23-bob. Olloh taolo yo‘lida (ya’ni, jihodda) sadaqa qilmoqning fazilati haqida
Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kimki Olloh taolo yo‘lida (ya’ni, jihodda) bir juft (ya’ni, bir juft quy, bir juft tuya, bir juft eshak va hokazo) sadaqa qilsa, jannatning barcha eshiklaridan: «Ey Ollohning bandasi, manavi eshikdan kir ganing yaxshi!» — deb chaqirilur» — dedilar. Shunda Abu Bakr raziyallohu anhu: «Yo Rasulalloh, o‘shal barcha eshiklardan chaqirilguvchiga (bu) zararli emas, (balki izzat-ikromdur). (Aytingizchi), bir kishi o‘shal eshiklarning barchasidan chaqirilurmi?» — dedilar. Janob Rasululloh: «Ha, shunday. Men sizning o‘shal barcha eshiklardan chaqirilguvchilardan biri bo‘lmog‘ingizni istarman!» — dedilar».
Abu Sa’id al-Xudriy raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam minbarda turib: «(Ey sahobalarim), sizlardan xavotirdamanki, vafot qilganimdan keyin, (foniy) dunyo barakotlari (ya’ni, boyligu lazzatlari) o‘z (fusunkor) husnu jamolini jilva qilib, sizlarni yo‘ldan urmasa erdi!» — dedilar. Shunda sahobalardan biri o‘rinlaridan turib: «Yo Rasulalloh, yaxshilik (ham) yomonlik keltiradimi?» (ya’ni, «Yo Rasulalloh, dunyo barakoti Olloh taoloning ne’mati bo‘la turib, nahotki uqubatu balolar keltirsa?!») — dedilar. Janob Rasululloh ul kishiga (javob bermay), sukut qildilar. Biz: «Ul zotta (shul xususda) vahiy nozil qilinayotir», — dedik. Odamlar boshiga qush qo‘nganda (uchib ketmasin, deb qimirlamay turgan kishi) yanglig‘ jim bo‘lishdi. Bir ozdan keyin, Janob Rasululloh yuzlariga quyilgan terlarni artdilar-da, boyagi savol bergan sahobadan mamnun ohangda: «Savol bergan kishi qani?» — dedilar. (Ul kishi: «Yo Rasulalloh, men shu yordaman», — degach), ul zot bunday deb marhamat qildilar: «Darhaqiqat, yaxshilik yomonlik keltirmas! (ya’ni, Olloh taolo xayriyatovar bo‘lmoqni taqdir qilgan narsa hamisha xayriyatovar bo‘lur va Olloh taolo yomonlik keltirguvchi bo‘lmoqni taqdir qilgan narsa hamisha yomonlik keltirur. Meni sizlar xususingizda xavotirga solayotgan narsa — men vafot qilganimdan keyin, Olloh taoloning ne’matini ul buyurmagan ishlarga behuda sarf qilmog‘ingiz bo‘lib, buning ne’matga taalluqli yeri yo‘qdur. Masalan): bahor undiradirgan nabotot orasida mol-hol yesa, o‘ldiradirgan yoxud o‘lgandan beriroq qiladirgan o‘t-o‘lanlar mavjuddur. Agar mol-hol ul o‘t-o‘lanlardan ochko‘zlik qilib haddan ziyod yesa, (yo o‘lur yoxud) bo‘kkanidan ichi o‘tib, bavl qilib, oftobda kavshanib yetur. So‘ng, u ko‘zi ochligidan yana yaylovga borib, (ul o‘t-o‘lanlardan) yer. Darhaqiqat, bu (foniy dunyo) boyliklari (ham yam-yashil, shirin o‘t-o‘lanlar kabi) fusunkor va lazzatlidur».
Roviy Yahyo bunday deydilar: «Musulmon (bo‘lmoqdek bir buyuk baxt) sohibining (Olloh taolo o‘ziga ato etgan halol) boyliklardan miskinlar, yetim-esirlar va musofirlarga xayru ehson qilmog‘i naqadar savoblidur! Yoki, Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytganlaridek, ochko‘zlik qilib, harom-xalish yo‘llar birlan mol-dunyo to‘plovchi va uni Olloh taolo buyurmagan narsalarga behuda sarf qiluvchi odam yeb to‘ymas mechkay kabi bo‘lib, Qiyomat kuni boyliklari (qay yo‘l birla to‘plangani va nelarga sarf qilingani haqida) unga qarshi guvohlik berurlar».