Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Ilm kitobi)  ( 157220 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 31 B


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:12:10

Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: «Musulmon kishi birodariga o‘zi eshitgan chiroyli hadisini o‘rgatib qo‘yishdan afzalroq foyda yetkaza olmaydi».50

Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: «Mo‘minning xayrli bir so‘zni eshitib, uni o‘rganib, unga amal qilishi bir yil ibodat etishidan yaxshiroqdir».51

Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) bir kuni ikki guruh kishilarni ko‘rdilar. Bittasi Alloh taologa duoyu tasbih bilan mashg‘ul edi, ikkinchi guruhdagilar esa, odamlarga ilm o‘rgatardi. Shunda Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: «Mana bular Allohdan so‘rayaptilar, Alloh ularga xohlasa beradi, xohlamasa bermaydi. Ammo ikkinchi majlisdagi kishilar odamlarga ilm o‘rgatyaptilar. Men muallim qilib yuborilganman». Keyin ular tomonga yurib, ular bilan birga o‘tirdilar.52


50. Ibn Abdulbar Muhammad ibn Munkadirdan mursal holda rivoyat qilgan.
51. Ibn Muborak Zayd ibn Aslamdan mursal holda rivoyat qilgan. «Musnadul-firdavs» kitobida esa, Abu Hurayradan zaif sanad ila rivoyat qilingan.
52. Ibn Moja  Abdulloh ibn Amrdan zaif sanad bilan rivoyat qilgan.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:12:46

Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) marhamat qiladilar: «Alloh taolo men orqali yuborgan hidoyat va ilmning misoli bir joyga ko‘p yoqqan yomg‘irga o‘xshaydi. U joyning bir bo‘lagi suvni o‘ziga singdirib, ko‘p o‘t-o‘lanlar o‘sib chiqdi. Yana bir yeri yomg‘ir suvini o‘zida saqlab qoldi va uni Alloh manfaatli qildi, odamlar u suvdan ichdilar, hayvonlarni sug‘ordilar va dehqonchilik qildilar. Yana boshqa bir yer esa, tekis, silliq bo‘lganidan, suvni saqlab qolmadi va biror ekinni o‘stirmadi».53

Bu hadisda Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) birinchi misoldagi yerni ilmidan manfaatlangan kishiga, ikkinchisini o‘zi foydalanmasa-da, boshqalarga manfaat beruvchi kishiga, uchinchini esa, mazkur ikki xislatdan mahrum kishiga o‘xshatdilar.

Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: «Odam farzandi vafot etsa, undan barcha amali kesiladi. Faqat uch narsada unga to‘xtovsiz ajr yetib turadi. Bu uch narsadan biri foyda beruvchi ilmdir...».54


53. Muttafaqun alayh
54. Imom Muslim Abu Hurayradan rivoyat qilgan.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:13:30

Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: «Xayrli ishga dalolat qiluvchi uni bajaruvchi kabidir».55

Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: «Hasad qilish durust emas, ammo ikki kishiga joizdir: Alloh taolo bergan ilmu hikmat asosida yashab, odamlarga ham uni o‘rgatgan kishiga va Alloh taolo molu dunyo berib, uni xayrga sarflaydigan qilib qo‘ygan kishiga».56

Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam): «Mening xalifalarimga Allohning rahmati bo‘lsin», dedilar. U zotdan: «Xalifalaringiz kim?» deb so‘rashdi. «Sunnatimni tiriltirib, uni Allohning bandalariga o‘rgatgan zotlar», deb javob berdilar. 57

Ta’lim berish haqida Islom buyuklaridan ham ko‘pgina rivoyatlar bor.


55. Termiziy Anasdan (r.a.) rivoyat qilib, g‘arib degan. Lekin, Imom Muslim, Abu Dovud, Termiziylar Abu Mas’ud al-Badriydan qilgan bundan bir oz farqli boshqa bir hadisni sahih deyishgan.
56. Muttafaqun alayh
57. Ibn Abdulbar rivoyati.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:13:44

Umar (r.a.) aytadilar: «Kim bir hadisni aytsa, keyin unga odamlar amal qilishsa, uni aytgan odamga amal qilgan kishining ajri barobarida savob beriladi».

Ibn Abbos (r.a.) aytadilar: «Insonlarga yaxshilikni o‘rgatuvchi muallim haqqiga barcha narsalar, hatto dengizdagi baliqlar istig‘for aytadi».

Olimlardan biri aytadi: «Olim Alloh bilan bandalar o‘rtasidadir. U o‘zining kimga vositachi ekanini unutmasin».

Sufyon Savriy Asqalon shahriga kelib, bir muddat turdilar. Ammo biron inson kelib, u zotdan ilm so‘ramadi. Shunda aytdilar: «Menga ulov topib beringlar, ketaman. Bu yer ilm o‘ladigan shahar ekan». Bu gapni ta’lim berish fazilati va ta’lim berish bilangina ilm boqiy qolishi mumkinligini bilganlari uchun aytdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:13:53

Ato (ibn Abu Raboh) aytadilar: «Men Said ibn Musayyab oldilariga kirsam, yig‘lab turgan ekanlar. «Nimaga yig‘layapsiz?!» deb so‘radim. «Mendan hech kim hech narsa so‘ramay qo‘ydi», deb javob berdilar».

Ulug‘ zotlardan biri aytadi: «Olimlar zamona chiroqlaridir. Har bir olim zamonasining chirog‘i bo‘lib, o‘sha zamondagi kishilar ularning nuridan foydalanadi».

Hasan Basriy aytadilar: «Olimlar bo‘lmaganida, insonlar chorva mollari kabi bo‘lib qolardilar». Ya’ni, olimlar insonlarni ilm o‘rgatish yo‘li bilan hayvonlik darajasidan insonlik martabasiga ko‘taradi.

Ikrima: «Bu ilmning qiymati — bahosi bor», dedilar. «Uning bahosi nima?» deb so‘rashganda, «Uning haqqini ado etadigan, zoe’ ketkazmaydigan kishiga o‘rgatishingdir», deb javob berdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:14:06

Yahyo ibn Muoz: «Olimlar Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) ummatlariga ota-onalaridan ham mehribondirlar», dedilar. «Nima uchun?» deb so‘rashdi. «Ota-onalar farzandlarini dunyo otashidan himoya qiladi, olimlar esa, ularni oxirat olovi — do‘zaxdan muhofaza etadi», deb javob berdilar.

Aytiladiki, ilmning avvali sukut qilish, keyin    tinglash, keyin uni yod olish, keyin unga amal qilish, keyin esa, uni tarqatish — boshqalarga ham o‘rgatishdir.

Ulug‘ zotlardan biri aytadi: «Bilmaydiganga bilganinni o‘rgat, bilmaydiganingni biladigandan o‘rgan, shunday qilsang, bilmaganingni bilib olasan, bilganingni muhofaza qilasan».

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:14:46

Muoz ibn Jabal ilm o‘rganish va o‘rgatish haqida aytadilar: «Ilm o‘rganinglar, zero, uni o‘rganish — Allohdan qo‘rqish, uni talab qilish — ibodat, muzokarasi — tasbih, uni izlash — jihod, bilmaganga o‘rgatish — sadaqa, uni o‘z ahliga bildirish — Allohga qurbatdir. Ilm tanholikda hamroh, xilvatda do‘st, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi dalil, xursandligu xafalik paytida ko‘makchi, do‘stlar oldida vazir, begonalar oldida yaqin do‘st va jannat yo‘lining minorasidir. Alloh ilm bilan qavmlarni yuksaltirib, yetakchi qilib qo‘yadi. Ular odamlarni yaxshilikka yetaklaydi, boshqalar ularning izidan yuradi, qilgan ishlari e’tiborli bo‘ladi. Har bir quruq va ho‘l narsalar, hattoki dengizdagi baliqlaru hasharotlar, yovvoyi va barcha hayvonlar, osmon va undagi yulduzlar ularning haqqiga istig‘for aytadi».58

Zero, ilm ko‘r qalb ko‘zini ochuvchi, qorong‘u zulmatda nur bag‘ishlovchi va zaif badanlarga kuch-quvvatdir. Ilm bilan banda abrorlar darajasiga ko‘tariladi, oliy martabalarga yetishadi. Ilm ustida tafakkur qilish kunduzi ro‘za tutganga, uni muzokara etish kechani ibodat bilan bedor o‘tkazganga tengdir. Allohga toat-ibodat, tavhidni anglash, Allohni ulug‘lash va taqvo qilish ilm bilan bo‘ladi. Ilm bilan qarindoshlik aloqalari bog‘lanadi, harom bilan halol ajratiladi. Ilm peshvo-imomdir, amal unga ergashadi. Ilmdan bahramand insonlar baxtli, mahrumlar esa, baxtsizdir.

Allohdan husni tavfiq so‘raymiz.


58. Abu Shayx ibn Hibbon rivoyati. Ibn Abdulbar bu hadisni isnodi kuchli emas degan.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:20:39

Aqliy dalillar haqida

Bilgilki, bu bobdan ko‘zlangan maqsad ilmning fazilati va nafosatini bilishdir. Ammo «fazilat» so‘zining ma’nosi ayni o‘rnida tushunilmasa, uning nima maqsadda ilm yoki undan boshqa narsalarga sifat bo‘lib kelgani ham tushunilmaydi. Darhaqiqat, birovning hakimligi yoki hakim emasligini «hikmat» so‘zining ma’nosidan kelib chiqib anglashiladi.

«Fazilat» so‘zi ziyodalik ma’nosidagi «fazl» so‘zidan olingan. Agar ikki narsada bir xil sifat mavjud bo‘lib,  birining sifati boshqasinikidan ko‘proq bo‘lsa, afzalroq, ziyodaroq, deyiladi. Bunda mazkur narsaning mukammalligiga dalolat qiluvchi ziyodalik miqdori ahamiyatli emas. Masalan, ot eshakdan afzal, deyilsa, ot bilan eshak yuk tashishda teng, ammo ot chopish, tez yurish va chiroyli suratda eshakdan ortiqroq, afzalroq ekani tushuniladi. Hatto birorta eshak otdan kattaroq bo‘lsa-da, u otdan afzal deyilmaydi. Chunki eshak jussada otdan kattaroq bo‘lgani bilan yuqoridagi ma’nolarda ustun emas va u mukammallikka dalolat qilmaydi.

Shu singari, ilmning fazilati ham boshqa sifatlar bilan qiyoslanganda anglashiladi. Tez yugurishda ot eshakka nisbatan afzal sanalsa-da, u mutlaq fazilatli emas. Ilm esa aynan fazilatdir, boshqa narsaga qiyos qilinmaganida ham mutlaq afzal bo‘lib qolaveradi. Zero, ilm Alloh taoloning komil sifati, maloika va payg‘ambarlarning sharafidir.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:20:50

Bilgilki, nafis marg‘ub narsa uchga bo‘linadi: boshqa narsa u orqali yetiladigan, aynan o‘sha narsaning o‘ziga yetiladigan va o‘zidagi hamda boshqadagi narsaga barobar yetiladigan narsalar.

«Aynan o‘zi istaladigan narsa» «boshqasiga u orqali yetishiladigan narsa»dan ustundir. «Boshqasiga u orqali yetishiladigan narsa»ni oltin va kumush misolida ko‘rish mumkin. Alloh taolo u ikkisini o‘zaro muomala vositasi qilib qo‘ymaganida, oddiy toshdan farqi bo‘lmas edi.

«Aynan o‘zi istaladigan narsa»  oxirat saodatiga erishish va Allohning jamolini ko‘rish lazzatidir.

«Aynan o‘zi va boshqasi uchun istaladigan narsa» esa, badan salomatligidir. Chunki kishi maqsad-hojatlariga erishishi uchun ham, o‘zi uchun ham tan-joni  salomat bo‘lishi kerak. Shu e’tibor bilan qarasak, ilm lazzatli va ayni talab qilinadigan narsa ekani, shuningdek, uning saodatga eltuvchi yo‘l va Allohga yaqinlashtiruvchi vosita ekani bilinadi.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:21:01

Odam farzandi yetishi mumkin bo‘lgan eng ulug‘ martaba, eng oliy daraja saodati abadiyadir. Demak, unga vasila bo‘ladigan narsa eng afzal narsa. Saodati abadiyaga ilm va amalsiz hargiz erishish mumkin emas. Amalga esa, qanday amal qilish ilmini bilmasdan erishish mahol. Dunyo va oxiratdagi saodatning asosi ilmdir. Shu jihatdan ilm amallarning eng afzalidir. Nega bunday bo‘lmasin?! Axir bir narsaning fazilati uning samarasi bilan bilinadi. Bildikki, ilmning samarasi olamlar Parvardigoriga qurbat hosil qilish va farishtalar darajasiga erishish ekan. Bu narsalar oxiratga oid ilmning foydalaridir.

Ilmning dunyodagi manfaatlari esa, azizlik, viqor, hukmdorlarga so‘zi ta’sir qilishi va boshqalar tarafidan hurmatga sazovor bo‘lish kabilardir. Hattoki har bir millatning esi pastlari ham olimlarni ilmlari tufayli hurmat qiladi. Bu narsa ilmning mutlaq fazilatidir. Qolaversa, ilmlar ham bir-biridan fazilatda farq qiladi, bu haqda keyinroq to‘xtalamiz.

Ta’lim berish va ta’lim olish fazilat ekani biz zikr etgan narsalarda ochiq ko‘rinib turgan ishdir. Zero, ilm eng afzal narsa bo‘lgach, uni o‘rganish va o‘rgatish ham afzal ish bo‘ladi. Buni quyidagicha bayon qilishimiz mumkin. Insonlarning g‘oyasi, maqsadi din va dunyoga aloqadordir. Diniy nizom dunyoviy nizomsiz vujudga kelmaydi. Zero, dunyo oxirat ekinzoridir. Dunyoni vatan va doimiy qarorgoh deb tushunmasdan, uni vosita sifatida bilganlar uchun dunyo Allohga eltuvchi yo‘ldir. Dunyoning tartib-nizomi odamlarning amallariga bog‘liq.

Qayd etilgan