Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (2-jild)  ( 502927 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 111 B


AbdulAziz  05 May 2008, 02:45:50

8-bob. Quruqlikda savdo-sotiq qilmoqlik va Olloh taoloning «Ularni (pok, xudojuy insonlarni) na savdo-sotiq va na boshqa narsalar Ollohning zikridan chalg‘ita olur...» («Nur» surasi, 37-oyat) degan qavli xususida

Qatoda: «Bir qavm savdo-sotiq va tijorat birlan shug‘ullanardi, lekin Ollohning haqini ado etish vaqti kelganda, to uni to‘la-to‘kis bajarmaguncha, boshqa ishga qo‘l urmasdi», — dedilar.

Abu Minhol: «Men tilla va kumush birlan savdo qilardim. Shul haqda Zayd ibn Arqamdan so‘ragandim, u: «Janob Rasulullohning zamonlarida do‘konlarimiz bo‘lib, oltin va kumush birlan savdo qilardik. Janob Rasulullohdan shu haqda so‘raganimizda: «Qo‘ldan-qo‘lga o‘tsa (ya’ni, naqdga naqd bo‘lsa), mayli, lekin nasiyaga sotish yaramaydi» — deb aytdilar», — dedi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  05 May 2008, 02:46:08

9-bob. Tijorat ishlariga berilib ketish va Olloh taoloning: «Namoz tugagach, uz tirikchiliklaringiz birlan band bo‘lingizlar va Ollohning fazlu karamidan umidvor bo‘lingizlar» degan qavli haqida

Abu Muso raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Hazrat Umarning huzurlariga kirish uchun uch marta izn suradim. Ammo, ul kishi nihoyatda band bo‘lganlari sababli menga hadeganda ruxsat beravermadilar. Shuning uchun orqamga qaytib ketdim. Hazrat Umar ishlarini tugatib: «Boya Abdulloh ibn Qaysning ovozi eshitilgandek bo‘ldimi? Aytingizlar, kirsin!»— debdilar. So‘ng, qaytib ketganimni eshitib, meni chaqirtiribdilar. Men Hazrat Umarning huzurlariga kirib: «Agar bizga izn berilmasa, qaytib ketmoqlik buyurilgandur»,— dedim. Hazrat Umar: «Bu gapingizga guvoh keltiringiz!» — dedilar. Keyin, men ansorlar o‘ltirgan joyga borib, Hazrat Umarning gaplarini aytdim. Ular: «Bunga faqat eng yoshimiz Abu Said al-Xudriy guvohlik bera olur», — deyishdi. Men Abu Said al-Xudriyni olib, Hazrat Umarning huzurlariga bordim. (Abu Said gapimning to‘g‘riligiga guvohlik bergach), Hazrat Umar: «Bozorlarda bor-baraka qilish birlan ovora bo‘lib, Janob Rasulullohning bul muborak amrlarini eshitmoqdan benasib qolgan erkanman», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  05 May 2008, 02:46:20

10-bob. Dengiz orqali (biror yurtga borib) tijorat qilmoqlik haqida

Matar: «Dengiz orqali (biror yurtga borib) tijorat qilmoqlikning zarari yuq, Olloh taolo Qur’onda uning xususida zikr qilgan barcha gaplar faqat haqiqatdur» — dedilar-da, «Siz unda (dengizda suvni) yorib ketayotgan kemalarni ko‘rursiz. (Olloh o‘zining) fazlu marhamatidan (rizqu ro‘z) istashingiz (va bergan ne’matlariga) shukr qilishingiz uchun (sizlarga dengizlarni bo‘yinsundirib qo‘ydi)» degan oyatni tilovat qildilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  05 May 2008, 02:46:33

11-bob. Olloh taoloning qavli: «Ey muminlar, kasb qilib topgan narsalaringizning halol-pokizalaridan... ehson qilib turingizlar» («Baqara» surasi, 267-oyat)

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Agar ayol yaxshi niyat birlan o‘z uyidagi yeguliklardan sadaqa (xayr-ehson) qilsa, unga xayr qilgani uchun, eriga ishlab topib kelgani uchun savob tekkaydur, shuningdek xazinachi ham savob olgaydur, barchalari barobar savob olgaylar»,— dedilar».

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Agar ayol eri ishlab topgan narsalardan uning buyrug‘isiz yaxshi niyatda nafaqa (sadaqa) qilsa, bundan tegadirgan savobning yarmisi erinikidir», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  05 May 2008, 02:46:46

12-bob. Rizqi ulug‘ bulishini istagan odam haqida

Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kimki rizqi ulug‘ bo‘lmog‘ini yoki nomi uzoq vaqt eslanmog‘ini istasa, qarindosh-urug‘lariga yaxshilik (xayr-ehson) qilib tursin!»— dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  05 May 2008, 02:46:57

13-bob. Nabiy sallallohu alayhi va sallamning nasiyaga narsa olganlari to‘g‘risida

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam ahli ayollarining yemagi uchun bir yahudiydan nasiyaga taom (arpa uni) oldilar va evaziga temir sovutlarini garovga qoldirdilar».

Anas raziyallohu anhu bir kuni Nabiy sallallohu alayhi va sallamning uylariga arpa non va dumba yog‘i olib boribdilar. O’sha kuni Janob Rasululloh Madinadagi bir yahudiyga temir (qalqon) sovutlarini garovga quyib, undan ahli ayollari uchun arpa uni olgan erkanlar. Anas raziyallohu anhu (bir necha kun burun) payg‘ambarimizning: «Muhammad sallallohu alayhi va sallamning xonadonida bir siqim bug‘doy ham, bir dona don ham qolmadi», — deganlarini eshitibdilar. O’shanda Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning xotinlari 9 ta erkan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  05 May 2008, 02:47:10

14-bob. Kishining kasbi va o‘z qo‘li birlan mehnat qilishi haqida

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Abu Bakr Siddiq xalifa bo‘lganlarida: «Mening o‘z kasbim borligini qavmimiz yaxshi bilur. Men garchi musulmonlar ishlari birlan band bo‘lsam ham, shu kasbim orqali oila tebraturman», — dedilar».

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Mening sahobalarim o‘z kasblari mehnatlari birlan tirikchilik qilurlar», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  05 May 2008, 02:47:19

Miqdod raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Hech kim o‘z qo‘li birlan topgan rizqdan ko‘ra lazzatliroq taom yemagan. Ollohning payg‘ambari Dovud alayhissalom ham o‘z qullarining mehnati birlan tirikchilik qilganlar», - dedilar».

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Bir quchoq o‘tin terib, bozorga orqalab olib borib, sotib tirikchilik qilgan odam tilanchilik birlan qo‘l cho‘zib kun ko‘rgan odamdan afzal», — dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  05 May 2008, 02:47:34

15-bob. Savdo-sotiqda yengillik tug‘dirish va olijanoblik qilish haqida. Kimki haqini talab qilsa, insof birlan talab qilsin!

Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Biror narsa sotishda yoki xarid qilishda yoxud biror hukm chiqarishda olijanoblik ko‘rsatgan odamni Olloh taolo o‘z rahmatiga olur», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  05 May 2008, 02:48:16

16-bob. Qarzini uzishga qurbi yetadirgan kishiga muhlat bergan odam haqida

Huzayfa raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Farishtalar sizlardan oldin o‘tib ketgan bir odamning ruhini ushlab: «(U dunyoda) biror xayrli ish qilganmiding?»— deb so‘rashibdi. Boyagi odam: «Qarzini uzishga qurbi yetadirgan kishiga muxlat beringizlar, nochorning ersa qarzini kechib yuboringizlar, shoyad Olloh taolo ham bizning gunohimizdan o‘tsa!»— deb bolalarimga buyurardim»— deb javob beribdi. Shunda Olloh taolo ham uning u dunyoda gunohidan o‘tibdi».

Qayd etilgan