12-bob. (Kofir) arablarni qul qilib, hadya qilgan, sotgan, (ayollarini) jimo’ qilgan va (ulardan) tovon undirgan hamda bola-chaqalarini asir olgan kishi xususida
Olloh taoloning qavli: «Olloh hech narsaga qudrati yetmaydirgan bir qul birlan Biz o‘z tarafimizdan ato etgan yaxshi rizqdan bildirmay va oshkora xayru-ehson qilib turgan bir odamni misol qilur. Ikkisi teng bo‘la olurmi?! Barcha maqtovlar Ollohga xosdur, lekin ularning ko‘plari buni bilmaslar» («Nahl» surasi, 75-oyat).
Marvon va Misvar ibn Maxra raziyallohu anhumo rivoyat qiladilar: «Havozin qabilasi elchilari Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga (musulmon bo‘lib) kelib, o‘zlarining o‘lja olingan mollari birlan asir olingan odamlarini qaytarib bermoqlarini so‘raganlarida, ul zot (ularning gaplarini yaxshiroq eshitish va o‘zlarining gaplarini ularga yaxshiroq eshittirish uchun) o‘rinlaridan turdilar-da, ularga: «Mening uchun eng yoqimli suz — rost so‘zdur! Ikki narsadan birini (qaytarib bermog‘imni) tanlangiz, yo asirlarni yoxud mollarni! Men sizlarni kutgan erdim» — deb aytdilar. (Darhaqiqat), Janob Rasululloh Toifdan (Ji’ronaga) qaytganlarida bir necha kun ularning kelishlarini kutib, (asirlarni mujohidlarga taqsimlamay turgan) erdilar. (Keyin, ul zot, ulardan darak bo‘lmagach, asirlarni o‘shal yerda taqsimladilar. Shul asnoda Havozin qabilasi elchilari huzurlariga kelib qoldi). Havozin qabilasi elchilari Janob Rasulullohning ikki narsadan birinigina qaytarib berajaklarini anglagach: «Biz asir olingan odamlarimizni (qaytarib bermog‘ingizni) tanladik», — deyishdi. Shunda Janob Rasululloh musulmonlar ichra tik turib, Olloh taolo sha’niga uning o‘zi o‘zlariga bildirgan jamiki hamdu sanolarni aytdilar, so‘ngra: «Ammo ba’d, darhaqiqat mana bu birodarlaringiz huzurimizga tavba qilib kelibdilar. Men ularga asir olingan odamlarini qaytarib bermog‘imni ma’qul ko‘rdim. Sizlardan kimki yaxshilik qilib, yaxshilik ko‘rmoq istasa, (o‘ziga taqsim qilingan asirlarni, evaziga biror narsa so‘ramay, Havozin qabilasiga) topshirsin! Va sizlardan kimki (o‘ziga taqsim qilingan) asirlarni biror haq badaliga (topshirmoqni) istasa, topshiraversin, biz uning (asirlari) evaziga Olloh taolo bizga kofirlardan jihod qildirmay olib beradirgan dastlabki o‘ljalardan ulush berurmiz», — dedilar. Odamlar: «Biz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uchun shuni (ya’ni, asirlarni Havozin qabilasiga topshirmoqni) ma’qul ko‘rdik!» — deyishdi. Janob Rasululloh: «Biz qaysi biringiz bunga rozisiz-u, qaysi biringiz rozi emassiz, bilmasmiz. Boringizlar, (oqsoqollaringiz birlan maslahatlashingizlar), keyin ular ne qarorga kelganingizni bizga ma’lum qilsinlar!» — dedilar. Odamlar (o‘z oqsoqollari oldiga) bordilar, oqsoqollar (asirlarni qaytarib bermoq ma’qulligini ularga maslahat berdilar. Barchalari shunga rozi bo‘lgach), oqsoqollar Janob Rasulullohning qoshlariga kelib, barcha odamlar asirlarning qaytarib berilmog‘iga rozi ekanligini ma’lum qildilar».
Ibn Avn raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Nofi’ga (maktub) yozdim, ul ham menga (maktub) yozib, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning Banu Mustaliq qabilasiga mollarini suv buyiga olib borib sug‘orib turganda to‘satdan g‘orat qilganlarini, ularning qarshilik ko‘rsatganlarini o‘ldirib, bola-chaqalarini asir olganlarini va Juvayriya raziyallohu anhoga (aynan) o‘shal kuni yetishganlarini ma’lum qildi».
Ibn Muhayriz raziyallohu anhu rivoyat qiladilar. «Men Abu Sa’id raziyallohu anhuni ko‘rib (uchratib, Banu Mustaliq g‘orati xususida) so‘radim. Shunda ul kishi bunday dedilar: «Biz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga Banu Mustaliq g‘azotiga chiqdik, (kofir) arablardan (ko‘pini) asir oldik. Keyin, ko‘nglimiz ayollarni tusab qolib, bo‘ydoqlik qiynab yubordi. (Asira ayollarni homilador qilib qo‘ymaslik uchun) maniyni tashqariga to‘kmoqchi bo‘ldik. Janob Rasulullohdan shul xususda so‘rab erdik, ul zot: «(Bunday) qilmoqlaringizning sira naf’i yo‘qdur, (chunki) Qiyomatga qadar vujudga keladirgan har bir inson albatta vujudga kelgaydur!» — dedilar».
Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar. «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan Banu Tamimning uch (xislat) sohibi ekanligini eshitdim. Shundan buyon men ularni yaxshi ko‘rib qoldim. Ul zot (Banu Tamimning birinchi xislati xususida): «Ular Dajjolga qarshi eng qattiq (jang qilguvchi) ummatimdurlar!» — deb erdilar. (Ularning ikkinchi xislati xususida ersa), ulardan zakot yig‘ib kelinganda: «Bu bizning qavmimizdan yig‘ib kelingan zakotdur!» — deb erdilar (ya’ni, Banu Tamimning o‘zlariga nasabdosh ekanliklariga ishora qilgan erdilar. Ularning uchinchi xislati shuki), Banu Tamimga mansub bir asira Oisha raziyallohu anhoning xizmatlarini qilib yurar erdi. Janob Rasululloh (uning xususida) Oisha onamizga: «Uni ozod qilgil, chunki u Ismoil alayhissalomning avlodlaridandur!» — deb erdilar».