172-bob. Forscha yoki arabcha bo‘lmagan tilda so‘zlagan kishi haqida
Olloh taoloning qavli: «Uning oyatlari (mo‘‘jizalari)dan (yana biri shulki), u ...sizlarning tillaringiz va ranglaringizni turlicha qilib qo‘ygandur...» («Rum» surasi, 22-oyat).
Olloh taoloning qavli: «...va o‘z qavmi tilida (so‘zlashadirgan) payg‘ambardan bo‘lak (payg‘ambar) yubormadik...» («Ibrohim» surasidan).
(Har bir payg‘ambar dastavval o‘zi orasidan payg‘ambar qilib tanlab olingan qavmga murojaat qilmog‘i lozim bo‘lgan. Shul boisdan, ahkomi ilohiyni tushunmog‘i va tushuntirmog‘i oson bo‘lsin uchun, unga o‘shal qavm tilida vahiy nozil qilingandur. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam ham, garchi barcha insu jinni Islomga da’vat qilmoq uchun yuborilgan bo‘lsalar-da, eng avvalo o‘zlari orasidan payg‘ambar qilib tanlab olingan qavmni, ya’ni arablarni, so‘ng sahobalari orqali butun jahon ahlini Islomga da’vat qildilar).
Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga: «Yo Rasulalloh, biz bir qo‘zimizni so‘ydik, keyin men bir so’ arpani yanchib, un qilib qo‘ydim. o‘zingiz birlan bir necha kishini olib, (biznikiga) yuringiz!» — dedim. Shunda ul zot: «Ey Xandaq ahli, Jobir sur (bu so‘z forscha bo‘lib, «ziyofat» ma’nosidadur) tayyorlab qo‘yibdi, tezroq yuringizlar, (o‘z uyingizga) xush kelibsizlar!» (ya’ni, «Jobirning uyini o‘z uyingizdek ko‘ringizlar, tortinmangizlar!») — dedilar».
Ummu Xolid binti Xolid ibn Sa’id raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Men otam birlan birga Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga keldim, (shu vaqtda men yosh qizcha bo‘lib), bir sariq ko‘ylak(cha) kiyib olgan erdim. Janob Rasululloh (ko‘ylakchamga qarab): «Sanah, sanah!»— dedilar. (Bu so‘z) habashcha bo‘lib, «(Qanday) chiroyli, (qanday) yaxshi!» deganidur. Keyin, men Janob Rasulullohning (ikki kuraklari orasidagi) payg‘ambarlik muhrini o‘ynay boshlagan erdim, otam baqirib urishib berdilar. Shunda ul zot (otamga): «Uni o‘z holiga quy, (uynayversin!)» — dedilar. So‘ng, ul zot (menga): «Eskitib-chiritib kiygil, so‘ng eskitib-chiritib kiygil, so‘ng eskitib-chiritib kiygil! («ya’ni, «Olloh taolo umringni daroz qilsin, bunday kuylaklardan juda ko‘pini kiygil!») — deb duo qildilar».
Abu Hurayra raziyushohu aihu rivoyat qiladilar: «Hazrat Alining o‘g‘ilchalari Hasan zakotga berilgan xurmolar g‘aramidan bir dona xurmoni olib, og‘izlariga solib erdilar, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam fors tilida: «Kix-kix! Bizning (ya’ni, mening va mening oilamning hamda mening avlodlarimning) sadaqa yemasligimizni bilmaysanmi?!» — dedilar». («Kix-kix!» forslar biror narsadan nafratlanganda aytadirgan suz bo‘lib, biz o‘zbeklar ham, agar bola og‘ziga biror yaramas narsani solsa yoxud solmoqchi bo‘lsa yoki olsa yo olmoqchi bo‘lsa, «Kix-kix!» yoki «Qixxa-qixxa!» deb aytamiz).