Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (2-jild)  ( 342445 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 111 B


AbdulAziz  09 May 2008, 08:21:23

46-bob. Savdoda aldovning makruxligi haqida

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Bir odam Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga (har safar) savdoda aldanib qolishidan shikoyat qildi. Shunda Janob Rasululloh: «Har safar savdo qilayotganingda: «Savdoda aldov yuq, deb qo‘y!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 May 2008, 08:21:41

47-bob. Bozorlar xususida

Abdurrahmon ibn Avf rivoyat qiladilar: «Madinaga kelganimizda men: «Bu yerda tijorat qilmoq uchun biror bozor bormi?» — deb so‘radim. Shunda menga Qaynuqo’ bozori borligini aytishdi».

Anasning aytishlaricha, Abdurrahmon ibn Avf: «Menga bozorni ko‘rsatinglar!» — debdilar.

Hazrat Umar: «Men bozorlarda bor-baraka qilish birlan ovora bo‘lib, (Janob Rasulullohning bul muborak amrlarini eshitmoqdan benasib qolibman)» — degan erkanlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 May 2008, 08:22:00

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Bir qo‘shin (xarob qilmoq qasdida) Ka’baga yurish qilur. Ular Baydo’ degan yerdaliklarida birinchisidan oxirgisigacha yer yutur», — dedilar. Shunda men: «Yo Rasulalloh, qanday qilib birinchisidan oxirgisigacha yer yutur, axir ularning oralarida bozor ahli va ularga mansub bo‘lmaganlar ham bor-ku?!» — dedim. Janob Rasululloh (menga javoban): «Ul qo‘shinni birinchisidan oxirgisigacha, (hattoki beixtiyor ularning orasida bo‘lganlarni ham) yer yutur. So‘ng, (Qiyomatda) barchalari qayta tiriltirilib, ulardan har biri (o‘shal vaqtdagi) qasdiga (niyatiga) ko‘ra hisob-kitob qilinur», — dedilar».

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Sizlardan kimning bo‘lmasin, jamoat birlan o‘qigan namozi bozori va uyida o‘qigan namozidan yigirma necha marta savobliroqdur. Va bu shuning uchunki, agar u yaxshilab tahorat olib, faqat namoz uqiyman, deb va namozdan bo‘lak narsaga chalg‘imay masjidga kelsa, bosgan har bir qadami uchun (Olloh taolo nazdida e’tibori) bir daraja yuqori bo‘lur yoki qilgan xatolaridan biri kechirilur hamda namoz o‘qiyotgan chog‘ida maloikalar: «Yo parvardigoro, bul bandangni yarlaqagaysan, unga rahmatingni bisyor qilgaysan, unga biror kulfat va aziyat yetmog‘iga yo‘l quymagaysan!» — deb duo qilib turgaylar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 May 2008, 08:23:45

Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam bozorda yurgan erdilar, bir odam: «Ey Abulqosim!» — deb chaqirdi. Janob Rasululloh unga qarab erdilar, u (xijolat bo‘lib): «Men (sizni ermas), mana bu odamni chaqirgan erdim», — dedi. Shunda Janob Rasululloh: «Meni Abulqosim, deb laqabim birlan ermas, balki ismimni aytib chaqiringizlar!» — dedilar».
Bu yerda yuqoridagi hadis takrorlangan.

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Bir kuni Janob Rasululloh, qay vaqtdaligi yodimda yuq, menga indamay ko‘chaga chiqdilar. Men ham (ehtimol, vahiy kelib qolgan bo‘lsa, indamayotgandirlar, deb) jimgina orqalaridan ketaverdim. Janob Rasululloh Banu Qaynuqo’ bozoriga bordilar, so‘ng ortlariga qaytib, Fotima riziyallohu anho uylari ayvoniga kelib o‘ltirdilar-da: «Toychoq qaerda? Toychoq qaerda?»— deb (nabiralari Hasanni) chaqirdilar. Ammo, Fotima raziyalllohu anho hadeganda Hasanni ul zotning oldilariga chiqaravermadi. Shunda men: «Fotima Hasanni kiyintirayotgan yoki yuvintirayotgan bo‘lsa kerak» — deb o‘yladim. Keyin, Hasan Uydan yugurib chiqdi, ul zot uni quchoqlab o‘pdilar-da: «Yo parvardigoro, buni suygaysan va buni suyganlarni men ham suyayin!»— dedilar».

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning davrlarida odamlar bozorga mol olib kelayotganlarni to‘xtatib, ulardan yeguliklar sotib olishar (va o‘shal yerning o‘zida ularni qayta sotishar erdi). Shul boisdan Janob Rasululloh ul olib-sotarlarga odam yuborib, taomni sotib olingan yerning uzida sotishni man’ qildilar va uni taom sotiladirgan joyga olib borib sotishni amr qildilar».

Ibn Umar rivoyat qiladilar. «Nabiy sallallohu alayhi sallam sotib olingan oziq-ovqatlarni birmuncha Vaqt o‘zi ushlab turmay va sotib olingan yeridan bo‘lak joyga olib bormay qayta sotishni man’ qildilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 May 2008, 08:24:13

48-bob. Bozorda (odamlarga) o‘shqirish va baqirib-chaqirishning makruxligi haqida

Ato ibn Yasor raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Abdulloh ibn Amr ibn al-Os raziyallohu anhuni uchratib, ul kishiga: «Menga Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning Tavrotdagi tavsiflari xususida aytib beringiz!» — dedim. Shunda ul kishi bunday dedilar: «Mayli, aytib berurman. Olloh taolo haqi, darhaqiqat Janob Rasululloh Tavrotda (ham) Qur’onda bayon qilingan ba’zi sifatlari birlan tavsif qilingandurlar, ul quyidagichadur: «Ey payg‘ambar, Biz siz (ummatingizning Islom va uning ahkomlariga iymon keltirganligiga, kofirlarning ersa bul narsalarni yolg‘onga chiqarganligiga hamda o‘zingizdan ilgarigi payg‘ambarlarning ummatlariga Olloh taoloning ahkomlarini yetkazganligiga) guvoh, (kalimai tavhidni aytib, unga amal qilgan musulmonlarga jannatga kirajaklari haqida) xushxabar yetkazguvchi, (kofirlarni duzax azobidan) ogohlantirguvchi va omi aholini shayton yomonliklari va kofirlar bosqinidan himoya qiluvchi) bir qal’a qilib yubordik, Siz Bizning bandamiz va elchimizsiz. Biz sizni (Ollohga) tavakkal qilguvchi, dag‘allik va bag‘ritoshlik qilmaguvchi, bozorlarda baqir-chaqirmovchi, (odamlarga) o‘shqirmaguvchi, yomonlikka yomonlik qaytarmaguvchi, aksincha afv etguvchi va kechirguvchi hamda Ibrohimning yo‘ldan ozgan millatini «Lo iloha illalloh» degizib, to‘o‘g‘ri yo‘lga solmaguncha va bul kalima birlan so‘qir ko‘z, kar quloq, g‘ofil qalblarni ochmaguncha Olloh jonini olmaguvchi (bandamiz), deb atadik».

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 May 2008, 08:25:34

49-bob. Sotuvchi va xaridorning (savdo chog‘ida molni o‘lchamog‘i darkorligi haqida

Olloh taolo: «(Molni) kam o‘lchab beruvchilarning holiga voy! Ular odamlardan (biror narsani) o‘lchab olayotgan vaqtlarida oshiqcha o‘lchab oladirgan, ularga ulchab beraetganlarida ersa kam o‘lchab beradirgan kimsalardur» — deydi. («Mutaffifun» surasi, 1-3-oyatlar).

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «(Molni) to‘liq o‘lchab beringizlar!» — deb marhamat qilganlar.

Usmon raziyallohu anhu: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «(biror narsa) sotsangiz, o‘lchab beringiz va (biror narsa) sotib olsangiz, o‘lchab olingiz!» — deb marhamat qildilar», — deydilar.

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kimki biror oziq-ovqat sotsa, to‘la-to‘kis o‘lchab bersin!» — dedilar».

Jobir raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «(Otam) Abdulloh ibn Amr ibn Harom vafot etib, bo‘yinlaridagi qarzlari uzilmagancha qoldi. Shunda men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga: «Otamga qarz bergan kishilarga aytingiz, bergan qarzlarining bir qismidan voz kechishsin!» — deb iltimos qildim. Janob Rasululloh ularga iltimosimni yetkazdilar, ammo ular ko‘nishmadi. Keyin, ul zot menga: «Borib xurmolaringai to‘p-to‘p qilib qo‘y, ajvani alohida va azqni alohida to‘p qil!» — dedilar. Men xurmolarni to‘p-to‘p qilib bo‘lib, Janob Rasulullohga odam yubordim. Ul zot kelib, xurmo to‘plaridan birining ustiga o‘ltirib oldilar-da, menga: «Qarzini so‘rab kelganlarga o‘lchab beraver!» — dedilar. Men hammaga o‘lchab berib, otamning qarzlarini to‘la-to‘kis uzdim, lekin xurmolarimdan bir dona ham kamaymagandek erdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 May 2008, 08:26:05

50-bob. (To‘g‘ri) o‘lchashning fazilati haqida

Miqdom ibn Ma’dikariba raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Oziq-ovqatlaringizni (to‘g‘ri) o‘lchangizlar, (Olloh taolo) sizga baraka ato etur!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 May 2008, 08:26:29

51-bob. Nabiy sallallohu alayhi va sallamning (Madina) so’i va muddiga baraka tilaganlari haqida

Abdulloh ibn Zayd raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ibrohim Xalilulloh Makkani muqaddas atab, uni duo qilganlari kabi, men ham Madinani muqaddas atab, uning muddi va so’iga baraka tiladim!» — dedilar».

Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ey Olloh, Madina ahlining toshu tarozusiga, muddi va so’iga baraka ato et!»— dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Iyun 2008, 08:49:04

52-bob. Oziq-ovqat mahsulotlarini sotish va olibsotarlik haqida

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning davrlarida oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘tarasiga sotib olgach, ularni qo‘llariga olmay (hamda joyidan qo‘zg‘atmay) turib o‘shal yerning o‘zida bo‘lak odamlarga sotayotganlarning kaltaklanganlarini ko‘rdim».

Ibn Abbos raziyallohu anhu: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam kishining o‘zi sotib olgan oziq-ovqat mahsulotlarini qo‘liga olmay turib o‘shal yerning o‘zida bo‘lak kishiga sotib yubormog‘ini man’ qildilar», — dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Iyun 2008, 08:49:45

Ibn Abbosdan: «Janob Rasululloh bunday savdoni nechun man’ qilganlar?» — deb so‘rashdi. Ibn Abbos: «Bunday savdoda dirhamni dirhamga (pulni pulga) sotilgandek bo‘lur, chunki sotilayotgan oziq-ovqat mahsuloti qo‘ldan qo‘lga o‘tmayotganligi boisidan savdoda ishtirok qilmayotir» — deb javob berdilar. Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Kimki tas (oziq-ovqat mahsulotlari) sotib olsa, uni ushlamay (va joydan jildirmay) turib bo‘lak kishiga sotmasin!».

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deb marhamat qildilar: «Tillani tillaga (yoxud tillani kumushga yoki kumushni kumushga) sotish, tomon bir-birlariga o‘z tillari birlan «Ol» demasalar va bir-birlarining mollarini (tilla yoki kumushlarini) qo‘llariga olmasalar, sudxo‘rliqdur (poraxurliqdur). Bug‘doyni bug‘doyga sotish, ikki tomon bir-birlariga o‘z tillari birlan «Ol» demasalar va bir-birlarining mollarini qo‘llariga olmasalar, sudxo‘rlikdur. Xurmoni xurmoga sotish, ikki tomon bir-birlariga o‘z tillari birlan «Ol» demasalar va bir-birlarining mollarini qo‘llariga olmasalar, sudxo‘rlikdur. Arpani arpaga sotish, ikki tomon bir-birlariga tillari birlan «Ol» demasalar va bir-birlarining mollarini qo‘llariga olmasalar, sudxo‘rlikdur». (Ya’ni, agar ikki savdolashguvchidan biri naqdga, ikkinchisi ersa nasiyaga savdolashsa, demak naqdga savdolashguvchi nasiyaga savdolashguvchiga qandaydir shart qo‘yadi. Bu ersa sudxo‘rliqdur).

Qayd etilgan