BO’HTON (TUHMAT) HAQIDAGI HADISLAR
1-bob. Ayollarning bir-birlariga rost (haqqoniy) guvohlik qilmoqlari xususida
Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam, agar safarga chiqmoqni iroda qilsalar, xotinlari o‘rtasida qur’a tashlar, qur’a xotinlaridan qaysi biriga chiqsa, o‘shal birlan birga safarga chiqar erdilar. Bu gal ham shunday qilib erdilar, qur’a menga chiqdi. Men ul zot birlan birga «Hijob» oyati nozil bo‘lgandan so‘ng safarga chiqdim. Meni tuyaga ortilgan kajavaga (yoki taxtiravonga) o‘tqazib quyishdi, biz (ko‘p) yo‘l yurdik. Nihoyat, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam o‘shal (ko‘zlagan) g‘azotlaridan forig‘ bo‘lib, ortga qaytdilar. Tunda biz Madinaga yaqinlashganimizda ul zot to‘xtab dam olishga ruxsat berdilar. Men kajavamdan tushib, yolg‘iz o‘zim hojat uchun askarlardan nari ketdim. Hojatimni ado etgach, kajavam oldiga qaytdim, so‘ng ko‘kragimni paypaslab ko‘rib, ziforiy munchog‘imning uzilib tushib qolganini bildim-da, boyagi borgan joyimga qaytib, munchog‘imni izlab bir oz ushlanib qoldim. Shul asnoda xizmatkorlar meni ichida, deb uylab kajavamni tuyaga ortib ketishaveribdi. O’shal kezlarda ayollar ozg‘in bo‘lib, semirishmas erdi, boisi juda oz taom syishar erdi. Shuning uchun xizmatkorlar kajavani ko‘tarishganda uning vazniga e’tibor berishmagan, buning ustiga men o‘shanda yosh bir qizcha erdim. Ular (kajavaning ichida mening yo‘qligimni sezmay), tuyani haydab ketishavergan. Keyin, men askarlar ancha uzoqlashib ketganda munchog‘imni topdim-da, ular turgan joyga borib qarasam, hech kim yo‘q erkan. Shunda joyimdan qimirlamaslikka ahd qildim, chunki ular mening yo‘qolib qolganimni sezib, bul yerga qaytib kelishadi, deb o‘yladim. Shul alfozda ularni kutib o‘ltiraverdim, keyin uyqu g‘oliblik qilib, uxlab qoldim.
O’shanda Safvon ibn al-Mu’attal as-Sulamiy (so‘ng, az-Zakvoniy) qo‘shin ortida kelayotgan bo‘lib, men o‘ltirgan joyga kelganda uxlayotgan bir odamga ko‘zi tushdi. So‘ng, oldimga kelib, (darhol meni tanidi), chunki u hijobga kirmasimdan burun meni ko‘rgan erdi. Men u tuyasini cho‘ktirayotib: «Inno lillohi va inno Ilayhi roji’uun!» (ya’ni, «Darhaqiqat, biz Ollohning bandalari va uning dargohiga qaytguvchilarmiz!») deganda uyg‘onib ketdim. Keyin, u tuyasining old oyog‘ini cho‘ktirib erdi, (uning ko‘magisiz) tuyaga minib oldim. So‘ng, u tuyani yetaklagancha (piyoda) yo‘lga tushdi. Biz qo‘shinga ayni tush paytida, ular issiqdan horib, dam olgani qo‘nishganda yetib oldik. Shunda (mening nomahram erkak birlan birga kelganimni ko‘rib) ba’zi birovlarning jon-ponlari chiqib ketdi. (Ular, darhol zir yugurib mening xususimda tuhmat qilishga kirishdilar). Birinchi bo‘lib menga tuhmat qilgan (va o‘zi singari munofiqlarni shu yo‘lga yetaklagan) kishi Abdulloh ibn Ubay ibn Salul bo‘lib, (uning izdoshlari Mistah ibn Usosa, Hasson ibn Sobit va Hamna binti Jahsh erdi). Keyin, biz Madinaga yetib keldik, men ul yerda bir oy kasal bo‘lib yotdim. Shunda odamlar bo‘htonchilarning gaplarini hammaga tarqatishibdi, (men ersam bul gaplardan mutlaqo bexabar erdim). Meni faqat Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning hozirgi kasallik chogimda ilgarigi kasallik kezlarimdagidek negadir mehribonchilik qilmayotganlari shubha va vahimaga solardi, xolos. Shu kunlarda ul zot huzurimga kirib, salom berar, so‘ng: «Qalaysiz?» — deb quruqqina hol surar erdilar. Ammo, men ul zotning menga bunday muomala qilayotganlari bo‘hton ahlining tarqatgan gaplari boisidan ekanligini sezmas erdim. Bir kuni, bir oz tuzalganimdan so‘ng, men va Ummu Mistah (Madina tashqarisidagi) Manosi’ degan joy tomon yo‘l oldik. Ul yer bizning hojatga boradirgan joyimiz bo‘lib, faqat tunlari borar erdik, chunki biz arablar uylarimiz yaqiniga atrofi to‘siq hojatxona qurib olmasimizdan burungi vaqtlarda ana shunday (shahar) tashqarisiga chiqib, yozilib kelur erdik. Keyin, men va Ummu Mistah binti Abu Ruhm birgalashib qaytib kelayotgan erdik, Ummu Mistah kiyimining etagini bosib olib, yiqilib tushdi-da: «Baloga yo‘liqqur, Mistah!» — deb qarg‘andi. Shunda men unga: «Aytgan suzing falokat(ovardur), Badrda ishtirok qilgan kishini ham shunchalar haqorat qilasanmi?!» — dedim. Ummu Mistah (menga javoban): «Ey sodda! Ularning (bo‘htonchilarning) ne deganlarini eshitmadingmi?» — dedi-da, bo‘hton ahli aytgan gaplarni menga ma’lum qildi. (Buni eshitib) dardimga dard qo‘shildi. Uyimga qaytib kelganimda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam huzurimga kirib salom berdilar-da: «Qalaysiz?» — dedilar. Men: «Ota-onamnikiga bormog‘imga izn beringiz!» — dedim, chunki (o‘zim haqimdagi) gaplarni ulardan eshitib, ishonch hosil qilmoqchi erdim. Ul zot menga ruxsat berdilar, men ota-onamnikiga bordim. Keyin, onamga: «Odamlar nelar deyayotirlar?» — dedim. Onam: «Ey qizalog‘im, bul gaplarga parvo qilma, Olloh taolo haqi, biror ayol chiroyli bo‘lsa-yu, eri uni sevsa, albatta kundoshlari uning to‘g‘risida bo‘lmag‘ur gaplarni aytib, ig‘vo qilishlari turgan gap!» — dedilar. Men: «Subhonalloh! Odamlar (mening xususimda) shunday gaplarni aytishdimi? (Bu g‘irt tuhmat-ku!)» — dedim. Keyin, shu kecha ko‘zimga uyqu ilinmadi, yig‘lab tong ottirdim.
Ertasiga Rasululloh sallallohu alayhi va sallam, bul xususda vahiy kelavermagani boisidan, Ali ibn Abu Tolib va Usoma ibn Zaydni huzurlariga chorlab, ularga oilalari (ya’ni, men)dan ajralish (yoxud oilalarining ortda qolib ketgani) borasida maslahat soldilar. Shunda Usoma Janob Rasulullohning oilalariga nisbatan qanchalar hurmati baland ekanligini izhor qilib: «Sizning oilangizni, yo Rasulalloh, biz faqat yaxshi, deb bilurmiz!» — dedilar. Ammo, Hazrat Ali: «Yo Rasulalloh, Olloh taolo (xotinlar borasida) sizga sira tazyiq qilmagan, undan bo‘lak xotinlar ko‘p-ku! (Istasangiz), cho‘ri (Barira)dan so‘rangiz, u sizga rostini aytadi», — dedilar. (Hazrat Ali Janob Rasulullohning rashkdan iztirobu gam chekayotganlarini ko‘rib, ul zot tezroq bul ahvoldan qutilsinlar, degan maqsadda Oisha onamizni taloq qilmoqni va ul muhtaramani pok ekanliklari isbotlangach, yana nikohlariga qaytarib olmoqni maslahat qildilar. Hazrat Alining bul maslahatlari Janob Rasulullohni qiyin ahvoldan qutqarish maqsadida bo‘lib, Oisha onamizga dushmanlik ermas erdi. Hazrat Ali Janob Rasulullohga guyoki: «Agar bul ahvoldan tezroq xalos bo‘lishni istasangiz, uni taloq qilingiz, basharti niyatingiz aksincha bo‘lsa, ul holda uning pokligini isbot qilguningizga qadar haqiqatni izlangiz!» — deb aytmoqchi bo‘ldilar). Shundan so‘ng, Janob Rasululloh Barirani huzurlariga chaqirdilar-da, unga: «Ey Barira, Oishada o‘zingni shubhaga solguvchi biror narsa kurganmisan?» (ya’ni, «Ey Barira, sen Oishaning odamlar aytayotgan ayblardan birortasini qilganini ko‘rganmisan?») — dedilar. Shunda Barira: «Sizni haq (din) birla yuborgan zot haqi, ko‘rmaganman, basharti uning tomonidan biror kamchilik sodir qilinganini ko‘rgan bo‘lsam, u ham uning yosh qizcha ekanligidan bo‘lib, uydagilar tayyorlab quygan xamirni poylab o‘ltirib uxlab qolur va xonadondagi qo‘ylardan biri kelib xamirni yeb ketur» — deb aytdi. Buni eshitgach, Janob Rasululloh o‘shal kuniyoq minbarga chiqdilar-da, Abdulloh ibn Ubay ibn Salulning uzr aytmog‘ini talab qilib: «Oilam xususida tuhmat qilib, menga ozor bergan kishini kim uzr ayttiradi? Olloh taolo haqi, men oilamda faqat yaxshilik mavjudligini bilurman! (Odamlar yana) bir solih kishi xususida tuhmat qilishdi, men unda ham faqat yaxshilik mavjudligini bilurman, u oilamning huzuriga faqat men birlangina kirur erdi!» — deb xitob qildilar. Shunda Sa’d ibn Muoz o‘rinlaridan turib: «Yo Rasulalloh, Olloh taolo haqi, mana men uni sizga uzr ayttirurman, hattoki u (men boshliq) Avs qabilasidan bo‘lsa ham, bo‘ynini uzurmiz! Basharti u Xazraj qabilasiga mansub birodarlarimizdan bo‘lsa, ul holda uning xususida ne deb amr qilsangiz, o‘shal amringizni ado eturmiz!» — dedilar. Buni eshitib, Xazraj qabilasi boshlig‘i Sa’d ibn Ubodaning g‘azabi keldi. U shul vaqtga qadar solih kishi bo‘lgan bo‘lib, hozir hamiyati qo‘zg‘aganidan o‘rnidan turdi-da: «Yolg‘on gapirding, Olloh taolo haqiki, u Avs qabilasidan bo‘lganda bo‘ynini uzishni istamagan bo‘lur erding! Olloh taoloning manguligi haqi, uni o‘ldirmaysan, o‘ldirolmaysan ham, (chunki biz bunga yo‘l qo‘ymasmiz!)» — dedi. Keyin, (Sa’d ibn Muozning jiyani) o‘rnidan turib: «O’zing yolg‘on gapirding, (agar Janob Rasululloh amr qilsalar, Xazraj qabilasidan bo‘lsa ham, o‘ldirmog‘imizga monelik qilolmaysan), biz uni albatta o‘ldirurmiz! Sen munofiq(larning ishini qilayotirsan, chunki) munofiqlar xususida tortishayotirsan!» — dedi. Shunda Avs va Xazraj qabilalari bir-birlariga tashlanib, o‘zaro jangga kirishib ketishdi, Janob Rasululloh ersalar hanuz minbarda turar erdilar. So‘ng, Janob Rasululloh minbardan tushib ularni tinchitdilar, ular tinchlanib sukut qilishdi, ul zot ham sukut qildilar.
Men (o‘sha) kuni ham tinmay yig‘ladim, tunni ham yig‘lab bedor o‘tkazdim, ota-onam ersalar (meni qanday yupatishni bilmay), yonimda tong ottirishdi. Xullas, ikki kecha va bir kunduz kuz yoshlarim shashqator bo‘ldi. Biz shu alfozda o‘ltirganimizda bir ansoriya ayol ichkariga kirmoqqa izn suradi, men unga izn berib erdim, ichkariga kirdi-da, menga qo‘shilib u ham yig‘lashga tushdi. Shu mahal Rasululloh sallallohu alayhi va sallam huzurimizga kirib kelib o‘ltirdilar, vaholanki ul zot mening xususimda aytilgan tuhmat gaplarni eshitgan kunlaridan buyon (huzurimga kirsalar-da), yonimga kelib o‘ltirmay quygan erdilar. Mening xususimda ersa, mana bir oy bo‘ldi-ki, hanuz ul zotga vahiy kelmas erdi. Janob Rasululloh (yonimga o‘ltirgach), kalimai shahodat aytdilar, so‘ng: «Ey Oisha, sening xususingda unday va bunday gaplarni eshitdim, agar pok bo‘lsang, Olloh taoloning o‘zi seni (tez kunda) oqlagusidur, basharti biror gunoh qilgan bo‘lsang, ul holda Olloh taologa istig‘for aytib, unga tavba qilgil! Chunki, banda o‘z gunohini e’tirof qilib, tavba qilsa, Olloh taolo uning tavbasini qabul qilur», — dedilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam so‘zlarini tugatishlari hamonoq (azbaroi g‘azabim tug‘yon urganidan qalbimdagi g‘am chekinib) ko‘z yoshlarim tindi, hatto bir tomchi oqqanini ham sezmadim. Shunda men otamga: «Meni himoya qilib Janob Rasulullohga biror so‘z aytingiz!» — dedim. Otam: «Olloh taolo haqi, ul zotga ne deyishimni bilmasman!» — dedilar. Keyin, men onamga: «(Bo‘lmasa), siz meni himoya qilib ul zotga biror so‘z aytingiz!» — dedim. Onam (ham): «Olloh taolo haqi, men (ham) ul zotga ne deyishimni bilmasman!» — dedilar. O’shanda men hali Qur’ondan ko‘p narsalarni qiroat qila olmaydirgan bir qizcha erdim. (Shunga qaramay, ularga ne deb javob qilmoqqa aqlu zakovatim yetdi). Men ularga: «Darhaqiqat, men, Olloh taolo haqi, shuni (yaxshi) bildimki, sizlar (mening xususimda) odamlar aytayotgan bo‘htonni eshitibsizlar va u ko‘nglingizda menga nisbatan shubha paydo qilibdi, so‘ng unga ishonch ham hosil qilibsizlar. Agar men sizlarga pok ekanligimni aytsam, pokligim ersa Olloh taologa ayondur, ishonmassizlar va agar gunoh qilganman, deb e’tirof qilsam, gunoh qilmaganim ersa Olloh taologa ayondur, ishonursizlar. Olloh taolo haqi, o‘zim va sizlar uchun Yusufning otasi (Ya’qub alayhissalom)ning «Endi, sabr qilmog‘im yaxshidur, sizlarning bul gaplaringizdan xalos bo‘lmog‘im uchun Olloh taolodangina madad tilarman!» degan gaplaridan bo‘lak misol topa olmasman!» — dedim. So‘ng, «Olloh taoloning o‘zi meni tuhmatdan xalos qilsin!» — degancha teskari o‘girilib to‘shagimga yotib oldim. Lekin, men Olloh taolo haqi, «Parvardigorim mening xususimda tilovat qilinadirgan vahiy nozil qilur» deb sira o‘ylamagan erdim. (Chunki), Olloh taoloning o‘zim xususimda (odamlar masjidlarda qiroat qilib, namoz uqiydirgan) Qur’on orqali so‘zlamog‘iga arzimasman, deb hisoblar erdim. Men faqat: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Olloh taolo mening pok ekanligimni ayon qilguvchi bir tush ko‘rsalar erdi!» — deb orzu qilur erdim, xolos. Yaratgan parvardigorim haqiki, na Janob Rasululloh o‘rinlaridan turib ulgurdilar va na uydagi bo‘lak biror kishi tashqariga chiqib ulgurdi, to‘satdan ul zotga vahiy nozil bo‘lib qoldi. Shunda ul zotni qattiq isitmadan keyin bo‘ladirgan bezgak yanglig‘ kaltiroq tutib, badanlaridan marjondek ter quyildi. Vahiy kelishi tugagach, ul zot o‘zlariga kelib tabassum qildilar, so‘ng eng dastlab aytgan gaplari quyidagi bo‘ldi: «Ey Oisha, Olloh taologa hamd aytgil, u seni (bo‘hton ahli tuhmatidan) pokladi!» — dedilar. Shunda onam menga: «(Aytgan xushxabarlari uchun) o‘rningdan turib ul zotga ta’zim qil!»— dedilar. Men (onamga javoban): «Yo‘q, Olloh taolo haqi, o‘rnimdan turib ul zotga ta’zim qilmasman, men Olloh taologagina hamd ayturman!» — dedim.
O’shanda Olloh taolo «Albatta, bo‘hton to‘qiganlar o‘zlaringizdan bo‘lgan bir to‘dadur...» deb boshlanadirgan (o‘nta) oyat nozil qilgan erdi. Olloh taolo mening pokligim xususidagi oyatlarni nozil qilganda otam Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu (kambag‘alligi va) qarindoshligi boisidan o‘zlari yordam ko‘rsatib turgan (bo‘htonchi) Mistah ibn Usosa haqida: «Olloh taolo haqi, Oishaga bo‘hton qilgani uchun endi men Mistahga hech qachon zarracha yordam qilmasman!» — dedilar. Shunda Olloh taolo (Janob Rasulullohga) «Sizlardan fazlu davlat sohiblari bo‘lmish kishilar qarindoshlari, miskinlar va muhtojlarga Olloh yo‘lida ehson qilmaslikka qasam ichmasinlar, aksincha ularni kechirsinlar, (axir) Ollohning o‘zlaringizni mag‘firat qilmog‘ini istamaysizlarmi?! Olloh mag‘firatli, mehribondur!» degan oyati karimasini nozil qildi. Buni eshitib, otam Abu Bakr Siddiq: «Ha, Olloh taolo haqi, albatta Olloh taolo meni mag‘firat qilmog‘ini istarman!» — dedilar-da, ilgarigidek Mistahga yordam qilishda davom etdilar. O’shanda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam mening xususimda: «Ey Zaynab, Oishaning biror aybini bilasanmi, uning biror ayb qilganini ko‘rganmisan?» — deb Zaynab binti Jahshdan ham so‘ragan erkanlar. Shunda Zaynab: «Yo Rasulalloh, men qulog‘imni (ig‘volardan) va ko‘zimni (qabih ishlardan) ehtiyot qilurman, Olloh taolo haqi, men uning faqat yaxshi (xislatlarga ega ekanligini) bilurman!» — deb javob qilgan erkan. Janob Rasulullohning huzurlarida (o‘zining jamoli va e’tibori buyicha) mendan o‘zishga harakat qilguvchi Zaynabni Olloh taolo (mening xususimda bo‘htonchilar aytgan gaplarni aytishdan) taqvo qildirdi (saqladi)».