Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (2-jild)  ( 503970 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 35 36 37 38 39 40 41 42 43 44 45 ... 111 B


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:48:02

7-bob. Ijaraga yer berish shartlari haqida

Rofi’ ibn Xadiyj raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Biz Madina ahlining ko‘pchiligimizning dalalarimiz bo‘lar erdi. Yerlarimizni ularning bir qismiga yerning egasi uchun ekin ekish sharti birlan birovlarga ijaraga berar erdik. Shunda goho ijaraga berilgan yer bulagiga ofat tegib, yerning egasi uchun ekin ekiladirgan dala omon qolar va goho yerning egasi uchun ekin ekiladirgan dalaga ofat tegib, ijaraga berilgan yer bulagi omon qolar erdi. Keyin, biz (goh chorakor va goh yer egasi zarar kuradirgan bo‘lganidan hamda zarar ko‘rmagan tarafning rizqi botil ekanligi uchun ijaraga yer berishdan) qaytarildik».

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:48:11

8-bob. Nikohda joiz bo‘lmagan shartlar haqida

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam o‘troq kishini ko‘chmanchi kishining molini (olib qolib, qimmatroq narxda) sotib bermoqdan qaytardilar (ya’ni, o‘troq kishi o‘shal kungi narxda sotmoq uchun mol olib kelgan ko‘chmanchiga: «Buni menga tashlab ketaver, asta-sekin narxini oshirib, qimmatroqqa sotib beraman» — deb aytadi. Ul zot ana shunday savdodan qaytardilar) va bunday dedilar: «(Birovni aldash niyatida molning narxini) oshirmangizlar, kishi o‘z (musulmon) birodari savdosi ustiga savdo qilmasin (ya’ni, «Uning molini olma, men senga undan yaxshirog‘ini xuddi shu narxda yoki arzonroq narxda sotaman» — deb birovning molini sotib olayotgan kishini aynitmasin), kishi o‘z (musulmon) birodari unashtirib qo‘yilgan ayolga (u bergan mahrdan ko‘ra ko‘proq mahr berib) unashtirilmasin hamda ayol o‘z (muslima) singlisining kosasidagi (rizqini) tortib olish uchun uning taloq qilinmog‘ini talab qilmasin!» (ya’ni, bir kishi xotinining ustiga ikkinchi bir xotinni olmoqchi bo‘ladi. Shunda o‘shal xotin erkakning mol-dunyosiga o‘zi tanho egalik qilish maqsadida: «Xotiningni taloq qilsang, tegaman!» — deb shart qo‘yadi).

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:48:20

9-bob. Hadd (jazosi) o‘rniga o‘tmaydirgan shartlar haqida

Abu Hurayra va Zayd ibn Xolid al-Juhaniy raziyallohu anhumo rivoyat qiladilar: «Bir badaviy Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib: «Yo Rasulalloh, Olloh taolo haqi, sizdan o‘tinib suraymanki, mening ishim xususida Olloh taoloning Kitobiga muvofiq hukm chiqarsangiz!» — dedi. Shunda u birlan xusumatlashib kelgan kishi undan aqlliroq va odobliroq bo‘lib, (o‘rnidan turdi-da): «Ha, (yo Rasulalloh), bizning ishimizni Olloh taoloning Kitobiga muvofiq hal qilsangiz hamda so‘zlamog‘imga ruxsat bersangiz!» — dedi. Janob Rasululloh: «So‘zla!» — dedilar. U: «Mening o‘g‘lim buning xizmatini qilib yurar erdi, keyin xotini birlan zino qilib qo‘ydi. Odamlar menga buning uchun o‘g‘lim rajm (toshbo‘ron) qilinajagini aytishdi. So‘ng, men bunga yuzta qo‘y va bir cho‘ri berib, o‘g‘limni qutqarib oldim. Keyin, shul haqda ilm ahlidan (ya’ni, sahobalardan) fatvo so‘rab erdim, ular o‘g‘lim yuz darra urilib, bir yilga badarga qilinajagini, xotin ersa rajm etilajagini aytishdi», — dedi. Janob Rasululloh: «Jonim qo‘lida bo‘lmish zot haqi, sizlarning ishingiz xususida Olloh taoloning Kitobiga muvofiq hukm chiqargumdur! Cho‘ri va quylar o‘zingga qaytariladi, o‘g‘ling yuz darra urilib, bir yilga badarg‘a qilinadi (chunki, u buydoq bo‘lib, zino qilganini o‘zi tan oldi). Ey Unays, ertalab o‘shal xotinning huzuriga borgil, agar zino qilganini e’tirof qilsa, uni rajm qilgil!»— dedilar. Unays ertalab o‘shal ayolning uyiga bordi. Ul zino qilganini tan olgach, Janob Rasululloh rajm qilmoqni amr qilib erdilar, rajm qilindi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:48:29

10-bob. O’z cho‘risining sotib olinib, ozod qilinishiga rozi bo‘lgan quldorning joiz va nojoiz shartlari xususida

Oisha raziyallohu anhodan naql qilinadi: «Oisha raziyallohu anho egalari tomonidan muayyan to‘lov badaliga ozod qilinishi va’da qilingan (cho‘ri) Bariraning huzuriga kirdilar. Shunda Barira: «Ey mo‘minlar onasi, meni sotib olingiz, egalarim meni albatta sotishadi, meni ozod qilingiz!»— dedi. Oisha raziyallohu anho: «Xo‘p, sotib olaman», — dedilar. Barira: «Ammo, egalarim (menga) homiylik huquqi o‘zlarida qolish sharti birlangina meni sotadilar», — dedi. Shunda Oisha raziyallohu anho: «Mening senga ehtiyojim yo‘q», — dedilar. Keyin, Janob Rasululloh bu haqda o‘zlari eshitdilarmi yoki ul zotga birov aytdimi, bilmayman, Oishaga: «Bariraning ishi nima bo‘ldi? Uni sotib olib, ozod qilaver, istagan shartlarini qo‘ymaydilarmi!» — dedilar. Oisha raziyallohu anho bunday deydilar: «Keyin, men Barirani sotib olib, ozod qildim, lekin uning egalari unga homiylik huquqining o‘zlarida qoldirilishini shart qildilar. Shunda Janob Rasululloh: «Yuz marta shart qo‘ysalar-da, homiylik huquqi ozod qilgan shaxsnikidur», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:48:38

11-bob. Taloqdagi (nojoiz) shartlar haqida

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam peshvoz chiqmoqdan (ya’ni, shaharga mol olib kelayotganlar bozorlarga yetib kelib, narx-navoni bilib olmaslaridan burun ularning mollarini arzon narhda sotib olib, qimmatga sotish uchun yo‘llariga peshvoz chiqmoqdan), muhojirning (ya’ni, o‘troq kishining) ko‘chmanchi (molini olib qolib, qimmatga) sotib bermog‘idan, ayolning (muslima) singlisining taloq qilinmog‘ini shart qilib qo‘ymog‘idan, kishining o‘z (musulmon) birodari savdosi ustiga savdo qilmog‘idan (ya’ni, o‘z molini sotish uchun birovning xaridorini aynitmog‘idan) hamda (o‘zgani aldash niyatida narxni) oshirishdan va sog‘masliqdan (ya’ni, «Sutga to‘lib tursa, xaridor sersut ekan, deb o‘ylaydi» degan maqsadda ataylab sog‘maslikdan yoxud shu niyatda hayvon yelinini bog‘lab qo‘ymoqdan) qaytardilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:48:46

12-bob. Odamlar birlan og‘zaki shartlashish haqida

Ubay ibn Ka’b raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Muso Ollohning rasulidurlar» — deya (Muso alayhissalomning Xizr alayhissalom birlan uchrashganlari xususidagi) hadisni rivoyat qila boshladilar-da (uning bir yeriga kelganda) bunday dedilar: «Xizr alayhissalom Muso alayhissalomga (uch bor): «Men sizga aytmaganmidim men birlan yurmoqqa sabr qilolmaysiz deb», — dedilar. Muso alayhissalomning birinchi (e’tirozlari Xizr alayhissalomga bergan so‘zlarini) unutganlari (oqibatida bo‘ldi), ikkinchi (e’tirozlari) shartli, (ya’ni, Muso alayhissalom Xizr alayhissalomning shartlarini unutganlarida: «Agar bandalik qilib shartingizni unutib qo‘ysam, menga dashnom bermay, ma’zur tutingiz!» — deb o‘zlari shart qo‘ygan erdilar), uchinchi (e’tirozlari) ersa, qasddan bo‘ldi. Muso alayhissalom: «Shartingizni unutib e’tiroz bildirganim uchun meni ayblamangiz, meni mushkul ahvolga solib qo‘ymangiz!» — dedilar. So‘ng, Xizr alayhissalom birlan Muso alayhissalom bir bolani uchratishdi. Xizr alayhissalom uni o‘ldirdilar. Keyin, yana yo‘lda davom etishib, yiqilay deb turgan bir devor oldidan chiqib qolishdi. Xizr alayhissalom uni tiklab qo‘ydilar».=

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:48:54

13-bob. (Sotib olinib, ozod qilingan qul yoki cho‘riga) homiylik qilishdagi shartlar haqida

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «(Cho‘ri) Barira huzurimga kelib: «(Ey mo‘minlar onasi), mening egalarim (ozod bo‘lmog‘im uchun) har yili bir uqiyyadan (to‘rt dinordan) to‘lash sharti birlan to‘qqiz uqiyya pulni buynimga qarz qilib qo‘yishdi, menga yordam beringiz!» — dedi. Oisha onamiz: «Agar senga homiylik qilmoq huquqi menga o‘tmog‘iga ko‘nishsa, bo‘yningdagi to‘lovni ularga to‘lab, (seni sotib olaman)», — dedilar. Keyin, Barira egalari oldiga borib, (Oisha onamizning shartlarini) aytdi, ammo ular ko‘nishmadi. Barira egalari huzuridan (Oisha onamizning hujralariga) qaytib kelganda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ham (o‘shal yerda) o‘ltirgan erdilar. Barira (Oisha onamizga): «Men egalarimga (sizning shartingizni) aytdim, ammo ular menga homiylik qilish huquqi o‘zlarida qolmaydirgan bo‘lsa, meni sotmasliklarini aytishdi», — dedi. Janob Rasululloh (Bariraning) bu gapini o‘zlari ham eshitdilar, Oisha onamiz ham aytdilar. Shunda ul zot Oisha onamizga: «Bariraga homiylik qilmoq huquqi o‘zingga o‘tmog‘ini shart qilib, uni sotib ola-ver, chunki homiylik huquqi (sotib olib), ozod qilgan shaxsnikidur», — dedilar. Oisha onamiz (ul zot aytganlaridek) qildilar. Keyin, Janob Rasululloh odamlar orasida turib, Olloh taologa hamdu sanolar aytdilar-da: «Odamlarga nima bo‘lgan o‘zi, Olloh taoloning Kitobida yo‘q shartlarni qo‘yadilar?! Kimki Olloh taoloning Kitobida yo‘q shartni qo‘ysa, garchi uni yuz marta quysa-da, botil bo‘lib, Olloh taoloning hukmi haqlig‘ va Olloh taoloning sharti ishonchlidur! Darhaqiqat, homiylik huquqi ozod qilgan shaxsnikidur», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:49:04

14-bob. Ijaraga yer berayotib: «Xohlagan (vaqtimda) seni (bul yerdan) chiqarib yuborurman» — deb shart quysa...

Nofi’ raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Xaybar ahli (ya’ni, yahudiylar) Abdulloh ibn Umarning (qo‘l va oyoqlarini) sindirganda ul kishining otalari (Umar raziyallohu anhu) xitob qilib: «Darhaqiqat, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Xaybar yahudiylarining (Olloh taolo musulmonlarga o‘lja qilib bermasidan burungi) mollarini (ya’ni, yer-suvlarini) ularning o‘zlariga ijaraga bergan erdilar. Keyin, ularga: «Olloh taolo (sizlarga) neni taqdir qilgan bo‘lsa, shuni sizlarga qoldirayotirmiz. (Bilib qo‘yingizlarki), xohlagan vaqtimizda sizlarni (bul yerdan) chiqarib yuborurmiz, (chunki) Olloh taoloning sizlarni (bul yerdan) allaqachonlar chiqarib yuborganligi ayondur (ya’ni, Olloh taoloning allaqachonlar shunday qarorga kelganligi aniqdur)» — deb aytgan erdilar. (O’g‘lim) Abdulloh ibn Umar Xaybardagi molini (ya’ni, yahudiylarga ijaraga bergan yerdan olingan hosilning yarmini) undirgani ketgan erdi, ammo (yahudiylar uning haqiga xiyonat qilishib), kechasi (uxlab yotganida uni tomdan tashlab yuborishibdi), (natijada) qo‘l va oyoqlari sinibdi. Xaybarda bizning yahudiylardan bo‘lak dushmanimiz yo‘q, aynan o‘shalar bizning dushmanimiz bo‘lib, bu ishni qilganlar ham o‘shalardur, men ularni (vatanlaridan) chiqarib yubormoqni lozim topdim!» — dedilar. Hazrat Umar shunday qarorga kelganlarida (yahudiylarning) Banu Abu alhuqayq qabilasidan bir kishi (ya’ni, o‘shal qabila boshlig‘i) kelib: «Ey mo‘minlar amiri, Muhammadning bizlarni (bu yerda) qoldirib, yer-suvlarimizni o‘zimizga ijaraga berganliklariga qaramay, bizlarni (vatanimizdan) chiqarib yuborursizmi?!» — dedi. Hazrat Umar: «Hali sen meni Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning: «Agar sen tunma-tun tuyangda qochganingcha Xaybardan quvilsang, ne qilar erding?» — deb aytganlarini esidan chiqargan, deb o‘yladingmi?!» — dedilar (ya’ni, Janob Rasululloh bu gaplari birlan yahudiylarning Xaybardan chiqarib yuborilmoqlari lozimligiga ishora qilganlar). Shunda boyagi yahudiy: «Bul gap Abulqosim (ya’ni, Janob Rasululloh) tomonlaridan qilingan bir hazil erdi», — dedi. Hazrat Umar: «Yolg‘on aytding, ey Ollohning dushmani!»— dedilar-da, yahudiylarni Xaybardan chiqarib yubordilar. So‘ng, ularga o‘sha yilgi hosilning tegishli qismi qiymatiga to‘g‘ri keladirgan miqdorda mablag‘, tuya, tuya egar-jabduqlari va boshqa narsalar berdilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:50:14

15-bob. Jihod shartlari va dushman birlan yarashib shartnoma tuzish haqida

Misvar ibn Maxrama va Marvon raziyallohu anhumo rivoyat qtsladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Hudaybiya vaqtida (ya’ni, Hudaybiya sulhi tuziladirgan yili — hijriy oltinchi yil, Zulqa’da oyining dushanba kuni bir ming besh yuzga yaqin sahobalari birlan Madinadan) yo‘lga chiqdilar, (Zulhulayfaga kelganlarida qurbonlikka atalgan tuya bo‘yniga nishon osib, o‘rkachini qonatgach, umraga ehrom bog‘ladilar. So‘ng, Quraysh mushriklarining musulmonlarga qarshi ne niyatda ekanliklarini bilib kelmoq uchun Busr ibn Sufyonni ayg‘oqchi qilib jo‘natdilar). Birmuncha yo‘l yurishgach, Janob Rasululloh: «Xolid ibn Valid G’amimda, Quraysh otliqlarining oldingi qismida kelayotir, o‘ng tomonga yuringizlar!» — dedilar. (Musulmonlar qo‘shini ul zot ko‘rsatgan tomonga qarab yurdi. Quraysh otliqlarining oldingi qismi musulmonlar qushinining chang-to‘zonini ko‘rib to‘xtadi-da, ortiga qaytib ketdi). Janob Rasululloh (buni ko‘rib): «Olloh taolo haqi, Xolid (ibn Valid) chang-to‘zon ichida kelayotgan musulmonlar qo‘shinini kurmay qoldi!» — dedilar. Xolid ersa Qurayshga Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning kelayotganlarini tezroq xabar qilish uchun otini nuqtab choptirib ketdi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (sahobalar birlan birga) yo‘lda davom etib, Quraysh ustidan tushib keladigan Saniyya dovoniga yetganlarida tuyalari cho‘qdi. Shunda odamlar uni turg‘azish uchun «chu... chu!» deb baqirishdi, ammo u cho‘kkancha yetaverdi. Odamlar: «Qasvo turgisi kelmay, qaysarlik qilayotir, Qasvo turgisi kelmay qaysarlik qilayotir», — deyishdi. (Qasvo — Janob Rasulullohning tuyalari nomi bo‘lib, qulog‘ining bir cheti qirqiq bo‘lgan). Janob Rasululloh: «Qasvo turgisi kelmay, qaysarlik qilayotgani yo‘q, uning bunday odati yo‘q erdi, lekin uni (bul yerdan qo‘zg‘atmay), ushlab turgan zot fillarni (Makkaga kirishdan) to‘xtatib qolgan zotning (Olloh taoloning) o‘zidur», — dedilar (ya’ni, agar Janob Rasululloh boshliq bir necha yuz sahobalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Makkaga kirib borishganda Quraysh kofirlari ularning yo‘llarini to‘sib, qarshilik ko‘rsatardi va buning oqibatida Makkadek muqaddas joyda qon tukilib, ko‘plab bechorahol kishilar, ayollaru bolalar halok bo‘lardi hamda shahar vayron qilinardi. Shu boisdan Janob Rasululloh: «Tuyamni bul yerdan qo‘zg‘atmay, ushlab turgan zot fillarni Makkaga kiryshdan tuxtatib qolgan zotning — Olloh taoloning o‘zidur» — deyish birlan fillarga minib olib, Makkani buzib tashlashni qasd qilib kelgan kofirlarni Olloh taolo ul yerga kirgazmay, halok qilganiga ishora qilayotirlar). So‘ng, Janob Rasululloh: «Jonim qo‘lida bo‘lmish zot haqi, (Quraysh ahli) menga (Makka) hurmatini saqlashga qaratilgan har qanday taklifni qilsa, uni (bajonu dil) qabul qilurman!» — deb aytdilar. So‘ng, tuyalarini «Chu... chu!» — deya o‘rnidan turishga undab erdilar, u darhol turdi. Janob Rasululloh ortlariga qaytdilar-da, Hudaybiyaning (Makkadan) eng uzoq yeriga borib, bir ko‘lmak suv buyida (tuyalaridan) tushdilar. Odamlar darhol (suvga yopirilishib), undan hovuchlab ola-ola bir tomchi ham qoldirishmadi. Shunda ular Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga chanqaganlarini aytishib, shikoyat qilishdi. Janob Rasululloh sadoqlaridan bir kamon o‘qini oldilar-da, uni ko‘lmak suv turgan yerga tiqishni amr qildilar. Olloh taolo haqi, shunda ul yerdan shul qadar ko‘p suv otilib chiqdiki, hatto barcha odamlar chanqoqlarini qondirishib, (meshlarini ham to‘ldirib olishdi). Ular shul ish birlan mashgul bo‘lib turishganda Budayl ibn Varqo al-Xuzo’iy bir necha xuzo’iylar birlan birga ul zotning huzurlariga keldi. Xuzo’a qabilasi Tihoma ahlidan (ya’ni, Makka va uning atrofidagi yerlar ahlidan) bo‘lib, o‘shanda Budayl va u birlan birga kelgan kishilar Janob Rasulullohning nasihatlarini (mushriklarga) to‘la-to‘kis yetkazib, ul zotning ishonchlarini oqlagan erdilar. Budayl (Janob Rasulullohga): «Men (sizning huzuringizga) kelayotganimda Ka’b ibn Luay va Omir ibn Luay (ko‘p sonli qushin birlan) Hudaybiya suvlariga boradirgan yo‘llarni tusib turishgan erdi, ular (chanqoqlikdan qiynalmaslik uchun) o‘zlari birlan ko‘plab sog‘in tuyalarni ham olib ketishgan, sizni (Baytullohga) kirgizmaslik uchun siz birlan jang qilmoq niyatidadurlar», — dedi. Janob Rasululloh: «Biz biror kishi birlan urush qilgani kelgan ermasmiz, biz umra qilmoq niyatida kelgandurmiz. Quraysh qabilasini ersa, urush holdan toydirib, xonavayron qilgandur. Agar istasalar, men ularga muhlat berib, (shu muhlat davomida ular birlan urush qilmasman. Qabila boshliqlari o‘z) odamlarini (urush qilmoq niyatidan qaytarmog‘imga) imkon bersinlar. Agar ularni (bundan) qaytara olsam-u, menga itoat etgan odamlar kabi itoat etmoqni istasalar, itoat etsinlar, basharti ko‘ndira olmasam, (demak) ularning xohishi shu bulur. Mobodo ular (bizni Baytullohga) kiritmoqdan bosh tortsalar, ul holda jonim qo‘lida bo‘lmish zot haqi, men bu ishimni (Olloh taolo menga yuklagan ipshi) deb to ulgunimcha ularga qarshi albatta jang qilurman va Olloh taolo (menga yuklagan) ishni albatta amalga oshirgusidur!» — dedilar. Budayl: «Siz aytgan gaplarni ularga yetkazurman», — dedi-da, Quraysh ahli qoshiga qaytib borib: «Biz sizlarning oldingizga o‘shal odamning (ya’ni, Janob Rasulullohning) huzurlaridan keldik, ul kishining gaplarini tingladik, agar istasangizlar, sizlarga birma-bir bayon qilib berurmiz», — dedi. Shunda ularning orasidagi ahmoqlari (Ikrima ibn Abu Jahl va Hakam ibn Abulos): «Ul xususida bizga biror narsa aytmog‘ingga zor emasmiz!» — deyishdi, aqllisi ersa: «Nima degan bo‘lsa, menga aytib ber!» — dedi. Budayl: «Ul odam bunday va bunday, deb aytdi» — deb ul zotning gaplarini bayon qildi. So‘ng, Urva ibn Mas’ud o‘rnidan turib: «Ey qavm, ota-bola kabi bir-birimizga shafqatli emasmizmi?» — dedi. Ular: «Ha, shunday, (shafqatlimiz)», — deyishdi. Urva: «Ota-bola kabi bir-birimizga ishonchli emasmizmi?» — dedi. Ular: «Ha, shunday, (ishonchlimiz)», — deyishdi. Urva: «Meni yolg‘onchi deb bilasizlarmi?» — dedi. Ular: «Yo‘q», — deyishdi. Urva: «Ukoz ahlini sizlarga yordam qilmoq uchun jangga chorlaganimni hamda ular qo‘rqoqlik qilib, kelmaganlarida uzim, bolalarim, qarindoshlarim va menga itoat qilguvchi barcha kishilar birlan (yordamga) kelganim esingizdami?» — dedi. Ular: «Ha, unutganimiz yo‘q», — deyishdi. Urva: «Ul kishi (ya’ni, Janob Rasululloh) sizlarga rushd yo‘lini (ya’ni, yaxshilik, tinchlik va insof yo‘lini) ko‘rsatibdilar, uni qabul qilingizlar-da, menga ijozat beringizlar, ul kishining huzurlariga borib (kelayin!)» — dedi. Ular: «Mayli, uning huzuriga borib (kel!)» — deyishdi. Keyin, Urva Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga borib so‘zlay boshlab erdi, ul zot Budaylga ne degan bo‘lsalar, unga ham taxminan o‘shal gaplarni aytdilar. Janob Rasululloh: «...ularga qarshi albatta jang qilurman...» — deganlarida Urva: «Zy Muhammad, menga aytingiz-chi, o‘z qavmingizni butunlay qirib yubordingiz ham deyaylik, ammo sizga qadar biror arabning o‘z ahlini qirib yuborganini eshitganmisiz? Agar (dushmanlaringiz qo‘llari baland kelib), zafar qozonsalar, (sahobalaringizning sizga nafi tegmas). Chunki, men, Olloh haqi, odamlaringiz orasida olijanob, zodagon kishilarni ko‘rmayotirman, nuqul zoti past, tuban kishilarga ko‘zim tushdi. Turgan gapki, ular sizni jang maydoniga tashlab qochgaylar», — dedi. Shunda Janob Rasulullohning ortlarida o‘ltirgan Abu Bakr (g‘azablanib): «(Ey Urva), shu gaping uchun Lotning tilligini so‘r, hali biz ul zotni tashlab qochamizmi?!» — dedilar. («Lot» ayol qiefasidagi bir butning nomi bo‘lib, kofirlar unga qattiq e’tiqod birla sig‘inganlari uchun Abu Bakr shunday deb so‘kdilar). Urva: «Bul (gapirgan kishi) kim?» — dedi. Odamlar: «Abu Bakr», — deyishdi. Urva: «Ammo, jonim qo‘lida bo‘lmish zot haqi, agar (bir vaqtlar menga madad qo‘lini cho‘zib) qilgan yaxshiliklaring bo‘ynimda qarz bo‘lib turmaganida erdi, senga javob qaytargan bo‘lar erdim!» — dedi. So‘ng, Urva Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga so‘zlay boshladi va har gal so‘z aytganda (arablar odatiga ko‘ra lutf birlan) ul zotning muborak soqollarini ushlab qo‘yar erdi. Mug‘iyra ibn Shu’ba ersalar sovut kiyib olib ul zotning tepalarida qilich ushlagan holda turar va Urva ul zotning muborak soqollariga qo‘l cho‘zdi deguncha qilichlarining qini birlan uning qo‘liga urar erdilar. Nihoyat, Mug‘iyra chidamay: «Janob Rasulullohning soqollaridan qo‘lingni tort, chunki mushrik uni ushlamasligi lozim!» — dedilar. Urva boshini ko‘tarib: «Bu kim?» — dedi. Odamlar: «Mug‘iyra ibn Shu’ba», — deyishdi. Urva Mug‘iyraga xitob qilib: «Ey xoin, qilgan xiyonating balosidan seni qutqarib qolmaganmidim?!» — dedi.
Mug‘iyra johiliyat davrida (Saqif qabilasiga mansub) bir qavm birlan birga (Misr va Iskandariya hokimi Muqavqisni ziyorat qilgani) borgan erdilar. (Shunda Muqavqis o‘shal qavmga ko‘p in’omlar berib, Mug‘iyra bo‘lak qavmdan bo‘lganlari uchun, ul kishiga hech narsa bermagan erdi. Keyin, ular qaytib kelishayotganda ichkilik ichib, mast bo‘lib uxlab qolishgan erdi. Shunda Mug‘iyra g‘ayrliklari kelib, ularning barchasini o‘ldirib, Muqavqis bergan in’omlarni olib ketgan erdilar. Saqif qabilasi Mug‘iyraning bu qilgan ishlaridan xabar topgach, ul kishiga qarshi urush e’lon qilgan erdi. Shunda Mug‘iyraning amakilari bo‘lmish Urva o‘rtaga tushib, Saqif qabilasini o‘ldirilgan o‘n uch kishining xun haqini olishga ko‘ndirib, har ikki tomonni yarashtirib qo‘ygan erdi). So‘ng, (Mug‘iyra Madinaga kelib), Islomga kirgan erdilar. o‘shanda Janob Rasululloh (Mugiyraga): «(Agar) Islom xususida (so‘zlashgani kelgan bo‘lsang), uni qabul qil va (agar o‘zing keltirgan mol-mulk haqida so‘zlashgani kelgan bo‘lsang), ul holda men (xiyonat birlan tortib olingani uchun) uning xususida so‘zlashmasman!» — deb erdilar.
So‘ng, Urva Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning sahobalarini birma-bir ko‘zdan kechirib chiqa boshladi. Qarasa, ular Janob Rasulullohning qoshlarida ta’zimu ehtirom birlan qo‘l qovushtirib, ul zotning har bir xatti-harakatlari, har bir so‘z va ishoralariga e’tibor berib turishar, hattoki tupursalar, tupuklarining (erga tushmog‘iga yo‘l qo‘ymay), unga kaftlarini tutishar, kaftlariga tushgan muborak tupukni ersa darhol yuzlari birlan badanlariga surtishar, biror narsa xususida amr qildilar deguncha, tezliqda uni bajo keltirmoqqa oshiqishar, tahorat qilsalar, tahoratlaridan tushayotgan muborak suvdan nasiba olmoq uchun bir-birlari birlan urishib ketgudek talashishar, so‘zlasalar, darhol jim bo‘lishar va ul zotga nigohlarini quyi qilib qarashar erdi. Keyin, Urva o‘z ashoblari (ya’ni, Quraysh kofirlari) huzuriga qaytib borib, ularga: «Ey qavm, Olloh haqi, men (ko‘plab) podshohlarning, (jumladan Rum) qaysari, (Fors) xusravi va (Habashiston podshohi) Najoshiyning huzuriga elchi bo‘lib borganman, ammo, Olloh haqi, Muhammad sallallohu alayhi va sallamchalik o‘z sahobalari hurmatiga sazovor bo‘lgan biror podshohni ko‘rmaganman, Olloh haqi ul zot tupursalar, tupuklari (erga tushmay), sahobalaridan birining kaftiga tushayotir va u darhol uni tabarruk qilib, yuzi birlan badaniga surtayotir, biror narsani amr qilsalar, uni bajo keltyrmoqqa oshiqishayotir, tahorat qilsalar, tahoratdan tushayotgan suvdan nasiba olmoq uchun urushib ketgudek talashishayotir, so‘zlasalar, darhol jim bo‘lishayotir, qattiq hurmat qilganlaridan ul zotga tikilib qarashmayotir. Darhaqiqat, ul zot sizlarga rushd (xayriyat, tinchlik va insof) yo‘lini ko‘rsatdilar, uni qabul qilingizlar!» — dedi. Shunda Banu Kinona qabilasidan bir kishi (ya’ni, Hulays ibn Alqama): «Menga ham ijozat beringizlar, uning huzuriga borib kelayin!» — dedi. (Qabila boshliqlari): «Mayli, borib kel!»— deyishdi. Hulays yo‘lga tushib, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan ul zotning sahobalari turgan yerga yaqinlashgach, Janob Rasululloh: «Bul odam falonchi bo‘lib, u tuya va mollarni yaxshi ko‘radirgan qavmdandur. (Mening tuyamni) turgazib, (uni mindirib kelingizlar!)» — dedilar. Sahobalar (ul zotning tuyalarini) yetaklab, umraga talbiya aytgancha Hulaysga peshvoz chiqishdi. Hulays buni ko‘rib: «Subhonalloh, bunday odamlarni (Baytullohga) kiritmaslik gunohdur!» — dedi. So‘ng, Quraysh kofirlari huzuriga qaytib borgach, ularga: «Men (hajda qurbon qilishga atalgan), bo‘yniga nishon osilib, o‘rkachi qonatib quyilgan tuyalarni ko‘rdim, (Muhammad va uning sahobalari haqiqatan ham umra qilmoq niyatida kelishgan erkan), ularni Baytullohga kiritmaslik kerak, deb hisoblamayman», — dedi. Shunda ularning oralarida o‘ltirgan Mikraz ibn Hafs ismli bir kishi o‘rnidan turib: «Menga ham ijozat beringizlar, uning huzuriga borib kelayin!» — dedi. Ular: «Mayli, borib kel!» — deyishdi. Mikraz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan ul zotning sahobalari turgan yerga yaqinlashganda, Janob Rasululloh: «Bu Mikraz bo‘lib, u xiyonatkordur», — dedilar, (chunki u Hudaybiyada musulmonlarga qarshi xiyonatkorlik qilgan erdi). Mikraz kelib, Janob Rasulullohga so‘zlay boshladi, shu asnoda Suhayl ibn Amr kelib qoldi. Ul zot: «Mana, ishlaringiz bir oz yengil ko‘chadirgan bo‘ldi», — dedilar. (Arab tilida «sahula» fe’li bo‘lib, «osonlashdi», «engillashdi» degan me’nolarni anglatadi. «Suhayl» degan ism ersa ana shu fe’lning o‘zagidan yasalgan bo‘lib, «jindak oson», «bir oz yengil» degan mazmundadur). Suhayl: «Kelingiz, biz birlan sizlar o‘rtamizda shartnoma tuzingiz!» — dedi. Janob Rasululloh kotibni (Hazrat Alini) chaqirdilar-da, ul kishiga: «Bismillohir rahmonir rahiym, deb yozgil!» — dedilar. Suhayl: «Ammo, men «Ar-Rahmon» nima erkanligini bilmasman, shuning uchun ilgari yozib yurganingizdek «Bismika Ollohumma» («Yo parvardigoro, sening isming birlan») deb yozingiz!» — dedi. (Janob Rasululloh johiliyat davrida yozishgani kabi Islomning dastlabki davrida ham shunday deb yozib yurar erdilar. Bul xususda maxsus oyat nozil bo‘lgach, «Bismillohir rahmonir rahiym» deb yozadirgan bo‘ldilar). Shunda musulmonlar (e’tiroz bildirishib): «Olloh taolo haqi, faqat «Bismillohir rahmonir rahiym» deb yozamiz!» — deyishdi. Janob Rasululloh (Hazrat Aliga): «(Mayli), «Bismika Ollohumma» deb yozaver!» — dedilar, so‘ng: «Ushbu noma Ollohning rasuli Muhammadning (Quraysh qabilasi elchisi Suhayl ibn Amr birlan tuzgan) shartnomasidur» deb ham yozib qo‘ygil!» — deb aytdilar. Suhayl «Olloh haqi, agar sizni Ollohning rasuli, deb tan olganimizda erdi, sizning Baytullohga kirmog‘ingizga mone’lik qilib, sizga qarshi jang qilmoqqa qasd qilmagan bo‘lur erdik, shuning uchun «Abdullohning o‘g‘li Muhammad» deb yozingiz!» — deb turib oldi. Janob Rasululloh: «Olloh taol haqi, men darhaqiqat Ollohning rasulidurman! Bas, mei yolg‘onchiga chiqargan erkansizlar... (Ey Ali), mayli «Abdulloh o‘g‘li Muhammad» deb yozaver!» — dedilar. So‘ng, ul zot (Suhaylga): «Baytullohni tavof qilmog‘imiz uchun uni bizga xoli qoldirasizlar!» — deb aytdilar. Suhayl: «Olloh haqi, (bu yil) Baytullohni sizlarga xoli qoldira olmasmiz, chunki arablar bizni: «Musulmonlar qudrati oldida bosh egishibdi — deb gap-so‘z qilishur, uni kelasi yili sizlarga xoli qoldirurmiz», — dedi. Hazrat Ali shunday deb yozdilar. Keyin Suhayl: «Agar bizlardan biror kishi sizning oldingizp qochib kelsa, garchi u sizning diningizda bo‘lsa-da, uni bizga qaytargaysiz», — dedi. Shunda musulmonlar: «Subhonalloh, Islomni qabul qilib kelgan kishi qanday qilib mushriklar ga qaytariladi?» — deyishdi. Musulmonlar birlan mushriklar shul tariqa tortishib turishgan erdi, ularning huzuriga Abu Jandal ibn Suhayl ibn Amr (oyoqlaridagi) kishanlarini sudragancha kirib keldilar. (Mushriklar ul kishini Islomga kirganlari uchun oyoq-qo‘llarini kishanlab, zindonga tashlashgan erdi. Hozir ersa zindondan qochgancha) Makkaning quyi tomonidan kirib keldilar-da, o‘zlarini musulmonlar bag‘riga otdilar. Suhayl (o‘g‘li Abu Jandalning kirib kelganini ko‘rib): «Ey Muhammad, (shartnomamizga ko‘ra) sizdan dastavval talab qiladirgan narsam shuki, uni darhol menga qaytarib beringiz!» — dedi. Janob Rasululloh: «Biz hali shartnomani tuzib bo‘lganimizcha yo‘q», — dedilar. Suhayl: «Olloh haqi, (agar o‘g‘limni menga qaytarib bermas erkansiz), demak men siz birlan biror narsa xususida hech qachon kelisha olmasman!» — dedi. Janob Rasululloh: «(O’g‘lingni senga qaytarib bermasligimga kunib), shartnomani imzolagil!» — dedilar. Suhayl: «Shartnomani sizga bunday deb imzolab bermasman!» — dedi. Janob Rasululloh: «Men ersam shunday deb imzolagayman!» — dedilar. Suhayl: «Men ersam, bunday deb imzolamasman!» — dedi. Mikraz: «Axir, (bizdan sizning oldingizga qochib kelganlarni qaytarib bermog‘ingizga) qaror qilib erdik-ku?!» — dedi. Shunda Abu Jandal: «Ey musulmonlar jamoasi, men musulmon bo‘la turib, mushriklar qo‘liga qaytarilamanmi? Axir, ularning meni ne ahvolga solishganini ko‘rib turibsizlar-ku!» — dedilar. Darhaqiqat, (mushriklar) ul kishini Olloh taolo (yo‘liga kirganlari) uchun qattiq azobu qiynoqqa solishgan erdi. Hazrat Umar raziyallohu anhu bunday deydilar: «(Abu Jandal shunday degach), men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning oldilariga borib: «(Yo Rasulalloh), siz Olloh taoloning haqiqiy rasuli ermasmisiz?» — dedim. Ul zot: «Ha, shunday, (uning haqiqiy rasulidurman)», — dedilar. Men: «(Yo Rasulalloh), bizning (yo‘limiz) haq (yo‘l) bo‘lib, dushmanlarimizning (yo‘li) botil ermasmi?» — dedim. Ul zot: «Ha, shunday, (bizning yo‘limiz haq va dushmanlarimiz yo‘li botildur)», — dedilar. Men: «Shunday erkan, nechun dinimizga zid ishni qilayotirsiz?» — dedim. Ul zot: «Men Olloh taoloning rasulidurman, ul mening madadkorim bo‘la turib, (hech vaqt) unga osiylik qilmasman!» (ya’ni, «Men o‘zboshimchalik qilayotganim yo‘q, Olloh yuborgan vahiyga binoan shunday qarorga keldim!») — dedilar. Men: «(Tushingizda sahobalaringiz birlan Baytullohga kirganingizni ko‘rganingizda) Baytullohga borib, uni tavof qilajagimiz haqida bizga gapirar erdingiz-ku?» — dedim. Ul zot: «Ha, shunday, ammo shu yili Baytullohga boramiz, deb aytganmidim?» — dedilar. Men: «Yo‘q, (bunday deb aytmagandingiz)», — dedim. Ul zot: «Darhaqiqat, sen Baytullohga borib, uni tavof qilgaysan, (ammo bu yil ermas)», — dedilar. So‘ng, men Abu Bakrning oldilariga borib: «Ey Abu Bakr, ul zot Olloh taoloning haqiqiy rasuli ermasmilar?» — dedim. Abu Bakr: «Ha, shunday, (ul zot Olloh taoloning haqiqiy rasulidurlar)», — dedilar. Men: «Bizning (yo‘limiz) haq bo‘lib, dushmanlarimiz (yo‘li) botil ermasmi?» — dedim. Abu Bakr: «Ha, shunday, (bizning yo‘limiz haq va dushmanlarimiz yo‘li botildur)», — dedilar. Men: «Shunday erkan, nechun dinimizga zid ish qilayotirmiz?» — dedim. Abu Bakr: «Ey kishi, ul zot shubhasiz Olloh taoloning rasulidurlar, ul zot o‘zlarining madadkorlari bo‘lmish Olloh taologa (hech vaqt) osiylik qilmaslar, ul zotning etaklaridan mahkam (ushlagil-da, ketlaridan indamay) ergashaver, Olloh taolo haqi, ul zot (tutgan yo‘l) haq (yo‘ldur)», — dedilar. Men: «Janob Rasululloh (tushlarida sahobalari birlan Baytullohga kirganlarini ko‘rganlarida) Baytullohga borib, uni tavof qilajagimiz haqida bizga gapirar erdilar-ku?!» — dedim.

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:50:27

Abu Bakr: «Ha, shunday, ammo ul zotning shu yil Baytullohga borishingni aytganlarini eshitganmisan?» — dedilar. Men: «Yo‘q», — dedim. Abu Bakr: «Sen albatta Baytullohga borib, uni tavof qilgaysan, (ammo bu yil ermas)», — dedilar». (Janob Rasululloh Hazrat Umarga ne degan bo‘lsalar, Abu Bakr ham aynan shunday dedilar. Bu ersa, Abu Bakrning fozil, uta bilimdon va baquvvat iymonln erkanliklarining dalilidur). Keyinchalik, Hazrat Umar: «(Janob Rasululloh birlan Abu Bakrga bergan savollarim o‘chun gunoh orttirmadimmikan, deb xavotirga tushganimdan ko‘plab) amali solihlar qildim», — deb erdilar.
(Ikki o‘rtada, sulh) shartnomasi imzolangach, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam o‘z sahobalariga: «Turingizlar jonlig‘laringizni qurbon qilingizlar, so‘ng sochlaringizni oldiringizlar!» — dedilar. Olloh taolo haqi, shunda biror kishi o‘rnidan turmadi, hatto ul zot buyruqlarini uch bor qaytardilar. (Chunki, ular: «Zora, Olloh taolo vahiy nozil qilib, mazkur sulhni bekor qilsa va biz umrani ado etib qaytsak!» — deb umid qilishgan erdi). Janob Rasululloh biror kishining o‘rnidan turmaganini kurgach, Ummu Salamaning huzurlariga kirdilar-da, odamlar qanchalik ozor yetkazganini ul muhtaramaga aytdilar. Shunda Ummu Salama: «Yo Rasulalloh, siz shuni (ya’ni, odamlarning Makkada bo‘lmasalar-da, shul yerning o‘zida qurbonlik qilib, soch oldirmoqlarini) istaysizmi? (Ul holda) odamlarning oldiga chiqingiz-da, toki tuyangiz qurbon qilinmaguncha va sartaroshingiz chaqirilib, sochingiz olinmaguncha ularning birortasi birlan so‘zlashmangiz!» — dedilar. Keyin, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam odamlarning oldiga chiqdilar-da, toki tuyalari qurbon qilinmaguncha va sartaroshlari chaqirilib, sochlari olinmaguncha ularning birortasi birlan so‘zlashmadilar. Sahobalar buni ko‘rib, (darhol Janob Rasulullohning amrlarini ado etishga oshiqdilar), o‘rinlaridan turib, jonliqlarni qurbon qildilar, so‘ng (shoshilganlaridan) o‘zaro urushgudek bo‘lib, bir-birlarining sochlarini ola boshladilar. (Keyin, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam sahobalar birlan birga ortlariga qaytdilar). So‘ng, mo‘mina ayollar (mushriklar tomondan) ul zotning huzurlariga (hijrat) qilib kelishdi. (Shu asnoda) Olloh taoloning «Ey mo‘minlar, qachon kelsalar huzurlaringizga mo‘mina ayollar (mushriklar tarafdan) hijrat qilib, ularning (iymonlarini) imtihon qilib ko‘ringizlar, Olloh yaxshiroq bilur ularning iymonlarini. Bas, agar bilsangizlarki, ular (chin) mo‘minadurlar, qaytarib yubormangizlar ularni kofirlar tarafiga. Na bul ayollar haloldur erlariga va na ul (erlar) haloldur bul (ayollarga) va beringizlar ularga (erlariga) nimaiki xarj qilgan  bo‘lsalar va (shunda) yo‘qdur gunoh sizlarga nikohlaringizga olsangizlar ularni, vaqtiki bersangizlar ularga mahrlarini. Va saqlangizlar kofira ayollar nomuslarini (ya’ni, agar xotinlaringiz kofira bo‘lsa, ularni nikohlaringizda ushlab turmangizlar, balki ularga uylanmoqchi bo‘lgan kofirlardan) talab qilingizlar o‘zlaringiz xarj qilgan mahrni...» degan oyati karimasi nozil bo‘ldi («Mumtahana» surasi, 10-oyat). Shunda Hazrat Umar o‘shal kuniyoq ikki mushrika xotinlarini taloq qildiyaar. (Islomning dastlabki davrida mushrika ayollarga uylanmoq joiz erdi). Ulardan biriga Muoviya ibn Abu Sufyon, ikkinchisiga Safvon ibn Umayya uylandi, (chunki ular o‘shal vaqtda mushrik erdi). Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Madinaga qaytib kelganlaridan so‘ng, huzurlariga Abu Basir Qurayshiy keldilar, ul kishi musulmon erdilar. Shunda (Quraysh kofirlari) Abu Basirni talab qilib, ortlaridan ikki kishini Janob Rasulullohning huzurlariga junatdi. Ular (ul zotga): «O’rtamizda tuzilgan shartnomaga binoan (Abu Basirni bizga qaytarib beringiz!)» — deyishdi. Janob Rasululloh (shartnomaga vafo qilib), uni ularga topshirdilar. Ular Abu Basirni asir olib, yo‘lga tushishdi. Zulhulayfaga yetganlarida yonlaridaga xurmodan tamaddi qilib rlish uchun to‘xtashib erdi, Abu Basir ulardan biriga: «Olloh taolo haqi, ey falonchi, qiliching namuncha yaxshi!» — dedilar. Shunda sherigi uning qilichini qinidan sugurdi-da: «Ha, Olloh haqi, bu juda zo‘r qilich! Men buni bir necha bor ishlatib ko‘rganman», — dedi. Abu Basir: «Menga ber-chi, bir ko‘ray!» — dedilar-da, (uni olib), boyaga kishini zarb birlan chopib tashladilar, u til tortmay o‘ldi, ikkinchisi ersa tumtaraqay qochib qoldi. U shu qochgancha to‘g‘ri Madinaga bordi-da, masjidga kirib berkindi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uni ko‘rib xavotirlandilar. U Janob Rasulullohning oldilariga kelib:. «Abu Basir sherigimni o‘ldirdi, Olloh haqi, agar undan meni himoya qilmasangizlar, meni ham o‘ldiradi!» — dedi. Shu asnoda Abu Basir yetib kelib: «Yo Rasulalloh, Olloh taolo haqi, parvardigor zimmangizga olgan majburiyatingizni ado etmogangizni nasib etdi, (endi mushriklar men qilgan ish uchun sizni ayblay olmaslar). Siz meni ularga qaytarib bergan erdingiz, keyin Olloh taoloning o‘zi meni ulardan qutqardi», — dedilar. Janob Rasululloh: «Urush oloviga tutantiriq bo‘lguvchi kishining onasining holiga voy! Agar (bu ishda unga biror kishi yordam berganida), fitna chiqarib, sulhni barbod qilishi ham turgan gap erdi!» — dedilar. Abu Basir Janob Rasulullohning bul gaplarini eshitgach: «Ul zot meni mushriklarga qaytarib berar erkanlar» — deya (Shom tomon) yo‘lga chiqib, (nihoyat) dengiz sohilidaga (Iys) degan yerga yetib keldi. (Shu kunlarda shartnomaga binoan otasi Suhaylga qaytarib berilgan) Abu Jandal (ham zindondan) qochishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lib, (u yetmishga yaqin musulmonlarni ergashtirib) Abu Basirning oldiga keldi. Shu-shu Quraysh qabilasidan kimki musulmon bo‘lsa, darhol Abu Basirning odamlariga kelib qo‘shiladirgan bo‘ldi. Shu tariqa (ularning soni ko‘payib), kattagana guruh vujudga keldi. Olloh taolo haqi, ular Quraysh qabilasiga tegashdi (biror karvonning) Shom tomon yo‘lga chiqqanini eshitishdi deguncha, darhol uning. yo‘lini to‘sib, odamlarini o‘ldirishar va mollarini olib ketishar erdi. Shul boisdan Quraysh qabilasi (ulug‘lari) Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga Abu Sufyon ibn Harbni yuborib, (ul orqali): «Ey Muhammad, Olloh haqi va qarindoshligimiz hurmati, bizlarni Abu Basir va uning odamlari tajovuzidan qutqaringiz! Bizlardan kim sizlarning oldingizga qochib borsa, mayli, uni bizga qaytarmangizlar, faqat bizga omonlik bersangiz, bo‘ldi!» — deb yolborishdi. Shundan so‘ng, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Abu Basir va uning odamlari oldiga bir guruh sahobalarni jo‘natdilar. (Ular borishib, Abu Basir birlan Abu Jandalning hamda ularning atrofida to‘plangan barcha musulmonlarning Qurayshga qaytarib berilmasligini va kim qaerdan kelgan bo‘lsa, o‘z yeriga qaytib, bexavotir yashamog‘i mumkinligini ma’lum qilishdi). Shu asnoda Olloh taolo quyidagi oyatlarni nozil qildi: «U (ya’ni, Olloh) Makka hududida (ya’ni, Hudaybiyada) sizlarni ulardan g‘olib qilgandan so‘ng, ularning qo‘llarini sizlar (ni o‘ldirish)dan va sizlarning qo‘llaringizni ular (ni o‘ldirish)dan tiygan (ya’ni, o‘rtalaringizda sulh tuzmoqni nasib etgan) zotdur va Olloh qilib turgan barcha ishlaringizni ko‘rib turguvchidur. Ular (ya’ni, Makka mushriklari) kofirlik qilib, sizlarni Al-Masjid al-Haromga qo‘ymagan va qurbonlik (ka atalgan) jonliq(lar)ni (turgan yerlaridan) jildirmay, (qurbon qilinmoqlari lozim bo‘lgan) joylariga yetkazilishiga to‘sqinlik qilgan kimsalardur. Agar (Makkada) sizlar (musulmon ekanliklarini) bilmagan (nochor) musulmon er va xotinlar bo‘lmaganda erdi, agar sizlar ularni bilmagan holingizda (ya’ni, mushriklar, deb uylab) poymol (halok) qilib quyib, ular sababli o‘zlaringiz sharmanda-yu sharmisor bo‘lib qolmaganingizda erdi, (Olloh sizlarni Makkaga kirish uchun mushriklar birlan jang qilmog‘ingizdan qaytarmagan bulur erdi). Olloh o‘zi istagan bandalarini o‘z rahmatiga olish uchun (ya’ni, Makkadagi sizlar bilmagan bechorahol musulmonlarning hamda hali iymon nasib bo‘lmagan ayrim kishilarning nobud bo‘lib ketmasliklari uchun sizlarni jang qilmoqlaringizdan qaytardi). Agar mo‘minlardan bir guruhi shartnomaga itoat qilmay), alohida bo‘lib olib (Makkadagi bechorahol musulmonlarning halok bo‘lmoqlariga sabab bo‘lganlarida), ulardan kofirlik qilganlarini albatta dardli azobga giriftor qilur erdik. Kofirlar o‘z dillariga johiliyat zamonidagidek o‘jarlikni tugib olganlarida Olloh o‘z rasuli birlan mo‘minlarga taskin nozil qildi...» («Fath» surasi, 24—26-oyatlar). Ularning (ya’ni, Makka mushriklarining o‘z dillariga jaholat birlan tugib olgan) o‘jarliklari shundan iborat bo‘ldiki, ular Janob Rasulullohni Ollohning rasuli, deb tan olmadilar, (shartnomaga) «Bismillohir rahmonir rahiym» deb yozmoqlariga qarshilik qildilar hamda musulmonlarni Baytullohga kiritmadilar».

Bu yerda yuqoridagi hadis qisqacha takrorlangan.

Qayd etilgan