Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (2-jild)  ( 503001 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 ... 111 B


AbdulAziz  08 Iyul 2008, 07:57:12

12-bob. Qo‘riq faqat Olloh taolo birlan uning Rasuliniki (bo‘lib, biror kimsaning unga egalik qilmoqqa haqqi yo‘qdur)

Sa’b ibn Jassoma raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Qo‘riq faqat Olloh taolo birlan uning Rasuliniki (bo‘lib, biror kimsaning unga ega chiqib olmoqqa haqqi yo‘qdur)», — dedilar. (Ya’ni, imom yoki xalifa vodiylardagi va tog‘lar oraligidagi egasiz yerlarni hamda bo‘z yerlarni o‘z tasarrufiga oladi, bunday yerlarda jihod uchun mo‘ljallangan otlar, tuyalar va zakotga olingan mol-hollar boqiladi)».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Iyul 2008, 07:58:46

13-bob. Daryo (soy, ariq va boshqa chuchuk suv manba’lari)dan insonlarning (suv) ichmog‘i va hayvonlarning sug‘orilmog‘i xususida

Abu Hurayra razyayallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deb marhamat qildilar: «Ot bir kishi uchun savob (ajr), ikkinchi kishi uchun (kambag‘allikdan) asraguvchi (vosita) va uchinchi kishi uchun gunohdur. Oti tufayli savob olguvchi kishi — otini Olloh taolo yo‘lida jihod qilmoq niyatida biror yaylov yoki boqqa bog‘lab qo‘ygan kishi bo‘lib, arqonini uzunroq qilib bog‘lab, o‘tlardan bemalol yemog‘iga imkon bergani uchun savob olur, hattoki oti yechilib ketib, shataloq otib yayrasa ham, uning qoldirgan izlari va tezaklari unga savob keltirur. Basharti ot biror suv bo‘yiga borib, undan ichsa-yu, egasi mone’lik qilmasa ham, savob bo‘lur. Oti tufayli (kambag‘alliqdan) najot topguvchi kishi shulkim, ul o‘z otini tirikchilik uchun egarlab, topayotgan rizqi ro‘zidan Olloh taolo yo‘lida sadaqa qilmoqni unutmas va shul bois uning oti (kambag‘allikdan) asraguvchi (vositadur). Oti tufayli gunoh orttirguvchi kishi ersa, maqtanish, riyo uchun ot boqayotgan kishi bo‘lib, uning bul ishi Islom ahliga zid bo‘lgani boisidan unga gunohovardur». So‘ng, Janob Rasulullohdan eshaklar xususida so‘rashdi, shunda ul zot: «Olloh taolo menga bul xususda «Kimki qilibdur zarra vaznicha (jonivorga) yaxshilik, (savobini) ko‘rur va kimki qilibdur zarra vaznicha (jonivorga) yomonlik, (jazosini) ko‘rur» degan oyatdan bo‘lak hech narsa nozil qilmagandur», — dedilar».

Zayd ibn Xolid raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Bir odam Janob Rasulullohning huzurlariga kelib, topilma xususida suradi. Janob Rusululloh sallallohu alayhi va sallam unga: «Uning xaltasi birlan bog‘ichini yaxshilab tanib ol, so‘ng bir yil davomida o‘sha topilma haqida odamlarga ovoza qil, agar egasi kelib qolsa, uni unga qaytarib ber, agar kelmasa, uni nima qilsang, qilaver!» — dedilar. Boyagi odam: «Agar qo‘y yo‘qolib qolsa-chi?» — dedi. Janob Rasululloh: «U seniki yoki birodaringniki yoki bo‘riniki», — dedilar. Keyin, u yo‘qolgan tuya haqida so‘ragan erdi, Janob Rasululloh: «U birlan ishing bo‘lmasin, uning suvi ham, tuyog‘i ham o‘zi birlan, xohlasa, suv ichur, xohlasa, yantoq yer, toki egasi uni topib olguncha o‘zini-o‘zi eplagay», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Iyul 2008, 08:01:13

14-bob. O’tin va xashak sotish haqida

Zubayr ibn al-Avvom raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «(Qo‘lingizga) arqon olib, bir bog‘ o‘tin terib sotsangiz, Olloh taolo ul bir bog‘ o‘tin tufayli yuzingizni (gadoylik qilib) shuvut bo‘lmoqdan asrab qolurki, bu — odamlarga qo‘l cho‘zib, hali ular beradilarmi yo yo‘qmi, tilamchilik qilganingizdan yaxshidur», — dedilar».

Ali ibn Abu Tolib raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Badr janggida qo‘lga tushirilgan o‘ljalardan bir qari urg‘ochi tuya menga berilgan erdi. Keyin, Janob Rasululloh menga yana bir qari urg‘ochi tuya berdilar. Kunlarning birida ikkala tuyamni ansorlardan birining eshigi oldida cho‘ktirdim, ularga izxir ortib, (yahudiy buyoqchilarga olib borib) sotmoqchi va pulini Fotimaga uylanadirgan to‘yimda sarf qilmoqchi erdim. Shunda Banu Qaynuqo’ qabilasidan bo‘lmish bir bo‘yoqchi ham men birlan birga erdi. Eshigi oldida tuyalarimni cho‘ktirgan ansoriyning uyida Hamza ibn Abdulmuttalib o‘z ulfatlari birlan araq ichib o‘ltirgan bo‘lib, bir ashulachi ayol Hamzaga g‘amza qilib: «Ey Hamza, qari tuyalarni ham so‘ya olursizmi?!» — debdi. Shunda Hamza o‘rinlaridan turibdilar-da, qilichlari birlan tuyalarning o‘rkachini qirqibdilar hamda qornini yorib, jigarini kesib olibdilar. Bu manzarani ko‘rib, dahshatga tushdim-da, Nabiy sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga borib, ul zotga bo‘lgan voqeani xabar qildim. Shunda huzurlarida Zayd ibn Horisa ham bor erdi. Janob Rasululloh darhol yo‘lga tushdilar, Zayd va men ketlaridan ergashdik. Janob Rasululloh Hamza o‘ltirgan xonaga kirib, qilgan ishlari uchun koyiy boshladilar. Hamza ersalar Janob Rasulullohning yuzlariga tikilib turib: «Sizlar mening bobolarimning qullarisiz, xolos!» — dedilar. Janob Rasululloh Hamzaning qattiq mast ekanliklarini anglagach, orqalariga tisarilib, uydan chiqib ketdilar. Bu voqea araq harom etilmasidan oldin bo‘lgan erdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Iyul 2008, 08:01:26

15-bob. Yerlarni taqsimlab berish haqida

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam Bahrayndagi (o‘lik) yerlarni (o‘zlashtirish sharti birlan ansorlarga) taqsimlamoqchi bo‘ldilar. Ansorlar: «Unday bo‘lsa, bizga qancha taqsimlasangiz, muhojir birodarlarimizga ham shuncha taqsimlangiz!» — deyishdi. Shunda Janob Rasululloh: «Mendan keyin, barcha imtiyozlarga yolg‘iz o‘zlari ega bo‘lib olganlarni ko‘rursizlar. Men birlan (Qiyomatda) uchrashguncha sabr qilingizlar!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Iyul 2008, 08:02:00

16-bob. Taqsimlangan yerlarni hujjatlab berish haqida

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Bahrayn fath qilinmasidan burun ansorlarni chaqirib, ul yerdagi o‘lik yerlarni ularga bo‘lib bermoqchi bo‘ldilar. Ansorlar: «Unday bo‘lsa, bizga qancha yerni hujjatlab bersangiz, muhojir birodarlarimizga ham shuncha yerni hujjatlab beringiz!» — deyishdi. Shunda Janob Rasululloh: «Mendan keyin, barcha imtiyozlarga yolg‘iz o‘zlari ega bo‘lib olganlarni ko‘rursizlar, men birlan (oxiratda yoki Havzi Kavsar buyida) uchrashguningizcha sabr qilingizlar» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Iyul 2008, 08:02:16

17-bob. Tuyani suv buyida (yoki oldiga suv quyib) sog‘ish lozimligi haqida

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Tuya suv buyida (yoki oldiga suv quyilgan holda) sog‘ilmoqqa huquqlidur», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Iyul 2008, 08:02:28

18-bob. Kishi o‘zining (meva tukkandan keyin sotgan) xurmozoriga (yoki bog‘iga) kirib, uni sug’orib turishga haqlidir

Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Kimki meva tukkan xurmozorini sotgan bo‘lsa, uning o‘sha yilgi hosili, agar xaridor bul haqda shartlashmagan bo‘lsa, sotgan kishinikidur. U o‘sha yilgi hosilni terib olgunga qadar ul xurmozorga kirib, uni sug‘orib turishga haqlidur. Va kimki moli bor qulini sotgan bo‘lsa, uning moli, agar xaridor bul haqda shartlashmagan bo‘lsa, sotgan kishinikidur», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Iyul 2008, 08:03:08

QARZ OLISH. QARZNI UZISH HAMDA (ATAYLAB) QARZNI UZMAY (BIROVNI) SINDIRISH HAQIDA

1-bob. Yonida puli bo‘lmagan kishining qarzga narsa sotib olgani haqida


Jobir raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Nabiy sallallohu alayhi va sallam birlan birga g‘azotga chiqdim. Shunda tuyam imillab kelayotgan erdi, Janob Rasululloh ortimdan yetib kelib: «Tuyangni menga sotmaysanmi?» — dedilar. Men rozi bo‘lib, uni ul zotga sotdim. Madinaga yetib kelganimizning ertasiga tuyani Janob Rasulullohga olib bordim, ul zot menga uning haqini tuladilar».

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam bir yahudiydan ma’lum muddatga qarzga taom (arpa) sotib oldilar-da, temir sovutlarini unga garovga qoldirdilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Iyul 2008, 08:03:18

2-bob. Odamlarning molini ularga qaytarib berish yoxud talofat (zarar) yetkazish niyatida olguvchi kishilar xususida

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Kimki odamlarning molini ularga qaytarib berish niyatida olsa, Olloh taolo ul kishiga (niyatining yaxshiligi boisidan) o‘z fazlu karamini bisyor qilur va kimki (odamlarning molini) ularga talofat (zarar) yetkazish niyatida olsa, Olloh taolo ul kishiga (niyatining yomonligi boisidan) talofat yetkazib, (rizqi ro‘zini bebaraka qilur va Qiyomatda azoblar)».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Iyul 2008, 08:03:29

3-bob. Qarzlarni uzish haqida

Olloh taoloning qavli: «Olloh omonatlarni o‘z egalariga qaytarmog‘ingizni va odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat birlan hukm qilmog‘ingizni buyurur, Olloh sizlarga eng yaxshi pand-nasihatlar qilur. Albatta, Olloh eshitib va ko‘rib turguvchi zotdur» («Niso» surasi, 58-oyat).

Abu Zarr raziyallohu anhu rivoyag qiladilar: «Men Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga (kelayotgan) erdim. Ul zot Uhud tog‘ini ko‘rib: «Yo Abu Zarr, shu tog‘ning men uchun tillaga aylanmog‘ini va uning bir dinorining ham qo‘limda uch kechadan ortiq qolmog‘ini istamasman! Bordi-yu, uning bir dinori qolsa, uni ham qarzimga to‘lagan bo‘lardim», — dedilar. So‘ng: «Mol-dunyosi ko‘plar — savob jihatidan qashshoqdurlar. Ammo, o‘z mol-mulkini Olloh taolo yo‘lida (muhtoj) odamlarga xayru ehson qilguvchilar bundan mustasno» — deb aytdilar. Keyin, menga: «Qaytib kelgunimcha, joyingdan jilma!» — deb nariroq ketdilar. Bir ozdan so‘ng, men bir tovushni eshitib, xavotir olganimdan oldilariga bormoqchi bo‘ldim, ammo «Qaytib kelgunimcha, joyingdan jilma!» deganlari yodimga tushib, bormadim. Janob Rasululloh qaytib kelganlarida: «Yo Rasulalloh, men qandaydir tovush eshitdim», — dedim. Ul zot: «Sen eshitdingmi?» — dedilar. Men: «Ha», — dedim. Janob Rasululloh: «Jabroil alayhissalom huzurimga kelib: «Ummatingizdan kimki Ollohga shirk keltirmay dunyodan o‘tsa, jannatga kirur», — dedilar. Shunda men: «Agar unday va bunday (ya’ni, zino va o‘g‘rilik) qilgan bo‘lsa hammi?» — dedim. Hazrat Jabroil: «Ha» — deb javob berdilar», — dedilar».

Qayd etilgan