Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (2-jild)  ( 503678 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 ... 111 B


AbdulAziz  12 Iyul 2008, 09:42:15

1-bob. Kichik hadya haqida

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deb marhamat qildilar:
«Agar da’vat qilinsam qo‘y quliga, borgum albat,
Agar hadya qilinsa qo‘y qo‘li, olgumdur albat!».
(Bu yerda kichik bir narsani ham hadya qilmoqlik joiz ekanligi, uni rad qilmaslik lozimligi qayd qilingan bo‘lib, Janob Rasululloh, nazoratdan eng yiroq joyi bo‘lgani boisidan, qo‘y qo‘lini tanovul qilmoqni xush ko‘rur erdilar).

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Iyul 2008, 09:42:43

2-bob. O’z sahobalaridan hadya so‘ragan zot haqlarida

Sahl raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam muhojirlardan bo‘lmish bir ayolga odam yubordilar. Ul ayolning bir duradgor g‘ulomi bo‘lib, Janob Rasululloh unga: «Qulingga buyurgil, bizga xushbuy yog‘ochdan bir minbar yasab bersin!»— dedilar. Ayol quliga buyurib erdi, ul borib bir tarfo’ daraxtini kesdi-da, yog‘ochidan Janob Rasulullohga minbar yasadi. Qul minbarni yasab bo‘lgach, ayol bir xodimini Janob Rasulullohning huzurlariga yuborib, minbarning tayyor bo‘lganini xabar qildi. Janob Rasululloh: «Minbarni huzurimga berib yuborsin!»— dedilar. Ayol minbarni berib yubordi. Keyin, ul zot minbarni sizlar ko‘rib turgan mana shu yerga olib kelib quydilar».

Abu Qatoda raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men bir kuni Makkaga ketayotib, dam olishga tuxtaganimizda Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning bir guruh sahobalari birlan birga o‘ltirgan erdim, ul zot ersalar shundoqqina ro‘paramizda dam olayotgan bo‘lib, mendan bo‘lak barcha ehromda erdi. Bir mahal odamlar bir qulonni ko‘rib qolishdi, shunda men poyabzalimni yamash birlan ovora erdim. Ular (ehromda bo‘lganlari uchun ov qilishlari va ehrom kiymagan kishiga ov borasida yordam berishlari mumkin bo‘lmaganidan) uni menga ko‘rsatishni istamay: «Shoyad uni o‘zi ko‘rib qolsa!»— deb kutishdi. Keyin, men (poyabzalimni tuzatib bo‘lib, atrofimga) qarab erdim, bir qulonning (o‘tlab yurganiga) ko‘zim tushdi. (Darhol) o‘rnimdan turib, otim oldiga bordim-da, uni egarladim. So‘ng, uni minib (ov tomon yurmoqchi erdim), qamchi va nayzani olmaganim yodimga tushdi. Men odamlarga: «Qamchi va nayzani olib beringizlar!»— dedim, ammo ular: «Olloh taolo haqi, olib bermasmiz, senga (ov borasida) yordam qilmasmiz!»— deyishdi. Men (noiloj) otdan tushib, nayza birlan qamchini oldim. Keyin, otga minib, shitob birlan qulon ustiga choptirib bordim-da, unga nayza sanchdim. So‘ng, o‘lgan qulonni (odamlar oldiga sudrab) olib keldim. Ular unga yopirilishib, go‘shtidan (kesib olishdi-da, pishirib) yeyishdi. Keyin, ehromda bula turib ov go‘shtidan yeb qo‘yganlari (yodlariga tushib): «Endi ne bo‘lgay, gunoh ish qilib qo‘ydik-ku?»— deya xavotirga tushishdi. So‘ng, biz yo‘lda davom etdik, men qulonning bir qo‘lini o‘zim birlan olib oldim. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga yetib olgach: «Ehromda bo‘la turib ov go‘shtidan iste’mol qilmoq mumkinmi yo yo‘qmi?»— deb so‘radik. Shunda ul zot: «Uning go‘shtidan (menga ham) olib keldingizlarmi?» — dedilar. Men «Ha», — dedim-da, qulon qo‘lini ul zotga uzatdim. Ul zot ehromda bo‘lishlariga qaramay, uni yeb, hatto suyaklarigacha tozalab qo‘ydilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Iyul 2008, 09:43:23

3-bob. Chanqoqlarini qondirmoqni iltimos qilgan zot haqlarida

Sahl raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam menga: «Chanqogimni qondirgil!»— dedilar».

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar. «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam mana shu hovlimizga kelib, chanqoqlarini qondirmog‘imizni iltimos qildilar. Biz ul zot uchun bir sovlig‘imizni sog‘dik. So‘ng, men sutga (muzdek bo‘lsin, deb) mana shu qudug‘imiz suvidan qo‘shdim-da, ul zotga uzatdim. Shunda Hazrat Abu Bakr ul zotning chap tomonlarida, Hazrat Umar ro‘paralarida, bir badaviy ersa, o‘ng tomonlarida turgan erdi. Janob Rasululloh (sutdan ichib) bo‘lgach, Hazrat Umar (ul zotga): «(Qolganini) Abu Bakrga beringiz!»— dedilar. (Ammo), ul zot sutning qolganini badaviyga uzatdilar-da: «(Avval) o‘ngdagilar(ga, avval) o‘ngdagilar(ga)», — dedilar».

Anas raziyallohu anhu (shul voqea haqida boshqalarga so‘zlab berayotib): «Bu sunnatdur, bu sunnatdur, bu sunnatdur»— deb uch bor takrorladilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Iyul 2008, 09:44:03

4-bob. Ovlangan jonivor go‘shti hadya qilinsa, qabul qilmoqlik joizdur, chunki Janob Rasululloh Abu Qatoda ovlangan qulon qo‘lini hadya qilganlarida qabul qilganlar

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Biz (bir kuni) Marrizahron degan joyda bir qulonni qo‘rqitib yubordik. Qavm uni quva-quva tutolmay charchadi. Nihoyat, men uni quvib yetib, tutib oldim-da, Abu Talhaga olib bordim. Abu Talha uni so‘yib, ikki sonini (oyog‘ini) Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga yubordilar, ul zot uni qabul qildilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Iyul 2008, 09:45:02

5-bob. Hadya qabul qilmoq xususida

Hishom raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Odamlar Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning ko‘ngillarini olish maqsadida Oisha onamizning uylarida bo‘ladirgan kunlari hadya berishni afzal kurur erdilar». (Chunki, Janob Rasulullohning Oisha onamizni ko‘proq yaxshi ko‘rishlarini bilishar erdi).

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «(Xolam) Ummu Hufayd Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga suzma, sariyog‘ va (pishirilgan) kaltakesaklar hadya qildilar. Janob Rasululloh suzma va sariyog‘dan tanovul qilib, kaltakesaklardan ersa, jirkanib yemadilar. (Ammo, boshqalar) ul zotning dasturxonlarida kaltakesaklarni tanovul qilishdi. Agar kaltakesak harom bo‘lganida, ul zotning dasturxonlarida tanovul qilinmas erdi».

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam, agar taom keltirilsa: «Bu hadyami yo sadaqami?»— deb so‘rar erdilar. Agar: «Bu sadaqa»,— deyishsa, sahobalariga: «Sizlar yeyaveringizlar!» — deb o‘zlari yemas erdilar. Basharti: «Bu hadya», — deyishsa, tezdan (taomga) qul urib, sahobalar birlan birga tanovul qilur erdilar».

Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga (pishirilgan) go‘sht olib kelishib: «(Bu) Bariraga sadaqa qilingan (go‘shtdan)» — deb aytishdi. Shunda ul zot: «Bu go‘sht Barira uchun sadaqadur, bizga ersa, hadya», — dedilar».

Bu yerda yuqoridagi hadis mazmunan takrorlangan.

Ummu Atiyya raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Oishaning huzurlariga kirib: «Biror yeguliklaringiz bormi?» — dedilar. Oisha: «(Barira) o‘ziga Ummu Atiyya sadaqa qilib yuborgan qo‘y go‘shtidan (bizga) yuboribdi, shundan bo‘lak hech vaqomiz yo‘q» — deb aytdilar. Shunda Janob Rasululloh: «Sadaqa o‘z joyiga yetibdi», — dedilar» (ya’ni, «Bu Bariraga sadaqa bo‘lsa, bizga hadyadur», — dedilar).

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Iyul 2008, 09:45:45

6-bob. Janob Rasulullohga Oisha onamiz huzurlarida ekanliklaridagina hadya qilmoqni munosib ko‘rgan kishilar haqida

Hishom ibn Urva raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Oisha raziyallohu anho: «Odamlar (Janob Rasulullohga) mening huzurimda buladirgan kunlari hadya qilmoqni munosib ko‘rur erdilar», — deydilar».

Hishom ibn Urva rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning ayollari ikki guruh erdi. Birinchi guruh Oisha, Hafsa, Safiyya va Savdadan, ikkinchisi Ummu Salama va ul zotniig boshqa xotinlaridan iborat erdi. Musulmonlar Janob Rasulullohning Oishaga nisbatan muhabbatlarini bilishar erdi. (Shul boisdan) birortalari Janob Rasulullohga hadya qilmoqchi bo‘lsa, Oishaning huzurida bo‘ladirgan kunlarini poylar va o‘shal kun kelgach, o‘z hadyasini Oishaning uyiga jo‘natar erdi. (Bir kuni) Ummu Salama (boshliq) guruh Ummu Salamaga: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga aytingiz, «Kimda-kim Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga hadya bermoqchi bo‘lsa, qaysi xotinlarining huzurida bo‘lsalar, o‘shal yerda beraversin!» deb odamlarga tayinlasinlar», — dedi. Ummu Salama ular aytgan gapni Janob Rasulullohga aytdilar. Shunda ul zot lom-mim demadilar. Keyin, ular Ummu Salamadan so‘rashib erdi: «Menga hech narsa demadilar», — dedilar. Ular: «(Yana) aytingiz!» — deyishdi. Ummu Salama, Janob Rasululloh navbat bo‘yicha huzurlariga kirganlarida, yana aytdilar. Ammo, Janob Rasululloh bul safar ham indamadilar. Keyin, ular Ummu Salamadan so‘rashib erdi: «Menga javob qilmadilar» — deb aytdilar. Ular: «Sizga javob qilmagunlaricha aytaveringiz!»— deyishdi. Ummu Salama, Janob Rasululloh navbat bo‘yicha yana huzurlariga kirganlarida, o‘shal gapni takrorladilar. Shunda Janob Rasululloh: «Oisha xususida menga ozor bermagil, chunki Oishadan bo‘lak biror ayolning bag‘rida menga vahiy kelmas!» — dedilar. Ummu Salama: «Yo Rasulalloh, sizga aziyat yetkazganim uchun Olloh taologa tavba qilurman!» — dedilar. Keyin, ular Janob Rasulullohning qizlari Fotimani chaqirishdi-da: «Ayollaringiz Olloh taoloni o‘rtaga quyib, Abu Bakrning qizi (Oisha) borasida adolat qilmog‘ingizni (ya’ni, «Barcha ayollaringizni teng ko‘rmog‘ingizni) yolborurlar» — deb aytmoqni topshirib, ul zotning huzurlariga yuborishdi. Fotima (alayhossalom o‘zlariga topshirilgan gapni) Janob Rasulullohga aytib erdilar, ul zot: «Ey qizalog‘im, men sevgan narsani sevmaysanmi?» — dedilar. Fotima (alayhossalom): «Ha, albatta, sevaman!» — deb javob qildilar-da, ularning huzuriga qaytib borib, bo‘lgan gapdan xabardor qildilar. Ular: «Huzurlariga qaytib, (yana) aytgil!» — deyishdi. Ammo, Fotima (alayhossalom) ko‘nmadilar. So‘ng, ular Zaynab binti Jahshni (ul zotning huzurlariga) yuborishdi. Zaynab borib: (Yo Rasulalloh), ayollaringiz Olloh taoloni o‘rtaga qo‘yib, Ibn Abu Quhofaning qizi xususida adolat qilmog‘ingizni yolborurlar» — deb yanglish aytdilar, (chunki Usmon ibn Abu Quhofa Abu Bakr as-Siddiqning otalaridur). Keyin, Zaynab (o‘shal yerda) o‘ltirgan Oisha raziyallohu anhoni (ataylab) eshitadirgan darajada baland ovoz birlan haqorat qildilar. Shunda Janob Rasululloh Oisha (raziyallohu anho)ga nima der erkan, degan ma’noda qaradilar. Oisha (raziyallohu anho) shunday bir javob qaytardilarki, hatto Zaynab lom-mim deyolmay qoldilar. So‘ng, Janob Rasululloh Oisha (raziyallohu anho)ga qarab turib: «Bu Abu Bakrning qizlari bo‘ladi, (ul kishi kabi olijanob, aqlli va donodur!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Iyul 2008, 09:46:16

7-bob. Rad qilinmaydirgan hadya haqida

Anas raziyallohu anhu: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (hidlanadirgan, sepiladirgan yoki surtiladirgan) xushbuy ashyolar (hadya qilinsa), rad qilmas erdilar, (chunki ul zot farishtalar birlan tez-tez munojot qilib turur erdilar. Shul boisdan ham piyoz va sarimsoq yemas erdilar)».

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Iyul 2008, 09:46:28

8-bob. Olloh taolo hali ato etmagan o‘ljalardan in’om qilmoqning (va’da qilmoqning) joizligi haqida

Misvar ibn Maxrama va Marvon raziyallohu anhumo rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam, Havozin qabilasi elchilari huzurlariga kelganda, odamlarga (o‘z gaplarini yaxshiroq eshittirish va ularning gaplarini yaxshiroq eshitish uchun) o‘rinlaridan turdilar-da, Olloh taolo sha’niga uning o‘zi o‘zlariga bildirgan (jamiki) hamdu sanolarni aytdilar, so‘ng: «Ammo ba’d, (mana bu) birodarlaringiz tavba qilib huzurimizga keldilar. Men ularning asir olingan odamlarini o‘zlariga qaytarib bermog‘imni ma’qul ko‘rdim. Sizlardan kimda-kim shuni (ya’ni, o‘ziga ulush qilib berilgan asirlarni, evaziga biror narsa olmay, qaytarib berishni) ma’qul topsa, (shunday) qilsin va kimda-kim o‘ziga ulush qilib berilgan asirlarni, badaliga biror narsa olgach, qaytarib bermoqchi bo‘lsa, ul ham qaytarib beraversin, biz unga Olloh taolo o‘zimizga ato etadirgan dastlabki o‘ljalardan in’om qilurmiz!» — dedilar. Shunda odamlar: «Siz uchun (muborak taklifingizni) ma’qul ko‘rdik!» — deb javob qilishdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Iyul 2008, 09:46:46

9-bob. Hadya o‘rniga hadya bermoq haqida

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam hadya qabul qilib, o‘rniga (qiymati ortiq bo‘lsa, ortiqki, zarracha kam bo‘lmagan) hadya berur erdilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Iyul 2008, 09:47:05

10-bob. Farzandga hadya (tortiq) bermoq xususida

Agar (ota) farzandlaridan biriga biror narsa tortiq qilsa, toki bo‘lak farzandlariga ham adolat qilib, o‘shancha tortiq qilmas erkan, joiz bo‘lmay, unga guvohlik ham qilinmas. Janob Rasululloh: «Farzandlaringizii teng ko‘ringizlar!» — deb marhamat qilganlar. Ota (agar farzandlaridan biriga tortiq bergan bo‘lsa-yu, qolganlariga bermagan bo‘lsa, adolat uchun o‘shal) tortigini qaytarib olmog‘i joizdur. Ota o‘z farzandi molidan insofu adolat birlan iste’mol qilmog‘i mumkin, (chunki bola ham, uning moli ham otanikidur). Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Hazrat Umardan bir tuyani sotib olib, uni ul kishining o‘g‘illari Abdullohga tortiq qildilar-da, unga: «Buni ne qilsang, qilaver!» — dedilar. (Ya’ni, agar Janob Rasululloh Hazrat Umarga: «O’g‘ling Abdullohga tuyalaringdan birini tortiq qilgil!» — desalar-u, ul kishi tortiq qilsalar, bo‘lak farzandlariga adolat qilmagan, barchasini teng ko‘rmagan bo‘lur erdilar. Shul boisdan Janob Rasululloh Hazrat Umardan bir tuyani sotib oldilar-da, uni ul kishining o‘g‘illari Abdullohga tortiq qildilar).

Muhammad ibn Nu’mon ibn Bashir raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Bashir ibn Sa’d ibn Sa’laba al-Ansoriy al-Xazrajiy raziyallohu anhu o‘g‘illari Nu’mon ibn Bashir birlan birga Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib: «Men mana bu o‘g‘limga bir g‘ulom (qul) hadya qildim», — dedilar. Janob Rasululloh: «Barcha farzandlaringga ham shunday qildingmi?» — dedilar. Bashir ibn Sa’d: «Yo‘q», — dedilar. Shunda Janob Rasululloh: «Hadyangni qaytarib ol!» — deb amr qildilar».

Qayd etilgan