Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (2-jild)  ( 502944 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 ... 111 B


AbdulAziz  06 Iyul 2008, 10:32:37

18-bob. Ko‘chat (ekin) ekish haqida

Sahl ibn Sa’d raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Biz jum’a kuni kelsa, xursand bo‘lur erdik. Chunki, bizning bir kampirimiz  bo‘lib, jum’a kuni u biz ariqlar bo‘yiga ekib qo‘ygan qand lavlagidan olardi-da, unga bir oz arpa qo‘shib, qozonda qaynatib qo‘yar erdi. Olloh taolo haqi, ul taomda na go‘sht va na yog‘ bo‘lar erdi. Biz har safar jum’ani o‘qib bo‘lib, o‘shal kampirni ko‘rgani borar, ul ersa bizga mazkur taomdan keltirar va biz uni tanovul qilar erdik. Jum’a kunidan xushnud bo‘lishimizning boisi shul erdi. Biz (o‘shal kezlarda) jum’ani o‘qigachgina tushlik va qaylula qilar erdik».

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Odamlar: «Abu Hurayra Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning hadislarini ko‘p aytur, muhojir va ansorlar ersa ul zotning hadislarini Abu Hurayrachalik ko‘p bilmaslar», — deyishur. (Buning boisi) — muhojir birodarlarim bozorlarda bor-baraka qilish birlan band bo‘lishgan kezlarda men qornim to‘yishi birlan kifoyalanib Janob Rasulullohning xizmatlarini qilib yurdim, ular bulmagan joylarda bo‘ldim, ular eshitmagan narsalarni eshitib, yod oldim. Shuningdek, ansoriy birodarlarim o‘z mol-mulklari (va ekin ekish) ishlari birlan band erdilar. Men ersam, bir miskin sifat odam bo‘lib, ular eshitmagan narsalarni eshitib, yod oldim. Janob Rasululloh bir kuni: «Kimki ushbu hadisimni tugatgunimcha kiyimini yerga yoyib o‘ltirib, hadisimni tugatganimdan keyin, uni yig‘ib olib bag‘riga bossa, mendan eshitganlarini yoddan chiqarmaydigan bo‘lur», — dedilar. Shunda men chakmonimni yerga yoyib qo‘ydim, hadis tugagach, uni olib bag‘rimga bosdim. Shu-shu Janob Rasulullohdan nimaiki eshitsam, yodimda qoladigan bo‘ldi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Iyul 2008, 07:47:28

Bismillahir rohmanir rohim.

SUV XUSUSIDAGI HIKMATLAR KITOBI

1-bob. Suv haqida


Olloh taoloning qavli: «(Kofir bo‘lgan kimsalar). barcha jonli mavjudotni suvdan (paydo) qilganimizni ko‘rmadilarmi?! Endi ham iymon keltirmaydilarmi?!» («Anbie» surasi, 30-oyat).

Olloh taoloning qavli: «Sizlar o‘zlaringiz ichadirgan suv haqida hech o‘ylab ko‘rdingizlarmi? Uni bulutlardan sizlar yog‘dirdingizlarmi yoki Biz yog‘dirguvchimizmi?! Agar Biz istasak, uni sho‘r qilib qo‘ygan bo‘lur erdik. Bas, shukr qilmaysizlarmi?!» («Voqi’a» surasi, 68—70-oyatlar).

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Iyul 2008, 07:47:47

2-bob. (Yana) suv haqida. Kim suvni, u xoh (ko‘pchilikka) taqsimlab bo‘ladirgan va xoh taqsimlab bo‘lmaydirgan bo‘lsin, vaqf, hadya va meros qilish joiz, deb hisobladi?

(Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Madinaga kelganlarida ul yerda Ruma nomli quduqdan bo‘lak chuchuk suv manbai yo‘q erdi. Shul bois) ul zot: «Kimki Ruma qudug‘ini sotib olib, uning suvini musulmonlar birlan baham ko‘rsa, buning uchun unga jannatdan yaxshi joy ato etilur» — deb marhamat qildilar. Shunda uni Usmon raziyallohu anhu sotib oldilar.

Sahl ibn Sa’d raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga bir qadahda suv keltirishdi. Ul zot undan (bir oz) ichdilar. Shunda o‘ng yonlarida bir yigit va chap yonlarida keksalar turishgan bo‘lib, ul zot yigitga: «Ey yigit, qadahda qolgan suvni avval keksalarga uzatsam, maylimi?» — dedilar. Yigit: «Sizdan tegadigan nasibamdan voz kechmagayman» — dedi. So‘ng, Janob Rasululloh uni yigitga uzatdilar».

Zuhriy raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Anas ibn Molikning hovlilarida bir sovliq qo‘y sog‘ilib, sutga hovlidagi quduq suvidan qo‘shildi-da, Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga uzatildi. Shunda Janob Rasulullohning o‘ng tomonlarida bir badaviy, chap tomonlarida ersa, Hazrat Abu Bakr turgan erdilar. Janob Rasululloh sutdan bir oz ichgach, qadahni endi og‘izlaridan olmoqchi bo‘lib erdilar, Hazrat Umar «Kadahni badaviyga uzatmasalar erdi» degan xavotirlikda: «Abu Bakr Siddiqqa uzating, yo Rasulalloh!» — dedilar. Lekin, Janob Rasululloh baribir idishni badaviyga berib: «Avval o‘ng tomondagiga, so‘ng yana o‘ng tomondagiga uzatiladi», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Iyul 2008, 07:48:12

3-bob. Ehtiyojidan ortiq suvi bo‘lmagan odamning (o‘ ekin va mollarini) sug‘orishga eng haqli ekanligi xususida

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ehtiyojingizdan ortiqcha suvni (o‘tloqlarga) man’ qilmangiz, aks holda o‘t-o‘lanlarning mo‘l-ko‘l bo‘lmog‘iga mone’lik qilursiz!» — deb marhamat qildilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Iyul 2008, 07:48:27

4-bob. O‘z yerida quduq qazigan odamning javobgar bo‘lmasligi haqida

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kon kafolatsizdur, quduq kafolatsizdur va hayvon (ham) kafolatsizdur. (Johiliyat; davridan qolgan) xazinadan ersa, xums (soliq) olinur» — deb marhamat qildilar». (Ya’ni, agar bir kishi o‘z yerida yoxud tashlandiq, hech kimga tegishli bulmagan joyda kon qazisa-yu, unga hayvon yo inson tushib ketib halok bo‘lsa yoki yollab qazdirayotgan odami kon bosib qolib nobud bo‘lsa, javobgar bo‘lmas. Shuningdek, bir kishi o‘z yerida yoki tashlandiq, hech kimga tegishli bulmagan joyda quduq qazisa-yu, unga hayvon yo inson tushib ketib halok bo‘lsa yoki yollab qazdirayotgan odami quduq o‘pirilib ketib nobud bo‘lsa, javobgar bulmas).

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Iyul 2008, 07:50:27

5-bob. Quduq xususidagi xusumat va unga nisbatan chiqarilgan hukm haqida

Abdulloh (ibn Mas’ud) raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Kimki biror musulmonning molini tortib olish maqsadida (yolg‘on) qasam ichar erkan, u fojirdir. Olloh taolo uni Qiyomat kuni g‘azab birlan qarshi olur. Bu xususda Olloh taolo «Olloh taologa bergan va’dalari birlan qasamlarini (bu dunyodagi) arzimas bir matohga almashtirguvchilar oxirat ne’matlaridan benasib qolurlar...» degan oyati karimasini nozil qildi» — deb aytgan erdilar. (Bir kuni men bir guruh sahobalar birlan) Ash’as (xususida suhbatlashib o‘ltirgan erdim, uning o‘zi huzurimizga) kirib kelib qoldi-da: «Abu Abdurrahmon (ya’ni, meni nazarda tutayotir) sizlarga ne dedilar?» — deb so‘radi. (Shunda sahobalar: «Sening bir quduq xususida xusumatlashganing haqida so‘zlab berdilar», — deyishdi). So‘ng, Ash’as bunday dedi: «Bul kishi to‘g‘ri aytibdilar, darhaqiqat o‘shal oyat mening xususimda nozil bo‘lgandur. Mening bir amakivachchamning yerida menga qarashli bir quduq bor erdi. (Ikkalamiz uni talashib, janjallashib qoldik). Shunda Janob Rasululloh menga: «Quduq seniki ekanligiga guvohlar keltir!» dedilar. Men: «Guvohlarim yo‘q», — dedim. Janob Rasululloh: «Bo‘lmasa, amakivachchang qasam ichsin!» — dedilar. Men: «Yo Rasulalloh, turgan gapki, u (yolg‘on) qasam ichur!» — dedim. Shunda ul zot quyidagi hadislarini aytdilar: «Kimki biror musulmonning molini tortib olish maqsadida (yolg‘on) qasam ichar erkan, u fojirdur. Olloh taolo uni Qiyomat kuni g‘azab birlan qarshi olur». Keyin, Olloh taolo ul zotning so‘zlarini tasdiqlab, «Olloh taologa bergan va’dalari birlan qasamlarini (bu dunyodagi) arzimas bir matohga almashtirguvchilar oxirat ne’matlaridan benasib qolurlar...» degan oyati karimasini nozil qildi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Iyul 2008, 07:51:23

6-bob. Yo‘lovchiga suv bermagan kishining gunohi haqida

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Olloh taolo Qiyomat kuni uch toifa odamga rahmat nazari birlan qaramas, ularni maqtamas, gunohdan poklamas, ularni alamli azob kutur. Birinchisi — ortiqcha suvi bula turib, yo‘lovchiga suv bermagan odam. Ikkinchisi — imomga (rahbarga) faqat mol-dunyo ilinjida bay’at qilgan odam bo‘lib, agar imom unga mol-dunyodan berib tursa, rozi, bermasa, darg‘azab bo‘lur. Uchinchisi — bozorga molini asrdan keyin olib kelib: «Yakka-yu yagona tangrim haqi, bu molimni bir xaridor falon so‘mga olmoqchi erdi» — deb (yolg‘on) qasam ichguvchi odam bo‘lib, bo‘lak bir xaridor uning qasamiga ishonur-da, ul aytgan narxga o‘shal molni sotib olur». So‘ng, ul zot quyidagi oyatni qiroat qildilar: «Olloh taologa bergan va’dalari birlan qasamlarini (bu dunyodagi) arzimas bir matohga almashtirguvchilar oxirat ne’matlaridan benasib qolurlar...».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Iyul 2008, 07:52:32

7-bob. Daryo (soy, ariq)lar suvini to‘sib quyish haqida

Urva raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning oldilarida bir ansoriy kishi Abdulloh ibn Zubayr birlan toshloqdan oqib keladigan jilg‘a suvini talashib, janjallashib qolishdi, chunki ikkalalari o‘shal jilg‘adan o‘z xurmozorlarini sug‘orishar erdi. Ansoriy: «Suvni to‘sma, oqib tursin!» — dedi. Zubayr ko‘nmadi. Shunda Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ey Zubayr, xurmolaringni sug‘orgil-da, keyin qo‘shningning xurmolariga ochib yubor!» — dedilar. Ansoriy g‘azablanib: «Bu ammangizning o‘g‘li-da!» — dedi. Janob Rasulullohning ranglari o‘zgarib ketdi-da: «Ey Zubayr, suvni ochgil-da, xurmolaringni to ildiz-ildiziga yetguncha (ikki hissa) sug‘oraver, keyin suvni tusib qo‘y!» — dedilar».

Zubayr: «Olloh taolo haqi, men quyidagi oyatni ana shu voqea xususida nozil bo‘lgan, deb hisoblayman», — deydilar: «Yo‘q, Parvardigoringizga qasamki, to ular o‘z o‘rtalarida chiqqan janjallarda sizni hakam qilmagunlaricha... zinhor mumin bula olmaslar» («Niso» surasi, 65-oyat).

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Iyul 2008, 07:52:54

8-bob. Avval suvga eng yaqin yer, so‘ng undan keyingi yer sug‘orilur

Bu yerda yuqoridagi hadis takrorlangan.

9-bob. Ikki hissa sug‘orish haqida

Bu yerda ham yuqoridagi hadis takrorlangan.

10-bob. O’zganing chanqog‘ini qondirishning fazilati xususida

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Bir odam yo‘lda ketayotib chanqab qoldi-da, bir quduqni uchratib, uning ichiga tushib suv ichdi. So‘ng, quduqdan chiqib, bir itning tashnalikdan harsillab tuproq namini yalayotganini ko‘rdi. Shunda u o‘ziga-o‘zi: «Bu it ham men kabi chanqab qolibdi» — deb quduqqa qayta tushdi va mahsisini suvga to‘ldirdi-da, quduqdan chiqib itga ichirdi. Olloh taolo bul amali solihi uchun uning gunohlarini kechirdi», — dedilar. Shunda sahobalar: «Yo Rasulalloh, hayvonlarga suv ichirsak ham, bizga savob tegurmi?» — deyishdi. Janob Rasululloh: «(Biz sug‘oradirgan) har bir jonzotda biz uchun savob (ajr) mavjuddur», — dedilar».

Asmo binti Abu Bakr raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Janob Rasululloh quyosh tutilganda o‘qiladirgan namozni o‘qib bo‘ldilar-da: «Menga jahannam shunday yaqin keltirildiki, hatto men (unda azoblanayotgan bir qancha ummatlarimni ko‘rib): «Yo Olloh, sen: «Modomiki, siz ularning ichida ekansiz, ulardan birortasini ham azoblamasman» — demabmiding?!» — deb yubordim. Keyin, mushuk yuzlarini timdalayotgan bir ayolga ko‘zim tushib: «Bu kim?» — deb so‘radim. Menga: «Bu ayol tirikligida bir mushukni qamab qo‘yib, suv va ovqat bermay, o‘ldirib qo‘ygan erdi», — deyishdi», — dedilar».

Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Bir ayol bir mushukni qamab quyib, ochliqdan o‘ldirib qo‘ygani uchun jahannamda azoblandi. Olloh taolo haqi, u uni qamab quyib, na ovqat va na suv berdi, tashqariga chiqib, biror jonzotni tutib yeyishiga ham imkon bermadi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Iyul 2008, 07:56:36

11-bob. Hovuz yoxud mesh egasining undagi suvga o‘zgalardan haqliroq ekanligi haqida

Sahl ibn Sa’d raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga bir idishda suv keltirishib erdi, undan bir oz ichdilar. Shunda o‘ng tomonlarida qavmning eng yosh yigiti, chap tomonlarida ersa katta yoshdagi e’tiborli kishilar o‘ltirishgan erdi. Janob Rasululloh yigitga «Qolgan suvni kattalarga uzatsam maylimi?» .— dedilar. Yigit: «Yo Rasulalloh, sizdan tegadirgan nasibamdan voz kechmasman!» — dedi. So‘ng, Janob Rasululloh idishni unga uzatdilar».

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Jonim qo‘lida bo‘lgan zot nomi birlan qasam ichib aytamanki, begona tuyalar qavm hovuzidan quvilgani kabi, men ham havzimdan (Havzi Kavsarimdan munofiq, bid’atchi va murtad) kishilarni quvib yuborurman!» — dedilar».

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Ismoil alayhissalomning onalarini Olloh taolo rahmat qilsin! Agar ul muhtarama Zamzamga qul tekkizmaganlarida (yoxud suvidan olmaganlarida), u (Yer yuzida) oqib turguvchi buloq bo‘lur erdi», — dedilar».

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Olloh taolo Qiyomat kuni uch toifa odamga rahmat nazari birla qaramas, ularga gapirmas: birinchisi — ortiqcha suvi bula turib, yo‘lovchiga suv bermagan odam. Ikkinchisi — imomga (amir, xalifaga) faqat mol-dunyo ilinjida bay’at qilgan odam bo‘lib, agar imom unga mol-dunyodan berib tursa, rozi, bermasa, norozi bo‘lur. Uchinchisi — bozorga molini asrdan keyin olib kelib: «Yakka-yu yagona tangrim haqi, bul molimni bir xaridor falon so‘mga olmoqchi erdi» — deb (yolg‘on) qasam ichguvchi odam bo‘lib, bo‘lak bir xaridor uning qasamiga ishonur-da, ul aytgan narxga o‘shal molni sotib olur. Olloh taolo (suv bermagan odamga qiyomat kuni): «Qo‘ling birlan yaratmagan (narsaning) ehtiyojingdan ortiqchasini qizganganing uchun bugun men ham sendan fazlu karamimni darig‘ tuturman!» — der».

Qayd etilgan