Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (2-jild)  ( 503505 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 56 57 58 59 60 61 62 63 64 65 66 ... 111 B


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 07:07:43

155-bob. (Musulmon) kishi asir tushadimi? (Mushriklarga) asir tushmagan kishi haqida hamda qatli oldidan ikki rak’at namoz o‘qigan kishi xususida

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam o‘n kishilik bir guruhni Osim ibn Sobit al-Ansoriy boshchiligida (mushriklar tomon) ayg‘oqchilikka yubordilar. Ular Usfon va Makka oralig‘idagi Hada degan yerga yetishganda Huzayl qabilasining Banu Lihyon deb atashadirgan bir qavmi ular xususida xabar topib, tezlikda ikki yuzga yaqin kamonchilarni ularni izlashga jo‘natdi. Mushrik kamonchilar musulmonlarni izlay-izlay, nihoyat ular Madinadan safar uchun g‘amlab olib, yo‘l-yo‘lakay yeb tashlagan xurmo danaklarini topib olishdi-da: «Bu danaklar Yasrib (ya’ni, Madina) xurmosi danaklaridur» — deya ularni ta’qib qilishga tushishdi. Osim va ul kishining hamrohlari mushriklarni ko‘rishlari hamonoq bir (toshloq) tepa ustiga chiqib olishdi. Mushriklar ularga: «Pastga tushingizlar, qo‘lni-qo‘lga berib (do‘stlashaylik), birortangizni o‘ldirmaymiz, deb va’da berurmiz!» — deyishdi. Shunda musulmon jashchilar guruhining amiri Osim ibn Sobit: «Ammo men, Olloh taolo haqi, (kechagina kofirlikdan qaytib, musulmon bo‘lib), bugun bir kofirdan panoh so‘rab pastga tushmasman! Yo parvardigoro, o‘z Rasulingni bizniig holimizdan xabardor qilgil!» — dedilar. Shundan so‘ng, mushriklar kamonlardan o‘q uzishib, Osim birlan yana olti kishini o‘ldirishdi. Omon qolgan uch kishi — Xubayb al-Ansoriy, Ibn Dasina va (ismi noma’lum) yana bir kishi ersa mushriklarning so‘ziga ishonib pastga tushishdi. Mushriklar ular yaqin kelgach, kamonlari torini yechib, (qo‘l-oyoqlarini) bog‘lashdi. Shunda boyagi (ismi noma’lum) uchinchi kishi: «Bu xiyonatning boshidur, Olloh taolo haqi, sizlarga (taslim bo‘lib) hamrohlik qilmayman, sheriklarim(ning o‘lsalar ham taslim bo‘lmaganlari mening uchun) bir ibratdur!» — dedilar. Shunda mushriklar ul kishini sudrab, o‘zlari birlan olib ketishga ko‘p urinishdi, ammo qattiq qarshilik qilganlaridan so‘ng, o‘ldirishdi. Keyin, ular Xubayb va Ibn Dasinani olib yo‘lga tushishdi-da, Makkaga borgach, ikkalalarini qul qilib sotishdi. Xubaybni Haras ibn Omir ibn Navfalning farzandlari sotib oldi. Xubayb Haras ibn Omirni Badr kuni o‘ldirgan erdilar. Shunday qilib, Xubayb ularning qo‘lida asir bo‘lib qoldilar.
Ubaydulloh ibn Iyozning menga aytganlariga ko‘ra, Harasning qizi ul kishiga bunday deb ma’lum qilibdi: «Barchamiz Xubaybni qatl qilmoqqa to‘planganimizda Xubayb tozalanmoq uchun mendan ustara so‘radilar, men ustara berdim. Shu asnoda men g‘aflatda qolib, o‘g‘ilcham ul kishining oldilariga borib qolibdi. Bir payt qarasam, u Xubaybning tizzalarida o‘ltiribdi, Xubaybning qo‘llarida ersa ustara. Men bu holatni ko‘rib, nihoyatda qo‘rqib ketdim. Xubayb qo‘rqqanimni yuzimdan anglab: «Uni o‘ldiradi, deb qo‘rqib ketdingmi? Men hech qachon bunday qilmasman!» — dedilar. Olloh taolo haqi, men Xubaybdan yaxshiroq asirni hech ko‘rgan emasman! Olloh taolo haqi, bir kuni men Xubaybning bir bosh uzum yeb xurganlarini ko‘rdim, vaholanki ul kishi kishanband holda bo‘lib, buning ustiga Makkada (shu vaqtda) uzum ham yo‘q erdi».
Harasning qizi: «Bu uzumni Olloh taoloning o‘zi Xubaybga rizq qilib yuborayotir» — deb aytar erdi.
Xubaybni qatl qilmoq uchun Haramdan tashqariga (olib), chiqishganda, Xubayb ularga: «Meni xoli qo‘yingizlar, ikki rak’at namoz o‘qib olayin!» — dedilar. Ular ul kishini xoli qoldirishib erdi, ikki rak’at namoz o‘qidilar. So‘ng: «Agar (o‘limdan) qo‘rqqanidan namoz o‘qiyotir, deb o‘ylamaganingizda, yana ko‘proq o‘qigan bo‘lur erdim, Yo parvardigoro, ularning barchasini hisobga olib qo‘ygaysan!» — dedilar-da, quyidagi she’rni o‘qidilar:
Musulmon holda o‘lsam, zarra parvoyimga kelmas,
Qaysi yon birla yiqilmog‘imni Olloh farqlamas.
Saxovat sohibi bo‘lmish o‘zi tanho ilohimga,
Qiyma-qiyma jismima bermoq savob hech gap emas!».
Keyin, Ibn al-Haras ul kishini qatl qildi. Shu kundan e’tiboran, tutqunlikda qatl qilinayotgan har bir musulmon uchun qatl oldidan ikki rak’at namoz o‘qimoqlik Xubaybdan odat bo‘lib qoldi. Olloh taolo Osim ibn Sobitning («Yo parvardigoro, o‘z Rasulingni bizning holimizdan xabardor qilgil!» degan) duolariga shahid bo‘lgan kunlariyoq ijobat qilib, (Janob Rasulullohga vahiy yubordi va) ul zot o‘z sahobalariga ular xususida xabar bera turib, ularning shahid bo‘lganlarini ma’lum qildilar. Quraysh mushriklarining ulug‘lari, odamlar Osimning o‘ldirilganlarini aytishganda, bunga ishonch hosil qilmoq uchun bir qancha mushrikni ul kishining biror a’zolarini kesib olib kelmoqqa yubordi. Osim Badr kuni ularning ulug‘laridan birini o‘ldirgan erdilar. Olloh taolo Osimning jasadlarini mushriklardan himoya qilmoq uchun tuman yanglig‘ behisob (qovoq) arilar to‘dasini yubordi, mushriklar ul kishining biror a’zolarini kesib ololmadi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 07:07:52

156-bob. (Musulmon) asirni (dushmanlar qo‘lidan) ozod qilmoqlik (lozimligi) haqida

Abu Muso raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «(Musulmon) asirni (evaziga mol berib yoxud boshqa yo‘llar birlan dushmanlar qo‘lidan) ozod qilingizlar, ochni (xoh u odam va xoh hayvon bo‘lsin) to‘yg‘azingizlar va kasalni borib ko‘ringizlar (holidan xabar olingizlar!)» — deb marhamat qildilar».

Abu Juhayfa raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Ali raziyallohu anhuga: «Sizlarda (ya’ni, Payg‘ambarimiz alayhissalomning xonadonlari ahlida) Olloh taoloning Kitobiga kiritilmay qolgan biror vahiy bormi?» — dedim. Hazrat Ali: «Donni (urug‘ni) yaratib, (uni yerga qadagan, uni undirib, mevag‘a kiritgan) hamda insonlarni vujudga keltirgan Olloh taolo haqi, (Payg‘ambarimiz alayhissalomning xonadonlari ahlida Olloh taloning Kitobiga qiritilmay qolgan biror vahiy) yo‘qdur! Men bizda Olloh taolo Qur’on xususida (uzi istagan) kishiga ato etadirgan fahmdan (tafsiru sharhdan) va mana bu sahiyfada (bitilgan) narsalardan bo‘lak biror narsa borligini bilmasman!» — dedilar-da, (qilichlari qinidan bir varaq qog‘ozni olib ko‘rsatdilar). Shunda men: «Bu sahiyfada nimalar bitilgan?» — dedim. Hazrat Ali: «Aql (ya’ni, xun haqi, uning hukmi, miqdori, turi va qonuni), (musulmon) asirni (dushman qo‘lidan) ozod qilish lozimligi hamda kofirni o‘ldirgan musulmonni o‘ldirish mumkin emasligi (haqida)», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 07:13:26

157-bob. Mushrik (asirlarni ozod qilmoq uchun olinadirgan) tovon haqida

Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Bir guruh ansorlar Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan izn so‘rab (huzurlariga kirishdi-da): «Yo Rasulalloh, bizga izn beringiz, singlimiz o‘g‘li (ya’ni, amakingiz) Abbos (ibn Abdulmuttalib ozod bo‘lmog‘i uchun bizga to‘laydirgan) tovondan voz kechaylik!» — deyishdi. Shunda ul zot: «Ul kishidan bir dirham ham kam olmaysizlar!» — dedilar». (Janob Rasulullohning amakilari Abbos talay vaqtgacha iymon keltirmay yurib, Badr janggida musulmonlar tomonidan asir olindilar. Shunda ozod qilinmoqlari uchun asir olingan mushriklar qatorida ul kishidan ham tovon talab qilinib erdi, bir guruh ansorlar «Janob Rasululloh xursand bo‘lsalar kerak» degan o‘y birlan amakilari Abbosdan tovon olmaslikka ijozat so‘rashdi. Ammo, ul zot tovonni oxirgi tiyinigacha undirib olmoqni amr qildilar).

Anas (ibn Molik) raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Bir kuni Bahrayndan Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga (ya’ni, Baytulmolga) mol keltirildi. Shunda (ul zotning amakilari) Abbos kelib: «Yo Rasulalloh, menga (bul moldan) beringiz, chunki men o‘zimni ham, (birodarimning o‘g‘li) Uqaylni ham (asirlikdan qutqarib olmoq uchun sizlarga) tovon to‘lab, (kambag‘allashib qoldim)», — dedilar. Shunda Janob Rasululloh: «Mayli, olingiz!» — dedilar-da, (o‘shal moldan) ul kishining kiyimlariga (etaklariga) solib berdilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 07:13:35

158-bob. Dushmanlar josusi Islom mamlakatiga kirsa, shafqat qilinmay, (o‘ldirilmog‘i lozimligi) haqida

Ibs ibn Salama ibn al-Akva’ raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam safarda ekanliklarida mushriklarning bir josusi kelib, ul zotning sahobalari yonida suhbatlashib o‘ltirdi. So‘ng, u (o‘z yo‘liga) ketdi. Shunda Janob Rasululloh: «Uni izlab topib, o‘ldiringizlar!» — dedilar. Uni (otam Salama ibn al: Akva’) o‘ldirdilar. So‘ng, ul zot josusdan qolgan narsalarni (oti, qilichi va boshqalarni) otamga o‘lja qilib berdilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 07:13:41

159-bob. (Xalifa) zimmiylarni himoya qilmog‘i lozim. Ularga toqatlari yetmaydirgan yukni yuklamasinlar!

Umar raziyallohu anhu: «Men o‘zimdan keyin bo‘ladirgan xalifaga: «Olloh taolo va uning Rasuli zimmasidagi aholi (ya’ni, zimmiylar) birlan musulmonlar o‘rtasidagi ahdnomaga vafo qilsin va ularni himoya qilsin! Ularga toqatlari yetmaydirgan yukni yuklamasinlar!» — deb vasiyat qilurman», — dedilar». (Ya’ni, Hazrat Umar bunga qadar Arab yarim orolidan mushriklarni chiqarib yuborgan edilar. Shul boisdan ul kishi xalifalikning Arab yarim orolidan bo‘lak yerlaridagi zimmiylarni nazarda tutgan bo‘lsalar kerak).

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 07:13:56

160-bob. Elchilarni siylamoq lozimligi xususida

Bu bobga taalluqli hadis keyingi bobda keltirilgan.

161-bob. Zimmiylarga va ularning (musulmonlarga) yollanib ishlayotgan kishilariga (Islomga xavf solgan chog‘larida) shafqat qilinadimi?

Sa’id ibn Jubayr raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Ibn Abbos: «Panjshanba kuni... panjshanba kuni qanday (og‘ir va musibatli) kun o‘zi!» — dedilar-da, o‘kirib yig‘lab yubordilar, hatto ko‘z yoshlari (o‘ltirgan joylaridagi) toshlarni ho‘l qilib yubordi. Keyin, Ibn Abbos bunday deb aytdilar: «Panjshanba kuni Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning dardlari ko‘chaydi. Shunda ul zot: «Menga qog‘oz-qalam keltiringlar, sizlarga bir (vasiyat)noma yozib bergaymankim, undan so‘ng sira yo‘ldan ozmagaysizlar!» — deb marhamat qildilar. Ammo, payg‘ambar huzurida tortishib, shovqin-suron ko‘tarish joiz emasligiga qaramay, ul zotning qoshlaridagilar o‘zaro tortishib, g‘ala-g‘ovur ko‘chaydi. Shunda ular: «Janob Rasululloh jim bo‘lmog‘imizni ishora  qilayotirlar», - deyishdi. Ul zot ularga: «Meni tinch quyingizlar, mening hozirgi holatim (ya’ni, Olloh taolo birlan uchrashish g‘amida va taraddudida ekanligim) sizlar meni undayotgan narsadan (ya’ni, vasiyatnoma yozib bermog‘imdan) afzalroqdur!» — dedilar. Keyin, ul zot vafotlari oldidan: «Mushriklarni Arab yarim orolidan chiqarib yuboringizlar, elchilarni men siylagandek siylangizlar va...» — deb vasiyat qildilar, «lekin men uchinchi vasiyatlarini unutib quydim».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 07:15:00

162-bob. Elchilar kelganda yasanib olmoq haqida

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «(Otam) Hazrat Umar bozorda istabraq (ipak, parcha) hullalar (kuylak va ishton) sotishayotganini ko‘rib, ulardan birini Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga olib keldilar-da: «Yo Rasulalloh, mana bu hullani sotib olingiz, bayramda va elchilar kelganda (kiyib) yasanib olursiz», — dedilar. Shunda Janob Rasululloh: «Bul libos oxiratda nasibasi yo‘qlarnikidur». (yoki «Buni oxiratda nasibasi yo‘qlar kiygay»), — dedilar. Keyin, Olloh taolo istagancha vaqt o‘tgach, Janob Rasululloh (otam) Hazrat Umarga bir deboj jubba (ipak matodan tikilgan yengi keng ust kiyimi) yubordilar. Otam uni oldilar-da, Janob Rasulullohning huzurlariga borib: «Yo Rasulalloh, bunday libosni oxiratda nasibasi yo‘qlar kiyishini aytib erdingiz, nechun buni menga yubordingiz?» — dedilar. Janob Rasululloh: «Uni sotasan yoxud biror hojatingga yaratasan, (deb yuborib erdim)» — deb javob qildilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 07:15:13

163-bob. Bolaga Islom qay yo‘sinda taqdim qilinur (tanishtirilur?)

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «(Otam) Hazrat Umar raziyallohu anhu Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning bir guruh sahobalari orasida ul zot birlan birgaliqda Ibn Sayyod (yashaydirgan) tomonga yo‘l oldilar. («Ibn Sayyod» uning kunyasi bo‘lib, asl ismi «Sofiy» va o‘zi yahudiylardan erdi. Janob Rasululloh «Bir yahudiy ayol o‘g‘il tug‘ibdi, uning bir ko‘zi tep-tekis, ya’ni umuman yo‘q, ikkinchisi ersa bo‘rtib, irg‘ib chiqqan emish» degan xabarni eshitib, «Ul Dajjol bo‘lmasin, tag‘in!» degan xavotirlik birlan o‘shal tomon yo‘lga chiqqan erdilar). Ular yura-yura, nihoyat Ibn Sayydni Banu Mag‘ola qo‘rg‘oni oldida bolalar birlan uynab yurganda uchratishdi. Ibn Sayyd o‘shal kezlarda balog‘atga yetay deb qolgan bo‘lib, Janob Rasululloh birlan sahobalarning kelganlarini sezmay qoldi. Janob Rasululloh muborak qo‘llari birlan uning orqasiga bir turtib: «Sen mening Ollohning rasuli ekanligimga shahodat keltirursanmi?» — dedilar. Shunda Ibn Sayyod ul zotga qarab: «Men sizning ummiylar (ya’ni, savodsizlar yoxud makkaliklar) rasuli ekanligingizga shahodat keltirurman», — dedi. («Ummiy» — «savodsiz» va «Ummul-Quro» — «Makka» demakdur). So‘ng, u yana: «Siz o‘zingiz mening Ollohning rasuli ekanligimga shahodat keltirursizmi?» — deb aytdi. Janob Rasululloh unga: «Men Ollohga va uning rasullariga iymon keltirganman»,— dedilar. Keyin, unga yana: «(Xobingda) nelarni ko‘rursan?» — deb aytdilar. Ibn Sayyod: «(Ba’zan) rost va (ba’zan) yolg‘on (tushlar) ko‘rurman», — dedi. (Ibn Sayyod kohinlik yo‘liga kirgan bo‘lib, ul odamlarga aytadirgan xabarlar ba’zan to‘g‘ri va ba’zan yolg‘on bo‘lib chiqar erdi). Janob Rasululloh (unga): «Shaytoning senga o‘zi yetkazadirgan xabarlarni chalkashtirgan», — dedilar. So‘ng, ul zot yana: «Men bir narsani ko‘nglimga yashirdim, (qani, top-chi?)» — deb aytdilar. Ibn Sayyod: «Bu— Dux...», — dedi. (Janob Rasululloh ko‘ngillariga yashirgan narsa aynan «Duxon» surasi bo‘lib, Ibn Sayyod uning nomini to‘la aytishga ulgurmadi. Chunki), ul zot (uning gapini bo‘lib): «(Akillama), daf bul! (Payg‘ambarlarga maxsus yuboriladirgan vahiysiz g‘ayb xususida xabar bermoqqa) qudrating yetmas!» — dedilar. Shunda Hazrat Umar: «Yo Rasulalloh, menga ijozat beringiz, uning bo‘ynini uzib tashlayin!» — dedilar. Janob Rasululloh (Hazrat Umarga): «Agar u (Dajjol) bo‘lsa, unga kuchingiz yetmas, (chunki uni Iso alayhissalom osmondan tushib halok qilurlar), basharti u Dajjol bo‘lmasa, uni o‘ldirmog‘ingizdan sizga biror xayriyat yo‘qdur» — deb aytdilar. (Janob Rasulullohning Ibn Saysdni o‘ldirmoqqa ijozat bermaganlarining boisi shuki, u garchi payg‘ambarlik da’vosini qilgan bo‘lsa-da, hali balog‘atga yetmagan erdi)».

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ubay ibn Ka’b birlan birga Ibn Sayyod turgan xurmozorga yo‘l oldilar-da, ul yerga yetib borishgach, xurmozorga kirib, xurmo shoxlari ortida yashirinib turdilar. Ul zot Ibn Sayyod ko‘rib qolmasidan burun uning (xilvatda aytadirgan suzlarini) eshitib olmoqni (va uning kohinmi yoxud sohirmi, kim ekanligini bilmoqchi) erdilar. (Shul vaqtda) Ibn Sayyod o‘zining baxmal choyshabini yopinib yotar, choyshab ostidan ersa uning ming‘irlagan ovozi quloqqa chalinar erdi. Nogahon, Ibn Sayyodning onasi xurmo shoxlari ortida berkinib turgan Janob Rasulullohni ko‘rib qolib: «Ey Sof, (ana Muhammad!)» — dedi. Ibn Sayyod sakrab o‘rnidan turdi. Janob Rasululloh (afsuslanib): «Agar (onasi) indamaganida, (uning haqiqatda kim ekanligi) oshkor bo‘lur erdi!» — dedilar».

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam odamlarga (xutba qilgani) o‘rinlaridan turdilar-da, Olloh taologa munosib hamdu sanolar aytgach, Dajjol hususida eslatib: «Men sizlarni undan ogohlantirurmanki, o‘z qavmini (undan) ogohlantirmagan biror payg‘ambar yo‘qdur. Nuh (alayhissalom) ham o‘z qavmlarini (undan) ogohlantirgandurlar. Lekin, men sizlarga biror payg‘ambar o‘z qavmiga aytmagan uning xususidagi bir gapni ayturman, bilib qo‘yingizlar, u bir ko‘zlidur, Olloh taolo ersa bir kuzli emas!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 07:15:21

164-bob. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning yahudiylarga: «Musulmon bo‘lingizlar, tinch-omon bo‘lursizlar!» deb aytganlari haqida

Bu yerda ushbu bobga tegishli hadis keltirilmagan. Bizningcha, «Sahih»ning oldingi kitoblaridagi quyidagi hadis mazmuniga ko‘ra, muvofiq keladi:

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Bir kuni biz masjidda o‘ltirgan erdik, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam huzurimizga kirib kelib: «(Yuringizlar), yahudiylar mahallasiga ketdik!» — dedilar. Biz ul zot birlan  birga yo‘lga tushib, Bayt ulmidrosga (yahudiylar tavrotxonlik qiladirgan binoga) yetib bordik. Janob Rasululloh yahudiylarning tepasiga kelib «Ey yahudiylar jamoasi, musulmon bo‘lingizlar, tinch-omon bulursizlar!» — deb nido qildilar. Yahudiylar: «Bizga (bul haqda ilgari ham) aytgan erdingiz, ey Abulqosim!» — deyishdi. Janob Rasululloh: «Mening istagim shudur!» — dedilar. Keyin, ul zot boyagi gaplarini ikkinchi bor takrorladilar. Yahudiylar yana: «Bizga (bul haqda ilgari ham) aytgan erdingiz, ey Abulqosim!» — deyishdi. Ul zot boyagi gaplarini uchinchi bor takrorladilar. (Yahudiylar yana avvalgidek javob qilishdi). So‘ng, Janob Rasululloh: «Bilib quyingizlar, Yer Olloh taolo birlan uning Rasulinikidur! Men sizlarni (bul yerdan) badarg‘a qilmoqchimen, qaysi biringizning biror mol-mulkingiz bo‘lsa, sotib yuboringiz, aks holda bilib qo‘yingizlarki, Yer Olloh taolo birlan uning Rasulinikidur!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 07:15:29

165-bob. Imomning odamlarni ro‘yxatga olmog‘i haqida

Xuzayfa raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Islomni talaffuz qilganlarning (ya’ni, kalima keltirib, musulmon bo‘lganlarning nomlarini) menga yozib beringizlar!» — dedilar. Biz ul zotga bir  ming besh yuz kishining (nomini) yozib berdik-da: «Bir ming besh yuz kishi bo‘la turib (dushmanlardan) qo‘rqamizmi?» — dedik. (Ammo), men (garchi biz musulmonlarning sonimiz ko‘p bo‘lsa-da, Janob Rasulullohdan so‘ng) talay kulfatlarga giriftor bo‘lganimizni, hatto kishi yolg‘iz o‘zi namoz o‘qishga qo‘rqib qolganini ham ko‘rdim». (Bu yerda Hazrat Usmon xalifalik qilgan davrdagi fitnalar nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin).

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Bir kishi Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning qoshlariga kelib: «Yo Rasulalloh, men falon va falon g‘azotga (borguvchilar) ruyxatiga kiritib qo‘yilgan erdim. (Ammo), xotinim haj qilgani yo‘lga chiqdi», — dedi. Ul zot: «Boraver, xotining birlan birga haj qilaver!» — dedilar».

Qayd etilgan