12-bob. Yollangan odamning omonat qoldirgan haqini ishlatib, ko‘paytirib qo‘ygan yoki birovning molini ishlatib, ko‘paytirib qo‘ygan kishi haqida
Ibn Umar raziyallohu anhurivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Uch kishi yo‘lda ketayotgan erdi. Birdan yomg‘ir yog‘ib qolib, tog‘dagi bir g‘orga kirib berkinishdi. Shu payt. tog‘dan bir katta tosh dumalab tushib, g‘orning og‘zini to‘sib qo‘ydi. Shunda ular o‘zaro: «Olloh taolo yo‘lida biror amali solih qilgan bo‘lsangizlar, o‘shani o‘rtaga qo‘yib parvardigorga iltijo qilingizlar, zora u g‘orning og‘zini ochsa» — deyishdi. Ulardan biri: «Yo Olloh, mening keksayib qolgan ota-onam bor erdilar. O’zim ersam qo‘ychivonlik qilar erdim. Har kuni yaylovdan qaytgach, qo‘ylarni sog‘ib, sutini avval ota-onamga, so‘ng bolalarim va ahli ayolimga berar erdim. Bir kuni yaylovdan kechroq qaytdim, qarasam, ular uxlab qolishibdi. Odatdagidek, qo‘ylarni sog‘ib, sutini ota-onamning huzurlariga olib bordim-u, lekin ularni uyg‘otishga jur’at qilolmay tepalarida turib qoldim. Bolalarim ersa (sut so‘rab) oyoqlarim ostida talpinib yig‘lashar erdi. Shu ahvolda tong ottirdik. Yo Olloh, agar bilsang, bu ishni seni yuz-xotir qilib qilgan erdim. Bizga g‘orning og‘zini bir oz ochgil, toki biz osmonni ko‘raylik!» — deb iltijo qildi. Shunda Olloh taolo g‘orning og‘zini bir oz ochdi. Keyin, ularning ikkinchisi: «Yo Olloh, agar bilsang, men amakimning qizlaridan birini erkaklar ayollarni yaxshi ko‘rgandek qattiq sevar erdim. U menga: «Yuz dinor bermaguningcha maqsadga erisha olmaysan», — dedi. Men yuz dinor topib uning oldiga bordim-da, o‘zimni oyoqlari orasiga olib erdim: «Olloh taolodan qo‘rqgil, muhrni halollik birlan ochgil!» — dedi. Shunda men darhol o‘rnimdan turib, undan nari ketdim. Yo Olloh, agar bilsang, men bu ishni seni yuz-xotir qilganimdan qilgan erdim. Bizga g‘orning ogzini (kattaroq) ochgil!» — dedi. Olloh taolo g‘or og‘zining uchdan ikki qismini ochdi. So‘ng, ulardan uchinchisi: «Yo Olloh, agar bilsang, men bir kishini bir faraq (3 so’) makkajo‘xoriga yollab erdim. Ish tugagach, haqini berdim, ammo u olmay, (omonat) qoldirib ketdi. Keyin, o‘sha (bir faraq) makkajo‘xorini ekib, dehqonchilik qildim, hosilini sotib, puliga bir sigir va molga qarab turish uchun bir xizmatkor (qul) sotib oldim. Bir kuni o‘sha yollangan odam kelib, haqini mendan talab qildi. Men: «Bor, anavi sigir birlan uning boquvchisini
olib ketaver!»— dedim. U menga: «Mening ustimdan kulayotirsanmi?» — dedi. Men: «Masxara qilayotganim yo‘q, o‘sha sigir va uning boquvchisi seniki, ularni olib ketaver!» — dedim. Yo Olloh, agar bilsang, men bu ishni seni yuz-xotir qilganimdan qilib erdim. G’orning ogzini butunlay ochgil!» —dedi. Shunda Olloh taolo gorning og‘zini butunlay ochdi, ular tashqariga chiqib, yo‘llarida davom etdilar».