5-bob. Abu Zarr al-G’iforiy raziyallohu anhuning Islomga kirganlari haqida
Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Abu Zarr Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga payg‘ambarlik vahiyi kelganligini eshitib, o‘z birodarlariga: «Ulovingni minib o‘shal vodiyga bor, o‘zining payg‘ambar ekanligini, o‘ziga osmondan xabar kelayotganini ta’kidlayotgan kishini top, uning gaplarini eshitib, menga ul haqda bilib kel!» — dedilar. So‘ng, birodarlari yo‘lga tushib, Janob Rasulullohning huzurlariga bordi, ul zotning so‘zlarini tinglab, ortiga qaytgach, Abu Zarrga: «Men ul kishini ko‘rdim, odamlarni olijanob xulqli bo‘lmoqqa da’vat qilib, she’r singari so‘zlarni aytayotir», — dedi. Abu Zarr: «Meni kufrdan xalos qilg‘uvchi xabar keltirmabsan», — dedilar-da, bir meshchada suv va yegulik olib o‘zlari Makkaga keldilar. So‘ng, masjidga (ibodatxonaga) borib Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni qidirdilar, lekin ul zotni o‘zlari tanimaganlari uchun birovlardan so‘ragilari kelmadi. Shul bois bir necha kecha masjidda yetib qoldilar. Hazrat Ali ul kishini ko‘rib, begona ekanliklarini sezdilar-da: «(Musofirmisiz, yuringiz men birlan» — deb uylari tomon boshlab ketdilar). Abu Zarr (indamay) Hazrat Aliga ergashdilar, ikkalalari ham bir-birlaridan kim ekanliklarini so‘rashmadi. So‘ng, Abu Zarr ertalab yana masjidga bordilar-da, kun buyi o‘shal yerda bo‘ldilar, ammo Janob Rasulullohni uchratmadilar. Kech bo‘lgach, masjiddagi yetar joylariga keddilar. Shunda Hazrat Ali yonlaridan o‘tib ketayotib: «Kishi o‘z turar joyini bilib olmog‘i lozim bo‘lgan vaqt kelmadimi?» (ya’ni, «Biror boshpana topdingizmi?») — dedilar. (Abu Zarr: «Yo‘q» — deganlaridan so‘ng), Hazrat Ali ul kishini turg‘azib, yana uylariga olib ketdilar. Bu safar ham ikkalalari bir-birlaridan hech narsa xususida so‘rashmadi. Uchinchi kuni ham Hazrat Ali Abu Zarrni masjidda yotgan joylaridan turg‘azib, uylariga olib ketdilar. Shundagina Abu Zarrdan: «Bu yerga qanday yumush birlan kelganingizni menga aytmaysizmi?» — dedilar. Abu Zarr: «Agar sirimni yashirsangiz, aytaman», — dedilar. Hazrat Ali shunga so‘z berib erdilar, Abu Zarr bu yerga ne maqsadda kelganlarini aytib berdilar. Hazrat Ali: «Siz to‘g‘ri yo‘ldasiz, (o‘zini payg‘ambar deb ta’kidlayotgan kishi) Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdurlar. Ertalab turgach, mening ketimdan kelaveringiz, agar yo‘lda siz uchun biror xatarnok narsani sezsam, suv ichayotgan kishi bo‘lib to‘xtab turaman. Agar yana yo‘lda davom etsam, toki biror ostonaga kirgunimcha ketimdan kelaveringiz», — dedilar. Keyin, ertasiga ertalab Hazrat Ali o‘zlari aytganlaridek, Abu Zarrni ergashtirib ketaverdilar-da, nihoyat Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kirib bordilar. Abu Zarr ham ul kishi birlan birga kirib, Janob Rasulullohning so‘zlarini tingladilar-da, shul zahoti musulmon bo‘ldilar. So‘ng, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Abu Zarrga: «Qavming huzuriga qaytgil-da, to mening ishim (ya’ni, Islomga oshkora da’vat qilayotganim) haqidagi xabar o‘zingga yetib borguniga qadar ularni (Islomdan) voqif qilib tur!» — deb marhamat qildilar. Shunda Abu Zarr: «Jonim qo‘lida bo‘lgan zot haqi, men hoziroq mushriklar o‘rtasida buni ro‘y-rost aytaman!» — dedilar-da, masjidga borib, bor ovozlari birlan: «Ashhadu allo iloha illallohu va anna Muhammadan rasulullohi!» — deb aytdilar. Shunda masjiddagi (ibodatxonadagi) qavm o‘rnidan turdi-da, Abu Zarrni yotqizib olib do‘pposlay boshladi. Shu vaqt Abbos kelib qolib, gavdalari birlan Abu Zarrni to‘sdilar-da: «Sho‘ringiz qursin! Uning G’ifor qabilasidan ekanligini, savdo karvonlaringiz uning qabilasi yerlari orqali o‘tishini bilmaysizlarmi?!» — deya ul kishini ulardan qutqarib oldilar. Keyin, Abu Zarr ertasiga ham xuddi shunday qilib erdilar, qavm yana darg‘azab bo‘lib ul kishini do‘pposladi. Abbos bu safar ham Abu Zarrni o‘z gavdalari birlan to‘sib qutqarib qoldilar».