Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (2-jild)  ( 376957 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 ... 111 B


AbdulAziz  10 Iyul 2008, 08:05:24

31-bob. Salbni (krestni) sindirish va to‘ng‘izni o‘ldirish haqida

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Ibn Maryam (Iso alayhissalom) (osmondan) oralaringizga tushib, (Muhammad alayhissalomning shariy’atlari asosida) adolat o‘rnatmagunlaricha, salbni sindirib tashlab, tung‘izni o‘ldirmagunlaricha, jizya soligini bekor qilmagunlaricha hamda mol-dunyo ko‘payib ketib, sadaqa bersangiz, odamlar olmaydirgan bo‘lmaguncha Qiyomat bo‘lmas».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Iyul 2008, 08:05:34

32-bob. Mast qilguvchi ichimlik solingan ko‘zalar sindirib tashlanadimi? Mast qilguvchi ichimlik solingan meshlar yirtib tashlanadimi? But, salb, tanbur va yog‘ochidan foydalanib bo‘lmaydirgan shu kabi narsalar sindirib tashlansa, joizmi?

Salama ibn al-Akva’ raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam Xaybar kuni ko‘plab gulxanlar yoqilayotganini ko‘rib: «Bu gulxanlar nechun yoqilayotir?» — deb so‘radilar. Odamlar: «Xonaki eshaklar go‘shtini pishirish uchun» — deb javob berishdi. Shunda Janob Rasululloh qozonlarni sindirib, sho‘rvasini to‘kib yuborishni amr qildilar. Odamlar: «Ularni to‘kib yuborib, qozonlarni tozalab yuvsak-chi?» — deyishdi. Janob Rasululloh: «(Yoki) yaxshilab yuvingizlar!» — dedilar»

Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam Makkani fath etganlarida Baytulloh atrofida uch yuz oltmishta but bor erdi. Janob Rasululloh: «Haqiqat (Islom) keldi va botil (ya’ni, kufr) yo‘qoldi» — deya qo‘llaridagi aso birlan butlarni urib sindirdilar».

Qosim rivoyat qiladilar: «Oisha raziyallohu anho mumkin emasligini unutib, suratli bir choyshab sotib oldilar. Shunda Janob Rasululloh choyshabning (suratli joylarini yirtib (olib) tashladilar. Keyin, Oisha raziyallohu anho uning qolganidan ikkita yostiq tikib oldilar. Janob Rasululloh  ularga suyanib o‘ltirar erdilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Iyul 2008, 08:05:43

33-bob. Kimki o‘z molini himoya qilayotib o‘ldirilsa, (shahiddur)

Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning «Kimki o‘z molini himoya qilayotib o‘ldirilsa, shahiddur» deganlarini eshitdim».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Iyul 2008, 08:05:52

34-bob. Birovning kosa yoki bo‘lak bir idishini sindirsa...

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam xotinlaridan birining uyida erdilar. Shu payt mo‘minlarning onalaridan biri (Hafsa yoki Safiyya) xizmatkor orqali ul zotga bir kosa taom kiritdilar. Shunda (Oisha rashk qilib) qo‘llari birlan kosani urib sindirdilar. Janob Rasululloh kosa bo‘laklarini jamlab, to‘kilgan ovqatni unga soldilar-da, (uydagilarga): «Yeyaveringlar!» — dedilar. So‘ng, ul zot xizmatkorni to‘xtatib turdilar, taom yeb bo‘lingach, ul orqali taom kiritgan xotinlariga butun kosa berib yubordilar. Singan kosa ersa, Oishaning uylarida qoldi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Iyul 2008, 08:06:01

35-bob. Kimki birovning devorini (nohaq) buzsa, uni xuddi o‘zidek qilib qayta qurib bersin!

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Banu Isroil qavmidan Jurayj ismli bir odam o‘z hujrasida ibodat qilib turgan erdi, onasi kelib uni chaqirdi. Shunda u onasining ovozini eshitgan bo‘lsa ham, ibodatini buzib, javob bergisi kelmadi. Onasi uni ikkinchi marta chaqirdi. Bu safar ham u javob bermadi. Onasi uchinchi bor chaqirdi, u yana javob bermadi. Onasi uning qoshiga kelib: «Ilohi, Jurayj fohisha xotinlar yuzini ko‘rmay, o‘lmasin!» — deb qarg‘adi. Bir kuni Jurayj o‘z hujrasida erdi, bir xotin kelib uni o‘ziga rom qilishga urindi, ammo u ko‘nmadi. Keyin, o‘sha ayol bir cho‘pon birlan aloqa qilib, undan farzand orttirdi-da: «Bu bola Jurayjdan» — deb gap tarqatdi. Natijada odamlar kelib, Jurayjning hujrasini buzib tashlashdi, o‘zini urib, haqorat qilishdi. So‘ng, Jurayj tahorat olib, ibodat qildi-da, ayolning bolasi oldiga borib: «Ey bola, sening otang kim?» — deb erdi, bola: «Mening otam cho‘pon», — dedi. Boyagi odamlar (xijolat bo‘lib) Jurayjga: «Hujrangni tilladan qayta qurib berurmiz», — deyishdi. Ammo, Jurayj: «O’zi xom g‘ishtdan (kesakdan) qurilgan erdi, sizlar ham xom g‘ishtdan qurib beringizlar!» — dedi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Iyul 2008, 08:06:45

Bismillahir rohmanir rohim.

1-bob. Taom borasidagi sheriklik, taomni o‘rtada baham ko‘rmoqlik (halfana, harifona) va mol haqida. O’lchanadirgan va tortiladirgan narsalar qanday taqsimlanadi?

Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uch yuz kishilik lashkarga Abu Ubayda ibn al-Jarrohni amir etib tayinlab, ularni sohil tomon jo‘natdilar. Men ham shu lashkar ichida erdim. Biz yo‘lga chiqib, oradan hech qancha vaqt o‘tmay, ozuqamiz tugab qoldi. Shunda Abu Ubayda askarlardagi bor yeguliklarni bir yerga jamlashni amr qildi. Menda bir oz xurmo qolgan erdi. Abu Ubayda har kuni boyagi to‘plangan yeguliklardan oz-ozdan berib turdi. Nihoyat, u ham tugadi. Endi kishi boshiga bittadan xurmo tegadirgan bo‘ldi. Bu ham tugagandan keyin, qiynala-qiynala sohilga yetib oldik. Qarasak, ul yerda to‘lqin chiqarib tashlagan, tepalikdek bir nahang yotibdi. Lashkar uning go‘shtini o‘n sakkiz kun yodi. So‘ng, Abu Ubayda nahangning ikki qovurg‘asini yerga sanchib qo‘yishni buyurdi. Ularning tagidan tuya yetaklab o‘tilgan erdi, tuyaning buyi undan pastlik qildi».

Salama raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «(Bir g‘azotda) qavmning yegulik hech narsasi qolmay, ular Nabiy sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib tuyalardan birini so‘yib yeyishga ruxsat so‘rashdi. Janob Rasululloh izn bergach, ular qaytib ketishayotgan erdi, Hazrat Umar yo‘liqdilar. Shunda ular ul kishini bo‘lgan voqeadan xabardor etishdi. Hazrat Umar: «Tuyalaringiz qolmagach, ne qilursizlar?» — dedilar. So‘ng, ul kishi Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kirib: «Yo Rasulalloh, qavm tuyalari qolmagach, ne qilur?» — dedilar. Janob Rasululloh: «Odamlarga aytingiz, nima yeguliklari qolgan bo‘lsa, hammasini bu yerga olib kelishsin!» — dedilar. Keyin, yerga katta choyshab yozilib, barcha o‘zida qolgan-qutgan yeguliklarni o‘sha choyshabga tashladi. Janob Rasululloh o‘rinlaridan turib, ul yeguliklarga baraka tilab duo qildilar. So‘ngra, odamlarga idishlarini olib kelishni buyurdilar. Odamlar choyshabdagi yeguliqlardan to tugaguncha hovuchlab-hovuchlab olishdi, yegulik hammaga yetdi. So‘ng, Janob Rasululloh: «Men Ollohdan bo‘lak iloh yo‘q ekanligiga va o‘zim uning Rasuli ekanligimga shahodat keltirurman!» — dedilar».

Rofi’ ibn al-Xadiyj raziyallohu anhu rivoyat qiladidar: «Biz sahobalar Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga asr o‘qir, so‘ng bir jonliqni so‘yar erdik. Keyin, u o‘n bo‘lakka taqsim qilinib, to quyosh botguncha yer erdik».

Abu Muso raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Darhaqiqat ash’ariylar, agar g‘azotda o‘zlarining yoki shaharda bola-chaqalarining yeguliklari kam qolsa, bor yeguliklarini bir yerga jamlab, keyin uni yaqdillik birlan teng bo‘lishib olishar erdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Iyul 2008, 08:06:51

2-bob. Podalarini aralash boqayotgan ikki kishi ular uchun birgalikda zakot berurlar

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu (menga) Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning zakot xususidagi hukmlarini yozib berdilar. Ul zot bunday degan erkanlar: «Podalarini aralash boqayotgan ikki kishi ular uchun birgalikda zakot berurlar» (ya’ni, ular o‘z podalari uchun alohida-alohida zakot bermay, balki o‘zaro kelishib bitta zakot berurlar).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Iyul 2008, 08:07:02

3-bob. Qo‘ylarni taqsimlash haqida

Rofi’ ibn Xadiyjning bobolari rivoyat qiladilar: «Biz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga Zulhulayfada erdik. Odamlar och qolib, bir necha tuya va qo‘y o‘lja olishdi. Shunda Janob Rasululloh, qavmning ortida (saflari uzilib qolmasin, deb ularni kuzatib) kelayotgan erdilar. Ular o‘lja olingan o‘shal qo‘y va tuyalardan tezda bir nechasini suyib, go‘shtlarini qozonlarga solib pishira boshlashdi. Shu orada Janob Rasululloh yetib keldilar-da, qozonlarni ag‘darib, ichidagilarni to‘kib tashlashni amr qildilar, (chunki qavm o‘lja olingan qo‘y va tuyalarni ul zot taqsim qilmaslaridan burun so‘yishgan erdi). Biz qozonlarni ag‘darib, ichidagilarni to‘kib tashladik. So‘ng, Janob Rasululloh o‘nta qo‘yni bir guruhga ajratib, qolgan guruhlarga o‘nta qo‘y hisobida bittadan tuya berdilar. Keyin, o‘sha tuyalardan biri qochib ketdi. Uni tutolmay, ancha urinishdi. Qavmda otlar kam bo‘lganligi sababli bir odam uni piyoda quvib borib, nayza birlan urib yiqitdi. Shu on Olloh taolo ul tuyaning jonini oldi. Janob Rasululloh: «Bu jonivorlarda vahshiy hayvonlarda bo‘lgani kabi yovvoyilik mavjuddir. Qaysi bir hayvon sizga shu qiliqni qilsa, hozirgidek ish tutingizlar!» — dedilar. So‘ng, men ul zotga: «Yo Rasulalloh, biz ertaga dushman birlan to‘qnashurmiz, (dushman bizni ko‘p deb o‘ylamog‘i uchun tunda ko‘plab gulxanlar yoqib, ko‘plab mol-hol so‘ymog‘imiz darkor), ammo bizning pichog‘imiz yo‘q», — dedim. Janob Rasululloh: «Qoni oqizilib, Ollohning ismi zikr qilingan jonliqni yeyaveringizlar, tirnoq va suyak birlan qon chiqarilmagan bo‘lsa bo‘ldi! Bu haqda sizlarga keyin batafsil bayon qilib berurman. Tish — bu suyak bo‘lib, (kesmas, jarohatlab qonatur, nafasni bo‘g‘ib o‘ldirur). Tirnoq birlan hayvonni o‘ldirish ersa — habashlar odati bo‘lib, (sizlar bunday qilmangizlar, chunki ular kofirdurlar)», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Iyul 2008, 08:07:15

4-bob. Kishi sheriklik xurmolarni sheriklari iznisiz juftlab yemasin!

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kishi sheriklik xurmolarni sheriklari iznisiz juftlab yemasin!» — dedilar».

Bu yerda yuqoridagi hadis mazmunan takrorlangan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Iyul 2008, 08:07:25

5-bob. Shsriklik narsalarni o‘rtacha qiymat birlan baholamoq haqida

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deb marhamat qildilar: «Kimki sheriklik qulni ozod qilmoq uchun uning qiymatidagi o‘z hissasidan voz kechmoqchi bo‘lsa, sherigining hissasini ham o‘z molidan to‘lamog‘i darkor. Agar uning moli bo‘lmasa, ul holda qul o‘rtacha qiymat birlan baholanib, sherigining hissasi qulning zimmasiga yuklanur, ammo u majbur qilinmas» (ya’ni, qul, agar istasa, baholi qudrat ishlab topib berur).

Qayd etilgan