87-bob. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning mushriklarni Islom birlan payg‘ambarlikka (shahodat keltirmoqqa) hamda Olloh taoloni qo‘yib, bir-birlarini tangri qilib olmaslikka da’vat qilganlari haqida
Olloh taoloning qavli: «Hech bir inson uchun durust emaski, Olloh unga Kitob, hikmat va payg‘ambarlik ato etsinda, so‘ng u odamlarga: «Sizlar Ollohni quyib, menga banda bo‘linglar!..» — deb aytsin» («Oli Imron» surasi, 79-oyat).
Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (Rum) qaysarini Islomga da’vat qilib maktub yozdilar. So‘ng, maktublar: Dihya al-Kalbiy orqali jo‘natayotib, uni Busro amiriga, ersa (Rum) qaysariga yetkazmog‘ini amr qildilar. Shul vaqt, Olloh taolo (Rum qo‘shinlari birlan urushayotgan) forslar qo‘shinini mag‘lub qilgan bo‘lib, qaysar parvardigor ato etga zafar uchun shukronalar aytib, Himsdan Iliyaga qarab yurga erdi. Qaysar Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning maktublarini olgach, uni o‘qib chiqdi-da: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam xususlarida so‘rab bilmog‘im uchun menga ul zotning qavmlaridan biror kishini topib kelingizlar!»— dedi:
Abu Sufyon menga aytib erdilarki, ul kishi shul kezlarda, ya’ni Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan Quraysh (kofirlari) o‘rtasida tuzilgan (Hudaybiya) sulhi vaqtida bir guruh Quraysh kishilari birlan birga tijorat qilgani Shomga kelgan erkanlar. Abu Sufyon bunday deb erdilar: «Biz qaysarning elchisini Shomning bir yerida uchratdik. U men birlan hamrohlarimni ergashtirib yo‘lga tushdi, nihoyat Iliyaga yetib bordik. So‘ng, Rum qaysarining huzuriga kirdik. Qarasak, u (boshiga) toj kiyib olib, taxt uzra o‘ltiribdi, atrofida Rum zodagonlari (qo‘l qovushtirib turishibdi). Qaysar o‘z tarjimoniga: «Ulardan so‘ra-chi, o‘zini payg‘ambar deb ta’kidlayotgan kishiga ularning qaysi byri nasab jihatidan yaqinroq erkan?» — dedi. Shunda: «Bularning orasida ul kishiga nasab jihatidan eng yaqinrog‘i menman», — dedim. Qaysar: «Sen birlan ul kishi o‘rtasidagi qarindoshlik nechog‘liq (yaqin?)» — dedi. Men: «Ul kishi mening amakimning o‘g‘li bo‘lib, hozir bular orasida Banu Abdi Manofga mansub mendan bo‘lak kishi yo‘q», — dedim. Qaysar: «Uni (menga) yaqinroq olib kelingizlar!» — dedi. So‘ng, buyurib erdi, hamrohlarim ham mening ortimga kelib turishdi. Keyin, qaysar o‘z tarjimoniga: «Buning hamrohlariga aytgilki, men bundan o‘zini payg‘ambar deb ta’kidlayotgan kishi xususida surayman, agar bu yolg‘on gapirsa, ular yolg‘on gapirganini aytishsin!» — dedi. Olloh taolo haqi, agar hamrohlarimning mening yolg‘on gapirayotganimni fosh qilib qo‘ymoqlaridan cho‘chimaganimda erdi, qaysar mendan ul zot xususlarida so‘ragan chog‘ida, albatta (dushmanlik qilib) yolg‘on so‘zlagan bulur erdim! Ammo, hamrohlarimning mening yolg‘on so‘zlayotganimni fosh qilib qo‘yishlaridan cho‘chib, rost gapirdim. Qaysar o‘z tarjimoniga: «Ul kishi oralaringizda qanday nasabga ega?»— dedi. Men: «Ul kishi oramizda (oliy) nasab sohibidurlar»,— dedim. Qaysar: «Bu so‘zni (ya’ni, o‘zining payg‘ambar ekanligini) undan ilgari sizlardan biror kishi aytganmi?»— dedi. Men: «Yo‘q», — dedim. Qaysar: «Payg‘ambar ekanligini ta’kidlamasidan burun ul kishini yolg‘onchilikda ayblar erdingizlarmi?» — dedi. Men: «Yo‘q», — dedim. Qaysar: «Uning ajdodlaridan birortasi podshoh o‘tganmi?» — dedi. Men: «Yo‘q», — dedim. Qaysar: «Unga dimog‘dor, takabbur odamlar ergashayotirmi yoki xoksor odamlarmi?» — dedi. Men: «Aksincha, xoksor odamlar (ergashayotir)», — dedim. Qaysar: «Ular ko‘payayotirmi yoxud kamayayotirmi?» — dedi. Men: «Aksincha, ko‘payayotir», — dedim. Qaysar: «Biror odam uning diniga kirgach, norozi bo‘lib dindan qaytayotirmi?» — dedi. Men: «Yo‘q», — dedim. Qaysar: «Ahdini buzurmi?» — dedi. Men: «Yo‘q, buzmas. Biz anchadan beri ul kishidan yiroqda bo‘lib, hozir ne qilayotganidan bexabarmiz, ahdini (Hudaybiya sulhini) buzmasaydi, deb xavotirdamiz», — dedim. (Ammo), gapimga (ul kishini kamsitadirgan), yolg‘on suzlayotganimni fosh qilib quymaydirgan bundan bo‘lak biror so‘z qistirib qolmog‘imning imkoni bo‘lmadi. Qaysar: «Sizlar unga va u sizlarga qarshi jang qildimi?» — dedi. Men: «Ha», — dedim. Qaysar: «Uning urushi va sizlarning urushlaringiz qanday (o‘tdi?)— dedi. Men: «Turlicha, bir safar u va bir safar biz g‘olib keldik», — dedim. Qaysar: «U sizlarga ne qilmoqlaringizni buyurur?» — dedi. Men: «U bizga faqat Ollohga ibodat qilmoqni, unga zarracha shirk keltirmaslikni buyurib, ajdodlarimiz ibodat qilgan narsalardan (butlardan) bizni qaytarur hamda bizga (besh vaqt) namoz o‘qimoqni, sadaqa (zakot) bermoqni, (Olloh taolo) harom (qilgan) ishlarni qilmaslikni, ahdga vafo qilmoqni va omonatga xiyonat qilmaslikni buyurur», — dedim. Shunda Qaysar o‘z tarjimoni orqali menga: «Men sendan uning oralaringizdagi nasabi haqida so‘radim, shunda sen uning oliy nasab sohibi ekanligini ta’kidlading. Ha, shunday, (barcha) payg‘ambarlar o‘z qavmlarining oliy nasab kishilari ichidan (tanlab) yuborilur. Men sendan: «Bu so‘zni (ya’ni, o‘zining payg‘ambar ekanligini) undan ilgari sizlardan biror kishi aytganmi?» — deb so‘radim. Sen: «Yo‘q», — deb ta’kidlading. Agar bu so‘zni undan ilgari sizlardan biror kishi aytgan bo‘lganida erdi, men: «Ul kishi o‘zidan ilgari aytilgan so‘zni takrorlayotir» — der erdim. Men sendan: «Sizlar uni bu so‘zni aytmasidan ilgari yolg‘onchilikda ayblar erdingizlarmi?» — deb so‘radim. Sen: «Yo‘q»— deb ta’kidlading. Men bildimki, u odamlarga yolg‘on gapirmadimi, demak Olloh taologa nisbatan ham yolg‘on gapirmas! Men sendan: «Ajdodlaridan birortasi podshoh o‘tganmi?» — deb so‘radim. Sen: «Yo‘q» — deb ta’kidlading. Agar ajdodlaridan birortasi podshoh o‘tgan bo‘lganida erdi, men: «U o‘shal ajdodining mulkini talab qilayotir» — der erdim. Men sendan: «Unga dimog‘dor, takabbur odamlar ergashayotirmi yoxud xoksor odamlarmi?» — deb so‘radim. Sen: «Xoksor odamlar ergashayotir» — deb ta’kidlading. Ha, shunday, payg‘ambarlarga xoksor odamlar ergashur. Men sendan: «Ular ko‘payayotirmi yo kamayayotirmi?» — deb so‘radim. Sen: «Ular ko‘payayotir» — deb ta’kidlading. Ha, iymon(ning ishi) shunday, u toki (namoz, zakot, ro‘za kabi mu’tabar ishlar) mukammal (ado etiladirgan) bo‘lmagunga qadar, tobora ziyoda bo‘lib boraveradi. Men sendan: «Biror odam uning diniga kirgach, norozi bo‘lib, dindan qaytayotirmi?» — deb so‘radim. Sen: «Yo‘q» — deb ta’kidlading. Ha, shunday, qalblarini (Olloh taolo birlan uning Rasuliga bo‘lgan) iymon nuri charog‘on qilgan kishilarning birortasi norizo bo‘lib, dindan qaytmas! Men sendan: «Ahdni buzurmi?» — deb so‘radim. Sen: «Yo‘q» — deb ta’kidlading. Ha, shunday, payg‘ambarlar o‘z ahdlarini buzmaslar. Men sendan: «Sizlar unga va u sizlarga qarshi urush qildimi?» — de( so‘radim. Sen: «O’zaro urush qildik, bir gal u va bir gal biz g‘olib keldik» — deb ta’kidlading. Ha, shunday, payg‘ambarlar ham goho g‘olib va goho mag‘lub qilinib, Olloh taolo tomonidan sinalurlar, ammo pirovardida ularning qo‘llari baland kelgay. Men sendan: «U sizlarga ne qilmoqlaringizni buyurur?» — deb so‘radim. Sen: «U bizga faqat Ollohga ibodat qilib, unga zarracha shirk keltirmaslikni, ajdodlarimiz sig‘ingan butlardan yuz o‘girmoqni, (besh vaqt) namoz o‘qimoqni, zakot bermoqni, Olloh harom qilgan ishlarni qilmaslikni, ahdga vafo qilmoqni va omonatga xiyonat qilmaslikni buyurur» — deb ta’kidlading. Bu sifatlar payg‘ambarga xos sifatlardur. Men Payg‘ambar (sallallohu alayhi va sallamning) chiqishlarini bilar erdim, ammo sizlarning (ya’ni, Qurayshning yoki arablarning) orangizdan chiqadilar, deb o‘ylamagan erdim. Agar sening aytgan gaplaring haqiqat bo‘lsa, ul holda ul zot oyoqlarim turgan mana shu joyni (ham) egallaydilar. Qani endi, ul zotning huzurlariga omon-eson yetib bora olsam! (Ammo, mening omon-eson yetib bormog‘imga yo‘l quymaslar, meni o‘ldirgaylar. Agar shunday qilishmaganida erdi), albatta (borib), ul zot birlan uchrashur erdim-da, oyoqlarini yuvib qo‘yar erdim! (ya’ni, ul zotga xizmatkorlik qilur erdim!)» — dedi. So‘ng, qaysar Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning maktublarini olib kelmoqni buyurdi. (Uni o‘zi yoki tarjimoni) o‘qidi. Unda: «Bismillohir rahmonir rahiymi! Olloh taoloning bandasi va rasuli Muhammaddan Rum hukmdori Hiraqlga. Hidoyat topganlarga salom! Ammo ba’d: men seni Islomga da’vat qilurman. Musulmon bo‘l, salomat bo‘lursan! (Buning uchun) Olloh taolo senga ikki barobar (ko‘p) ajru savob ato etur, (chunki sening tufayli fuqarolaring ham musulmon bo‘lurlar). Agar (Islomdan) bosh tortsang, fuqarolaringning gunohlari ham sening bo‘yningga tushur. Va ey kitob ahli, kelingizlar, bizlarda ham, sizlarda ham (ya’ni, Qur’onda ham, Tavrotda ham, Injilda ham) bir xil bo‘lmish so‘zni (aytingizlar, ya’ni): «Ollohdan o‘zgaga ibodat qilmaymiz, unga zarracha shirk keltirmaymiz, Ollohni quyib, bir-birimizni tangri qilib olmaymiz!» — (deb aytingizlar!). Agar (kalimai tavhidni aytishdan) bosh tortsangizlar, ul holda bizlarni musulmonlar, deb e’tirof qilib, (o‘zlaringizni kofirlar, deb tan olingizlar!)».
Qaysar so‘zini tugatgach, (ya’ni biz birlan savol-javob qilgandan keyin, ul zotning maktublari o‘qib chiqilgach), uning atrofida turgan Rum zodagonlari (shul qadar) g‘ala-g‘ovur ko‘tarishdiki, (hatto) men ne deganlarini anglay olmadim. Shunda (saroydan chiqib ketmog‘imiz) amr qilinib, biz (tashqariga) chiqarib yuborildik. Tashqariga chiqib, hamrohlarim birlan yolg‘iz qolganimda, ularga: «Abu Kabsha o‘g‘lining (ya’ni, Janob Rasulullohning) ishlari nihoyatda ko‘chayib ketdi, hatto Banu Asfar podshohi (ya’ni, rumliklar podshohi) ham ul zotdan qo‘rqayotir», — dedim. Olloh taolo haqi, (ilgari Janob Rasulullohni mutlaqo) tan olmaganimga qaramay, (shu kundan e’tiboran) ul zotning ishlari g‘alaba qilmog‘iga shunchalik ishrnch hosil qildimki, hatto parvardigor qalbimga Islomni jo qilib quydi!»
Sahl ibn Sa’d raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Xaybar kuni: «Men bayroqni shunday kishiga topshirurmanqi, Olloh taolo uning qo‘li birlan fath (zafar) muyassar qilur» — deb marhamat qildilar. Shunda sahobalar: «Bayroqni qaysi birimizga berar erkanlar, shoyad menga bersalar!» — deya umid birlan o‘rinlaridan turishdi. Ertasiga ertalab ham barchalari: «Shoyad bayroqni menga bersalar!» — deb umidvor bo‘lishdi. (Ammo), Janob Rasululloh: «Ali qaerda?» — dedilar. Sahobalar: «Ko‘zi og‘rib qoldi», — deyishdi. Shunda Janob Rasululloh Hazrat Alini chaqirib kelmoqni amr qildilar, (ul kishi kelgach), ko‘zlariga tupurib erdilar, hech narsa bo‘lmagandek tuzalib qoldi. So‘ng, ul zot: «Bizdek (musulmon) bo‘lmagunlariga qadar ularga (kofirlarga) qarshi jang qilurmiz!» — dedilar. Keyin, (Hazrat Aliga): «Ohista borib, ularning yeriga tushgil, so‘ng ularni Islomga da’vat etgil-da, ularga nelar vojib erkanligini xabar qil! Olloh taolo haqi, agar sen tufayli bir kishi hidoyat topsa ham, bu sening uchun eng sara tuyalar (podasiga ega bo‘lmog‘ing)dan yaxshiroqdur!» — deb aytdilar».
Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning odati shariflari shunday erdiki, agar biror qavmga (qarshi) g‘azotga chiqsalar, (darhol) ularga hujum qilmay, tong otishini kutar erdilar. Tong otgach, ularga hujum qilib, (namozga azon aytilgunga qadar) jang qilar erdilar. Agar azonni eshitsalar, (jangni) to‘xtatar va agar eshitmasalar, jang qilaverar erdilar. Biz Xaybarga tunda yetib kelganimizda (ham shunday qildilar)».
Bu yerda yuqoridagi hadis mazmunan takrorlangan.
Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Men odamlar «Lo iloha illalloh» degunlariga qadar jang qilishga buyurildim. Kimki «Lo iloha illalloh» desa, mendan jonu molini omon saqlar, aks hodda (uning o‘ldirilmog‘i) haqlig‘ bo‘lib, hisob-kitobi Olloh taolo zimmasidadur», — dedilar».