Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (2-jild)  ( 503895 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 ... 111 B


AbdulAziz  12 Iyul 2008, 09:47:22

11-bob. (Biror narsa) hadya (qilingani)ga (o‘zgani) guvoh qilmoqlik xususida

Nu’mon ibn Bashir raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «(Onam Amra binti Ravoha otam Bashir ibn Sa’ddan menga o‘z mollaridan biror narsa hadya qilmoqlarini iltimos qilib erdilar), bir (qul) hadya qildilar. Shunda onam otamga: «(o‘g‘lingizga bul qulni meros qilib ermas, balki hadya sifatida berganingizga) Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni guvoh qilib qo‘ymaguningizga qadar rozi bo‘lmasman!» — dedilar. So‘ng, otam Janob Rasulullohning huzurlariga borib: «Yo Rasulalloh, men Amra binti Ravohadan (tug‘ilgan) o‘g‘limga (bir qul) hadya qilib erdim, (Amra) sizni bunga guvoh qilib qo‘ymog‘imni buyurdi», — dedilar. Janob Rasululloh (otamga): «Bo‘lak farzandlaringga ham shunday hadya qildingmi?» — dedilar. Otam: «Yo‘q» — deb erdilar, ul zot: «Olloh taolodan qo‘rqingizlar, farzandlaringizni teng ko‘ringizlar!» — deb aytdilar. Keyin, otam (ul zotning huzurlaridan uyga) qaytib (borganlari hamonoq menga bergan) hadyalarini qaytarib oldilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Iyul 2008, 09:47:34

12-bob. Erning xotiniga va xotinning eriga hadya qilmog‘i haqida

Ibrohim raziyallohu anhu: «Bu joizdur (mumkindur)», — deydilar.

Umar ibn Abdulaziz raziyallohu anhu: «Ikkalasi o‘z hadyasini qaytarib olmaydi», — deydilar.

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (barcha) xotinlaridan Oisha (onamiz)ning uylarida kasal bo‘lmoqlariga (ya’ni, kasal vaqtlarida Oisha onamizning uylarida yashamoqlariga) ijozat so‘raganlar. (Ya’ni, Janob Rasululloh ul onalarimizdan o‘zlari ularning huzurida bo‘ladirgan kunlarni hadya qilmoqlarini so‘raganlar).

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «O’z hadyasini qaytarib olguvchi kimsa — o‘z qusug‘ini yeguvchi it kabidur!» — deb marhamat qilganlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Iyul 2008, 09:47:46

13-bob. Ayolning o‘z eridan bo‘lak kimsaga hadya bermog‘i hamda eri bor ayolning, agar aqli joyida bo‘lsa, qul ozod qilmog‘ining joizligi va agar aqli joyida bo‘lmasa, joiz emasligi haqida

Olloh taoloning qavli: «Va bermangizlar ahmoqlar qo‘llariga ul mollaringizniki, Olloh taolo sizlarning ma’iyshatlaringizga sabab qilgandur!» («Niso» surasi, 5-oyat).

Asmo raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Yo Rasulalloh, (erim) Zubayr menga mulk qilib bergan moldan bo‘lak molim bo‘lmay, (undan) sadaqa qilsam bo‘lurmi?» — dedim. Ul zot: «Mayli, sadaqa qilaver, ammo qilgan sadaqangni hisoblab yurmagil, (uni) sening uchun Olloh taolo hisobga olib qo‘yur!»— dedilar».

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat hiladilar: «Maymuna binti al-Horis raziyallohu anho Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan ruxsat so‘ramay, o‘z cho‘rilarini ozod qildilar. So‘ng, ul zot huzurlariga kiradirgan kuni: «Yo Rasulalloh, cho‘rimni ozod qilganimni bildingizmi?» — dedilar. Janob Rasululloh: «Shunday qildingmi?» — dedilar. Maymuna: «Ha», — dedilar. Janob Rasululloh: «Uni tog‘alaringga berganingda (hadya qilganingda) erdi, sening uchun savobi yanada kattaroq bo‘lur erdi!» — dedilar, (chunki ular xizmatkorga muhtoj erdilar)».

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning odati shariflari shunday erdiki, agar safar qilmoqni ixtiyor qilsalar, xotinlari o‘rtasida qur’a tashlar, qur’a qaysi xotinlariga chiqsa, o‘shal xotinlarini o‘zlari birlan safarga olib ketur erdilar. (Ul zotning yana shunday odati shariflari bor erdiki), har bir xotinlari uchun bir kecha-kunduz vaqt ajratar erdilar. Biroq, Savda binti Zam’a o‘zlariga ajratilgan bir kecha-kunduz vaqtni, Janob Rasulullohning muhabbatlarini qozonish uchun, Oishaga hadya qildilar». (Mazkur hadisda ayolning ayolga hadya qilganligi aytilgan bo‘lsa-da, ul hadya ayni vaqtda erga ham qilingan hadyadur, chunki er undan barobar foydalanur, deb taxmin qilish mumkin).

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Iyul 2008, 09:48:00

14-bob. Eng avvalo kimga hadya qilmoq lozim?

Kurayb raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va Sallamning jufti halollari Maymuna o‘z cho‘rilarini ozod qildilar. Shunda ul zot Maymunaga: «Tog‘alaringdan biriga silai rahm (ya’ni, «Uni xizmatkorga muhtoj tog‘alaringdan biriga hadya qilib, yordam) ko‘rsatganingda erdi, yanada ko‘proq savob olgan bo‘lur erding!» — dedilar. (Demak, eng avvalo muhtoj qarindoshlarga hadya qilmoq lozimdur).

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Yo Rasulalloh, mening ikki qo‘shnim bor, ulardan qaysi biriga hadya qilayin?» — dedim. Shunda ul zot: «Ulardan o‘zingga eshigi eng yaqiniga» — deb marhamat qildilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Iyul 2008, 09:48:20

15-bob. (Uzrli) sababga ko‘ra hadyani qabul qilmagan zot haqlarida

Umar ibn Abdulaziz raziyallohu anhu: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning zamonlarida hadya hadya erdi, bugun ersa u poradur», — deydilar.

Sa’b raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Abvo’ yoki Vaddon degan joyda Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga bir qulon hadya qildim. Shunda ul zot ehromda bo‘lib, hadyamni rad qildilar. Hadyamni olmaganlari uchun yuzimda paydo bo‘lgan o‘zgarishni sezgach ersa: «Biz sening (hadyangni) rad etmas erdik, lekin biz (afsuski biz) ehromdamiz», — dedilar».

Abu Humayd as-So’ndiy raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Azd qabilasiga mansub Ibn al-Utbiyya (yoki allutabiyya) ismli bir kishini zakot yig‘ib kelguvchi qilib tayinladilar. U (zakot yig‘ib) kelgach: «Mana bu narsa sizga, mana bu ersa menga hadya qilindi», — dedi. Shunda ul zot: «(Zakotdan urib qolgandan ko‘ra), otasining uyida yoxud onasining uyida o‘ziga hadya qiladilarmi, yo‘qmi, poylab o‘ltirsa bo‘lmaydimi?! Jonim qo‘lida bo‘lmish zot haqi, kimda-kim zakotdan biror narsani urib qolsa, Qiyomat kuni o‘shal narsani yelkasida ko‘tarib kelur. Agar zakotdan urib qolgan narsasi tuya bo‘lsa, o‘kirib, sigir bo‘lsa, bo‘kirib, qo‘y bo‘lsa, maarab turur», — dedilar. So‘ng, qo‘llarini shul qadar baland ko‘tarib (Olloh taologa duo qildilarki), hatto biz qo‘ltiqlarining oppoq ekanligini ko‘rdik. Ul zot: «Yo parvardigoro, (sening ahkomlaringni ummatimga) yetkazdim!» — deb uch bor takrorladilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Iyul 2008, 09:48:55

16-bob. Agar (kishi biror yerdan keltiriladirgan moldan birovga hadya qilmoqni va’da qilib qo‘ygan bo‘lsa-yu, ammo (ul mol) yetib kelmasidan burun vafot etib qolsa...

Jobir raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam menga: «Agar Bahrayndan mol kelsa, senga mana buncha, mana buncha va mana buncha berurman»— deb aytdilar, lekin ul mol yetib kelmasidan burun vafot etib qoldilar. Keyin, Abu Bakr (as-Siddiq) bir jarchini yubordilar, u: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam kimga biror narsa va’da qilgan bo‘lsalar yohud kimning ul zotda qarzi bo‘lsa, bizning huzurimizga kelsin!» — deb (ul kishining nomlaridan) jar soddi. Shunda men Abu Bakr (as-Siddiq)ning qoshlariga borib: «Janob Rasululloh menga (Bahrayndan keltiriladirgan moldan hadya) va’da qilgan erdilar», — dedim. Abu Bakr menga (Janob Rasululloh va’da qilgan miqdorda) ul moldan berdilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Iyul 2008, 09:51:52

17-bob. (Kishi hadya qilish niyatida sotib olgan yoxud o‘ziga hadya qilingan) qul yoki molni (birovga hadya qilgunga qadar) qanday saqlab turadi?

Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men hurkongich (asov) bir tuyaga minib olgan erdim. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uni (mendan) sotib oldilar-da, (Madinaga borgach): «Ey Abdulloh, bu seniki», — dedilar». (Ya’ni, Janob Rasululloh ul tuyani hadya qilish niyatida sotib olganlari uchun minmadilar ham, unga biror yuk ortmadilar ham, uni Madinaga borgunlariga qadar o‘zlarida mulk qilib ushlab turganlari birlangina kifoyalandilar).

Misvar ibn Maxrama raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (bir qancha) qabolarni (kiyimlarni) taqsim qildilar, ammo Maxramaga (ul yerda bo‘lmaganlari uchun) birorta ham qabo bermadilar. So‘ng, Maxrama (menga): «Ey o‘g‘ilcham, biz birlan Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga borgil!» — dedilar. Men ul kishi birlan birga bordim. «Ichkariga kirib, ul zotni menga chaqirib ber!» — dedilar. Men ul kishiga Janob Rasulullohni chaqirib berdim. Janob Rasululloh taqsim qilingan qabolardan birini kiyib, ul kishining qoshlariga chiqdilar-da: «Mana buni senga (atab) yashirib qo‘ygan erdik», — dedilar. Maxrama qaboga tikildilar. Shunda Janob Rasululloh: «Maxrama rozi bo‘ldimi?», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Iyul 2008, 09:52:10

18-bob. Agar kishi birovga hadya bersa-yu, u uni olgach: «Qabul qildim» — demasa (joizdur)

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar. «Bir kishi rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib: «Halok bo‘ldim!» — dedi. Janob Rasululloh: «Nechun?» — dedilar. U: «Ramazonda xotinim birla aloqa qilib qo‘ydim»,— dedi. Janob Rasululloh: «Bir qul topa (ya’ni, ozod qila) olasanmi?» — dedilar. U: «Yo‘q», — dedi. Janob Rasululloh: «Ikki oy muttasil ro‘za tuta olasanmi?» — dedilar. U: «Yo‘q»,— dedi. Janob Rasululloh: «Oltmishta miskinning qorinlarini to‘yg‘aza olasanmi?» — dedilar. U: «Yo‘q»,— dedi. Shul asnoda ansorlardan biri bir savat xurmoni Janob Rasulullohga (hadya qilib) olib kelib qoldi. Janob Rasululloh boyagi kishiga: «Mana buni olib borib, sadaqa qilgil!» — dedilar. U: «O’zimizdan kambag‘alroqqami, yo Rasulalloh? Sizni haq (din) birla yuborgan zot haqi, Madinaning ikki tog‘i oralig‘ida bizdan ham qashshoqroq xonadon yo‘qdur!» — dedi. Shunda Janob Rasululloh: «Borgil, buni oilangga yedirgil!»— deb marhamat qildilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Iyul 2008, 09:52:31

19-bob. Kishi birovdagi qarzini (uning o‘ziga) sovg‘a qilsa, joizdur

Hasan ibn Ali raziyallohu anhu bir kishidagi qarzlarini (uning o‘ziga) hadya qilganlar.

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kimning (birovdan) qarzi bo‘lsa, uni bersin yoki (o‘rniga biror narsa berib) undan qutulsin!» — deb marhamat qilganlar.

Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Otam Badr kuni shahid bo‘ldilar, keyin ul kishiga qarz bergan kishilar qarzlarini qistab kelishdi. Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga borib, shul gapni aytdim. Ul zot qarz bergan kishilardan xurmozorim hosilini qabul qilib, otamni qarzdan halos qilishlarini iltimos qildilar. Ammo, ular (xurmozorim hosili kam bo‘lganidan) ko‘nishmadi. Shunda ul zot menga: «Ertaga ertalab huzuringga kelurman» — deb aytdilar, so‘ng ertasiga tong otganda huzurimizga keldilar-da, xurmozorni bir aylanib chiqdilar. Keyin, xurmozorimning hosiliga baraka tilab duo qildilar. Men xurmolarni terib, otamga qarz berganlarning haqini to‘ladim, (Janob Rasulullohning duolari barakoti tufayli) o‘zimizga ham (anchagina) xurmo ortib qoldi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Iyul 2008, 09:52:45

20-bob. Bir kishining ko‘pchilikka hadya qilmog‘i haqida

Sahl ibn Sa’d raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga (bir idishda) sharbat keltirishdi. Ul zot undan (bir oz) ichdilar. Shunda o‘ng yonlarida bir yigit va chap yonlarida keksalar turishgan bo‘lib, ul zot yigitga: «Agar menga ijozat bersang, (sharbatni avval) mana bu (keksalarga) uzatsam!» — dedilar. Yigit: «Yo Rasulalloh, sizdan tegadirgan nasibamni hech kimga bermasman!» - dedi. Ul zot («Seni qara-yu!» degan ma’noda) uning qo‘lini chimchilab quydilar».

Qayd etilgan