osiy va xatokor kishilardan yiroq bo‘luvchiga qandayam yaxshi. Nafsini past ko‘rib, xilqatini chiroyli qilib, o‘zini isloh etib, insonlarga yomonlik qilishdan tiyilib, sunnatda kengayib, bid’atga qadam bosmagan kishiga ham qanday yaxshi».185

Ibn Mas’ud aytadilar: «Umrning oxirida chiroyli hidoyatda bo‘lish ko‘p amal qilishdan yaxshidir. Sizlar shundoq bir zamondasizlarki, bunda sizlarning yaxshilaringiz amal qilishga shoshilganingizdir. Sizlardan keyin shundoq zamon keladiki, shubhalar ko‘p bo‘lganidan sabot bilan to‘xtab turish yaxshi ish sanaladi».

Haqiqatda u zot rost aytganlar. Kimki bu zamonamizda bosiqlik qilmay, odamlarga ergashib, sho‘ng‘igan narsalariga sho‘ng‘isa, ular bilan birga halok bo‘lur.

Huzayfa (r.a.) bundan-da ajablanarlisini aytganlar: «Oldingi zamonda inkor qilinganingiz bugungi yaxshilaringizdir. Bugun inkor qilinganlaringiz ertangi kunning yaxshilaridir. Modomiki, haq bo‘lib, olimlaringizni past sanamas ekansizlar, yaxshilikda bardavom bo‘lasizlar».


185. Abu Nu’aym, Bazzor, Tabaroniy va Bayhaqiylar zaif sanad ila rivoyat qilishgan.


Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:38:41

Huzayfa (r.a.) ham rost aytganlar. Bu asrimizdagi ko‘p yaxshiliklar sahobalar asrida munkar ish hisoblangan. Zamonamizda ana shunday ishlardan keng tarqalgani masjidlarni ziynatlash, to‘shak va gilamlar bilan to‘ldirib, imoratning nozik joylari uchun katta pullarni sarflashdir.

Masjidga qamish to‘shash bid’at sanaladi. Bu yangilikni Hajjoj kiritgan. Avvalgilar kamdan-kam holatda tuproqqa narsa tashlashgan. Shuningdek, nozik masalalarda bahs-munozara qilish zamonamiz ahllarining yuksak ilmlari sanaladi va ular o‘zlaricha bu narsani Allohga yaqin qiluvchi deb o‘ylaydi. Aslida esa, bu ayni munkar ishdir.

Qur’on va azonni ohangga solib aytish ham shunga o‘xshaydi.

Hadasdan tozalanishdagi o‘zboshimchalik, tahoratdagi vasvasa, kiyimga najosat tegishining uzoq ehtimollarini o‘ylash, taomlarning halol-haromligini aniqlashdagi yengiltaklik kabilar ham munkar ishlar jumlasidandir.

Ibn Mas’udning (r.a.) mana bu so‘zlari naqadar rost: «Bugun sizlar shunday zamonda yashayapsizlarki, havoyi nafslar ilmga tobe’dir. Sizlarga hali shunday zamonlar keladiki, unda ilm havoyi nafsga tobe’ bo‘ladi».

Qayd etilgan