42-bob. Olloh taoloning «...o‘zlarida ehtiyoj bula turib, (boshqalarni) o‘zlaridan afzal ko‘rurlar» degan qavli xususida («Hashr» surasi, 9-oyat)
Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Bir kishi (bir mehmon) Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib erdi, ul zot uni ayollari oldiga (ya’ni, uylariga) yubordilar. Ayollari (mehmonni olib borgan kishiga): «Bizning suvdan bo‘lak narsamiz yo‘q», — deyishdi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (sahobalarga): «Kim bu kishini mehmon qila oladi?» — dedilar. Shunda ansorlardan biri: «Men», — dedilar-da, mehmonni xotinlari oldiga (ya’ni, uylariga) olib borib, xotinlariga: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning mehmonlarini (uyda bor yeguliklar birlan) siylagil!» — dedilar. Xotinlari: «Uyimizda bolalarimga olib quygan ovqatdan bo‘lak hech vaqo yo‘q», — dedi. Ansoriy: «O’shal ovqatingni keltir-da, chirog‘ingni yoq, agar bolalaring ovqat tilashsa, ularni uxlatib qo‘ya qol!» — dedilar. Xotinlari taomni keltirib, chirog‘ini yoqdi-da, bolalarini uxlatdi. So‘ng, go‘yo chirog‘ining (piligini) to‘g‘rilayotgandek bo‘lib, uni (ataylab) o‘chirib qo‘ydi. Eru xotin ikkalalari (qorong‘uda) mehmonning ko‘ziga go‘yoki ovqatdan yeyayotgandek harakat qilishib, qo‘llarini dam idishga, dam og‘izlariga olib borib turishdi, so‘ng to‘ygandek taomdan qo‘llarini tortishdi. Ertasiga tongda ansoriy Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga borib erdilar, ul zot: «Olloh taolo bu kecha eru xotin ikkalangiz qilgan ishlaringizdan (mamnun bo‘lib) xo‘b kuldi va «...o‘zlarida ehtiyoj bo‘la turib, (boshqalarni) o‘zlaridan afzal ko‘rurlar. Bas, o‘z nafsining xasisligidan saqlana olganlar — najot topguvchilardurlar» degan oyati karimasini nozil qildi», — dedilar».