Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (2-jild)  ( 502707 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 96 97 98 99 100 101 102 103 104 105 106 ... 111 B


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 10:05:33

31-bob. Fotima raziyallohu anhoning manoqiblari

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Fotima jannat ahli ayollarining sayyidasidur!» — deb marhamat qilganlar.

Misvar ibn Maxrama rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Fotima mening bir bo‘lagimdur, kimki uni darg‘azab qilsa, meni darg‘azab qilur», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 10:05:46

32-bob. Oisha raziyallohu anhoning fazilatlari

Oisha raziyallohu anho bunday deydilar: «Bir kuni Rasululloh sallallohu alayhi va sallam:  «Ey  Oisha, Jabroil alayhissalom senga salom aytayotirlar», — dedilar. Men: «Ul kishiga (ham) salom hamda  Olloh taoloning rahmati va barakoti bulsin! Siz, (yo Rasulalloh), men ko‘ra olmaydirgan narsalarni ko‘ra olursiz», — dedim».

Abu Muso al-Ash’ariy raziyallohu anhu rivoyat qiladilar. «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ko‘pchilik erkaklar kamolotga erishdi, ammo Imron qizi Maryam va fir’avnning xotini Osiyodan bo‘lak ayollar kamolotga erishmadi. Oishaning boshqa ayollardan afzalligi ersa sariydning (ya’ni shunday nomli taomning) boshqa taomlardan afzalligi kabidur» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 10:06:00

Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning: «Oishaning bo‘lak ayollardan afzalligi sariydning (boshqa) taom(lar)dan afzalligi kabidur» — deb aytganlarini eshitdim».

Qosim ibn Muhammad raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Oisha   raziyallohu anho betob bo‘lib qoldilar. Shunda Ibn Abbos ko‘rgani keldilar-da, ul muhtaramaga: «Ey mo‘minlar onasi, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam hamda (otangiz) Abu Bakr sizdan ilgari (ul dunyoga) rihlat etishdi, siz ham ularning ortlaridan borgaysiz. Ular siz uchun jannatda joy hozirlab turishibdi, bundan xursand bo‘lingiz!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 10:06:13

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Men (safarda taqish uchun) Asmo’dan marjonini so‘rab oldim. Keyin, uni yo‘qotib qo‘ydim. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam marjonni qidirishga bir necha sahobalarini jo‘natdilar. Ular, namoz vaqti bo‘lib qolib, (suv bo‘lmagani uchun) tahoratsiz namoz o‘qishdi. Keyin, Janob Rasulullohning huzurlariga qaytishib, shul haqda ul zotga shikoyat qilishdi. Shunda «Tayammum» oyati nozil bo‘ldi. Usayd ibn Huzayr menga: «Olloh xaolo sizga xayriyat ato etsin! Xudo haqi, boshingizga bir ish tushdi deguncha parvardigor sizni undan darhol xalos qilib, musulmonlarga ham siz tufayli barakot ato etur», — dedi».

Hishomning otalari rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (qazo qilgan) betobliklari vaqtida Oishaning uyida bo‘lgilari kelib: «Men ertaga qaerda bo‘laman?» — deb ayollaridan so‘ray boshladilar. Oisha: «Mening uyimda bo‘ladirgan kunlari kelgach, xotirjam bo‘ldilar», — deydilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 10:06:34

Hishomning otalari rivoyat qiladilar: «Odamlar o‘z hadyalarini (Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga) Oishaning (uyida bo‘ladirgan) kunlari topshirishga odat qilgan erdilar. Oisha bul haqda bunday deydilar: «(Bir kuni) kundoshlarim Ummu Salamaning uyida to‘planishib: «Ey Ummu Salama, Olloh taolo haqi, odamlar o‘z hadyalarini Oishaning kunida tortiq qilmoqqa odat qildilar. Ammo, Oisha istagan xayriyatni biz ham istarmiz! Sen Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga aytgil, ul zot odamlarga: «Qaysi xotinimning uyida bo‘lsam, hadyalaringizni o‘shal yerga olib kelib menga tortiq qilaveringizlar!» — deb buyursinlar», — deyishdi. Ummu Salama (o‘zlarining navbatlari kelgan kuni) ular tayinlagan gaplarni Janob Rasulullohga aytib erdilar, ul zot teskari o‘girilib oldilar. Keyin, Ummu Salama kundoshlariga: «Men sizlar tayinlagan gaplarni aytib erdim, ul zot teskari o‘girilib oldilar» — deb ma’lum qildilar. Ummu Salama yana navbatlari kelgan kuni o‘shal gapni takrorlab erdilar, ul zot tag‘in teskari o‘girilib oldilar. Uchinchi marta aytganlarida ersa, Janob Rasululloh: «Ey Ummu Salama, Oisha xususida menga ozor bermagil! Olloh taolo haqi, Oishadan bo‘lak sizlarning birortangizning to‘shagingizda menga vahiy nozil bo‘lmagandur!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  22 Avgust 2008, 08:35:57

Bismillahir Rohmanir Rohim.

33-bob. Ansorlarning manoqiblari haqida

Olloh taoloning qavli: «Ularga (muhojirlarga) uy-joy berib, yordam qilgan» («Anfol» surasi, 72-oyat) «hamda ulardan (muhojirlardan) burun Madinaga kelib o‘rnashgan va iymonni mahkam ushlagan zotlar (ansorlar) o‘zlarining qoshlariga hijrat qilib kelganlarni suyurlar va dillarida ularga ato etilgan o‘ljalar boisidan hasad paydo qilmaslar» («Hashr» surasi, 9-oyat).

G’iylon ibn Jarir rivoyat qiladilar: «Men Anasga: «Ansorlar degan nom xususida fikringiz qanday? O’zlaringiz shunday deb ataysizlarmi yoki Olloh taolo shunday deb atashingingizni buyurganmi?» — dedim. Anas: «Ha, Olloh taolo shunday deb atamog‘imizni amr qilgan», — dedilar. Biz Anasning huzurlariga (tez-tez) kirib turar erdik, ul kishi bizga ansorlarning manoqiblari va ular ishtirok etgan g‘azotlar xususida so‘zlab berayotib, menga yoki Azd qabilasiga mansub biror kishiga qarardilar-da:  «Qavming unday va bunday qilgan erdi» — deb aytar erdilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  22 Avgust 2008, 08:36:18

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Bu’os kuni (ya’ni, Janob Rasululloh Madinaga kelmaslaridan besh yil burun ul yerdagi Avs va Xazraj qabilalari o‘rtasida urush bo‘lib o‘tgan kun) Olloh taolo uz Rasuli sallallohu alayhi va sallamga taqdim qilgan kun erdi. Janob Rasululloh (Madinaga) kelganlarida ul yerdagi aholi parokanda hamda ulug‘lari o‘ldirilgan, jarohatlangan holda bo‘lib, Olloh taolo Bu’os kunini o‘z Rasuli sallallohu alayhi va sallamga Madina ahlini Islomga kiritmoqlari uchun taqdim etdi». (Ya’ni, Olloh taolo Madina ahlining Islomga qarshilik qiladirganlarini Janob Rasululloh ul yerga kelmaslaridan besh yil burun — Buos kuniyoq halok qilib yoxud mayib-majruh qilib quygan erdi. Shul boisdan ham Bu’os kuni ul zot uchun Olloh taoloning bir tuhfasi bo‘ldi).

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Makka fathi kuni (ya’ni, Makka fath qilinadirgan yili) ansorlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Qurayshga (ya’ni, ularning musulmonlariga Xaybar g‘azotida olingan o‘ljalardan) berdilar-u, ammo bizga bermadilar. Bu g‘oyatda   ajablanarlidur. Chunki, bizning qilichlarimizdan Quraysh (kofirlarining) qoni hanuz tomib turgan bulsa-yu, nahot bizga tegishli o‘ljalar ularga (ya’ni, Quraysh musulmonlariga) berilsa!» — deyishdi. Bu gap Janob Rasulullohning quloqlariga yetgach, ul zot ansorlarni huzurlariga chaqirtirdilar-da: «Sizlarning, xususlaringizda menga yetkazilgan gap qanday gap bo‘ldi?!» — dedilar. Ansorlar rost so‘zlaguvchi kishilar bo‘lib, ul zotga: «Nimaiki eshitgan bo‘lsangiz, rostdur», — deyishdi. Shunda Janob Rasululloh: «Odamlar uylariga o‘ljalar olib qaytsalar, sizlar ersangiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni uylaringizga olib qaytsangiz,  rozi bo‘lmaysizlarmi?! Agar ansorlar vodiy yoki dara buylab yursalar, men ham ular yurgan vodiy yoxud dara buylab yurgan bo‘lur erdim!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  22 Avgust 2008, 08:36:53

34-bob. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning: «Agar hijrat bo‘lmaganda ansorlardan biri bo‘lur erdim!» — deb aytganlari haqida

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhy va sallam (eki Abulqosim sallallohu alayhi va sallam): «Agar ansorlar vodiy (yoxud dara) buylab yo‘l olsalar, men ham ansorlar vodiysi (yoki darasi) bo‘ylab yo‘l olgan bo‘lur erdim va agar hijrat bo‘lmaganda men ansorlardan biri bo‘lur erdim!» — dedilar». (Ya’ni, Janob Rasululloh ansorlarni samimiy do‘st, pokiza qalb va dinda barqaror bo‘lganlari uchun maqtab, mubolag‘a tarzida shunday dedilar).

Qayd etilgan


AbdulAziz  22 Avgust 2008, 08:37:15

35-bob. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning muhojirlar birlan ansorlarni o‘zaro aka-uka tutintirib qo‘yganlari xususida

Ibrohim ibn Sa’d rivoyat qiladilar: «(Muhojirlar) Madinaga kelishganda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Abdurrahmon ibn Avf birlan Sa’d ibn ar-Rabiy’ni o‘zaro aka-uka tutintirib qo‘ydilar. Sa’d Abdurrahmonga: «Men ansorlar ichida eng badavlat odamman, mol-dunyomning yarmini senga in’om qilurman hamda mening ikki xotinim bor, ulardan qaysi birini yoqtirsang, aytgil, uni taloq qilayin, iddasi o‘tgach, unga uylangil!» — dedilar. Shunda Abdurrahmon Sa’dga: «Olloh taolo oilang birlan mol-dunyongga barakot ato etsin! Bozorlaringiz qaerda?» — dedilar. Banu Qaynuqo’ bozori qaerdaligini tushuntirishib erdi, Abdurrahmon borib, tezda anchagina pishloq va yog‘ olib keldilar. Keyin, ertangi kunni kutdilar. Uylanganlaridan so‘ng, bir kuni Abdurrahmon Janob Rasulullohning huzurlariga keldilar, qo‘llarida qandaydir sarig‘ dog‘ bor erdi. Ul zot: «Ahvoling nechuk?» — dedilar. Abdurrahmon: «Bir ayolga uylandim», — dedilar. Ul zot: «Mahriga qancha narsa berding?» — dedilar. Abdurrahmon: «Danaqdek oltin», — dedilar».

Bu yerda yuqoridagi hadis takrorlangan bo‘lib, faqat uning oxirida Janob Rasulullohning «Bir qo‘y so‘yib bo‘lsa ham, ziyofat qilgil!» degan so‘zlari mavjud.

Qayd etilgan


AbdulAziz  22 Avgust 2008, 08:41:42

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Ansorlar (Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Madinaga kelganlarida): «(Yo Rasulalloh), xurmozorlarimizni biz birlan muhojirlar o‘rtasida bo‘lib bersangiz!» — deyishdi. Janob Rasululloh (kelajakda Olloh taolo bunday xurmozorlardan ko‘pini ato etajagini bilganlari uchun hamda keyinchalik ansorlar birlan muhojirlar o‘rtasida xurmozorlar xususida biror kelishmovchilik chiqmasin, degan niyatda): «Yo‘q, (bunday qilmayman)», — dedilar. Shunda ansorlar (Janob Rasulullohning xayollariga kelgan fikrni tushunishib), muhojirlarga: «(Xurmozorlarimizni parvarish qilishda) bizga yordam bersangizlar, bo‘ldi, hosiliga sizlarni sherik   qilurmiz», — deyishdi. So‘ng, barchalari (ya’ni, ansorlar birlan muhojirlar): «Quloq soldik va itoat etdik!» — deyishdi. (Ya’ni «Janob Rasululloh uylagan kelishmovchilik chiqmasligi uchun xurmozorlarni bo‘lishib olmay, birgaliqda foydalanaveramiz» — deb kelishib olishdi).

Qayd etilgan