32-bob. Ot va eshakning ismi haqida
Abdulloh ibn Abu Qatoda rajyallohu anhu rivoyat qiladilar: «(Otam) Abu Qatoda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga umraga chiqqanlarida bir guruh hamrohlari birlan (Janob Rasulullohdan) keyinda qoldilar. Shunda otam ehrom kiymagan bo‘lib, hamrohlari ehromda erdilar. Tasodifan, ul kishilar otamdan ilgari bir yevvoyi eshakni (qulonni) ko‘rib qolishib, toki otam o‘zlari ko‘rmagunlariga qadar buni bildirishmadi, (chunki ehrom bog‘lamagan kishiga ehromdagi kishi ov borasida ko‘maklashmasligi lozim). Nihoyat, otam qulonni ko‘rib qoldilar-da, Jaroda ismli otlariga minib, hamrohlaridan yerdagi qamchilarini olib berishni, iltimos qildilar, ammo ular olib berishmadi. Shunda o‘zlari (otdan tushib) qamchilarini oldilar-da, yana unga minib, (qulonni quvib ketdilar). So‘ng, nayza otib, uni o‘ldirdilar. Keyin, uning go‘shtidan otam ham, hamrohlari ham (pishirib) yeyishdi. So‘ng, hammalari Janob Rasulullohga yetib olishdi. Ul zot: «Uning go‘shtidan menga ham biror bo‘lak olib keldingizlarmi?» — dedilar. Otam: «Ha, uning bir qo‘lini olib keldik», — dedilar. Janob Rasululloh uni olib, tanovul qildilar».
Sahl raziyallohu anhu: «Bizning bog‘imizda Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning Luhayf (yoxud Lahiyf) ismli otlari (bog‘liq) turar erdi», — deydilar.
Mu’oz (ibn Jabal) raziyatlohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning Ufayr ismli eshaklariga mingashib ketayotgan erdim. Shunda ul zot: «Ey Mu’oz, Olloh taoloning o‘z bandalaridagi va bandalarning Olloh taolodagi haqi nima ekanligini bilasanmi?» — dedilar. Men: «Olloh taolo va uning Rasuli bilguvchiroqdur»,— dedim. Shunda ul zot: «Olloh taoloning o‘z bandalaridagi haqi ularning unga biror narsani shirk keltirmay ibodat qilmoqlaridur. Bandalarning Olloh taolodagi haqi esa uning o‘ziga biror narsani shirk keltirmay ibodat qilgan bandalariga azob bermasligidur» — deb marhamat qildilar. Men: «Yo Rasulalloh, shul haqda odamlarga aytib, ularni xursand qilayinmi?» — dedim. Ul zot: «Buni ularga aytib, xursand qilma, tavakkal qilaversinlar!» — dedilar».
Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Madinada to‘s-to‘polon bo‘ldi, (ya’ni, Madina ahli tunda qandaydir ovozni eshitib, «Dushman bostirib kelayotir» — deb xavotirga tushdi). Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam «Mandub» ismli (yo‘rg‘a) otimizni so‘rab oldilar-da, (o‘shal ovoz kelgan tomonga minib ketdilar. Ul yerda hech qanday xavf-xatar yo‘qligini bilgach, qaytib keldilar-da, bizga): «Biz bildikki, bul ot dengiz (oqimi kabi tekis yurar) erkan!» — dedilar».