Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (2-jild)  ( 503584 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 ... 111 B


AbdulAziz  10 Iyul 2008, 08:01:41

11-bob. Birovga zulm qilib, so‘ng uning oldida o‘z gunohini yuvgan kishining zulmi (Qiyomat kuni) kechiriladimi?

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Kimki birovga (xoh ma’naviy, xoh moddiy va xoh jismoniy) zulm qilgan bo‘lsa, bugunoq, dinoru dirham bo‘lmaydirgan (kun — Qiyomat kelmasidan) burunoq uning oldida o‘z gunohini yuvsin! Agar zulmkor bul dunyoda amali solihlar qilgan bo‘lsa, ul amali solihlariga tegadirgan savoblardan qilgan zulmiga yarashasi olib qo‘yilur. Basharti amali solihlari bo‘lmasa, o‘zi zulm qilgan kishining gunohlaridan olinib, uning bo‘yniga yuklanur».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Iyul 2008, 08:01:52

12-bob. Agar kishi birovni o‘z zulmidan xalos qilsa, uning o‘shal zulmi (Qiyomatda) eslanmas!

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar. «Agar biror ayol eri tomonidan ko‘ngilsizlik yoki yuz o‘girish sodir bo‘lishidan qo‘rqsa...» degan oyati karima xotinidan ko‘ngli to‘lmay, uni taloq qilmoqni xohlab qolgan er haqidadur. Bunday erning xotini xushyorlik qilib, eriga: «Men sizga o‘zim xususimda bir oz yengillik berurman» — deb aytur (ya’ni, erini o‘ziga moyil qilmoq uchun mahrini bir oz kamaytirilishiga yoki kundoshlariga nisbatan kamroq yeb, kamroq kiyishga rozilik berur va shunda ikki o‘rtada kelishuv yuz berur, chunki Olloh taolo: «...va dillarda mol hirsi mavjuddur...» — deb aytgandur). Mazkur oyat shul hakda nozil bo‘lgan».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Iyul 2008, 08:02:02

13-bob. O’zganing yeridan ozginasini (bo‘lsa ham) zulm birlan (nohaq) tortib olgan kishining gunohi haqida

Sa’id ibn Zayd raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Kimki o‘zganing yeridan ozginasini (bo‘lsa ham) zulm birlan (nohaq) tortib olsa, (Qiyomat kuni) (o‘shal) yer uning bo‘yniga yetti qavat bo‘yinturuq qilib osib qo‘yilur».

Bu yerda yuqoridagi hadis mazmunan takrorlangan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Iyul 2008, 08:02:11

14-bob. Agar odam (o‘zi haqlig‘) narsa xususida birovga ruxsat bersa, joizdur

Jibilla raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Biz Madinada bir guruh iroqliklar orasida erdik. Ibn Zubayr bizni xurmo birlan mehmon qilayotgan erdi. Shul asnoda Ibn Umar yonimizdan o‘tib ketayotib: «Janob Rasululloh xurmoni juftlab yeyishdan qaytarganlar, ammo bu — egasi ruxsat qilsa, joizdur», — dedilar».

Abu Mas’ud rivoyat qiladilar: «Abu Shu’ayb ismli ansoriyning qassob g‘ulomi bo‘lib, Abu Shu’ayb unga: «Besh kishiga yetarli taom tayyorla, men Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga yana to‘rt kishini mehmonga chaqirmoqchiman. Chunki, ul zotning yuzlarida ochlik alomatini ko‘rdim», — dedi. So‘ng, mehmonga oltinchi odam ham qo‘shilib keldi. Nabiy sallallohu alayhi va sallam Abu Shu’aybga: «Mana bu odam bizga ergashib kelaverdi, izn bersang, kirsin!» — dedilar. Abu Shu’ayb: «Mayli, kiraversin!» — dedi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Iyul 2008, 08:02:22

15-bob. Olloh taoloning qavli: «...o‘zi (Islomga) ashaddiy xusumatchi bo‘la turib...» («Baqara» surasi, 204-oyat)

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Olloh eng nafratlanadirgan odam— ashaddiy xusumatchidur», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Iyul 2008, 08:02:37

16-bob. Nohaq ekanligini bila turib janjallashgan kishining gunohi haqida

Ummu Salama raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam hujralari eshigi oldida bo‘layotgan janjal (ovozini) eshitib, janjallashayotganlar oldiga chiqdilar-da, bunday dedilar: «Darhaqiqat, men (ham sizlar kabi bir) insonman, (g‘oibiy, botiniy narsalarni, agar vahiy kelmasa, bilolmasman). Sizlar janjallashib huzurimga kelursizlar. Shunda biringiz ikkinchingizdan so‘zamolroq (gapga chechanroq) bo‘lsangiz, o‘shal so‘zamolrog‘ingizning gapiga ishonib, noto‘g‘ri hukm chiqarib qo‘ymog‘im mumkin. Men birov foydasiga yanglish hukm qilib quygan musulmonning haqi — jahannam parchasi bo‘lib, o‘shal birov uni (istasa) olsin, (istamasa), olmasin!»

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Iyul 2008, 08:02:50

17-bob. (Munofiq), agar bahslashsa (janjallashsa), nomardlik qilur

Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Kimda (quyidagi) to‘rt (yomon) xislat (yoxud ulardan biri) mavjud bo‘lsa, u to undan qutilmaguncha, munofiqdur: so‘zlasa, yolg‘on so‘zlar, va’da qilsa, vafo qilmas, ishonilsa, ishonchni oqlamas hamda bahslashsa, nomardlik qilib (shaloq va bo‘hton so‘zlarni aytar, qo‘liga tushgan narsani otar)».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Iyul 2008, 08:02:59

18-bob. Mazlum, agar o‘ziga zulm qilguvchi kishining (qizganib berkitib quygan) molini topib olsa, undan (insofan ists’mol qilib) qasos olur

Ibn Sirin: «(Mazlum, agar o‘ziga zulm qilguvchi kishining qizg‘anib berkitib quygan molini topib olsa), undan (insofan iste’mol qilib) qasos olur» — dedilar-da, «(Ey mo‘minlar), agar sizlar (o‘zingizga yetgan biror zulm uchun) qasos olmoqchi bo‘lsangizlar, o‘shal zulm barobaridagina qasos olingizlar!» degan oyati karimani qiroat qildilar. («Nahl» surasi, 126-oyat).

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Hind binti Utba Janob Rasulullohning huzurlariga kelib: «Yo Rasulalloh, (erim) Abu Sufyon xasis odam, agar uning molidan bolalarimga yegizsam, menga gunoh bo‘lmaydimi?» — dedi. Janob Rasululloh (unga): «Insof birlan yegizsang, senga gunoh bulmas», — dedilar».

Uqba ibn Omir raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «(Yo Rasulalloh), Janobingiz bizni (har yerga yumush birlan) jo‘natursiz, shunda biz biror qavmning (eriga) qo‘nsak, ular bizni mehmon qilmaslar, bul xususda ne deb amr qilursiz?» — dedik. Janob Rasululloh: «Agar biror qavmning (eriga) borib tushsangizlar-u, ular qoidaga muvofiq sizlarni mehmonga taklif qilsalar, qabul qilingizlar, basharti bunday qilmasalar, ulardan mehmon haqini undirib olingizlar!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Iyul 2008, 08:03:08

19-bob. Timlar haqidagi hadislar

Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam vafot qilganlarida ansorlar Banu So’ida timida to‘planishdi. Shunda men Abu Bakrga: «Yuring biz birlan!» — dedim. So‘ng, biz Banu So’ida timida o‘ltirgan ansorlar huzuriga bordik». (Bu hadisda ko‘chaning ikki tarafida yashovchilarning ko‘cha ustini yo‘lovchilarning o‘tib turishlariga xalaqit bermaydirgan qilib yopib olishlari joiz ekanligiga va bu o‘zgalarga zulm emasligiga ishora qilingan).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Iyul 2008, 08:03:19

20-bob. Qo‘shni o‘z devoriga yon qo‘shnisining yog‘och (to‘sin uchini) tiqmog‘iga mone’lik qilmasin!

A’raj rivoyat qiladilar: «Abu Hurayra raziyallohu anhu: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Qo‘shni o‘z d«voriga (ya’ni, o‘z mulki bo‘lgan devorga) yon qo‘shnisining (ya’ni, ul pevorda haqi bo‘lmagan qo‘shnisining) yog‘och (to‘sin) tiqmog‘iga (yoki tashlamog‘iga) mone’lik qilmasin!» — deb aytganlar», — dedilar. (Shunda odamlar e’tiroz bildirgan ma’noda boshlarini quyi solishdi). Buni ko‘rib, Abu Hurayra ularga: «Ie, men aytgan hadisga e’tirozlaringiz borga o‘xshaydi-ku?! Olloh taolo haqi, agar bul hukmni rozilik birlan qabul qilmasangizlar, ul holda men uni qaysar bo‘yinlaringizga majburan yuklab qo‘ygumdur!» — dedilar».

Qayd etilgan