Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Ilm kitobi)  ( 157214 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 31 B


Laylo  12 Oktyabr 2006, 13:15:24

Shahidlik maqomidan yuqori, payg‘ambarlik martabasidan keyin turuvchi ilm maqomi naqadar ulug‘!

Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) marhamat qiladilar: «Allohga qilingan ibodatlarning eng ulug‘i dinda faqih bo‘lishdir. Shayton uchun bitta faqih olim mingta obiddan qo‘rqinchliroqdir. Har narsaning asos-ustuni bo‘lgani kabi, bu dinning ham ustuni bor. U fiqhdir». 25

Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: «Diningizning eng xayrlisi oson-qulay bo‘lgani, ibodatning xayrlisi esa fiqhdir». 26

Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: «Olim mo‘min obid mo‘mindan yetmish daraja ustundir». 27


25. Abu Nu’aym zaif isnod ila Abu Hurayradan rivoyat qilgan. Termiziy va Ibn Mojalar Ibn Abbosdan zaif sanad bilan rivoyat qilishgan.
26. Ibn Abdulbar Anasdan (r.a.) zaif sanad ila rivoyat qilgan.
27. Ibn Adiy Abu Hurayradan zaif isnod bilan rivoyat qilgan.

Qayd etilgan


Laylo  12 Oktyabr 2006, 13:15:36

Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) marhamat qiladilar: «Sizlar olim faqihlari bisyor, o‘quvchi (qori), xatib va so‘rovchilari oz, (javob) beruvchilari ko‘p zamonda yashayapsiz. Bu zamonda amal qilish ilm olishdan yaxshidir. Yaqinda odamlarga faqih-olimlari oz, xatiblari ko‘p, javob beruvchilari kam, so‘rovchilari ko‘p zamon keladi. U paytda ilm amaldan yaxshi va ustun bo‘ladi». 28

Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: «Olim bilan obidning orasi yuz darajali masofa bo‘lib, har darajaning orasi chopqir otning yetmish yillik yugurishichalikdir». 29

Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam): «Qaysi amal afzal?» deb so‘rashdi. U zot aytdilarki: «Alloh azza va jallani bilish». So‘ng: «Siz qaysi ilmni iroda qilyapsiz?» deb so‘rashdi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: «Alloh taoloni bilishni». Shunda : «Biz sizdan amal haqida so‘rasak, ilm haqida aytyapsiz», deyishdi. Payg‘ambarimiz: «Alloh taoloni tanib qilinadigan ozgina amal manfaatli bo‘ladi, Allohni bilmasdan qilingan ko‘p amallar foyda bermaydi!» dedilar. 30


28. Tabaroniy Hizom ibn Hakimdan zaif isnod bilan rivoyat qilgan.
29. Asfahoniy «Targ‘ib va targ‘ib» kitobida Ibn Umardan zaif isnod bilan rivoyat qilgan.
30. Ibn Abdulbar Anasdan (r.a.) zaif isnod ila rivoyat qilgan.

Qayd etilgan


Laylo  12 Oktyabr 2006, 13:15:52

Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: "Alloh taolo qiyomat kuni  olimlarni hammadan keyin tiriltiradi va ularga: «Ey olimlar jamoasi, men ahvolingizni bilganim uchun ilmni sizga berdim. Men ilmni sizlarni azoblash uchun bermadim. Boring, sizlarni mag‘firat qildim», deydi. 31

Allohdan xayrli oqibat so‘raymiz.

Asarlarda (Islom buyuklarining so‘zlarida) ham ilm fazilati haqida ko‘p bayonlar kelgan.

Ali ibn Abu Tolib (r.a.) Kumaylga: «Ilm moldan yaxshidir, u seni muhofaza qiladi, molni esa, sen qo‘riqlaysan. Ilm hokim, mol mahkumdir. Mol nafaqa qilish bilan mol kamaysa, ilm ziyoda bo‘ladi», deganlar.


31. Tabaroniy Abu Musodan zaif sanad ila rivoyat qilgan.

Qayd etilgan


Laylo  12 Oktyabr 2006, 13:16:09

Ali (r.a.) yana aytadilar: «Olim kishi kechalari qoyim, kunduzlari ro‘zador mujohiddan afzaldir. Olim vafot etsa, Islomda bir yoriq paydo bo‘ladi. U yoriqni faqat olimning o‘rinbosarigina to‘ldiradi». So‘ng Ali (r.a.)  quyidagi she’rni o‘qidilar:

Ilm ahli sharafli, hidoyat istaganlarga yo‘l ko‘rsatgay,
Har kishining qadri, bilki, qilgan ishi-la o‘lchangay.
Johil - olim dushmani, lek kanda qilma ilm izlashni,
Ilm birla umr boqiy, ilmsizlar hayotdan erta ketgay.


Abul Asvad aytadilar: «Ilmdan azizroq narsa yo‘qdir. Podshohlar odamlarga hokim bo‘lsalar, olimlar podshohlar ustidan hokimdir».

Ibn Abbos (r.a.) aytadilar: «Sulaymon alayhissalomga yo ilmni, yoki  mol-dunyoni tanlash ixtiyori berildi. Shunda u zot ilmni tanladilar. Keyin u kishiga mol-mulk ham ato etildi».

Qayd etilgan


Laylo  12 Oktyabr 2006, 13:17:41

Abdulloh ibn Muborakdan: «Komil insonlar kimlar?» deb so‘rashdi. «Olimlar», deb javob berdilar. «Podshohlar kim?» deb so‘rashdi so‘ngra. «Zohidlar», deya javob qildilar. «Pastkashlar kim?» degan savolga esa: «Din nomidan dunyo yeydiganlar», dedilar.

Ibn Muborak olimlardan boshqasini komil inson demadilar. Chunki insonni hayvonlardan ajratib turadigan asosiy xususiyati ham ilmdir. Inson nima bilan sharafli bo‘lsa, o‘sha narsa bilan insondir. Uning afzalligi jismoniy quvvatida emas. Zero, tuya insondan ancha baquvvatdir. Jismning kattaligi bilan ham afzal emas, zero, fil undan kattaroqdir. Afzallik shijoat bilan ham o‘lchanmaydi, chunki yirtqich hayvon undan ko‘ra shijoatliroqdir. Yeb-ichish bilan ham afzal emas, ho‘kizning qorni unikidan kattaroq. Jimo’  qilishiga qarab ham belgilanmaydi, zero, chumchuq jinsiy quvvatda insondan kuchliroqdir. Demak, inson faqat ilm uchun yaratilgan.

Olimlardan biri aytadi: «Ilmni boy bergan kishi nimaga erishdiyu, ilmga yetishgan kishi nimani yo‘qotdi?!»

Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: «Kimga Qur’on ilmi berilgan bo‘lsayu, boshqa odamni o‘zidagidan yaxshiroq narsaga ega deb bilsa, Alloh taolo ulug‘lagan Qur’onni kamsitgan bo‘ladi».

Qayd etilgan


Laylo  12 Oktyabr 2006, 13:17:57

Fath Musaliy: «Kasalga obu taom berilmasa, o‘ladimi?» deb so‘radilar. Atrofdagilar: «Ha, o‘ladi», deyishdi. Aytdilar: «Qalbga ham uch kun ilm berilmasa, o‘ladi».

Darhaqiqat, shayx Musaliy rost gapirdilar. Zero, jasadning ozig‘i taom bo‘lganidek, qalbning ozig‘i va hayoti manbai ilmu hikmatdir. Kim ilmni boy bergan bo‘lsa, uning qalbi kasaldir, u qalb o‘limga mahkum, lekin o‘zi sezmaydi. Jarroh tig‘ini bemor kuchli qo‘rqinch tufayli sezmagani kabi, qalbning ham dunyoga muhabbat qo‘yishi va u bilan mashg‘ul bo‘lib qolishi undagi sezgi va qobiliyatni yo‘q qiladi. Qachonki o‘lim yetib, dunyo mashaqqatlari  ustidan tushgan paytda o‘zini o‘zi halok qilganini his etadi, qattiq hasrat-nadomat chekadi, lekin u foyda bermaydi. Bu holat mastga mastlik paytida, qo‘rqqan kishiga xavfxatar vaqtida yetgan jarohat alamini o‘ziga kelganda va xavf uzoq bo‘lganda sezgani kabidir. Pardalar ko‘tariladigan kunda Allohning o‘zi panoh bersin. Insonlar uyqudadirlar, o‘lganda uyg‘onadilar.

Hasan Basriy (rahmatullohi alayh) aytadilar: «Olimlar qalamlarining siyohi shahidlar qoni bilan o‘lchanadi. Shunda olimlar qalamlarining siyohi shahidlar qonidan og‘ir keladi».

Qayd etilgan


Laylo  12 Oktyabr 2006, 13:18:23

Ibn Mas’ud (r.a.) aytadilar: «Ilm ko‘tarilmasidan uni o‘rganinglar. Ilm  olimlarning vafoti tufayli ko‘tariladi. Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Alloh yo‘lida shahid bo‘lgan kishilar (qiyomat kunida) olimlarga berilgan karomat-darajalarni ko‘rib: «Koshki bizni ham Alloh olim qilib tiriltirsa», deb orzu qiladilar. Zero, hech kim olim bo‘lib tug‘ilmaydi. Ilm o‘rganish, ta’lim olish bilan egallanadi».

Ibn Abbos (r.a.) aytadilar: «Kechaning bir qismida ilm muzokarasi bilan mashg‘ul bo‘lish menga kechani butunlay bedor o‘tkazishdan mahbubroqdir». Abu Hurayra (r.a.) va Ahmad ibn Hanbaldan ham shu ma’nodagi rivoyat naql qilingan.

Hasan Basriy (r.a.) «Parvardigoro, bizga bu dunyoda ham yaxshilik ato et, oxiratda ham yaxshilik ato et» (Baqara surasi, 201), oyatini shunday tafsir qiladilar: «Dunyodagi yaxshilik ilm va ibodat, oxiratdagisi esa, jannatdir».

Qayd etilgan


Laylo  12 Oktyabr 2006, 13:19:04

Bir donishmanddan: «Qaysi narsalarni jamlasam, yaxshi bo‘ladi?» deb so‘rashganida, «Kema halokatga uchraganda o‘zing bilan qoladigan narsani jamla», deb javob berdi. Bu bilan ilmni nazarda tutdi.

Olimlardan biri aytadi: «Kim ilm va hikmatni qo‘liga yugan qilib ushlasa, odamlar uni o‘ziga imom qilib oladi. Kim ilmu hikmat bilan tanilsa, boshqalar unga hurmat bilan qaraydi».

Imom Shofe’iy (r.a.) aytadilar: «Ilmdan nasibador kishilar ozgina olgan ilmiga xursand bo‘lib, birgina narsani unutganda xafa bo‘lishi ilmning sharafiga yetarli dalildir».

Umar (r.a.) aytadilar: «Ey insonlar, ilm o‘rganinglar, Alloh taoloning huzurida Uning o‘zi sevgan bir libos bo‘lib, ilmning bir bobini o‘rgangan kishiga u libosni kiygizadi. Agar olim bir gunoh qilsa, libos undan olinmasligi uchun, unga uch marta tanbeh beradi. Garchi, bu gunohi vafotigacha davom etsa ham (libos yechib olinmay, tanbeh berilaveradi)».

Qayd etilgan


Laylo  12 Oktyabr 2006, 13:19:13

Ahnaf ibn Qays (r.a.) aytadilar: «Olimlar ehtiromga loyiq buyuk insonlardir. Ilm bilan mustahkamlanmagan har qanday ulug‘likning oqibati xorlikdir».

Salim ibn Abul Ja’d aytadilar: «Meni bir ulug‘ zot uch yuz dirhamga sotib olib, qullikdan ozod etdi. Shundan so‘ng men ilm o‘rganishga qaror qildim. Hech qancha vaqt o‘tmasdan, shahar amiri ziyoratimga keldi, men unga huzurimga kirishiga ruxsat bermadim».

Zubayr ibn Abu Bakr aytadilar: «Otam Iroqdan menga yozgan bir maktubida shunday deb nasihat qilgan edi: «Ilm o‘rgan, zero, faqir chog‘ingda u mol,  boy vaqtingda jamol — ziynatdir».

Luqmon (a.s.) o‘g‘liga bunday nasihat qilganlar: «Ey o‘g‘lim, sen olimlar bilan  o‘tir. Ularning orasiga kir, chunki Alloh taolo yerni osmon suvi bilan tiriltirgani kabi, qalblarni hikmat nuri bilan tiriltiradi».

Hukamolardan biri aytadi: «Agar olim kishi vafot etsa, uning vafotiga suvdagi baliqlar, osmondagi qushlar yig‘laydi. Uning jismi yo‘q bo‘lsa-da, chiroyli zikri ­ nomi unutilmaydi».

Zuhriy aytadilar: «Ilm mardlikdir. Uni faqat mard erkaklar sevadi».

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:06:10

Ilm o‘rganish fazilati

Ilm olish fazilati haqida Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
«Axir ulardan har bir guruhdan bir toifa odamlar (jang uchun) chiqmaydilarmi?! (Qolganlari esa Madinada) dinni o‘rganib, (jangga ketgan) qavmlari ularning oldilariga qaytgan vaqtlarida, u qavmlar Allohning azobidan saqlanishlari uchun ularni ogohlantirgani (qolmaydilarmi)?!» (Tavba surasi, 122-oyat).

Bu oyatdan ko‘zlangan maqsad ta’lim berish va to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishdir.
Alloh taolo aytadi:
«Eslang (Ey Muhammad), Alloh kitob berilgan kimsalardan «Albatta, u (Kitob)ni odamlarga ochiq bayon qilursizlar va yashirmaysizlar», deb ahd-paymon olgan edi» (Oli Imron surasi, 187-oyat). Bu oyat ta’lim berishning vojibligiga dalolatdir.

Qayd etilgan