10-bob. Biror narsani qo‘riqlash vakolatini olgan kishi, vakolat bergan kishi ijozat bersa, o‘zi qo‘riqlab turgan narsadan yebketarga yoxud ma’lum muddatga qarzga bersa, joizdur
Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam menga Ramazon zakotini (fitri ro‘zani) qo‘riqlab turish vakolatini berdilar. Shunda bir odam kelib, zakotga berilgan xurmolardan hovuchlab ola boshladi. Men uni ushlab olib: «Seni hozir Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga olib borurman!» — dedim. U: «Men muhtojman, bola-chaqam ko‘p, juda zoriqib qoldim», — dedi. Keyin, men uni qo‘yib yubordim. Ertalab Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam menga: «Ey Abu Hurayra, kecha siz qo‘lga tushirgan odam ne qildi?» — dedilar. Men: «Yo Rasulalloh, u juda muhtoj ekanligi va bola-chaqasining ko‘pligidan shikoyat qildi. Shul bois rahmim kelib, uni qo‘yib yubordim», — dedim. Janob Rasululloh: «Ammo, u sizga yolg‘on gapirgan, bugun yana qaytib kelur»,— dedilar. Keyin, men: «Janob Rasululloh «Qaytib kelur» dedilarmi, demak, albatta qaytib kelur» — deb uni; poyladim. O’shal kuni u yana kelib, xurmodan hovuchlab ola boshladi. Men uni yana ushlab oldim-da: «Hozir seni Janob rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga olib borurman!» — dedim. U yana: «Muhtojman, bola-chaqam ko‘p, endi kelmayman, meni qo‘yib yubor!» — dedi. Shunda men rahmim kelib, uni yana qo‘yib yubordim. Ertalab Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam yana: «Ey Abu Hurayra, asiringiz ne qildi?» — dedilar. Men: «U bola-chaqasi ko‘pligidan, muhtoj ekanligidan shikoyat qilib, endi qaytib kelmasligini aytib erdi, rahmim kelib, yana quyib yubordim», — dedim. Janob Rasululloh: «U sizni aldagan, u yana qaytib kelur», — dedilar. So‘ng, men uni uchinchi marta poylab turdim. U yana kelib, xurmodan hovuchlab ola boshlagan erdi, men uni ushlab oldim-da: «Hozir seni Janob Rasulullohning huzurlariga olib borurman, uch safardan beri meni aldab «Endi qaytib kelmayman» deysan-u, yana qaytib kelasan!» — dedim. Shunda u menga: «Meni qo‘yib yubor, (buning evaziga) men senga shunday so‘zlarni o‘rgatayinki, Olloh ul (so‘zlarni aytganing) tufayli senga naf’ yetkazur», — dedi. Men: «Ul (so‘zlar) qanday so‘zlar erkan?» — dedim. U: «Agar o‘rningga yetsang, «Oyat ul-Kursiy»ni oxiriga qadar qiroat qilgil, shunda Ollohning huzuridan (bir) himoyachi (kelib) seni (tuni birlan) muhofaza qilur, hattoki ertalab uyg‘onguningga qadar shayton ham senga yaqin kela olmas», — dedi. So‘ng men uni qo‘yib yubordim. Ertalab Janob Rasululloh menga: «Asiringiz kecha ne qildi?» — dedilar. Men: «Yo Rasulalloh, u menga shunday so‘zlarni o‘rgatmog‘ini ta’kidladiki, agar ul so‘zlarni aytsam, Olloh taolo menga naf’ yetkazar erkan, so‘ng men uni qo‘yib yubordim», — dedim. Janob Rasululloh: «Ul (so‘zlar) qanday so‘zlar erkan?» — dedilar. Men: «Ul menga: «Agar o‘rningga yetsang, «Oyat ul-Kursiy»ni oxiriga qadar qiroat qilgil, shunda Ollohning huzuridan (bir) himoyati (kelib) seni (tuni birlan) muhofaza qilur, hattoki ertalab uyg‘onguningga qadar shayton ham senga yaqin kela olmas» — deb aytdi», — dedim. (Sahobalar xayrli narsalarni o‘rganmoqqa ana shunday ishtiyoqmand erdilar). Janob Rasululloh: «Ammo, U yolg‘onchi bul safar sizga rost aytibdi. Ey Abu Hurayra, uch kechadan beri yolg‘on so‘zlayotgan kishining aslida kim ekanligini bilursizmi?» — dedilar. Men: «Yo‘q», — dedim. Janob Rasululloh: «U shayton erdi», — dedilar».