Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Ilm kitobi)  ( 157250 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 31 B


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:21:08

Insonlarning ishlari, kasbu korlari va sanoatlari uch qismdan iborat:
1. Olam oyoqda turishi uchun kerak bo‘lgan asoslar. Bular: yeb-ichish uchun ekin ekish; kiyim-kechak uchun to‘qimachilik qilish; yashash uchun bino-uy hozirlash; odamlar o‘rtasida o‘zaro yordam.
2. Bularning har birini yuzaga keltirishga ko‘mak beradigan omillar. Masalan, dehqonchilik uchun asbob-uskuna tayyorlab beradigan temirchilik sanoati yoki to‘qimachilik uchun zarur bo‘lgan paxta tozalash, ip yigirish kabi sanoatlar.
3. Mazkur asoslarni mukammallashtiruvchi va ziynat beruvchi ishlar. Bunga un qilish, pishirish, yuvib tozalash va tikishlar kiradi.

Insonning a’zolari unga qancha ahamiyatli bo‘lsa, bu uch asos uning hayotida ham shunchalik muhimdir. Zero, insonlarning a’zolari ham uch asosga bo‘lingan:
1.   Qalb, jigar, miya kabi asl a’zolar.
2.   Asl a’zolarga xizmatchi bo‘lgan a’zolar: oshqozon, tomirlar, asab tolalari, arteriya va vena qon-tomirlari kabi.
3.   Asl a’zolarni to‘ldiruvchi va ularga ziynat beruvchi a’zolar: tirnoq, barmoq, qosh va boshqa a’zolar.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:21:47

Yuqorida aytib o‘tilgan sanoatlarning eng sharaflisi asos bo‘lganlaridir. Ularning ham ulug‘i va sharaflisi esa, kishilar orasida isloh va ulfatni joriy qiluvchi siyosatdir. Shuning uchun boshqa kasbu sanoatda talab qilinmaydigan shart — boshqara bilish mahorati siyosatda talab qilingan. Shu sababdan boshqalar siyosat sohiblariga xizmatda bo‘ladi.

Dunyo va oxiratdagi najot yo‘lini ko‘rsatuvchi murshidlar ahvolini isloh qiluvchi siyosat to‘rt darajadan iborat: 1. Eng oliy siyosat. Bu payg‘ambarlar siyosati bo‘lib, zohiru botinda xosu omga qilgan hukmlaridir. 2. Xalifalar, podshohlar va boshqa hokimlarning xosu omga yuritgan siyosati. Bu faqat zohirga oid hukmlar bo‘lib, botinga tegishli emas. 3. Alloh taoloni tanib, Uning dinini bilgan va payg‘ambarlar vorisi bo‘lgan olimlarning siyosati. Bularning hukmlari faqat xoslarning botiniga doir bo‘lib, ommaning fahmi ulardan istifoda qilishga yetmaydi. Ular  insonlarga man’ qilish, buyurish va majburlash siyosatini yuritmaydilar. 4. Voizlar siyosati. Bu siyosat avomning botinini isloh qilishda ularning hukmlaridan iborat.

Bu to‘rt nav ichida payg‘ambarlik darajasidan keyin eng sharafli siyosat insonlarni halokatga eltuvchi yomon xulqlardan qaytarib, ularni saodatli go‘zal axloqqa yo‘l ko‘rsatuvchi ilm san’atidir.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:21:56

Ilmning boshqa kasb-hunarlardan sharafli ekanini aytib o‘tdik.

Sanoat, kasb-hunarning sharafi esa uch narsa bilan bilinadi:
1) uni bilishga vasila bo‘lgan g‘ariza - tabiiy ehtiyojga qarash bilan. Bu aqliy ilmlarning lug‘aviy ilmlardan afzalligiga o‘xshaydi. Zero, ilm va hikmat aql bilan idrok qilinadi. Lug‘at (til) , eshitish bilan olinadi. Aqlning eshitishdan ustunligi esa ma’lum;
2) umumiy manfaatlarga ko‘ra bilinadi. Masalan, dehqonchilik zargarlikdan afzaldir;
3) tasarruf o‘rnining e’tibori bilan bilinadi. Zargarlik ko‘nchilikdan afzaldir, chunki zargarning ish o‘rni oltin, teri oshlovchining ishi o‘lgan hayvonning terisi ustidadir.

Shubhasiz, oxirat yo‘lining fiqhi bo‘lgan diniy ilmlar yetuk aql va sof zakovat bilan qo‘lga kiritiladi.  Aql insoniy sifatlarning eng ulug‘i va sharaflisidir. Buning bayoni keyinroq keladi. Zero, aql bilan Allohning omonati qabul qilinadi, Uning roziligiga erishiladi.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:22:05

Ilmning umumiy manfaatlari xususida hech qanday shubha yo‘q. U oxirat saodatini qozontiradi. Ilmning ulug‘ligi hech kimga maxfiy emas, chunki muallim kishilarning qalbi va ruhiga ta’sir o‘tkazib, ularni boshqaradi. Yer yuzidagi mavjudotlarning eng sharaflisi inson bo‘lsa, undagi eng ulug‘ va aziz javhar qalbdir. Muallim shu qalbni kamolga yetkazish, unga jilo berish, uni polash va Allohga yaqin bo‘lishga chorlash bilan mashg‘uldir.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, ilm o‘rgatish bir jihatdan Allohga ibodat bo‘lsa, ikkinchi jihatdan Allohga xalifa-vakil bo‘lishdir. Alloh xalifasi bo‘lgani uchun olimning qalbiga O‘zining xos sifati bo‘lmish ilmni  beradi. Olim Allohning eng qimmatbaho xazinasiga xazinachi demakdir. Bu xazinaga muhtoj bo‘lgan har qanday kishiga undan ulashish, ehson qilish huquqi muallimga berilgan.

Alloh taologa yaqinlik hosil qilishda va jannatga yetaklashda banda bilan Allohning orasida vositachi bo‘lishdan-da ulug‘ martaba bo‘lishi mumkinmi?! Alloh taolo fazlu karami bilan bizni shunday ulug‘ vositachilar jumlasidan aylasin. Barcha payg‘ambarlarga Uning salotu salomi bo‘lsin.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:22:16

Ikkinchi bob
Mahmud va mazmum ilm, ularning qism va hukmlari haqida

Bu bobda o‘rganish farzi ayn va farzi kifoya ilmlar, din ilmida kalom va fiqhning tutgan o‘rni, oxirat ilmining afzalligi haqida so‘z yuritiladi.

Farzi ayn, ya’ni, har bir musulmon uchun o‘rganish shart bo‘lgan ilmlar haqida Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) shunday marhamat qiladilar: «Ilm talab qilish (o‘rganish) har bir musulmonga farzdir».

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) yana aytadilar: «Ilmni Chinda bo‘lsa ham o‘rganinglar».

Har bir musulmon kishi bilishi farz bo‘lgan ilmlar haqida ulamolar turlicha fikr bildirganlar. Ularni batafsil aytib o‘tirmasdan, quyidagicha xulosa qilamiz: Har bir guruh, firqa o‘ziga tegishli ilmni o‘rganishni farzi ayn deb qabul qilgan.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:22:27

Mutakallimlar, kalom ilmi farzi ayn, zero, u bilan tavhid,  Allohning zoti va sifatlari o‘rganiladi, deydilar.

Fuqaholar fiqh ilmini farzi ayn bilishadi. Zero, fiqh bilan ibodatlar, haromu halol va boshqa muammolardagi harom-halol ham bilinadi, deydilar.

Mufassir va muhaddislar esa, barcha ilmlarning asosi bo‘lgan Qur’on va sunnat ilmini farzi ayn sanashadi.

Mutasavviflar, farzi ayn tasavvuf ilmi, deb da’vo qilishadi. Ular bu  masalada bir necha qismga bo‘linadilar. Ba’zilari banda Alloh azza va jalla huzurida turishni bilishi farzi ayn, desa, ayrimlari, ixlos va nafs ofatlarini bilish, insondagi malakiy va shaytoniy nasibani ajrata olish ilmi, deydi. Ba’zi tasavvuf olimlari, u botin ilmi bo‘lib, layoqati bor kishilarga xosdir, deyishadi. Ular farzi ayn lafzini umumiylikdan chiqarib, xos ma’noga burganlar.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:23:54

Abu Tolib Makkiy aytadilar: «Farzi ayn bo‘lgan ilm Islom asoslarini qamrab olgan hadisni bilishdir. U quyidagi hadis: «Islom dini besh narsa ustiga qurilgan: «La ilaha illalloh» kalimasini aytish...».59 Zero, bu besh vojib narsa bilingach, ularni bajarish kayfiyati va vojib bo‘lish jihatini o‘rganish ham vojib bo‘ladi».

Bu borada shubha qilinmaydigan qat’iy xulosani quyida zikr qilamiz: Ilm,  muomala va mukoshafa ilmlariga bo‘linadi. Farz bo‘lgan ilmdan maqsad muomala ilmidir. Aqlli, balog‘atga yetgan bandaga yuklatilgan muomala ilmi uch qismdan iborat: e’tiqod, fe’l (bajarish), tark qilish.

Agar bir bola ehtilom bo‘lish yoki belgilangan yoshga to‘lish bilan balog‘atga yetsa, unga birinchi farz bo‘ladigan narsa shahodat kalimasi  «La ilaha illalloh Muhammadur rasululloh»ning ma’nosini o‘rganishdir. Uni bahs, tadqiqot va qiyos bilan o‘rganib bilishi shart emas. Balki, ikkilanmasdan, hech qanday shubhaga o‘rin qoldirmaydigan tarzda qat’iyat bilan e’tiqod qilsa kifoyadir. Bu shakldagi e’tiqod gohida taqlid yoki eshitish yo‘li bilan ham hosil bo‘ladi. Zero, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) arab johillarining tasdiq va iqrorini kifoya bilganlar.60


59. Muttafaqun alayh
60. Bu haqda siyrat va hadis kitoblarida mashhur rivoyatlar keltiralgan. Sahihi Muslim «Masalan»dagi, Zamom ibn Sa’labaning musulmon bo‘lish qissasi.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:24:10

Balog‘atga yetgan kishi shu vazifani bajarsa, o‘sha vaqtda unga farzi ayn bo‘lgan amalni bajargan sanaladi. Bu vaqtda unga bundan boshqa biron amal vojib emas. U o‘sha paytda vafot qilsa, Alloh taolo amriga itoat etgan, osiylik qilmagan holda vafot topgan bo‘ladi.

Shahodat kalimasidan boshqa narsalar ham farz bo‘lishi uchun lozim  sabablar vujudga kelishi zarur. Ammo har bir shaxsda bu sabablar ko‘rinishi shart emas, gohida inson ulardan xoli bo‘lishi ham mumkin.

Sabablar gohida fe’lda (amalda), gohida tark qilinishi kerak bo‘lgan amalda, ba’zida esa, e’tiqodda bo‘ladi.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:24:18

Fe’lga taalluqli bo‘lgan sabablar quyidagilardir: Ertalab balog‘atga yetgan bola peshin vaqti kirgunicha yashasa, unga tahorat, namoz ilmini, (garchi oldin bilgan bo‘lsada), qayta o‘rganish farz bo‘ladi. Agar sog‘lom kishi peshin vaqti kirganida ham tahorat va namoz ilmini o‘rganishga, ham peshin namozini o‘qishga ulgurmaydigan bo‘lsa, vaqt kirmasdan oldin tahorat va namoz ilmini o‘rganish vojib bo‘ladi, deyish mumkin. Amal qilish vojib bo‘lganidan so‘ng uning ilmini o‘rganish ham vojib bo‘ladi, deyish ham mumkin. Chunki vaqti kirmasdan avval namoz ham, uni o‘rganish ilmi ham vojib bo‘lmaydi.

Peshindan boshqa namozlarda ham xuddi shunday.

Agar ramazon oyi kirsa, sabab voqe’ bo‘lgani uchun endi ro‘za ilmini o‘rganish farz bo‘ladi. Ro‘za ilmi subhdan kun botguncha niyat bilan yeyish, ichish va jimo’ qilishdan  tiyilish, ramazon ro‘zasi uchun oyni ko‘rish yoki ikki guvoh bu haqda xabar berishi kabi hukmlarni bilishdir. Agar moldunyolik bo‘lib qolsa yoki balog‘atga yetgan vaqtida molu  dunyosi mavjud bo‘lsa, unga zakot ilmini o‘rganish farz bo‘ladi. (Abu  Hanifa mazhablariga ko‘ra, balog‘atga yetmagan bolaning molidan  valiylari zakot beradi - Tarj.). Lekin g‘ayridin odam Islomni qabul qilsa, bir yil o‘tgachgina zakot berishi farzdir.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:24:26

Faqat tuyasi bor odamlarga tuyaning zakotini berish ilmini o‘rganish kifoya qiladi. Zakotning boshqa turlari ham shu kabidir.

Agar haj oylari kelsa, uni ado etishga uzoq vaqt ketgani uchun haj ibodatiga tegishli ilmni tezda o‘rganishga shoshilmasligi kerak. Haj ilmini uni ado etishga qodir bo‘lgan zahoti o‘rganish shart emas. (Abu Hanifa mazhablariga ko‘ra, kishi zodu rohilaga molik bo‘lib, hajning boshqa shartlari topilsa, o‘sha zahoti unga haj ham, haj ilmini o‘rganish ham farz bo‘ladi - Tarj.). Lekin Islom olimlari zodu rohilaga molik kishiga keyinchalik bo‘lsa-da, hajga borish farzligini bildirishi zarurdir. Agar kishi o‘sha zahotiyoq hajga borishga azm qilsa, unga hajning kayfiyati, farz va vojiblarini o‘rganish lozim bo‘ladi. Hajning sunnatlarini o‘rganish unga farz emasdir.

 Hajga qodir bo‘lgan zahoti farz bo‘lishini bildirish yoki bildirmaslik masalasi faqihlar mavzusi. Farzi ayn bo‘lgan boshqa amallarning hukmi ham shu kabidir.

Qayd etilgan